Tohir Malik. Ov (qissa)  ( 60766 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 8 ... 11 B


shoir  16 Iyul 2006, 07:10:06

3

Ayg‘oqchi chiqib ketishi bilan Boshliq uning izidan tupurdi. Garchi Komissar xolis xizmat qilayotgan bo‘lsa-da, Boshliq undan nafratlanar edi. «Sotilishi bu qadar oson bo‘lgan odam qanday komissarlik qilgan, odamlarni nimalarga da’vat etgan, bunga ergashganlar qanday ahmoqlar ekan?» deb o‘ylar edi. Hozir ham shu o‘y xayoliga kelib, g‘ijinib tupurdi. So‘ng labiga papiros qistirib, qo‘llarini shimining cho‘ntagiga solgan holda, g‘oz kelbatida u yon-bu yon yurdi.
Xuddi shu onda minoradagi soqchilar o‘q o‘tmas bug‘uni ko‘rib qolib, palapartish o‘qqa tuta boshladilar. Boshliq «O’q o‘tmas bug‘u yana paydo bo‘lyapti», degan xabar bilan kirgan yordamchisiga qattiq tikildi. Yordamchi bu qarashga dosh berolmay, bug‘uni o‘zi atayin boshlab kelib gunohga botgan odamday, boshini egdi.
— To‘qqizinchi barakdagi mullani chaqir. Tunneldan kelsin.

Qayd etilgan


shoir  16 Iyul 2006, 07:10:13

Yordamchi «Xato eshitmadimmi?» degan xayolda boshlig‘iga savol nazari bilan qarab oldi. Boshliq buni sezib, keskin ta’kidladi:
— Ha, tunneldan!
«Tunnel» deganlari simto‘r bilan o‘ralgan itxonaning o‘rtasidan kesib o‘tuvchi dahlizmonand yo‘l. Hamisha yarim och holda saqlanuvchi, «bos!» deyilsa, har qanday tirik jonni Qajib tashlashga tayyor itlar orasidan o‘tib kelishning o‘zi bo‘lmaydi. Bu ham Boshliqning ixtirolaridan biri. Jazoga loyiq mahbuslar boshlariga shunday ko‘rgulik tushishidan qo‘rqishadi. Boshliq esa «Xalq dushmanlaridan hatto itlar ham hazar qiladilar», deb ularning talanishlarini huzur bilan kuzatadi. Yordamchi mo‘‘ming‘obil holda yuruvchi mullani bilar edi, shu bois ham «U qanday gunoh qilibdi?» degan o‘yda boshlig‘iga savol nazari bilan qaragan edi.

