Keyinchalik samimiy yozilgan xususiy maktublaridan birida Nikolay Buxarin buni zavq-shavq bilan xotirlaydi: «Boshqa birov emas, ayni Leninning o‘zi avval eserlarni, keyin mensheviklarni chuv tushirib, hammasining kallasiga urdi, keyin qo‘liga to‘qmoq oldi. U, hatto, biz bilan ham hamma narsani uzil-kesil yechib bo‘lgandan keyingina gaplashardi. Biz indamasdik, bo‘ysunardik va nazariya bilan dasturimizga xilof o‘laroq, hamma ishlarimiz o‘ngidan kelardi. Denikin Tulaga yaqinlashib qolgandi, biz chamadonlarimizni joylab taxt qilib qo‘ygandik, kissalarimizda soxta pasportlar. Men, bilasan, qush jinnisiman, Argentinaga jo‘nab, to‘tiqush ovlash bilan jiddiy shug‘ullanishni ko‘nglimga tugib olgandim. Shunda boshqa birov emas, ayni Lenin mutlaqo xotirjam edi. U: «Bundan battar bo‘lmaydi. Ammo hamisha omadimiz yurishib kelgan. Bundan keyin ham shunday bo‘ladi!» - deb bashorat qildi».
Xo‘sh, bolsheviklar xorijga jo‘nashni ko‘ngillariga tugib, hatto, Argentinaga boradigan yo‘lni ham belgilab qo‘ygan ekanlar, o‘zlari bilan nimani olib ketmoqchi edilar?
Hali nemis «baynalmilalchilari» Pulkovo adirlaridagi handaqlarda yotgan, «Ozodlik tongi» linkori esa (sobiq «Imperator Aleksandr II») o‘n ikki dyuymli to‘plari bilan Peterburgni janubdan qo‘riqlab turgan paytda, to‘ntarishdan keyin Petrogradda mustahkamlanib olishga ulgurib-ulgurmay, buning ustiga ishlar qanday ketishi hali noma’lum bo‘lsa-da, Lenin o‘ziga xos andishasizlik bilan «qizil gvardiyaning kapitalga qarshi hujumi»ni e’lon qildi. Qasrlar, shu jumladan, Qishki saroy ham talon-toroj etilgan, bank-lar, zargarlik do‘konlari, yirik savdo korxonalarining kassalari, xususiy o‘zaro yordam kassalari, banklarning zavodlardagi tarmoqlari bosib olingan edi.