Albatta, nemislarga rejaning faqat ularga taalluqli qismigina ko‘rsatilgan edi. Nemislar hamma gapdan xabardor bo‘lishlari shart emas edi. Ammo Parvus aytgan taxminlarning o‘zidanoq odam entikib ketardi. Klauzevits va Ulug‘ Fridrix tarbiyasini ko‘rib voyaga yetgan katta Moltke va kichik Moltkelarning strategiyasi, Ovrupodagi urushni ikki oyda (Fransiyaga - 30 kun, Rossiyaga - 30 kun) tugatishni taklif qilgan. A. Shliffenning soatu daqiqalargacha hisob-kitob qilib chiqilgan ajoyib rejasi, «Parvardigor, Angliyani jazola!» degan xitob zamirida yomg‘irdan keyingi qo‘ziqorinday bolalagan dunyodagi eng yaxshi harbiy kemalar, beqiyos aniqlik bilan ishlaydigan shtablaru armiyaning temir intizomi - bularning bari bir sarob bo‘lib chiqdi. G’arbiy va Sharqiy frontlardagi qirg‘inbarot, Angliya amalga oshirayotgan dengiz qamalining tobora siqib kelayotgan sirtmog‘i, zaxiralarning shitob bilan qurib borayotgani, bugun-erta Qo‘shma Shtatlarning urushga qo‘shiluvdan hadiksirash nemislarga ularning istiqboli naqadar mudhish ekanini ro‘yirost namoyish qildi. Albatta, prusslarga xos tarzda kalta o‘ylaydigan nemislar Parvus rejalarini bor ko‘lami bilan ko‘ra olganlari yo‘q, lekin ular bu rejalarda o‘zlarining fikru zikrini hammadan ortiq band etib yotgan narsani - o‘zlarining eng dahshatli va eng qudratli dushmanlarini urushdan va Antantadan chiqarish imkonini ko‘rdilar. Buning ustiga bu rejani allaqanday o‘tkinchi bir muttaham emas, balki o‘zlari yaxshi biladigan Parvus taklif qilyapti. U Birinchi Rus inqilobining otasi hisoblanadi, ish tashlashlar, ko‘cha namoyishlari, qonli tartibsizliklarni uyushtirishda unga teng keladigani yo‘q. Nemislar yaxshi eslaydilar — u arzimagan haq evaziga mashhur Obuxov ish tashlashini uyushtirgan edi. Shu ish tashlash oqibatida rus linkorlari uchun yangi zambaraklar ishlab chiqaruvchi yangi texnologik liniyani uzoq muddatga safdan chiqarishga muvaffaq bo‘lingan edi. Shuning uchun ular Parvusning rejasiga jon-jahdlari bilan yopishib olishdi-da, uning bahosini so‘rashdi. 50 million, — deb javob berdi allaqachon hammasini hisob-kitob qilib qo‘ygan Parvus. Albatta, u bu pulning kamida yarmini o‘z hamyoniga urishni ham o‘ylab qo‘ygandi. Savdolashishning o‘rni yo‘q edi. 50 million oltin marka degani nima o‘zi? Bitta chala bitgan lin-korning puli! G’alati-ya! (Sevastopolda portlatilgan «Imperatritsa Mariya» kemasining o‘zigina 1919 yilgacha bo‘lgan sarf-xarajatlarning hammasini bemalol qoplaydi).
Nemislarni boshqa narsa tashvishlantirar edi - Rossiya taxti bo‘shab qoladigan bo‘lsa, unga Parvusning o‘zi da’vogarlik qilmasmikan? Savollar, albatta, benihoya xushmuomalalik bilan berilgan edi, ammo savol beruvchilarning ko‘zida nemislarga xos antisemitizmning sovuq nurlari jilolanib turardi. Rossiyadagi jamoatchilik har qancha inqiloblashgan bo‘lmasin, mamlakatdagi oliy mansabni, yumshoq qilib aytganda, «pravoslav e’tiqodida bo‘lmagan» odam egallashini uncha xushlamasa kerak. O, Parvus bu mayda gaplardan yuqori turardi. Birinchidan, u rus jamoatchiligi haqida o‘z fikriga ega edi, ikkinchidan esa, rejaning nemislar bilmaydigan qismida mamlakatdagi har qanday jamoatchilik fikrini shitob bilan qatiy ravishda mahv etish nazarda tutilgan edi. Uchinchidan esa, Parvus sira ham Rossiyaga qaytmoqchi emas, agar butun xalq yig‘lab-siqtab uni Boris Godunov kabi taxtga chiqishga undasa ham, u rus taxtini egallash niyatida emas edi.