85. (Ey, Muhammad,) albatta, Sizga (ushbu) Qur'onni farz qilgan Zot, shak-shubhasiz, Sizni qaytish joyiga (Makkaga) qaytaruvchidir. (Mushriklarga) ayting: "Rabbim hidoyat bilan kelgan kishilarni ham, aniq zalolatdagi kimsalarni ham yaxshi biluvchidir!" Izoh: Qur'onni farz qilgani - uni tilovat qilishni, hukmiga amal qilishni va uni ummatga yetkazishni farz qilganidir. Makkaga qaytishlari esa hijratdan keyingi orzularidan biri edi. 86. Siz o'zingizga Kitob (Qur'on) tushirilishidan umidvor ham emasdingiz. Faqat Rabbingiz (tomoni)dan rahmat sifatida (u nozil qilindi). Bas, kofirlarga sira madadkor bo'lmang!
87. Sizga Allohning oyatlari nozil qilinganidan so'ng zinhor ular Sizga to'sqinlik qilmasinlar! Siz (odamlarni) Rabbingizga (ibodat qilishga) chorlang va sira mushriklardan bo'lmang!
88. Allohga qo'shib boshqa "iloh"ga iltijo qilmang! Undan o'zga iloh yo'qdir. Uning "yuzi"dan boshqa barcha narsa halok bo'luvchidir. Hukm Unikidir va Ungagina qaytarilursizlar!
ANKABUT SURASI Ankabut - o'rgimchak, tortanak Surada o'zlari yasagan but - sanamlarga o'zlari sig'inuvchi mushriklar o'zi to'qigan to'riga ishonib yashovchi o'rgimchakka o'xshatiladi. Shuningdek, unda imon-e'tiqodli, yaxshi odamlar boshiga sinov uchun ko'proq musibatlar tushishi, hayot sinovlaridan muvaffaqiyatli o'tish yo'llari, payg'ambarlar tortgan tashvish va aziyatlar haqidagi qissalar, Qur'oni karimning mo''jizaligi va boshqa ilohiy nasihatlar o'z ifodasini topgan.
Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman). 1. Alif, Lom, Mim.
2. Odamlar: "Imon keltirdik", - deyishlari bilangina, sinalmagan hollarida, qoldiriladilar, deb o'yladilarmi?!
3. Biz ulardan oldingi (imonli) kishilarni sinagan edik-ku! Bas, (shu sinov bilan va usiz ham), albatta, Alloh (imonda) sodiq kishilarni bilur va (shuningdek,) yolg'onchilarni ham aniq bilur!
4. Yoki yovuz ishlarni qiladigan kimsalar Bizdan o'zib ketishni (qutulishni) o'ylaydilarmi?! Naqadar yomon hukm chiqaradilar?!
5. Kimki Allohga ro'baro' bo'lishdan umidvor bo'lsa, bas, Allohning (belgilangan) fursati, albatta, keluvchidir. U eshituvchi va biluvchidir!
6. Kim jihod qilsa, faqat o'zi uchun jihod qilur. Zero, Alloh (barcha) olamlardan behojatdir! Izoh: Jihod haqida Tavba surasi, 88-oyat izohiga qaralsin.