Tohir Malik. Shaytanat (ikkinchi kitob)  ( 264859 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 16 17 18 19 20 21 22 23 24 25 26 ... 54 B


AbdurRohman  27 Oktyabr 2007, 17:59:22

3

    Zaynab... Ko‘zlari g‘amgin boquvchi, sochlari parishon to‘zigan Zaynab... Etagi to‘pig‘ini berkitib turgan, yengi barmoqlarining uchlariga qadar tushgan harir oq ko‘ylakda. Oqqush kabi suzib yuradi. Javdiragan ko‘zlari nimanidir axtaradi.
«Zaynab, nimani qidiryapsan? — deydi Elchin.
— Bolamni... bolam qani? — deydi Zaynab yig‘lamsirab. So‘ng hech kutilmaganda Elchinning bo‘g‘ziga chang solib, bo‘g‘a boshlaydi... — Bolamni topib bering, bolamni...»
    Elchin bo‘g‘ilib, xirillay boshlaydi.. Ana shu xirqiroq uni uyg‘otib yubordi. Yumshoq o‘rindiqqa yastanib, oyoqlarini uzatib o‘tirgan edi. Ko‘zi ilinibdi. Soatga qaradi: o‘n daqiqagina mudrabdi. Shu uyqusida ko‘rgan tushi — Zaynab.
    Kunduzi kasalxonaga borgan edi. Odatdagicha qaynonasi bilan ko‘rishib qaytdi. Qaynonasi ham kamgap: «Sog‘lig‘i yaxshi, yotibdi», degan gapdan nariga o‘tmaydi. Elchin bugun «o‘rnidan turib, yuryaptimi?» deb so‘rab, «ha, yuryapti» degan lo‘nda javob oldi. «Yurayotgan bo‘lsa, nima uchun chiqmaydi?» deb so‘ramoqchi edi, negaligini o‘zi bilgani uchun savoldan o‘zini tiydi.
   

Qayd etilgan


AbdurRohman  27 Oktyabr 2007, 17:59:46

    Ziyrak Manzura kuyovining ko‘zlariga qarab, so‘ramoqchi bo‘lgan so‘rog‘ini angladi. «Huzuringizga qanday chiqsin? Jon achchig‘ida bema’ni gapni aytib yubordi. Endi yuzi shuvut. Bundan keyingi turmushinglar qanday bo‘ladi, men hayronman», demoqchi bo‘ldi-yu, kuyovidan sado chiqmagani uchun indamay qo‘yaqoldi. Sukut bilan berilgan savolga javob ham sukut bilan bo‘ldi.
    Bolasini ko‘mib kelganidan beri Elchinning ko‘ziga dunyo qorong‘u bo‘lib ko‘rinadi. «Bolang o‘lik tug‘ildi», degan xabarni eshitganida avvaliga «bu chirkin dunyoning sassiq havosidan nafas olib yashashni istamabdi» degan xayolga bordi. Bolani tuproqqa topshirgach, go‘yo yuragidan bir narsa uzildi, go‘yo o‘sha «bir narsa» ham tuproq ostiga ko‘mildi. O‘sha — «bir narsa» nima edi? Umidmi edi? Bu dunyoda baxt ham mavjudligini anglatishi mumkin bo‘lgan najotmi edi? Umid o‘ldimi, najot ko‘mildimi? U holda bu dunyoda nima qoldi? Faqat qasosmi? Faqat qo‘rquvmi? Faqat hasadmi?.. Endi yashamoqdan maqsad nadir? O‘lik ruhi endigina qayta jonlanayotgan edi, yuragida ko‘z yumib yotgan mehr endigina uyg‘onayotgan edi. Alhol bu ruhning tirilmog‘iga hojat bormi? Bu yurakka mehr lozimmi endi?..
    Elchin aql-hushidan ayrilib, devona holiga keldi, deyish haqiqatga xilofdir. Agar u devonavash bo‘lganida edi, bu dunyoda yashab yurmog‘i osonroq kechardi. Mol-dunyosini ko‘paytirish uchun qumursqaday g‘imirlab, kezi kelganida esa vahshiy hayvon singari bir-birini g‘ajiydigan odamlardan kulib yuraverardi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  27 Oktyabr 2007, 18:00:15

