Imom Navaviy. Riyozus-solihiyn  ( 486144 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 64 65 66 67 68 69 70 71 72 73 74 ... 128 B


AbdulAziz  16 Iyul 2008, 07:19:54

710/4. Ibn Shamosadan (r.a.) rivoyat qilinadi. Bizlar Amr ibn Ossning (r.a.) huzurlariga kirsak, u zot o‘lim talvasasida yotgan ekanlar. Ko‘p yig‘lab, yuzlarini devor tarafga qilib oldilar. O’g‘illari: «Ey otajon! Rasululloh (s.a.v.) siz haqingizda undoq va bundoq bashorat qilmaganlarmi?» deganlarida, u zot yuzlarini (biz tomonga) burib: «Bizlarning eng afzal hisoblaydigan amalimiz «La ilaha illallohu va anna Muhammadan Rasululoh»dir. Mening hayotim uch qismga bo‘linadi. Birinchisi: Men Rasulullohni (s.a.v.) hammadan ko‘proq yomon ko‘rar edim. Eng yaxshi ko‘rgan narsam: imkoniyatini topsamu u zotni qatl etsam. Agar mana shu holatda vafot etganimda, do‘zax ahlidan bo‘lar edim. Ikkinchisi shuki: Qachonki Alloh qalbimni Islomga moyil etganida Rasululloh (s.a.v.) huzurlariga borib, bay’at qilishim uchun qo‘lingizni bering», desam, u zot qo‘llarini berdilar. Men esa qo‘limni tortib oldim. Shunda Rasululloh (s.a.v.) «Ey Amr, senga nima bo‘ldi?» dedilar. Men: «Bay’atdan oldin bir shartim bor», dedim. U zot: «Nima sharting bor?» dedilar. Men: «Gunohlarim kechirilishi», dedim.U zot: «Islom o‘zidan oldingi gunohlarni kechirishi senga ma’lum emasmidi? Hijrat ham o‘zidan oldingi gunohlarni kechirishi senga ma’lum emasmidi? Hajni ado etish ham o‘zidan oldingi gunohlarni kechirishi senga ma’lum emasmidi?» dedilar. O’sha kundan boshlab mening nazarimda hech kim Rasulullohchalik (s.a.v.) haybatli va mahbub emas edi. Men u zotdan haybatlanganim sababli ko‘zimni quvontiradigan darajada u zot yuzlariga boqmadim. Agar biror kishi u zotning (qanaqa ekanliklarini) sifatlab berishimni so‘rab qolsa, uni aytib bera olmayman. Chunki men ko‘zimni quvontiradigan darajada u zot yuzlariga qaramaganman. Agar mana shu holatda o‘lganimda, jannat ahlidan bo‘lishlikni umid qilar edim. Uchinchisi: Keyin ba’zi ishlarga boshliq qilindik. Holim nima bo‘lishini bilmayman. Agar vafot etadigan bo‘lsam, orqamdan yig‘lovchilarni ham, o‘t yoquvchilarni ham ergashtirmang. Agar dafn qilsangizlar, tuproqni oz-ozdan solinglar. So‘ngra qabrim tepasida bir tuyani so‘yib, go‘shtini taqsimlaguncha vaqt turinglar. Men sizlarga hamroh bo‘lib, Rabbim elchisiga nima deb javob berishimga tayyorlanib olayin», dedilar. Imom Muslim rivoyatlari

Qayd etilgan


AbdulAziz  16 Iyul 2008, 07:20:09

96-BOB
Do‘sti bilan vidolashish va safarga chiqishda yoki boshqa
narsalarga ajralib ketayotganda nasihat qilish hamda do‘stining
haqqiga duo qilish va undan duo olish haqida


