Mantiqut-tayr (nasriy bayoni). Farididdin Attor  ( 116358 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 18 19 20 21 22 23 24 25 26 27 28 ... 33 B


Ansora  21 Mart 2010, 12:44:16

HAQ TAOLONING DOVUD ALAYHISSALOMGA XITOBI

Haq taolo Dovudga xitob qilib dedi:
- Ey pok Dovud, bandalarimga ayt: «Ey, tuproqdan yaratilganlar, agar menda jannat va do‘zax bo‘lmasa, sizlarning menga bandalik qilishlaring chiroyli chiqmaydi. Agar nurdan ham, nor (olov)dan ham hech nishona bo‘lmaganda, sizlarning men bilan ishlaring bo‘lmay qolardi. Men shunday azim iste’dod - qudrat egasidirmanki, menga qo‘rquv va umidninghojati yo‘q. Ammo agar qo‘rquv va umid (xavfu rajo) voqe’ bo‘lib turmasa, sizlarning men bilan ishlaring bo‘lmay, meni unutasizlar. Men shunday abadiy va azaliy Allohmanki, jon ichiga olib yurishlaring va sig‘inishlaringga munosibdirman. Bandamga ayt: g‘ayr (Allohdan boshqa narsalar)dan qo‘l tortsin va o‘z iste’dodi darajasida bizga itoat etib, sig‘insin, Bizdan o‘zga nimaiki bo‘lsa, tashlab yuborsin, sindirib kuydirsin va kulini sovursin, toki g‘ayrdan g‘ubor ham qolmasin. Shunday qilsang, barchasidan qutulasan. Agar shunday qilmasang, toki borsan, barchadan qon ichib yurasan. Agar seni jannat va undagi hurlar bilan mashg‘ul qilgan bo‘lsa, bilki, bu bilan U seni o‘zidan uzoqlashtirish uchun qildi.

Qayd etilgan


Ansora  21 Mart 2010, 12:44:36

AYOZ VA SULTON MAHMUD HIKOYATI

Sulton Mahmud o‘zining xos quli Ayozni huzuriga chorlab, boshidan tojini olib, uning boshiga kiygizdi va o‘zining taxtiga o‘tqazdi. Sulton Ayozga qarab dedi:
- Shohlikni senga berdim, lashkar ham seniki. Endi sen shohlik qilasan, bu mamlakat ham senga qarashli. Bu mening istagim, barcha senga itoat etadi, davlat qo‘lingda, davru davron sur.
A’yonlar, lashkarboshilar buni eshitib, g‘ayrlik va hasaddan jonlariga titroqtushib, ko‘zlari olaydi. Der edilar:
- Hech bir podshoh quliga bunday ehtirom ko‘rsatmagan. Bu misli ko‘rilmagan voqea!
Ammo hushyor Ayoz sultonning bu ishidan shu soatda zor-zor yig‘lardi. Hamma hayron edi.
Dedilar:
- Sen tentakmisan yoki aqling ketib nimaga ega bo‘lganingni ko‘rmayapsanmi? Sen sultonlikka erishding, endi shodu xurram bo‘lib, baxtiyor hayot kechir.
Ayoz ul qavmga bunday javob berdi:
- Sizlar haqiqiy holni tushunmaysiz-lar, savob yo‘lidan uzoqsizlar. Shoh bu bilan meni o‘zidan uzoqlashtirmoqda, bundan bexabarsiz. Menga o‘zga narsalar bilan mashg‘ul bo‘lishga amr etib, o‘zi bilan mashg‘ul bo‘lishdan uzoqlashtirmoqqa. Agar butun dunyoni mening hukmim ostiga o‘tkazsa ham, men bir lahza undan uzoqlasholmayman. Nima ish buyursa qilaman, ammo undan bir nafas uzoqlashishga toqatim yo‘q. Menga sultonlik ham, mulku davlat ham kerak emas, uning diydori menga bas.
Ey inson, sen bir dinorga ba’zan diydorni almashtira-san, holbuki Ayoz Uning yuzini deb podsholikdan voz kechdi! Agar sen talabgor va haqshunos odam bo‘lsang, bandalik rasmu odobini Ayozdan o‘rgan. Ey kecha-kunduz yo‘lda mahtal qolgan, birinchi qadam bilan cheklangan odam, sen tanbal va sust irodalisan, vaholanki, har kecha Jabarut olami avjidan sen uchun da’vatlar tushar, sen esa xuddi o‘lik kabi karaxtsan, na kunduz, na kecha bir qadam olg‘a siljiysan. Ulug‘vorlik avjidan sen tomonga peshvoz chiqdi, sen esa orqada qolib, e’tiroz etding. Ey attang, sen bu ishning mardi maydoni emassan, bu dardni senga aytib bo‘lmaydi. Toki jannat va do‘zax fikri senda bor ekan, sen bu sirni anglamaysan. Jannat tama’i va do‘zax qo‘rquvidan batamom qutulsang, bu davlatning tongi sen uchun otajak. Davlat gulshani bu ashob ahli uchun emas, chunki jannat hujralari donishmandlar uchundir. Sen esa xomliging sabab goh bu eshik, goh u eshikni qoqasan. Hammasidan kech, bunisiga ham, unisiga ham qo‘ngil qo‘yma. Har iqkisidan voz kechsang, yakka — ozodsan, shunda ojiz bo‘lsang ham, mardonavor qadam qo‘yasan. Doimo Uning diydoriga loyiq bo‘lasan, kecha-kunduz yaqin va hamsoya bo‘lib qolasan*.

