* * *
Ertasiga shu yerlik boylardan birining chorbog‘iga taklif qilingan edik. Umrimda shu bugungiday bahrim ochilgan kun bo‘lmagandir, deyman.
Oysha xolam bilan Mujgon chorbog‘ hovuzi bo‘yida kattalar bilan gaplashib o‘tirganlarida, bolalarni yonimga oldim-u, tevarakda o‘tni o‘tga, suvni suvga otib, to‘polon qila boshladim. Hatto bir qur bitta yaydoq otga minmoqchi bo‘lib, jonimni xatarga ham qo‘ydim. Xolam bilan Mujgon meni ko‘rib qolishib, qo‘l-bosh ishoralari bilan imo qilishardi.
Ularning nima demoqchi ekanliklarini juda yaxshi bilsam ham, anqovsirab o‘zimni ko‘rmaganga solar, daraxtlar ichiga kirib, ko‘zdan g‘oyib bo‘lar edim.
Ha, yoshi o‘n beshga yetib, ularning nozik iborasi bilan aytganda, "œbo‘yi cho‘zilib qolgan" qizning xizmatkorlar orasida boshi ochiq, poychalari yalang, ust-boshi ochilib sho‘xlik qilib yurishi ayb, buni o‘zim ham tushunaman, lekin nachora, o‘zimni go‘llikka solaman.
Bir mahal Mujgonni yolg‘iz topib, qo‘lidan ushladim-u:
— Arman keliniga o‘xshagan bu xonimlarning nimasi yoqib qoldi senga? Undan ko‘ra men bilan yur, — dedim.
— Kecha saharga dovur holi-jonimni qo‘ydingmi? — dedi. Keyin ilova qildi: — Sen, rosti, g‘alati mahluqsan, jonivorga o‘xshaysan, Farida. Kecha kechqurun qanday ahvolda eding? Ertalab ikki soat uxlar-uxlamas darrov turib ketding. Ahvolingdan hech charchagan kishiga o‘xshamaysan. Ranging noppa-nozanday, ko‘zlaring porillaydi. Qara, meni ne ahvolga solding!
Chindan ham bechora Mujgon achinarli ahvolda edi. Kechasi uxlamagani uchun yuzi, ko‘zlarining oqi ham bol mumi singari sarg‘ayib ketgan edi.
— O‘tgan ishga salavot, — dedim-u, yana yugurib ketib qoldim.