Abdulla Qodiriy. O'tkan kunlar (roman)  ( 400777 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 13 14 15 16 17 18 19 20 21 22 23 ... 62 B


shoir  01 Sentyabr 2006, 04:29:53

Daxlizdan qo'rboshi kirib qulliq qildi.

— Xizmat, taqsir.
— Yaxshi, siz ketmagan ekansiz, — dedi qushbegi, — Pirmat bilan borib, darhol boyag'i gunohkorlarni qaytarib kelingiz.

Shubhasini bekorga bo'lmag'anini sezgan qo'rboshi yonida tik turg'uchi Xoting'a qarab oldi:
— Sabab, taqsir?
— Sababini surishtiradirg'an vaqt emas, chop dedim, chop! Qo'rboshi qulliq qilib Pirmat bilan chiqdi. Uning keyinidan qushbegi «padar la'nat» deb so'kinib a'yonlarga qaradi. Endi xotinning xayajoni bir oz bosila tushkan edi. Qushbegi qo'lidag'i xatni yana o'kushg'a tutindi. A'yoni shahar bunchalik ishka yaragan qushbegining qo'lidag'i maktubga va uni keltirguchi Xoting'a qarashmokda edilar. Qushbegi maktubni ikkinchi martaba o'qub chiqib Xoting'a qaradi:
— O'lturingiz, singlim,— dedi.

Xotin o'lturmakchi bo'lgan edi paranji ichidan uning atlas ko'ylaklari va nafis oq qo'llari ko'rinib ketdi. Qushbegi yer ostidan xotinni kuzatdi-da, ko'lidag'i maktubning orqa, o'ngini tekshirib qaradi. Maktub anchagina uring'an, qog'ozi shaloqlangan edi. So'ngra xotindan so'radi:
— Qutidor bilan Otabekning kimi bo'lasiz, singlim?
— Qutidorning qizi, Otabekning xotini.
   

Qayd etilgan


shoir  01 Sentyabr 2006, 04:29:59

u so'zni eshitkuchi a'yon bir-birlariga qarashib qo'ydilar.

— Buni nega ilgariroq olib kelmadingiz?

Qushbegining bu savolidan Kumushbibi qo'rqunch bir ma'noni ongladi. Go'yo «ish o'tkan so'ng kelibsan» degandek tushungan edi. Shuning uchun ul titroq bir ovoz bilan so'radi:
— Endi yaramaydimi?
— Yo'q, yo'q, qizim, — dedi qushbegi, — men nega kecha va o'tkan kunlarda olib kelmadingiz demakchiman.

Qayd etilgan


shoir  01 Sentyabr 2006, 04:30:06

Kumushbibi bir entikib qo'ydi va o'zini to'xtatib:
— O'zim ham bu maktubni shu bu kun ko'rdim, — dedi.
— Maktubni ilgari ko'rmagan edingizmi?
— Ko'rmagan edim.
— Maktub qayerda ekan?
— Uning eski kamzulining cho'ntagida ekan.
Shu gapdan keyin qushbegi maktubni o'ziga yaqin o'lturg'an Azim ponsadboshig'a uzatdi:
— Siz ham o'qub ko'ring-chi, ponsad, — dedi va Kumushdan so'radi,— o'qug'anmisiz?
— O'qug'anman.

Qayd etilgan


shoir  01 Sentyabr 2006, 04:30:41

— Eringizning hukumatka qarshi harakatini ilgari ham bilar edingizmi?
— Qanaqa harakatini?
— Masalan, biz otangiz bilan eringizni nima uchun osmoqchi bo'ldik?
— Haqsiz, gunohsiz!
— Bu maktub bilan eringizni o'limdan qutila olishini siz-ga kim aytdi?
— O'zim bildim.
— Bo'lmasa ilgaridan eringizning o'sha harakatini ham bilar ekansiz-da?
— Yo'q, taqsir, — dedi Kumush. Qushbegining maqsadig'a endi tushunib olgan edi, — men onam bilan to shu kungacha ularning nima gunoh bilan qamalganlarini bilalmay xasratda edik. Faqat bu kun kishilarning og'zidan eshitib bildikki, siz uni Toshkanddan isyon chiqarg'ali kelguchi deb gunohkor qilur ekansiz. Onam bilan manim baxtimga kutmagan joydan mo'jizadek bu maktub topildi-da, men xizmatingizga yugirdim...—Kumush so'zini tugata olmadi, chopishidan xalloslag'an Pirmat daxlizdan ko'rinib, bekka qulliq qildi:
— Dor yonidan qaytishdilar!