Qayd etilgan


Ansora  21 Mart 2010, 12:49:02

ROBIYA ADAVIYANING MUNOJOTI

Robiya Allohvandga murojaat qilib dedi:
- Ey sirlarni bilguvchi zot, dushmanlarga dunyo ishlarini ber, do‘stlarga abadiy oxiratni ber. Men esa bu ikkisidan ham ozodman. Agar dunyo va oxiratdan xoli bo‘lsam mayliga, g‘am yemayman agar o‘zingga bir dam hamdamu munis etsang, menga berganing ana shu qashshoqlik yetadi, zero Sendan Sening O’zing menga basdir. Agar ikki olamga zarra havasim - rag‘batim bo‘lsa, yoxud Sendan boshqa bir narsa istasam — kofirdirman. Kimdaki Kull — barchani jamlagan zot bo‘lsa, shu Kullga tegishli bo‘ladi, ko‘prik ostidagi yetgi daryo ham uniki bo‘ladi. Nimaiki bor va nimalar yana bo‘lg‘usidir, ularning misli — o‘xshashi bor, ammo faqat Allohning o‘xshashi — misli yo‘qdir. Undan boshqa nimani izlasang, o‘xshashini topishing muqarrar. Faqat Uning o‘xshashi, tengi, tashbehi, timsoli yo‘q!

Qayd etilgan


Ansora  21 Mart 2010, 12:49:26

DOVUD PAYG’AMBARGA ULUG’VORLIK XITOBI

Oliy sirlar pardasidan osmonu yerning Yaratuvchisi Dovud payg‘ambarga xitob qilib dedi:
- Jahonda yaxshi, yomon, oshkora yoki yashirin nimaiki bor, uning o‘rnini bosadiganini topasan, faqat Mening o‘rnimni bosadigan, evaz bo‘ladiganni topolmaysan. Mening o‘rnimni bosadigan ham, tengdoshim ham yo‘q. Meni almashtirish — evaz etish mumkin emas ekan, mensiz bo‘lma, sening joning uchun men yetarliman, sen jonu tan bo‘laroq ikkiga bo‘linib yurma. Sen uchun eng zaruriysi menman, zaruriydan bir dam g‘ofil bo‘lma. Mensiz bir lahza jon baqosini tilama — bu mumkin ham emas, mendan o‘zga nimaiki seni tilasa, uni rad et.
Ey Jahondor talabida yurgan, bu g‘am bilan dili band bo‘lgan odam, ikki jahonda sening maqsading Udir, imtihon qiladigan ma’buding ham Udir. U seni bu azobu sertashvish jahonga almashtirmaydi, shunday ekan, sen ham jahonda Uni narsalarga almashtirma, sotma. Nimaiki sen uni Undan ortiqdeb bilsang — bu butdir, agar joningni Undan ortiq deb bilsang - kofirdirsan. Kimki jonini jononidan ortiq deb bilsa, uning dardi doimo darmonsiz qoladi. Jon nima degan narsa, sen uni hujjat qilib keltirma, jon o‘lsa, haq o‘z ishqi bilan uni tiriltiradi va Abadiyatga sherik qiladi.