    Uning esi joyida edi. Oqni qoradan ajrata olardi. Ammo katta shaharga kelib, chorrahada gangib turgan odam holida edi — qaysi ko‘chaga kirishni aniq bilmasdi. Qamoqda ekanida tuzgan rejalari xom ekan, tuzdan solingan qasr ekan — bir yomg‘irning zarbiga ham dosh berolmadi — erib ketdi. Asadbek bilan sherdek olishaman, deb o‘ylagan edi, ammo g‘animning quyon emas, o‘z nomiga yarasha arslon ekanini hisobga olmabdi. Endi nima qilsin? Zelixon ketdi. Qachon qaytishi noma’lum. Suyanadigan tog‘i o‘sha edi. Endi kimga suyanadi, kimdan maslahat so‘raydi? Anvardanmi? U falsafa so‘qishdan boshqa narsa bilmaydi. Bugun kelib «Asadbekning otasiga taalluqli arxivni o‘rganyapman, zo‘r odam bo‘lgan ekan katta qaynotang», deb ketdi. Elchinning dardi qayda-yu, Anvarniki qayda!
    Anvar gapirib-gapirib, o‘zi ham charchab, Elchinni ham charchatib ketdi. U ketgach, Elchin yumshoq o‘rindiqqa yastanib, ko‘zi ilinibdi...
    Elchin ko‘ngil xiraligi tarqalarmikin, degan niyatda hovliga chiqib muzdek suvda yuvindi. Bir oz rohatlanganday bo‘ldi. Ammo bu huzur uzoq davom etmadi. Uyga qaytib kirishi bilan etagiga ilashib yurgan dardli o‘ylar yana vujudini qamrab oldi. Ko‘z oldiga oq libosdagi Zaynab keldi.
    «Bolangiz tug‘ilgandan keyin meni o‘ldiring!.. Men... sizga xiyonat qildim... Men... Yashashni istamayman... Jamshid akamning yonlariga borishni xohlayman... Erkak bo‘lsangiz meni o‘ldirasiz!..»

Qayd etilgan


AbdurRohman  27 Oktyabr 2007, 18:01:09

    Yo‘q, bu gaplarni tushida eshitmadi, o‘ngida o‘z qulog‘i bilan eshitgan. Ba’zi odamlarning o‘ng qulog‘idan gap kirib, chap qulog‘idan chiqib ketsa, Elchinning ikki qulog‘idan kirib, to‘g‘ri yuragiga  borib, muhrlanib qolgan. Bo‘sh qoldi deganicha g‘imirlab kuydiraveradi. Hozir ko‘rgan tushi eski yaralarni yana timdaladi.
    Ruhi shu zaylda azob chekib o‘tirganida eshik qo‘ng‘irog‘i jiringladi. To‘y mavsumi boshlangani uchun uni yo‘qlab keluvchilar ko‘paygan, hatto joniga ham tekkan edi. Hozirgi tashrif ham shulardan biridur, deb o‘ylab, g‘ijindi. Tashqariga chiqqisi kelmadi.
    Bolasini tuproqqa topshirib kelgan kuni kechki payt qo‘ng‘iroq xuddi shunday jiringladi. Biror kishi ko‘ngil so‘rab kelgandir, deb o‘yladi. Ayni damda u ko‘ngilga taskinlik bera oluvchi odamga muhtoj edi. Afsuski, o‘ylagandek bo‘lmadi. Tavoze bilan salomlashgan odam uni to‘yga aytib kelgan edi. «To‘yimizni o‘zingiz qizitib berasiz, aytganingizdan bir so‘m kam bergan — nomard», deb gap boshlashining o‘zidayoq Elchinning joni halqumiga keldi. «Bu odam tashvishimni bilmaydi-ku», deb o‘zini bosib, e’tibori uchun minnatdorlik bildirib, taklifini rad etdi. U odam buni san’atkorning noz-firoqi deb anglab, elanishni bas qilmadi. Toqati toq bo‘lgan Elchin tashvishini aytishga majbur bo‘ldi. «To‘y yigirma besh kundan keyin-ku, Hofiz aka? Undan keyin bunaqa bolaga aza tutilmaydi», degan javobni eshitib, uning yoqasidan bo‘g‘ib olganini o‘zi ham sezmay qoldi. «Yigirma besh kundan keyin bola tirilib keladimi?» deb bo‘ralab so‘kdi. To‘yga aytib keluvchi xayr-ma’zurni ham nasiya qilib jo‘nab qolgach, «Meni odam deb aytib kelgan ekan, tushuntirsam bo‘lardi...» deb qilgan ishidan afsuslandi. Uni odam deb emas, hofiz ham deb emas, balki Asadbekning kuyovi bo‘lgani uchun taklif qilayotganini Elchin fahm etmadi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  27 Oktyabr 2007, 18:02:42

