2- bob Qur’onning Quraysh ahli tilida — arab tilida nozil qilinganligi haqida
Usmon raziyallohu anhu Zayd ibn Sobit, Sa’id ibn al-Os, Abdulloh ibn az-Zubayr va Abdurrahmon ibn al-Harsga Qur’on suralarini mushaflarga ko‘chirmoqni amr qildilar va «Agar sizlar Zayd ibn Sobit birlan Qur’onning biror arabcha so‘zida ixtilof qilib qolsangizlar, (uni o‘zgartirmay) Quraysh ahli tilida yozaveringizlar, chunki Qur’on ularning tilida nozil qilingan»,— dedilar. Ular shunday qilishdi»
Safvon ibn Ya’loning xabar berishlariga qaraganda, ul kishi: «Koshkiydi, men Rasulullohga vahiy nozil bo‘layotganini ko‘rsam!»—deb orzu qilur erkanlar. Vaqtiyki, Rasululloh sallallohu alayhi va sallam Ji’rona degan joyda erdilar, ul zotning tepalariga soya qilsin uchun bir libos to‘sib qo‘yilgan erdi, yonlarida sahobalari ham bor erdilar. Shul payt o‘ziga xushbo‘yliklar sepib olgan bir odam kelib «Yo Rasulalloh, bir odam chakmon kiyib, ehrom bog‘lasa-yu, keyin o‘ziga xushbo‘yliklar sepsa, bo‘lurmi?» — deb so‘radi. Payg‘ambar alayhissalom bir soatcha vahiy kelmog‘ini kutdilar so‘ng ul zotga vahiy keldi. Shunda Umar raziyallohu anhu Ya’loga «Kel!» —deb ishora qildilar. Yalo kelib, boshlarini Janob Rasulullohga soya qilib turgan libos ostiga kiqdilar-da, Janob Rasulullohning yuzlari qizarib ketganini ko‘rdilar. Ul zot yana birmuncha vaqt xirillagan holda yotdilar, so‘ng vahiydan forig‘ bo‘ldilar-da: «Hozirgina menga umra to‘g‘risida savol bergan kishi qaerda?»— deb so‘radilar. Savol bergan kishi qidirib topib keltirildi, Rasululloh sallallohu alayhi va sallam unga «Uzingga sepgan xushbo‘ylikni uch marta yuvib tashla, so‘ng chakmoningni yechgil-da, hajingga qanday ehrom boglasang, umrangga ham shunday ehrom boglagil!» — dedilar».