Qayd etilgan


shoir  16 Iyul 2006, 07:10:20

Rahmatulloh Boshliqning xonasiga to‘g‘ri yo‘ldan emas, orqa tomondan borishlarini bilib, tunneldan o‘tishga hukm bo‘lganini fahmladi. Simto‘r eshik ochilmay turib Yaratganga munojot etib, bu azoblardan qutqarishni so‘rab edi, shu daqiqada qamoqxona devori ortidagi o‘rmonzorda bug‘uning uzun o‘kiriq ovozi eshitildi. Munojot bilan band bo‘lgan Rahmatulloh avvaliga bu zorli ovozga unchalik e’tibor bermadi. Ikkinchi o‘kiriq yanada baland ovozda, butun o‘rmonzorni, o‘rmonzorning pokiza bag‘riga kanadek yopishib turgan qamoqxonani larzaga solgandek bo‘ldi. Rahmatulloh bir zum to‘xtadi. Uning qulog‘i ostida bug‘uning oddiy o‘kirig‘i emas, «Ollohu akbar!» degan sof, jarangli ovoz yangragan edi. Bunday ovozni u Ka’batullohda eshitar edi. Ulg‘ayib, Turkistonga qaytganidan keyin necha ming marta azon ovozini eshitdi, ammo Ka’batullohdagi muazzin ovoziga o‘xshaganini uchratmadi. Bolalikda qulog‘iga quyilib qolgani uchunmi, bu sof, jarangdor ovoz, bu ohang Rahmatulloh uchun qadrli edi. Nima uchun bug‘uning o‘kirig‘i unga «Ollohu akbar!» bo‘lib eshitildi — o‘zi ham anglamadi. Avvaliga, menga shunday tuyuldi, deb o‘yladi, biroq, bu holat yana uch karra takrorlangach, kalimai toyyibani aytib, beixtiyor osmonga qaradi. Yuzlarini sovuq tomchilar savaladi. Minoradagi soqchilar o‘rmonga qarab palapartish o‘q otaverdilar. Soqchi yelkasiga asta turtib, uni tunnelga yo‘lladi. Rahmatulloh «Bismilloh», deb ostona hatlab, kalimai shahodatni aytdi-yu, so‘ng «Oyatal kursiy»ni o‘qib, o‘zi tomon yugurib kelayotgan itlarga tikildi. Oradagi masofa uch qadam qolganida «Shu qoqsuyak bandani ermak qilamiz» deb vovullab yugurib kelayotgan itlar birdan dumlarini qisib, to‘xtab qoldilar. So‘ng orqalariga qaytib, in-inlariga kirib ketdilar. Rahmatulloh tunneldan o‘tib olgach, xuddi bo‘ri kabi bo‘yinlarini cho‘zib bir necha marta ulidilar.
Bu manzarani ko‘rgan soqchining esi chiqib ketayozdi. Deraza osha qarab turgan Boshliq ham sarosimaga tushdi. Sarosima to‘ridan chiqishga ulgurmay, eshik ochilib, ostonada Rahmatulloh ko‘rindi.

Qayd etilgan


shoir  16 Iyul 2006, 07:10:27

Boshliqning Rahmatulloh bilan gaplashish istagi yo‘q edi. Aniqroq aytilsa, uning bus-butun holda, biron yeri hatto tirnalmagan tarzda kirib kelishi mumkinligini mutlaqo kutmagan edi. Na iloj qilsinki, eti ustixoniga yopishgan, qorachadan kelgan, botiq ko‘zlarida qat’iyat zuhur bo‘lgan bu mahbus ro‘parasida turibdi. Bir necha daqiqa muqaddam shu yerda turgan ayg‘oqchi kabi ko‘zlari javdiramaydi, qaddi egilmaydi. Boshliq uning qoramag‘iz yuziga qarab ajablandi: ayg‘oqchi ham, yordamchisi ham oq-sariqdan kelgan bo‘lsa-da, yuzi tund ko‘rinadi. Bu mahbusning qoramtir yuzi esa yorishib turganga o‘xshaydi. Boshliq bu muammoga javob topishga harakat qilmaydi. U mahbusni chaqirtirdi. Mahbus ro‘parasida turibdi. Endi nimadir deyishi kerak.
— Sen nima uchun aksilinqilobiy tashviqot bilan shug‘ullanyapsan? — dedi to‘ng ohangda. Boshliq bu savolni jazolamoqchi bo‘lgan mahbusiga qarab, odatda baqirib aytardi. To‘qqizinchi barakdan chaqirtirilgan bu mullaga nima uchundir baqirolmadi. Bunga dastlab o‘zi ham ajablandi. So‘ng o‘zidan o‘zi nafratlandi. Mullaning savolga darrov javob bermay, kiprik qoqmagan holda turishi uning G’azabini yanada oshirdi:
— Ayt, nima uchun aksilinqilobiy tashviqot yurgazyapsan?!