Qayd etilgan


shoir  01 Sentyabr 2006, 04:30:50

Kumushbibi sachrab Pirmatning yuziga qaradi va uzok tin olib qo'ydi. Shu choqg'acha xat o'qub o'lturgan ponsadboshi maktubdan yaxshi asarlangan edi. Maktubni yonidag'ig'a berar ekan, qushbegiga dedi:
— Bu xat toshkandlik Yusufbek to'g'risidag'i fikrimizni tamom o'zgartadir, taqsir! Uning Azizbek tomonlik bir kishi ekanligi Farg'onaning har bir xos va omi og'zida naql qilinsa ham ammo hech bir kimsa uning ichiga kirib chikmag'andir. Har kimning ko'nglidagini yolg'iz bir Xudodan boshqa kim bilsin!

«Yov ko'chsa botir ko'payar» qabilidan shu choqg'acha lom demay o'lturgan shahar a'yonlari ham masalani onglab, so'zga aralasha ketdilar:
— Xudo xaqni noxaq qilmadi, bechora yosh yigitning xaqsizga qoni to'kilmadi.
— Qutidordek qo'ymizoj bir odamning bunday zo'r ishka oralashkanlig'ig'a aql ham bovar qilmas edi.

Guyo bu so'zlar Kumushbibining o'chkan charog'ini qaytadan yoqarlar, umid osmonining yo'qolib, yashirinib ketkan yulduzlari yana qaytadan o'z o'rinlariga kelib qo'ng'andek bo'lurlar, uning ko'z o'ngida joy olg'an qoraliqlar shu yoqila boshlag'an najot sham'lari partavi bilan o'z-o'zlaridan yo'qolg'andek ko'rinarlar edi.
   

Qayd etilgan


shoir  01 Sentyabr 2006, 04:30:58

Daxliz eshigi ostida bir durkum oyoq tovushlari eshitilib qo'rboshi ko'rindi.

— Kelishdilar, taqsir, kirsinlarmi?

Qushbegi javob berish o'rniga maktubni olib ko'rpacha ostig'a yashirdi va Kumushbibini tanbixladi: «Majlisda manim ruhsatimdan boshqa so'zlashingiz otangiz bilan eringizning o'limlarini tilashingizdir, tushundingizmi?» Kumush qabul ifodasini bergandan so'ng qushbegi daxlizda qarab turgan qo'rboshig'a «Kirsinlar» dedi.

Kumushbibi ularni boya yo'l ustida, yigitlar orasida ko'rgan bo'lsa ham biroq daxshat ichida faqat o'rdaga qarab yugira bergan edi. Endi «Kirsinlar» jumlasini eshitgach, yuragi ortiqcha shopirinib ketdi, uning istiqbolig'a turishni va bo'ynig'a osilib yig'lashni tilasa-da, qarshisidag'i «olabo'jilar» bunga moni' edilar. Shu vaqt yigitlar oldida, qo'llarida kishan bo'lg'ani holda Otabek bilan qutidor kirdilar.

— Yigitlar, siz chiqingiz! Qo'rboshi, siz kishanlarni yeshingiz! — deb buyurdi qushbegi.
   

Qayd etilgan


shoir  01 Sentyabr 2006, 04:31:07

O'zining mundan keyingi ko'rguliklarini fojialar vodiysida ko'rgan qo'rboshi boshlab kishan kalidini qutidor qo'liga soldi. Kalidni burar ekan, uning qo'li dir-dir qaltiramoqda edi. Homidning noma'lum bir g'arazi yo'lida qurbon qilinayozg'an va bu g'arazda o'zining ham ishtirokining borligig'a qoyil bo'lg'an qo'rboshi ishni bu yanglig' akslanishidan sirning ochilg'anini muqarrar bilib, o'zini shu soat jallod qo'lig'a topshirilishini aniq kutmakda edi. Ming balo bilan qutidor qo'lini bo'shatib, gal Otabekka yetdi. Otabek qo'llarini bo'shatg'uchi qo'rboshining bunchalik titrab, qaltirashidan o'z raqiblaridan bittasi shu kishi bo'lg'anini o'yladi. Garchi o'zining najoti hali qorong'u ersa-da, qo'rboshini bir sinab ko'rish uchun hamma kuchini ikki ko'ziga yig'dida, unga qaradi. Favqulodda daxshat kasb etkan uning ko'zlari qarshisida qo'rboshining gunohkor ko'zlari chiday olmadilarda yerga boqdilar, Otabekning bu sinashi o'z fikrining to'g'ri bo'lishi bilan natijalandi.