Qayd etilgan


Ansora  21 Mart 2010, 12:49:46

SULTON MAHMUDNING SUMANOT BUTINI SINDIRGANI HIKOYATI

Mahmudning lashkari Hindistonni bosib olib, Sumanot shahriga kirganda, Lot degan ulkan butni topdilar. Hindiylar butni qaytarib olish uchun uning evaziga but vazni barobar oltin va javohirlar va’da qildilar. Ammo sulton bunga parvo qilmay, katta bir gulxan yoqib, butni kuydirishni buyurdi. Sardorlardan biri sultonga:
- Shuni kuydirishdan ko‘ra evaziga oltinlarni olish afzal emasmidi, deb qoldi.
Mahmud dedi:
- Qiyomat kuni meni but savdogari deb jazolashlaridan qo‘rqdim, Parvardigor: Ozar (Ibrohimning otasi, but yasovchi) va Mahmudni birga jazolanglar, Ozar buttarosh bo‘lsa, Mahmud butfurushdir.
Deydilarki, Mahmud Sumanot butini kuydirganda, ichidan yigirma man gavhar chiqdi, shoh gavharlarni xazinaga qo‘shib, dedi:
- Lotning sazosi shu, bu gavharlar esa menga Allohdan mukofotdir.
Barcha butlaringni birma-bir sindirib tashla, uning evaziga gavhar daryosiga ega bo‘lasan. Do‘st shavqida nafsni but kabi kuydirib yubor, toki po‘st ichidan behisob ma’naviy gavhar tashqariga oqib chiqsin. Jon qulog‘iga «Alastu bi rabbiqum?» Azal kunidan men sizning rabbingiz emasmanmi, bongi yangrasa, «bali» (ha) deyishdan kechikma! Sen azaldan «alast» ahdi bilan bog‘langan, «bali» deyishdan boshqa so‘z aytma. Ey avval boshda «alast»ga iqror bo‘lgan, oxiriga kelib buni inkor qilasanmi? Sen avval boshda ahdu paymon (misoq) bilan bog‘langan odamsan, qanday qilib oxiriga kelib «oq» bo‘lmoqchisan? Zarurating Udir, shunday ekan, U bilan bo‘l, axd qildingmi — vafo qil, buzg‘unchilik qilma!

Qayd etilgan


Ansora  21 Mart 2010, 12:50:42

SULTON MAHMUDNING HINDLAR QO’SHININI TOR-MOR QILGANI HIKOYATI

Deydilarki, sulton Mahmud Hindistonga yurish qildi. Hindistonga yetib kelganda, hindlarning ko‘p sonli qo‘shinini ko‘rib, uni biroz vahima bosdi. U qo‘shinini jangga tayyorlab, dedi:
«Agar bu urushda zafar quchsam, qo‘lga tushgan jamiki o‘ljalarni qalandar darveshlarga bo‘lib beraman. Mahmud jangda g‘alabaga erishdi va behisob boylikni qo‘lga kiritdi. Bu boylikni ko‘rib sulton a’yonlari, qo‘shin ahli ham hayron edi. Qimmatbaho narsalarning har biri hikmatshunos donishmandning ham aqlini lol qoldirardi. Sulton yaqinlaridan biriga aytdi: «Bu g‘animat — o‘ljani darveshlarga taqsimlab ber. Chunki boshidan buni Haqqa nazr kildim va bu ahtsimda sobit turaman».
Yaqinlari dedilar:
- Shuncha molu mulkni hunarsiz, sayoq kishilarga berib yuborish o‘rinlimi? Bu molni qo‘shinga bo‘lib berib, ularning ko‘nglini ko‘tar, yoinki xazinaga qo‘shib yubor.
Shoh Mahmud ikkilanib qoldi, shunda u bir devonasifat darveshni ko‘rib qoldi, u dunyo ishlariga qo‘l siltagan bo‘lsa-da, ammo donishmand kishi edi. Shohuzoqdan uni ko‘rib, oddiga chaqirdi. O’zicha dedi:
- Bu devonadan maslahat so‘rab ko‘ray, u to‘g‘risini aytadi, chunki u sultondan ham, lashkariylardan ham ozod odamdir.
Podsho devonani chaqirib voqeani unga aytdi. Alloh yo‘lida oshiqu devona bo‘lib yurgan bu darvesh sultonga qarab dedi:
- Ey podshoh, ishing ikki arpa donasi ustida ekan. Agar U bilan ishing bo‘lmasa, sen ham hech narsaning andishasini qilma. Ammo agar U bilan yana muomalang bo‘lsa, aloqani uzmoqchi bo‘lma-sang, unda bu o‘ljalardan arpa donasi qadar kamaygirmasdan Unga, ya’ni Uningdo‘stlari darveshlarga togshshr. Haq senga nusrat berdi, to‘g‘ri yo‘l qo‘rsatdi, U va’dani bajardi, sen nega bajarmayapsan?
Oqibat Mahmud o‘ljani darveshlarga bag‘ishladi va saxovatpesha sulton nomini oldi.


