Vagon og‘asi «onasini izlab ketayotgan» kasalxona kiyimidagi bolaga rahm qilib, tushirib yubormadi. Aksincha, bo‘lmasiga olib kirib, choy-non bilan siylagach, boladagi «hamma yaxshi odamlar shaharda» degan fikr qat’iylashdi. Ammo shohbekatda unga birov qaramadi, e’tibor ham bermadi. Nima qilishni, qaerga borishni bilmay, kun bo‘yi shu bino ichida sanqib yurdi. Bir-ikki tashqariga chiqdi, kasalxonaning yupun kiyimida sovqotib, tez iziga qaytdi. Qorni ochdi. Kasalxonada qog‘ozga o‘rab olgan ikki burda nonni yedi. Qorong‘i tushganida sillasi qurib, o‘rindiqqa cho‘zildi.
Haydar (unda «Kesakpolvon» «unvoni»ga musharraf bo‘lmagan edi) o‘sha kech «ov»da edi. Kasalxona kiyimida g‘ujanak bo‘lib yotgan bolaga avval e’tibor bermadi. O‘lja qidirib bir oz aylangach, bolani turtib uyg‘otayotgan militsionerga ko‘zi tushdi. Bolani bu yerga daydib kelib qolganini darrov sezib, uni qutqarmoqchi bo‘ldi. Tez-tez yurib yaqinlashdi-da, qaddini ko‘tarayotgan Mahmudni yelkasidan quchdi.
— Kalla pishdimi, bratishka, — dedi xuddi yaqin odamini suygandek, so‘ng militsionerga qaradi: — Bu mening ukam, tobi yo‘q, shahardagi do‘xtirga ko‘rsatgani olib kelganman.
Militsioner Haydarni tanirdi, shu bois uning gapiga «ishonib» nari ketdi.
Haydar bolaning yuziga qarab, keyin peshonasiga kaftini bosdi.
— Isitma bor-ku, qayoqdan qochib kelyapsan, chuvrindi uka, — dedi.
Mahmud aytdi.
— Yur, do‘xtirga olib boraman, — dedi Haydar.
«Shaharda yaxshi odamlar ko‘p», deb o‘yladi Mahmud.