ADIY IBN HOTAMNING KELISHI
Adiy Madinaga kelib, payg‘ambar alayhis-salomga uchrashdi. Rasululloh uni hurmatlab uylariga boshladilar. Yo‘lda ketishayotganlarida ramaqijon bo‘lib qolgan qari bir kampir uchrab, o‘zining hojatlari haqida uzoq arzi-hol qildi. Kutaverib diqqati oshgan Adiy: "Xudo haqqi, bu odam podshoh emas ekan", deya ko‘nglidan kechirdi. Uyga ketib kelishgach, payg‘ambar alayhis-salom Adiyni ko‘nmaganiga qo‘ymay, ichiga xurmoning po‘stlog‘i tiqilgan charm yostiqqa o‘tqizdilar, o‘zlari esa quruq yerga o‘tirdilar. Shundan keyin uch marta: "Ey Adiy, agar musulmonchilikni qabul qilsang boshing omon bo‘ladi", dedilar. Adiy: "Mening o‘z dinim bor", deya javob berdi. (U nasroniy diniga e’tiqod qilardi.) Payg‘ambar alayhis-salom: "Diningni sendan ko‘ra yaxshiroq bilaman", dedilar. Hayratga tushgan Adiy: "Nahotki dinimni mendan ko‘ra yaxshiroq bilsang", deb so‘radi. Payg‘ambar alayhis-salom: "Ha, yaxshi bilaman", deya tasdiqladilar va nasroniy dinidagi boshliqlarning arablarga taqlidan g‘animatning to‘rtdan bir ulushini oladigan aslida dinda yo‘q bir talay ishlarini sanab o‘tdilar. Shundan keyin: "Ey Adiy, menga ergashganlarning ojizu notavonligini, kambag‘alligini ko‘rib, islom dinini qabul qilmayotgan bo‘lsang kerak. Men komil ishonch bilan Ollohga shunday qasam icha olaman, musulmonlarning mol-mulki ko‘payib ketadigan shunday kunlar keladiki, uni oladigan odam topilmay qoladi. Ehtimol dushmanlarimiz ko‘pligidan cho‘chib, imon keltirmayotgandirsan? Ayt-chi, Hiyraga borganmisan?" deb so‘radilar. Adiy: "Yo‘q, Hiyrani ko‘rgan emasman, lekin eshitganman", dedi. Rasululloh: "Ollohning nomi bilan qasam ichamanki, islom dini keng qanot yoyishi tufayli shunday aminlik bo‘ladiki, Hiyradan yolg‘iz yo‘lga chiqqan ayol kishi bemalol Baytullohni ziyorat qilib, bexavotir qaytib ketadi. Ehtimol podshohlik, hokimiyat bizning ilkimizda emasligi uchun imon keltirishni istamayotgandirsan? Xudo haqqi, yaqin orada Bobilning oq saroylari ishg‘ol etilgani haqidagi xabarni eshitasan", dedilar. Payg‘ambar alayhis-salomning gaplaridan qattiq ta’sirlangan Adiy imon keltirdi va chindan ham rasululloh bashorat qilgan ishlarning hammasini o‘z ko‘zi bilan ko‘rdi.