Qushbegining buyrug'i bilan ikki gunohkor tiz bukib o'lturdilar. Qo'rboshi ham to'rbasini yo'qotkan gadoydek qushbegining chap yonig'a, Kumushbibining yuqorisig'a borib o'lturdi. Otabek va qutidorning ko'zlari Kumushbibiga tushkan bo'lsa ham o'z qayg'ulari bilan bo'lib unga iltifot qilmag'anlar, xokim mahkamasida paranjilik xotinning nima qilib yurganligidagi favkuloddalik ham eslariga kelmagan edi. Dor ostidan qaytish sirri, qo'ldan kishanlarni olinish sababi ularni juda shoshirg'an, shuning uchun qushbegining og'zig'a qarag'an edilar. Qushbegi bo'lsa negadir uzoq o'ylab o'lturar, tezda gap ochmas edi. Bu holdan butun majlis ahli qabziyatda, qirq quloq bo'lib uning og'zig'a tikilgan edilar. Ammo bu holga qo'rboshi jonu dildan tarafdor, shu holda bir necha kunlab emas, yillab so'zsiz qolishni tilar edi.

Qayd etilgan


shoir  01 Sentyabr 2006, 04:31:15

— Otabek, — dedi qushbegi so'z boshlab, — qo'lg'a oling'an kuningiz menga o'zingiz bilan otangizning qanday kishilar bulg'aningizni, ya'ni maslakingizni so'zlag'an edingiz. Ammo biz o'shal so'zlaringizga dalil va isbotsiz ishona olmaymiz. Sizni dor ostidan qaytarib kelishimiz ham o'shal da'vongizga birar is-botingiz bormi yoki quruq bir gapmi, deb hukmning ijrosini bir oz fursatka to'xtatishdir. Endi siz o'shal da'vongizni isbot qila olasiz-mi?
— O'shal kungi manim so'zlag'anlarim, otam bilan manim ichki sirlarimiz edi, — dedi bek, — albatta bunga guvoh va isbot topish qiyindir. Agarda otam kelib manim so'zimni quvvatlag'anda ham bari bir siz, o'g'lini qutqazish uchun so'zlaydir, der edingiz-da, ig'vogarlarning gapiga ishonib o'z hukmingizni qila berar edingiz.

Yashindek bo'lg'an uning bu suzlaridan qushbegi o'zini arang to'xtatdi:
— Demak, usha so'zlaringizni isbot qilish uchun hujjatingiz yo'q?
— Yo'q. ... Isbot uchun vijdonimdan boshqa shohidim yo'q.
— Yaqin orada Toshkanddan birar narsa olganmidingiz?
— Ya'ni nima?
— Masalan xat.

Qayd etilgan


shoir  01 Sentyabr 2006, 04:31:22

Otabek ko'b o'ylay olmadi, butun borlio'i bilan harakat qilib qichqirdi:
— Oldim, oldim! Isbotim ham bor! A'yoni shahar uning bu holiga chidab turolmay ko'zlariga yosh oldilar.

Otabek yana dedi:
— Odam qo'shsangiz men keltiray guvohimni!
— Tinchlaningiz, Otabek, — dedi qushbegi, Otabek bir oz o'zini yig'ib olg'andan keyin so'radi, — nima olg'an edingiz?
— Maktub.
— Kimdan?
— Otamdan.
— Qachon?
— Toshkandda isyon boshlanish oldidan.
— Undan keyin-chi?
— Olmadim.
— Otangiz o'sha xatida nimalardan bahs qilar edi?
— Tushunmagan Toshkand xalqini Azizbekning makriga uchkanidan, eng oxirda... — asarlanib to'xtab oldi, — manim shu holga-tushmog'imni karomat qabilidan so'zlab, menga bir muncha nasixatlar ham qilg'an edi.

Qayd etilgan


shoir  01 Sentyabr 2006, 04:31:30

Otabekning bu so'zidan keyin ponsadboshi — «endi bo'lar» degandek qilib qushbegiga qaradi. Qo'rboshi ersa Otabekning ustida hali bunchalik tergashlar borligi uchun o'zini bir oz to'xtatib qoldi. Qushbegi ko'rpacha ostidan xatni olib Otabekka ko'rsatdi:
— Bu qanaqa maktub, taniysizmi? Otabek ko'rguchi ko'zlariga ishonmag'andek:
— Taniyman, — dedi, — ta'rifini sizga so'zlag'anim, otam mak tubi! Taajjub, buni sizga kim keltirdi, taqsir?

Qushbegi yengilgina iljayib Kumushbibiga ishorat qildi:
— Najot farishtasi, — dedi. Qutidor bilan bek yalt etib Kumushka qaradilar. Endi Kumush ortiq chidab turolmadi:
— Otajon, men qizingiz!

Otabekning qulog'iga eshitilgan bu tovush uning yuragini ingichka yeriga borib tekkan edi. Esini yo'qotib turgan qayin otasig'a qaramay:
— Sizmi, Kumushmi?—deb so'radi.
— Men, men!

Qayd etilgan