Rasululloh eng kichik guruh safida kelar, ularning bayroqdori Zubayr ibn Avvom edi. Abu Sufyon rasulullohga Sa’dning gapini aytdi. "Sa’d bekorlarni aytibdi, dedilar rasululloh. Bugun Ollohning Ka’basi ulug‘lanadigan, uning ustiga yopinchiq yopiladigan kun". Payg‘ambar alayhis-salom o‘z guruhining a’lamini Makkaning quyi tomonidagi Xujun tog‘iga qadashni, Xolid ibn Validga shaharning past, Kuday tomonidan kirishni buyurdilar. O’zlari esa bir guruh odam bilan Tepa, Kudo’ tomondan kirib bordilar.
Jarchi oldinda yurib kimki o‘z hovlisiga yoki masjidga kirib olsa, omon qolajagini, Abu Sufyonning uyiga kirgan odamga ham teginilmasligini e’lon qildi. Shu tarzda omonlik berish rasulullohning o‘zlariga xos fazilatlari edi. Faqat musulmonlarga ko‘p zarar yetkazgan, gunohi haddan tashqari og‘ir kishilar bundan mustasno bo‘lib, ular muqarrar o‘ldirilishi e’lon qilindi. Abdulloh ibn Sa’d ibn Abiy Sarh shundaylarning biri edi. Islomning avvalida musulmon bo‘lgan bu odam vahiylarni yozadigan kotib edi. Keyinchalik murtadlik ko‘chasiga kirib: "Muhammad Aliymun Hakiym, deb yoz deganda, G’ofurun Rahiym, deb yozsam ham mayli, bunisi ham bo‘laveradi degan", deya rasullulohga tuhmat qilgan. Ikrima ibn Abu Jahl, Safron ibn Umayya, Hubor ibn Asvad, Horis ibn Hishom, Zuhayr ibn Abu Umayya, Ka’b ibn Zuhayr, Hamzaning qotili Vahshiy, Abu Sufyonning xotini Hind va yana bir guruh kishilar shunday noma’qulchiliklar qilishgan. Garchand bunday kimsalarning gunohi katta bo‘lsa-da, payg‘ambar alayhis-salom tig‘ ko‘tarib qarshilik ko‘rsatmagan odamni o‘ldirishni qat’iyan man etdilar.