    U hozir eshik ochgani borayotib shularni eslagach, yana g‘ijindi. Eshikni ochib, bashang kiyingan, tavoze bilan salom berguvchini emas, yengi kalta kuylak kiygan, qoruvli, qirg‘iy ko‘z yigitni ko‘rib, ajablandi. «Adashib kelgandir», deb xayol qilib, uning yorilgan labiga, shilingan yonog‘iga qarab qo‘ydi.
— Elchin aka siz bo‘lasizmi? — deb so‘radi yigit.
— Ha, men...
— Sizda zarur gapim bor. Ostonadan haydamang, iltimos.
Yigitning gapi Elchinga malol keldi.
— Mehmonni ostonadan haydaydi, deb eshitgan edingizmi?
— Ozgina to‘poriligim bor, aka, aft-basharamni ko‘rib, gaplashmay qo‘yasizmi, deb qo‘rqdim-da.
— Yigitchilikda aft-bashara degan shunaqa bo‘lib turadi. Qani, kiravering. Ostonada turib gaplashishning xosiyati yo‘q, deyishadi.
    Yigit ortiqcha takalluf kutmay avval hovliga, so‘ng mehmonxonaga kirib, Elchin ko‘rsatgan joyga o‘tirdi. Ko‘z qarashlariga qarab, uni bu yerga og‘ir dard boshlab kelganini fahmlash mumkin edi. «Bu yigit kim? Asadbekning dastyorlaridanmi yo Asadbekning odamlaridan tepki yeb alamzada bo‘lganlardanmi», deb o‘yladi Elchin. Yigit maqsadini aytishga qiynaldi. Barmoqlarini o‘ynab qisirlatdi. Elchin:
— Siz mening ismimni bilarkansiz, men esa... — deb gap boshlagan edi, yigit tilga kirib, so‘zlarini bo‘ldi:
— Ismim Halimjon.

