Nima qilsam, Oyni boshqa yig‘latmaysiz.
Nima qilsam, tinch qo‘yasiz osmonlarni?
Nima qilsam, yulduzlarga tosh otmaysiz,
Nima qilsam, o‘ldirmaysiz jayronlarni?
Birga Haqning ayvoniga boradi, deb,
Qaldirg‘ochlar qo‘llarimdan tutib olgan.
Hech bo‘lmasa, panoh so‘rab beradi, deb,
Oyog‘imga kiyikchalar yotib olgan...
Yomonlarga pastlagim yo‘q, asli, lekin,
Giyohlarning nomlaridan qo‘l so‘rayman.
Hali kechmas, hali yana sevish mumkin,
Men gullarning ko‘ngli uchun yo‘l so‘rayman.
Nurga qayting — ro‘yolarni ketkazasiz,
Yeru ko‘kning tinchi uchun boshlandi jang.
Bu ketishda umringizni yutqazasiz,
O‘zingizga shafqat qiling — Oyga tegmang.