Qayd etilgan


Ansora  21 Mart 2010, 12:56:15

O’TTIZ   YETTINCHI MAQOLA

BOSHQA BIR QUSHNING SAVOLI

Boshqa qush dedi:
- Ey Iloh huzuriga yo‘l topgan pir, u yerda qanday molu mulk qadrlanadi, qaysi boylik muomalada bo‘ladi? Agar aytsang, shunga qarab ish tutaylik, ya’ni nima kerakli va ravo bo‘lsa, shuni olib boraylik. Axir shohlarga qimmatbaho, nafis tuhfalar elturlar, hadiyasiz odamni xasis deb mazammat qilurlar.

HUDHUDNING JAVOBI

Hudhud dedi:
- Ey, savol berguvchi, agar farmonga itoatni xush ko‘rsang, u yerda nimaiki bo‘lmasa, shuni olib bor. Agar sen bu yerdan biror narsa olib borsangu, bu narsa u yerda bo‘lsa, bu ish albatta chiroyli emas. U yerda ilm bor, ruhoniy farishtalar toati ham behisob ko‘p. Sen jonning otashiyu dil dardini olib bor, chunki u yerda buni birov ko‘rsatmaydi. Agar dard bilan dildan bir oh chiqsa, oshiqning kuygan jigar hidini Dargohgacha olib boradi. Xos joygoh sening joningning mag‘zidir, joningning po‘stlog‘i esa bo‘ysunmas nafsingdir.
Agar ohing xos joy — yurak mag‘zidan chiqsa, mard darveshning holi jami aloyiqlardan xalos bo‘ladi.

Qayd etilgan


Ansora  21 Mart 2010, 12:57:02

ZULAYHONING YUSUFNI ZINDONGA YUBORGANI HIKOYATI

Zulayho e’zoz va hashamat egasi bo‘lgani bois Yusufni zindonband etib saqladi. Bir qulga aytdiki, zindonga borib, Yusufning orqasiga ellik cho‘p urgin. Shunday qattiq urki, Yusuf oh desin va men bu ohni eshitay. Ammo qul zindonga kelib Yusufni ko‘rgach, rahmi kelib urmadi. Bir po‘stinni ko‘rib, qo‘lini po‘stinga qattiq uraverdi...
U po‘stinni har gal urganida, Yusuf zorlanib qattiq nola chekardi. Zulayho Yusuf ovozini uzokdan eshitar ekan:
- Ey falon, qattiqroq ur, - deb buyurardi. Po‘stinni savalayotgan odam Yusufga dedi:
- Ey Yusuf, Zulayho senga boqib badaningda jarohat qo‘rmasa, meni azobga soladi. Sen yalang‘och bo‘lib mana bu yerga yotgin, toki mana bu cho‘p bilan urayin va izi qolsin.
Yusuf kiyimlarini yechib yalang‘och bo‘ldi, go‘yo shu payt yetti qavat osmon larzaga kelganday bo‘ldi. Qul tayoqni dast ko‘tarib shunday urdiki, Yusuf tuproqqa ag‘nab tushdi va yurakdan «oh» deya fig‘on chekti. Zulayho bu «oh»ni eshitgach, qulga dedi:
- Bas qil urishni, chunki bu nola yurakdan chiqqan edi. Bundan oldingi ohlari arzimas, yolg‘on edi, ammo uning bu ohi jon ichidan chiqdi.
Agar motamda yuz kishi vovaylo deb fig‘on cheksa ham, lekin dardli nola ajralib turadi. Halqa — to‘dada yuz g‘amli odam bo‘lsa-da, ammo motamzadaning fig‘oni ularga boshdir. Sen toki sohibdard odamga aylanmaguncha, mardlar safida mard darvesh bo‘lolmaysan. Kimning qalbida ishq olovi yongan bo‘lsa, u kechasiyu kunduzi betoqat va beqarordir.