Qayd etilgan


AbdurRohman  27 Oktyabr 2007, 18:06:33

— Ismingiz jismingizga mosga o‘xshamaydi?
— To‘g‘ri, halimdek emasman. Men o‘zi... «cho‘rniy poyasman»1
— Zo‘riga tushib qoldingizmi? — dedi Elchin uning yuziga ishora qilib.
— Zo‘rlariga... Gap bunda emas. Kaltak yegan bilan odam o‘lmaydi, aka. Qornimga emas, qadrimga yig‘layman, degan maqol bor-ku? Boshimga bir ish tushdi. O‘ylab-o‘ylab chorasini topdim. Sizdan najot istab keldim.
— Najot? — Elchin kulimsiradi. — Mendan qanday najot kutish mumkin?
— Agar dardimga tushunsangiz, yuragingizda rahm-shafqat bo‘lsa, yordam bera olasiz.
— Halimjon, siz gapni juda uzoqdan boshlayapsiz. Dardingizni yigitchasiga shartta-shartta ayting.
— Bo‘ladigan gap shuki, bir qiz bilan ahdu paymonimiz bor edi. Otasi unamabdi. Qizni o‘qishdan chiqarib yurtiga olib ketishdi. Izma-iz bordim. Qizni olib qochdim, desam ham bo‘ladi. Uning ham ko‘ngli toza, meniki ham toza edi. Nikoh o‘qitamiz, deb turuvdim. Bilmayman, qaerdan is olishdi, kecha kechqurun turgan yerimizga bostirib kirishdi. Qizning otasi, akalari bor. Akalari urishdi, ularga tegmadim. Keyin yana uch-to‘rttasi paydo bo‘lishdi. Bittasi g‘ilay, juda beayov ekan. Ular bilan olishdim. Lekin hammasiga bas kelolmadim. Qo‘l-oyog‘imni bog‘lab, mashinani yukxonasiga bosishdi. Ancha yurishdi. Keyin bir joyda to‘xtab, meni yukxonadan olishdi. Qarasam, daryo bo‘yi. Hammayoq axlat, tosh. Suv bo‘ylab ketgan uzun quvurga ro‘para qilishdi. Quvurning ichida engashib bemalol yursa bo‘ladi. G‘ilay qornimga bir tepib, bukchaytirdi. Sochimdan tortib quvurga kiritmoqchi bo‘ldi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  27 Oktyabr 2007, 18:06:56

— Kir, quvurga! — deb so‘kdi.
Bildimki, kirsam — o‘laman. Qarshilik ko‘rsatishga kuchim qolmagan. Birdan xayolimga g‘alati gap keldi:
— Bu ishingni Asadbek akam bilsalar, urug‘ingni quritvoradilar, palid! — deb baqirib yubordim. Nimaga shunaqa deganimni hozir ham bilmayman. Xullas, shu gapim ta’sir qildi. «Bir kunning ichida qorangni o‘chirasan, bo‘lmasa — o‘lasan!» deb mashinalariga o‘tirib, jo‘nab ketishdi. Asadbek degan nomdan qo‘rqishdimi, demak, yo o‘shaning odamlari yo undan qo‘rqadigan boshqa to‘daning odamlari, deb o‘yladim. Men Asadbek degan odamning nomini eshitganmanu o‘zlarini ko‘rmaganman. Faqat shinavanda ulfatlardan sizni u kishiga kuyov bo‘lganingizni eshitgan edim. Shu esimga kelib, qora tortib keldim, aka.
— Ish yurishmasa, atala tish sindiradi, degan maqol bor. Sizning ishingiz shunaqa bo‘libdi. Men nima qilishim mumkin?
— Agar ular Asadbek akaning odamlari bo‘lsa, bir og‘iz gapirib qo‘yasizmi? Mening birovga zararim tegmaydi. U qizni yaxshi ko‘raman, shuni deb o‘lib ketsam, mayli, roziman...

Qayd etilgan


AbdurRohman  27 Oktyabr 2007, 18:07:15

Elchinning nazarida bu arzon-garov gapday tuyuldi. U:
«Kiprigi — xanjar, karashma — tig‘,
    ko‘z tashlash — yashin,
Gar shahid bo‘lmoqchi ersang,
    Karbalo shu yerdadir»,
degan qo‘shig‘i bilan mashhur bo‘lganidan beri «sening ishqingda o‘lishga roziman» degan ashulalarni aytib yurgani uchun ham shunday tuyuldi. U ishq yo‘lida qurbon bo‘lishga tayyor oshiqlarni kinolarda ko‘rgan, kitoblarda o‘qigan, ammo bunday ro‘para bo‘lmagan edi. Halimjon «o‘lib ketsam, mayli, roziman», deb o‘ylab, astoydil gapirdimi yo shunchaki tilidan uchdimi? Nahot muhabbati uchun jon berishga tayyor yigitlar hozir ham mavjud bo‘lsa?! Elchinning nazarida hozirgi yigitlar saqich chaynashdan boshqa narsaga yaramay qolishgan, ularda bunday tuyg‘uning mavjudligi mumkin emasday edi. Halimjon aytgan gapning arzon-garov tuyulishiga yana bir sabab shu bo‘ldi. Qiziq-da, atrofda xushsurat qizlar ko‘p, daraxtni tepsang shoxidan barg emas, huriliqolar yog‘ilib tursa... Xo‘p, biriga ko‘ngil qo‘yding, ko‘nmadi. Ana, navbatda yana o‘ntasi ko‘zlarini suzib turibdi. Ikkinchisi bo‘lmasa, uchinchisi... Elchin yigitlarni zimdan kuzatib, shu xayolga kelar edi. Hozir Halimjonning sukutga berilganidan foydalanib, unga zimdan tikildi. Uning lablari, barmoqlari titramas, ko‘zlarida yolborish nuri yo‘q, aksincha, qat’iyat zuhur edi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  27 Oktyabr 2007, 18:07:43

