Navaviyning fikri
Imom Navaviy «Sahihi Muslim» sharhida yozadi:
«Uni Ibn Sayyod yoki Ibn Said deyishadi. Asli ismi Sof. Ulamolar aytadilar: «Ibn Sayyodning Dajjol yoki Dajjol emasligi tortishuvli masala. Bu mushkul qissa. Lekin uning kichik Dajjollardan biri ekaniga hech shak-shubha yo‘q. Hadislar zohiriga ko‘ra, Ibn Sayyodning Dajjol yoki Dajjol emasligi haqida vahiy tushmagan. Rasulullohga (sollallohu alayhi vasallam) faqat Dajjolning sifatlari tushirilgan va ba’zi o‘xshashliklar Ibn Sayyodda topilgan. Shuning uchun ham Payg‘ambar alayhissalom u haqda keskin bir so‘z aytmaganlar. Umar (r.a.) uni o‘ldirmoqchi bo‘lib izn so‘raganida ham: «Agar u Dajjol bo‘lsa, hech qachon o‘ldira olmaysan», deyish bilan kifoyalangan edilar».
Ammo Ibn Sayyodning musulmonligi, Dajjolning esa kofir bo‘lishi, uning bolasi borligi, Dajjolning esa farzandsiz o‘tishi, Ibn Sayyodning Madinaga kirgani va Makka tomon safar qilgani, Dajjolning Makka-Madinaga kirmasligi — bularning barchasi Ibn Sayyodning Dajjol emasligiga dalil bo‘la olmaydi. Chunki Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) Dajjolning oxir zamondagi, ya’ni insonlarni fitnaga solgan vaqtidagi sifatini aytganlar.