364
Abu Hanifa (r.a.) Yaziddan, u Anasdan (r.a.) rivoyat qiladi. Anas (r.a.) aytdilar: «Hazrati Abu Bakr (r.a.) Rasulullohning (s.a.v.) kasalliklari yengillashganini ko‘rgach, xotini - Xorija qizining yoniga borishga ruxsat so‘radi. U ansorning bog‘larida turgan edi. Hazrati Abu Bakr (r.a.) Rasulullohning (s.a.v.) o‘lim xotirjamligi ichida yotganliklarini bilmagandi. Rasululloh (s.a.v.) unga (ketishga) ruxsat berdilar.
Ul zot (s.a.v.) o‘sha kecha vafot etdilar. Tong otgach, Hazrati Abu Bakr (r.a.) insonlar o‘zaro bir nimalar deb gapirishayotganini eshitdi.
Hazrati Abu Bakr (r.a.) quliga ularning gapini eshitib, kelib aytishni aytdi. Qul kelib:
- Ularning Hazrati Muhammad (s.a.v.) o‘ldi, deyishayotganini eshitdim, - dedi.
Bu so‘zni eshitgan Hazrati Abu Bakr (r.a.) o‘zlarini yomon his qilib: «Voh, belim sindi», deya boshladilar.
Hazrati Abu Bakr (r.a.) masjidga yetib bormagan edilar. Kishilar unga xabar yetmagan deb o‘ylashdi.
Munofiqlar kishilarni g‘alayonga solish uchun:
- Muhammad payg‘ambar bo‘lganda, o‘lmas edi,- deya boshlashdi.
Hazrati Umar (r.a.):
- Kimning: «Muhammad (s.a.v.) o‘ldi», deganini eshitsam, uning boshiga qilich solaman, - dedilar.
So‘ng ular tilini tiydi.
Hazrati Abu Bakr (r.a.) u yerga kelgach Hazrati Payg‘ambarning (s.a.v.) yuzlaridagi yopinchiqni oldi. Ul zotni o‘pib, hidlay boshladi va bunday dedi: «Alloh taolo Sizga o‘limni ikki karra tatitmaydi. Siz Alloh taologa undan qadrlisiz».
Shundan so‘ng insonlarga qarab:
«Ey insonlar!.. Kim Hazrati Muhammadga topinayotgan bo‘lsa, (bilsinki) Hazrati Muhammad (s.a.v.) vafot etdilar. Kim Hazrati Muhammadning Rabbiga topingan bo‘lsa, u o‘lmaydi», dedi va quyidagi oyatni o‘qiy boshladi:
«Muhammad ham payg‘ambardir. Undan oldingi payg‘ambarlar ham o‘lishgan. Agar u o‘lsa yo qatl etilsa, ortlaringizga - kufrga qaytasizmi? Kim iymondan so‘ng kufrga qaytsa, Alloh taologa aslo, hech ziyon yetkazolmaydi. Alloh taolo islomda sobit qolib, Uning ne’matiga shukr etuvchilarga albatta ajr beradi» (Oli Imron surasi, 144-oyat).
Hazrati Umar (r.a.) bu oyatni eshitgach: «Biz bu oyatni go‘yo oldin hech o‘qimagandaymiz», dedi. Insonlar ham Hazrati Abu Bakrning (r.a.) so‘zini takrorlashdi. Men bu oyatni takror o‘qidim.
Hazrati Payg‘ambar (s.a.v.) dushanba kuni kechasi vafot etdilar. Ikki kun, ikki kecha olib qolindi. Chorshanba kuni dafn etildi.
Usoma ibn Zayd, Avs ibn Havliy suv quyib turdi, Hazrati Ali (r.a.) va Fazl (r.a.) Hazrati Payg‘ambarni yuvishdi».