Qayd etilgan


Ansora  21 Mart 2010, 13:01:18

XOJA VA UNING SOFDIL G’ULOMI HIKOYATI

Sirlardan voqif xojaning bir sofdil g‘ulomi, xizmatkori bor edi. U yarim kechadan to subh — erta tonggacha uxlamay, namoz o‘qib chiqar edi. Xoja unga dediki:
— Ne kor qilursan, oqshomdan to sahar o‘zingni bedor qilursan. To quyosh chiqquniga qadar namoz o‘qursan?
G’ulom xojasiga bunday javob berdi:
— Men sening darding ko‘gshigini ko‘rib turibman. Dardi, g‘ami ko‘p odam har vaqg bedor bo‘ladi, xotirjam uxlolmaydi. Sening darding ko‘p, ertayu kech bedor bo‘larsan. Agar bir odam bedor bo‘lsa, boshqa odamlar ham unga bedorliqda hamkor bo‘lmog‘i kerak.
Agar kimdaki shu dard va shu hasrat bo‘lmasa, u mard odam emas, u bilan xok-tuproqning farqi yo‘q. Kimki o‘zgalar dardini baham ko‘rsa, bunday odamda do‘zaxga tushamanmi yoki behishtga boramanmi, degan tashvish ham bo‘lmaydi.

Qayd etilgan


Ansora  21 Mart 2010, 13:01:38

ABU ALI TUSIY HIKOYATI

Abu Ali Tusiy ahd piri edi. U talab vodiysining jiddu jahd qiluvchi murshidi edi. U yashab turgan joyida eng aziz va eng yetuk inson edi. Aytar ediki: Ertaga (tong-la qiyomatda) do‘zax axli zor-zor yig‘laydi. Jannat axli esa so‘roqsiz yaxshiligi oshkor bo‘ladi. Bular jannat vasli zavqidan xushdil, ular esa o‘zlarining og‘ir holidan g‘amgin bo‘ladilar. O’sha vaqtda jannat ahli barchalari firdavs xushbo‘yidan bahramand bo‘lib, behishti bokamolda beqiyos oftob jamolni ko‘radilar. U sohibjamolning tengi yo‘q, uning go‘zalligi oldida sakkiz huld-jannat uyaladi. Bu jamol yorug‘ligi o‘lganlarga jon bag‘ishlaydi. Uning nuri yorug‘ligi oldida jannatdan ham nomu nishon qolmaydi.
Jannat ahli o‘z hol-ahvolini shunday bildirdilar. Do‘zax ahli bularga javoban bunday dedilar:
—   Sizlar firdavsi jinonga (jannat bag‘riga) kirib, o‘z ahvolingiz hakida chunonam ko‘p so‘zlar aytdingiz. Biz, noxush joy - do‘zax ashoblari har qadamda otash seliga g‘arqmiz, yuzimiz qoraligi barchaga oshkor. Bu yetmaganday, yor jamolidan benasibligimiz hasratidan qiynalamiz. Sizlar yor jamoli ravshanligidan bizni ogoh qilib, holimizni battar og‘ir qildingiz. Har doim otash oldida ishlayotganlar olovga o‘rganib qolganidek, biz do‘zax otashlariga ham sabr qilayotgan edik.
Lekin sizlar Haq taolo jamoli haqida bizni ogoh qilganingizdan keyin qayg‘u-hasratimiz kuchaydi. Kimningki qayg‘u-hasrati kuchaysa, kuch-g‘ayrati ham ziyoda bo‘ladi.
Ey inson, agar jarohating oxiratda zavqu rohat keltirsa, jarohatning qayg‘u-hasrati sen uchun foydalidir. Sen yashab turgan manziling majruhlik, jarohatlar keltirsa, ruh halovatidan mahrumlik keltirsa, bu dunyo qonli jarohatlarga to‘la ekanligini o‘ylagin.

Qayd etilgan