Obida
Nafisa Qur’on va tafsirlarni ko‘p o‘qirdilar. Namozda yig‘lardilar, ro‘za tutardilar. Ro‘za va namozdan toliqmas edilar. Akalari Yahyoning qizi aytadi: «Ammamning qirq yil xizmatlarini qildim, biror kecha uxlaganlarini ko‘rmadim, biror kun og‘izlarini ochiq holda ko‘radim. Hayitlarda, tashriq kunlarida ro‘za tutmas edilar xolos. U kishiga: «Joningizga rahm qilmaysizmi?» dedim. «Qanday rahm qilay, oldimda sinovlar, mashaqqatlar turibdi. Faqat zafar topguvchilar bu mashaqqatlardan qutula oladi», dedilar. Bir kuni erlari: «Nafsingizga orom bering», dedilar. «Kimki Alloh bilan qoim bo‘lsa, har bir ish Alloh qo‘lidadir. Allohning toatida najot bordir, saodat yo‘lida tikondan qutulishga iloj yo‘q. Agar kimki tikondan qo‘rqmay bosib o‘tsa, manzilga yetar», dedilar».
Nafisa ko‘p haj qilar edilar. Rivoyatlarda aytishlaricha 30 marta haj qilganlar. Zaynab binti Yahyodan so‘raldi: «Ammangiz har kuni nima yer edilar?» «Har uch kunda bir marta yemish yer edilar. U kishining joynamozlari tepasi tomonida savat (xalta) osilgan turardi. Qachon yeyishni xohlasalar, shunda bor narsadan olib yerdilar. Erlaridan boshqa joydan topilgan narsadan yemas edilar yoki shu savatda Alloh nimani paydo qilgan bo‘lsa, shuni yer edilar», dedi.
Nafisa aytdilar: «Allohga hamdlar bo‘lsinki, Maryam binti Imronga yuborgan nasibadan bizga ham iroda etdi». Qur’onda Alloh taolo aytdi: «Bas, Parvardigori uni (Maryamni) xush qabul aylab, chiroyli parvarish etdi va unga Zakariyoni kafil qildi. Har qachon Zakariyo (Maryamning) oldiga - hujraga kirganida uning huzurida bir rizq-nasiba ko‘rdi. U: «Ey Maryam, bu narsalar senga qayoqdan keldi?» deb so‘raganida (Maryam) javob qildi: «Bular Alloh huzuridandir. Albatta Alloh O’zi istagan kishilarga behisob rizq berur» (Oli Imron surasi, 37-oyat).