MUXTASAR ISLOM TARIXLARI VA ABDULLA AVLONIY ASARI
Har bir mo‘min o‘zining yetti pushtini bilishi lozim sanalgani kabi har bir musulmon farzandi muqaddas tarix hisoblangan Islom tarixidan xabardor bo‘lishi kerak. Ana shu matlab sho‘rolar davriga qadar yurtimizdagi har bir maktab va madrasa uchun dasturi amal sanalgan. Shuning uchun ham madrasa tahsilining dastlabki yillaridanoq Payg‘ambarlik tarixi, Ibodati islomiya, Aqoyid kabi fanlarning o‘qitilishi joriy qilindi. Eski maktab va mumtoz madrasalardagi ushbu ta’lim tizimi jadid (yangi) maktablarida ham davom ettirildi. Natijada ibtidoiy maktablarning uchinchi va to‘rtinchi sinflarida "Muxtasar islom tarixi" alohida fan sifatida o‘qitila boshladi.
Millatning ma’rifati uchun kurashgan jadidchi ziyolilar o‘z faoliyatini yangi o‘qitish tizimiga asoslangan "œusuli jadida" maktablari ochishdan boshlagan bo‘lsalar-da, bu tizim dastlabki yillari butun mamlakat bo‘ylab keng tarqalmagan, davlat ta’lim tizimi sifatida shakllanmagan edi. Shuning uchun ham Buxoro jadidchilari o‘z maktablari uchun o‘zbek va fors tillarida, Turkiston va boshqa o‘lkalardagi jadid maktablari uchun ham turli olimlar hamda o‘qituvchilar tomonidan mahalliy tillarda shu yo‘sinda darslik va qo‘llanmalar tuzilgani manbalardan ma’lum. Shunday ekan, "œusuli jadida" maktablari keng quloch otgan 1910 yillarda bir nomda bir necha qo‘llanmalar yaratilgani kabi bir necha "muxtasar islom tarixlari" chop qilindi. Samarqandda Mahmudxo‘ja Behbudiyning "Muxtasar islom tarixi" risolasi (1913) o‘zbek tilida va Abdurauf Fitratning "Muxtasari ta’rixi islom" asari (1915) fors tilida chop qilingan edi. Shu kabi Munavvarqori Abdurashidxon va Shokir Sulaymonning ham qisqa islom tarix yaratganliklari xabar qilinadi. Ayni yillari Toshkentda ma’rifatparvar Abdulla Avloniy tomonidan yuqoridagi nomda risola e’lon qilindi. Uning mundarijasi Avloniyga qadar bu mavzuda bitilgan asarlardan jiddiy farq qilmasa-da, o‘qitish usuli jihatidan nisbatan to‘liq ma’lumot berishga mo‘ljallangan edi.
Asar hajman ham Behbudiy va Fitrat risolalaridan bir oz mo‘lroq bo‘lib, bu bilan har bir islomiy hodisaga imkon qadar tafsil berib, yosh o‘quvchilar tomonidan oson qabul etilishi rejalashtirilgan edi.
Fitrat risolasi o‘zbek tilida ikki marta qayta chop etilib (1992, 2004), izohlari bilan nashr etildi. Ushbu manba garchi to‘liq bo‘lmasa ham yosh o‘quvchilarga muqaddas tarixning eng yorqin sahifalarini ochiq ko‘rsatib beradi. Unda Saodat asri, xulafoi roshidin (asl xalifalar) va umaviylar hamda abbosiylar davrining asosiy voqealari zikr etilgan. Asar so‘zboshisida yozilganidek, bu risola "voqealarning aniq, jonli ifodasi, millatsevarlik ruhi tasvir qatiga singdirilgani va xolis yozilgani bilan farqlanadi (diniy istilohlarni qo‘llashda dabdabali usul va sun’iy iltifot sezilmaydi)" . Asar tarix taqsimidan boshlangan bo‘lib, umumiy va xususiy tarixni tasniflash bilan boshlanadi: "Islom tarixi ham xususiy tarix jumlasiga kiradi. Binobarin, Islom tarixi Hazrati Payg‘ambar (s.a.v.) dunyoga kelishlaridan va islom dinining dunyoga tarqalishidan bahs qilib, Islom olamining taraqqiyotini tushuntirib beradi. Islom tarixini bilish barcha musulmonlar uchun farzdir".