— Qiziq gapni aytdingiz, — dedi Elchin, sukutni uzoq cho‘zilishiga yo‘l qo‘ymay, — agar «boshqa chorangiz yo‘q ekan, inim, mana bu zaharni ichingu tinchingizni toping», desam ko‘nasizmi?
Halimjon unga ajablanib qaradi:
— Kalaka qilyapsizmi, aka?
— Shunchaki so‘radim-da.
— Aka, men huzuringizga yig‘lab kelganim yo‘q. Zahar ichib o‘ladigan ahmoq emasman. O‘lsam ham olishib o‘laman, — Halimjon shunday deb shasht bilan o‘rnidan turdi.
— To‘xtang, qizishmang, o‘tiring.
«Azal kotiblari ushshoq baxtin qora yozmishlar, bu mazmun ila xat ul safhai ruxsora yozmishlar».
— Nima deyapsiz, tushunmadim?
— Joyingizga o‘tiring, Halimjon, o‘ylab ko‘raylik-chi. Siz menga o‘sha yigitlarning aft-angorini tasvirlab bering. Boshlig‘i g‘ilaymi? Gavdali baquvvat odammi? Yoshi... o‘ttiz besh-qirqlarda, a?
Halimjon voqeani qaytadan bayon qildi. Elchin g‘ilayni esladi. Uni xor etgan o‘sha to‘yda Hosilboyvachchaning atrofida ishshayib aylanib yurgan g‘ilayni ko‘rgan edi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  27 Oktyabr 2007, 18:08:08

— Asadbekning odamlari orasida bunaqa yigitlarni ko‘rmaganman. Lekin men surishtiray-chi. Avval ularning kimligini bilay, so‘ng chorasini izlaymiz.— Shu onda Elchinning xayoliga bir fikr kelib, ilmoq tashlab ko‘rishni ma’qul topdi: — Agar bu ishga Asadbek aralashsa, u haq talab qiladi.
— Qanaqa haq? Pulmi? Menda pul yo‘q, aka, ketmonchining bolasiman.
— Pul emas... agar u sizning «cho‘rniy poyas» ekaningizni bilsa, xizmatga taklif qilishi mumkin.
— Xizmatdan qochmayman.
— Nima xizmat, deb so‘ramadingiz-ku?
— Aka, nima xizmat ekaniga aqlim yetib turibdi. Odam o‘ldir, demasa bas. — Halimjon shunday degach, qaytishga izn so‘radi.
   Kutilmagan mehmon ketgach, Elchin anchagacha hovlida aylanib yurdi. U xizmat masalasida atayin ilmoq tashlagan edi. Yaqinginada yolg‘iz qolganidan siqilib turuvdi, bu yigitni Xudo yetkazdimi, bilmaydi. Nima uchundir bir suhbatdayoq unga ishongisi keldi. «Asadbek hammani ham xizmatga olavermaydi, qaysi yo‘l bilan bo‘lsa-da, bu yigitni tavsiya etish kerak», deb o‘yladi Elchin.

Qayd etilgan