Qayd etilgan


shoir  16 Iyul 2006, 07:10:34

Bu safar odatini kanda qilmadi — ovozi baralla chiqib, hovuri bir oz ko‘tarildi. Bu safar ham savoli javobsiz qolgach, urishga shaylandi-yu, ammo beixtiyor ravishda o‘zini tiydi.
— Gapga tushunasanmi o‘zing?
Rahmatulloh uning tilida so‘zlashishni bilmas edi. Faqat ayrim buyruqlarning ma’nosinigina tushunar, soqchilar, ishdagi nazoratchilar po‘pisa qilib qolsa, Mirhosil o‘rgatgan ikki so‘zni ishlatib, ularning dag‘dag‘asidan qutulardi. Hozir ham bisotidagi o‘sha so‘zlarni ishlatdi:
— Net ponimash.
Boshliq «Tfu!» deb so‘kindi. Chindan ham, o‘zi bu mahbusning tilini bilmasa, bu mahbus esa uning gaplariga tushunmasa, nima desin? U mullaga nafrat ko‘zini bir oz qadab turdi-da, qimir etmagan holda baqirib, yordamchisini chaqirdi:
— Bu marazning tilini biladiganlardan bittasini boshlab kel!

Qayd etilgan


shoir  16 Iyul 2006, 07:10:58

Buning tilini kim bilishi yordamchi uchun qorong‘i edi. Aniqroq aytilsa, hozirgina hammani hayratga solib tunneldan o‘tib kelgan bu odamning millatini bilmas edi. Qamoqda osiyoliklar ko‘p, ammo, ularning millati har xil bo‘lsa... Boshliq yordamchisining talmovsirab turganini ko‘rib, G’azabini unga sochdi:
— Buyruqqa tushunmadingmi, galvars?!
— Tushundim, lekin...
— Nima, «Lekin»?
— Qaysi tilda gaplashar ekan?
— Borib, barakdagi hamtovoqlaridan so‘raysan. Shunga ham kallang ishlamaydimi?
Oradan ko‘p vaqt o‘tmay, xona eshigi ochilib, Yordamchi buyruq bajarilganini ma’lum qildi. Unga na Boshliqdan, na Rahmatullohdan sado chiqdi. Boshliq nigohi o‘tkir bu mullani nima deb qiying‘istovga olishni o‘ylardi. Mana shu qisqa fursat ichida u nihoyatda og‘ir vazifaga tayin etilganini yana bir bor his etdi. Fuqaro urushida ming chandon durust edi. Bunaqalarga nima desam ekan, deb bosh qotirib o‘tirmasdi. Qilichini yalang‘ochlab, bir siltar edi, tamom.
Rahmatulloh Boshliqning do‘pposlab qolish odati borligini eshitgan, shu sababli undan ko‘z uzmay turardi. «Ya bani Adama! Inni harramtu-z-zulma ala nafsii va jaaltuxu baynakum muharraman fala tazaalamuu»... Bu ham odam farzandi-ku, zulmga buncha oshna bo‘lmasa, — deb o‘ylar edi u.

Qayd etilgan


shoir  16 Iyul 2006, 07:11:05

Xonaga kirib kelgan Komissar uning xayolini to‘zitib yubordi. Xona o‘rtasida Boshliq bilan yuzma-yuz turgan Rahmatullohni ko‘rib, Komissar qo‘rqib ketdi. U tilmochlik qilajagidan bexabar edi, shu bois «Bu mulla mening haqimda yomon gap aytdimi?» degan o‘y badaniga sovuq titroq tarqatdi. Komissarning xiyonatga moyil ekanini gumon qilib yurgan Rahmatulloh ham «Bu biron nimani chaqqan ekan-da», deb o‘yladi. Ularning gumonli o‘ylariga Boshiliqning G’azabli ovozi barham berdi:
— Buning tilini bilasanmi?
— Bilaman... — Komissar Boshliqqa najot nazari bilan boqdi-da, pastroq ovozda qo‘shib qo‘ydi: — bittasini bilaman.
— «Bittasi» deganing nimasi?
— Bu ko‘p tillarni biladi.
— Menga bittasi ham yetadi. Tarjima qil: nima uchun lagerda aksilinqilobiy tashviqot yurgizyapti?