Ana shu nuqtai nazardan qaraganda Fitrat asarida tarixiylikka alohida e’tibor qaratilgan bo‘lsa, Avloniy risolasida masalaning pedagogik jihatiga, ya’ni o‘quvchiga osonroq yetkazish uchun harakat qilinganini sezish mumkin. Avloniy domla tarixiy voqealarning o‘zini tasvirlash bilan cheklanmay, undan chiqariladigan saboq-xulosani puxtalaydi. Bu muqaddas tarixning har bir voqeasi kitobxon qalbida muhrlanishini istaydi. Tabiiyki, muqaddas islom tarixining asosiy qismi Payg‘ambarlik tarixidan iborat. Bu yo‘sinda yaratilgan Rabg‘uziyning "Qisasi anbiyo", Alisher Navoiyning "Tarixi anbiyo va hukamo" asarlari kitobxonlar yodida bo‘lsa kerak. Rabg‘uziy qissalarida voqeaning batafsil bayoni talqinlardan kelib chiqib, xalqona usulda tushuntirib berishga qaratilgan bo‘lsa, Hazrat Navoiy asari xos kitobxonlar uchun mo‘ljallangan bo‘lib, unda Payg‘ambarlik tarixining asosiy sifatlarigina bayon qilinadi. "Qisasi anbiyo"dagi 72 qissaning so‘ngida Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.) tarixlari bayon etilgan bo‘lsa, Hazrat Navoiy asari Payg‘ambarlik tarixida Saodat asrini boshlab bergan Muhammad Payg‘ambar (s.a.v.) davriga kelganda xotimalanadi. Aftidan, Alisher Navoiy hazratlari Payg‘ambarimiz (s.a.v.) tarixi xususida alohida asar bitmakni rejalashtirgan bo‘lsalar kerak. Oltin O’rdaning poytaxti Saroyda yashab ijod etgan adib Mahmud binni Alining "Nahju-l-farodis" ("Jannatning ochiq yo‘llari") asarida esa faqatgina Muhammad Payg‘ambar (s.a.v.) tarixini bayon qilishlik ravo ko‘rinadi. Adabiyotimiz tarixida bu kabi qissasi anbiyolar, ka’bul axborlar ko‘plab yaratilgan, biroq jadid adabiyoti namoyandalari tomonidan yaratilgan muxtasar islom tarixlarining ham pedagogika va ilohiyot tarixida alohida o‘rni bor. Ular yangi maktablarning ilm toliblari uchun farzi ayn bo‘lgan islom tarixidan saboq berish orqali, avvalo, ma’rifatparvarlik g‘oyalarini targ‘ib qilishda sobit turdilar. So‘ngra esa ushbu muqaddas tarixning asosiy qismini o‘quvchilarga quyi sinflardayoq uqtirishga harakat qilganlarki, bularning sa’y-harakatlari barcha jamiyatlar uchun saboq bo‘lg‘usidir. Chunki bolaning ilk yoshligidanoq iymonli-e’tiqodli bo‘lib o‘sgani unib o‘sayotgan jamiyatning yutug‘idir. Agar jamiyat komillik sari intilish taraddudida bo‘lsa e’tiborni ko‘proq yosh avlodga qaratadi va uning takomili yoshlarning o‘sib-ulg‘ayishi bilan barobar kechadi.
Kitobxonlar hukmiga havola etilayotgan ushbu Abdulla Avloniy asarining ajoyib xususiyatlari haqida keng to‘xtalishga hojat sezilmaydi. Chunki zukko kitobxon asardan murod yoshlarning iymon-e’tiqodi pokiza bo‘lishligi uchun bu muqaddas yo‘lda sarf etilgan kuchni, ruhiy quvvatni tushunishlari lozimligini asarning ilk sahifalaridayoq sezib ulguradi va o‘zini bu muqaddas tarix mutolaasiga chog‘laydi. Bu yo‘lda o‘quvchilarga rag‘bat va inoyat ko‘rsatish maqsadida kitobga muxtasargina lug‘at hamda uni tabdil qilib, bugungi o‘quvchilarga yetkazish taraddudida bo‘lgan hurmatli olimimiz Rahmatulloh Barakot o‘g‘lining so‘ng so‘zi ham ilova qilinadi. Ushbu orqali kitobxonlar nafaqat Avloniy domlaning birgina bugun mutolaasi ko‘rilayotgan "Muxtasar islom tarixi" asari, balki uning boshqa adabiy-ma’rifiy kitoblarini ham esga oladi. Avloniy hazratlari aytgan ma’rifat insoniyatning "hayot-mamot masalasi" ekanini ham tushunganday bo‘ladi.
Ayni risolaning yana ko‘p mamnun jihatlaridan gapirish mumkin. Biroq odil hukmravo bo‘lgan kitobxonlarimizning zehnu sajiyasiga ishongan holda ushbu risola haqida xolis mulohaza aytishni ularning o‘zlariga qoldiramiz. Dinu iymon yo‘lidagi dastlabki qadamlaringiz qutlug‘ bo‘lsin, degan duo bilan "Muxtasar islom tarixi"ning mutolaasiga kirishamiz.
Hamidulla Boltaboev,
filologiya fanlari doktori, professor