422
Abu Hanifa (r.a.) Alqamadan, u Sulaymon Ibn Buraydadan, u otasidan (r.a.) rivoyat qiladi. Ibn Buraydaning otasi (r.a.) aytdi: «Hazrati Payg‘ambar (s.a.v.) marhamat qilib aytdilar: «Qabrlarni ziyorat qilishdan qaytargan edim. Menga onamning qabrlarini ziyorat qilishga izn berildi. Endi qabrlarni ziyorat qiling, biroq yomon so‘zlar aytmang. Boylaringiz faqirlaringizga kengchilik qilishi uchun qurbonlik go‘shtlarini uch kundan ortiq saqlashni man etgan edim. Endi Alloh taolo sizga kenglik berdi, uni (go‘shtlarni. - Tarj.) yeng va g‘amlab qo‘ying».
Ul zot (s.a.v) xantam va muzaffatdan (ichi mumlangan, ichkilik tayyorlashda qo‘llaniladigan idish) suv ichishni ta’qiqladilar».
Bir rivoyatda: «Nakir (taxta idish) va dubba (shisha idish)dan sizni qaytargan edim. Endi xohlagan idishdan ichishingiz mumkin. Chunki idish bir narsani halol yo harom qilmaydi. Siz mast qiluvchi ichkilik ichmang», deyiladi.
Bir rivoyatda: «Men sizni uch narsadan qaytargan edim:
1. Qabr ziyoratidan qaytargan edim, endi ziyorat qiling.
2. Qurbonlik go‘shtlarini uch kundan ortiq tutishdan qaytargan edim. Endi uni saqlang va g‘amlab qo‘ying. Ta’qiqlashimning sababi boylar qurbonlik go‘shtlarini faqirlarga yedirishlari, tarqatishlari uchun edi.
3. Men sizni dubba va muzaffatdan (mum, qora saqichli idish. - Tarj.) (suv) ichishingizni ta’qiqlagan edim. Endi nimadan istasangiz ichavering. Chunki idish bir narsani halol yoki harom qilmaydi. Siz mast qiluvchi ichkilik ichmang», deyiladi.
Boshqa bir rivoyatda, yuqorida sanab o‘tilganlar tilga olinib «. Dubba, xantam, muzaffatdagi ichimlikdan sizni qaytargan edim. Endi har qanday idishdan ichishingiz mumkin. Mast qiluvchi ichimlikni ichmang!.» lafzlari bilan kelgan.