Qayd etilgan


shoir  16 Iyul 2006, 07:11:13

Komissar tarjima qildi. Rahmatulloh savolni tushunmay, Boshliqqa qaradi:
— Aksilinqilobiy tashviqot nima?
Boshliq yana yon tomonga tupurib, so‘kindi:
— Xudoga sig‘inasanmi?
— Ha, men yolg‘iz Ollohga sig‘inaman.
— Daraxt kesgani chiqqaningda berkinib ibodat qilasanmi?
Bu savoldan so‘ng Rahmatulloh Komissarga tikildi. Komissar ko‘zini olib qochdi. Qamoqxonada kim bo‘lsin — musulmonmi, nasroniymi, yahudiymi — farqi yo‘q, ibodat qilish qat’iyan man etilgan edi. Rahmatulloh ichkarida ekanida imo-ishora bilan bo‘lsa-da, namozini o‘qir, daraxt kesishga chiqqanida esa butalar orasiga yashirinib ibodat qilar, bunday damlarda o‘zini suvga qaytib tushgan baliqdek rohatda his etar edi. Soqchilar ko‘rishsa ham indashmas, Rahmatulloh shuning uchun ham Yaratganga shukrlar qilar edi. Uning namoz o‘qishini soqchilar Boshliqqa chaqishmaydi. Rahmatullohning Komissarga qarab qo‘yishi shu vajhdan bo‘ldi.

Qayd etilgan


shoir  16 Iyul 2006, 07:11:20

— Men faqatgina omonatini O’ziga topshirganimdan keyingina ibodatni qo‘yaman, — dedi Rahmatulloh qat’iy ohangda.
— Omonati nima ekan? — deb ajablandi Boshliq.
— Jonini aytyapti, — dedi Komissar, — o‘lgunimcha o‘qiyveraman, demoqchi.
Boshliq bu o‘jar odamni faqatgina urib xumordan chiqish mumkin degan xulosaga keldi. «Bular bilan musht tilida gaplashish kerak. Tilmoch ham lozim emas». U shunday fikrda qo‘l ko‘tardi. Rahmatulloh uning urushga chog‘langanini ko‘rsa-da, qilt etmadi. Boshliq urmoqqa hezlandi-yu, ammo kutilmaganda qo‘lini orqaga siltadi. Bundan Komissargina emas, o‘zi ham hayratlandi. Oldinga o‘qdek uchishi lozim bo‘lgan mushtni qandaydir kuch orqaga siltab tashlagan edi.
— Buguncha urmayman, — dedi Boshliq hayratini oshkor qilmaslikka tirishib. — Uzr so‘ramoqchiga o‘xshadi, ayt, tiz cho‘ksin, uzrini qabul qilaman.
Rahmatulloh Komissarning tilidan bu gapni eshitib, kulimsiradi.
— Nimaga ishshayyapsan?
— Men banda oldida tiz cho‘kmayman. Men faqat Ollohning quliman, bandaga tavba qilmayman.

Qayd etilgan


shoir  16 Iyul 2006, 07:11:30

Bu gapdan Boshliqning G’azab daryosi to‘lib toshdi. Yana urmoqchi bo‘ldi, biroq yana haligi holat takrorlanmasin degan xavotirda o‘zini tutdi.
— Shunaqami, ko‘ramiz, — dedi ijirg‘anib. So‘ng yordamchisini chaqirib, buyurdi: — Tunneldan hayda bularni!
— Mening nima gunohim bor? — dedi Komissar qo‘rquv bilan.
— Hammang bir go‘rsanlar.
— Til uchida bo‘lsa ham tavba qilib qo‘ya qoling, bular bilan o‘chakishmang,— dedi Komissar Rahmatullohga yalinib.
— Men munofiqlik qila olmayman, birodar.
— Axir, och itlarga talatmoqchi.
— O’zingiz tiz cho‘kavering.
Rahmatulloh shunday deb Yordamchining «Chiq!» degan ishorasiga itoat etdi. Komissar yig‘lamasa ham yig‘lagudek bo‘lib unga ergashdi.

Qayd etilgan