Namozda unutmoq
— Bir kishi to’rt rakatli namozda avvalgi qa’dada o’tirmay, qiyomga tura boshlasa, shu orada xato qilganligi xotiraga kelsa, nima qiladi?
— Agar tizzalarini to’g’rilab qiyom holiga yaqinlashmagan bo’lsa, ya’ni tizzalari bukilgan holicha turgan bo’lsa, qaytib qa’daga o’tiradi. Namoz oxirida sajdai sahv qilishi vojib bo’lmaydi. Agar tizzalari to’g’rilanib qiyomga yaqinlashgan bo’lsa, qaytib qa’daga o’tirmaydi. Balki qiyomga turib ketadi va bu holda sajdai sahv vojib bo’ladi.
— Bir kishi oxirgi qa’daga o’tirmay, qiyomga turib ketsa, undan so’ng xato qilganligi xotirasiga kelsa, nima qiladi?
— Xato qilgani xatoga yo’l qo’ygan rakatda sajda qilishdan oldin xotirasiga kelib qolsa, tezlik bilan qaytib qa’daga o’tirib tashahhud o’qib, salom berib, sajdai sahv qiladi. Agar xato qilingan rakatning sajdasini qilsa, namozi farzlikdan chiqib, nafl hisobiga o’tadi. Xohlasa, bir rakatiga yana bir rakat qo’shib ikki rakat qiladi, xohlasa, salom berib o’sha namozdan chiqib, farzni boshqatdan o’qiydi.
— Bir kishi oxirgi qa’dani avvalgi qa’da, deb gumon qilib, tashahhud o’qib qiyomga turib ketsa, nima qiladi?
— Qolgan rakatning sajdasini qilmasdan xato qilganini bilib qolsa, tezlik bilan qaytib qa’daga o’tirib, salom berib, sajdai sahv qilib, namozni tamom qiladi. Agar xato qilgan rakatning sajdasini qilib qo’ysa, u vaqt avval boshlagan farz namozi tamom bo’ladi, xato bilan boshlagan bir rakatga yana bir rakat qo’shib, namoz oxirida sajdai sahv qiladi.
— Xato qilinib o’qilgandan so’nggi ikki rakat qanaqa namoz bo’ladi?
— Nafl namoz bo’ladi.
— Uch rakatli yoki to’rt rakatli namozlarda unutib namoz tamom bo’ldi, deb ikki tarafga salom berib qo’ysa, nima bo’ladi?
— Salom bergandan so’ng namozni buzadigan biror ish qilmagan bo’lsa, tezlik ila qiyomga turib qolgan rakatni o’qib, namozni tamom qiladi, lekin namoz oxirida sajdai sahv qiladi. Ammo salom bergandan so’ng namozni buzadigan biror ish qilib qo’ygan bo’lsa, o’qigan namozi nafl bo’ladi, farzni boshqatdan o’qimog’i lozim.
— Bir kishi namozda necha rakat o’qiganini unutsa, hozir necha rakat bo’lganini ham bilmasa, u kishi nima qiladi?
— Agar umrida birinchi unutishi bo’lsa, o’qib turgan namozdan chiqib, namozni boshqatdan o’qiydi.
— Namozdan qay tariqa chiqadi?
— Qiyomda bo’lsa, qiyomda bo’lgan holicha, qa’dada bo’lsa, qa’dada bo’lgan holicha ikki tarafga salom berib namozdan chiqadi.
— Agar bir kishi ko’p namozda shu tariqa necha rakat o’qiganini unutgan bo’lsa va namozi necha rakat bo’lganini yana unutsa, nima bo’ladi?
— Dilida necha rakat o’qigani yaqinroq bo’lsa, shuni e’tiborga olib, ushbu hisob ila namozni tamom qiladi.
— Diliga hech bir tarafi yaqinroq bo’lmasa, balki bir tarafga ehtimol bo’lsa, nima qiladi?
— O’zini oz rakat o’qigan hisob qilib namozini tamom qiladi. Masalan, o’qib turgan rakatning birinchi rakatmi yoki ikkinchi rakatmi, deb shubhaga tushsa, avvalgi rakat hisob qilib namozini davom ettiradi. Ikkinchi rakatmi yoki uchinchi rakatmi, deb shubhaga tushsa, ikkinchi rakat hisob qilib namozini davom ettiradi. Uchinchi rakatmi yoki to’rtinchi rakatmi, deb shubhaga tushsa, uchinchi rakat hisob qilib namozini davom ettiradi.
— Ushbu tariqa shubha qilgan namozda oxirgi rakatga turguncha nima qilmoq lozim?
— Tashahhudni o’qish miqdoricha qa’dada o’tirib turmoq lozimdir.
— Nima uchun bunday qilmoq lozim?
— Chunki o’sha rakatning faqat oxirgi rakat bo’lmog’ining ehtimoli bor. Agar voqean u rakat oxirgi rakat bo’lsa, unda qa’daga o’tirmoq farzdir. Shu farzni tark qilmaslik uchun u rakatda ham qa’daga o’tirib turish lozim.
— Shu tariqa o’qilgan namozning oxirida sajdai sahv qilish lozim bo’ladimi?
— Lozim bo’ladi, chunki bunda salomni ta’xir qilgan ehtimoli bordir.