Kattakon shoxda otga minib olganday o‘tirgan, sira uyalmasdan, hayo qilmasdan kulayotgan qizni ko‘rdi-yu, boyoqish o‘zini tutib turolmadi, jahli chiqqanidan qosh-ko‘zlarini o‘ynatib:
— Barakallo, oppoq qizim, — dedi. — Bu ishingiz bizga yoqmadi, xudo biladi, sizday bo‘yi yetib qolgan kap-kattakon bir qizning...
O‘sha zamon yer yorilsa, yerga kirib ketguday bo‘ldim. Bechora guldek yuzim, kim biladi, qanday ranglarga kirdi ekan! Daraxtdan yiqilib ketish xavfiga ham qaramay, qo‘llarimni maktabda kiyadigan ko‘ylagimning ko‘kragi ustida qovushtirib bo‘ynimni xiyol bukdim-da:
— Kechiring, beyafandim, — dedim, — xudo haqqi, bexosdan bo‘ldi... Yana ham to‘g‘risi, bilmay qoldim... — Bu gunohkorlarcha yolvorish usuli maktabda murabbiyalar, dindor o‘quvchilar Bibi Maryam bilan Iso oldida duo o‘qiyotgan mahallarida qo‘llanadigan usul edi. Harholda, buning ta’siri uzoq vaqtlardan beri sinab kelinardi. U necha asrlardan beri ilohiy ona bilan bolani shu qabilda yupatib kelgani uchun, bu keksani ham oxirda insofga keltirishi mumkin edi.
Taxminimda yanglishmadim. Qo‘shnim bu riyokor so‘zlarimga, ovozimdagi qaltiroqqa aldandi, yumshaldi. Nimagadir, menga biron yaxshi narsa aytish zarurligini sezganday:
— Bu xil parvosizlikning bo‘yi yetib qolgan qizga zarari yetishi mumkinligini tushunmaysizmi? — dedi. Nima demoqchi ekanligini juda yaxshi tushunib tursam ham, ko‘zlarimni pirpiratib:
— Nega endi, afandim? — deb so‘radim.