Lekin shu tobda saroyda Mirzo huzurida qanday gap bo’lmasin, Alisherga hech qanday ahamiyati qolmaganday tuyuldi. Biroq «Nega podshoh oshpazining ortidan uyalmay-netmay yosh boladay yugurdim», degan savol miyasini o’ymalar va unga javob topishga qiynalardi. Axir pod-shoh: «Bor, senga butun Movarounnahrning ixtiyorini berdim», — deganda ham, u bunday apil-tapil chopmas edi-ku. «O’g’onimga ma’lum, chopmas edim va menga bunday ixtiyorning lozimi yo’q edi», deb takrorladi ichida Alisher. Bir darvesh aytgan ekan: «Burga bosgan to’shakda yotib bo’lmagay. Tik turib uxlagan yaxshi». «Seni mabodo o’y talasa ham, uxlay olmas eding, ey darvesh! — deb ichida xitob qildi Navoiy. — O’y degan narsa burgadan xam qattiq talaydi va seni holdan toydirib yiqitma-guncha qo’ymaydi. Bakovul ikki og’iz gapni shunchalar sirli va mahramona qilib aytdiki, har qanday odam uning ortidan yugurmay iloji yo’q edi. Mening qonimda esa sirli narsalarni bilishga qiziqish bor. Aziz bobolarimdan, ularning ko’kaltoshlik hunaridan qolgan bu odat menga. Lekin saltanat buyuk amirining saroy oshpaziga elanib chopganini tarix tarix bo’lib ko’rmagan bo’lsa kerak. Sharmisorlik», — deb afsus bilan takrorladi Navoiy. Butun Xuroson va ikki daryo orasida she’rlari yod o’qilaturg’on shoirning oshpaz ketidan yosh go’dakday yalinib chopganini kim ko’rgan axir? Navoiy takror-takror shu haqda o’ylar ekan, badani qizib, isitmasi chiqa boshladi. Tama-ku bu! Tama-ku bu! — deb qaytardi u bir necha marta. Mana, shohlarga xizmat qilishning oqibati! Mana, shohlarga yaqin bo’lishning oqibati! Mana, har bir asarda madhiyalar aytmoq va qasidalar to’qimoqning oqibati! Uyal, ey shoir! Ko’zingni och, ey Navoiy. Shohlardan elga imdod umidi qilmok va iltifot kutmoq kishi boshiga xorlik keltirgay.