Alloh taolo:
«Ibrohim, u bilan birga Ya’qub ham bolalariga shu dinni vasiyat qilib, dedilar: «O’g‘illarim, albatta, Alloh sizlar uchun shu dinni tanladi. Bas, musulmon bo‘lgan holingizdagina dunyodan o‘ting». (Ey yahudiylar) yoki Ya’qubga o‘lim kelgach, u o‘g‘illariga: «Mendan keyin nimaga ibodat qilasizlar?» deganida «Sening Tangring va otalaring Ibrohim, Ismoil va Ishoqlarning tangrisi bo‘lmish yagona Allohga ibodat qilamiz va bizlar faqat Uning o‘zigagina bo‘yinsunuvchilarmiz», deb javob qilganlariga guvoh bo‘lganmisizlar» (Baqara surasi, 132-133-oyatlar), deb aytgan.

Bu bobga kitobimizning birinchi jildidagi Yazid ibn Hayyondan (r.a.) rivoyat qilingan Zayd ibn Arqam haqlaridagi 346-hadis dalil bo‘lib kelgan.

711/1. Abu Sulaymon Molik ibn Huvayrisdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Biz tengqur yigitlar Rasulluloh (s.a.v.) huzurlariga bordik. Va u zotning huzurlarida yigirma kecha turdik. U zot rahmdil va muloyim kishi edilar. Go‘yoki biz ahllarimizni sog‘ingan, deb gumon qilib, ahllarimizdan kimlarni qidirganimizni so‘rab-surishtirdilar. Bizlar uning xabarini berdik. U zot nasihat qilib: «Ahllaringiz huzuriga borib, ular bilan turinglar. Va ta’lim beringlar hamda (shariat ahkomlarini bajarishni) buyuringlar. U namozni bu paytda va unday namozni bunday paytda ado etinglar. Agar namoz vaqti kirsa, biringiz azon aytsin. Hamda yoshi ulug‘laringiz imom bo‘lsin», dedilar. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari.
Imom Buxoriy rivoyatlarida: «Men qanday qilib namoz o‘qiganimni ko‘rsanglar, o‘shandoq o‘qinglar»ni ziyoda qilingan.

Qayd etilgan


AbdulAziz  16 Iyul 2008, 07:20:17

712/2. Umar ibn Xattobdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasulullohdan (s.a.v.) umra ibodatini ado qilish uchun izn so‘radim. U zot izn berib: «Ey birodar, duoingda bizni ham unutmagin», dedilar. Umar (r.a.): «Rasulullohning (s.a.v.) ushbu so‘zlari shu qadar qimmatliki, buning evaziga dunyoni menga berganlarida ham bunchalik xursand bo‘lmas edim», dedilar.

Boshqa rivoyatda u zot: «Duoingda bizni ham sherik qilgin» bo‘lib kelgan. Abu Dovud va Termiziy rivoyatlari.

713/3. Solim ibn Abdulloh ibn Umardan (r.a.) rivoyat qilinadi. Abdulloh ibn Umar (r.a.) biror kishi safar qilishni xohlasa, unga: «Menga yaqin kel, xuddi Rasululloh (s.a.v.) xayrlashganlaridek, xayrlashaman», deb: «Astavdi’ulloha diynaka va amonataka va xavotima ‘amalika »ni o‘qirdilar (Ma’nosi: «Dining, omonating va amalingning xotimasini Allohga topshirdim»). Imom Termiziy rivoyatlari.

Qayd etilgan


AbdulAziz  16 Iyul 2008, 07:20:25

714/4. Abdulloh ibn Yazid al-Xatmiydan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) agar askarlar bilan xayrlashmoqchi bo‘lsalar, «Astavdi’ulloha diynakum va amonatikum va xavotima a’molikum», deb aytardilar. Abu Dovud rivoyatlari.

715/5. Anasdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Bir kishi Rasulullohning (s.a.v.) yonlariga kelib, «Ey Rasululloh, men safar qilishni xohlayman, safarga yetarli narsa bilan ta’minlang», deganida, Rasululloh (s.a.v.) «Alloh seni taqvo bilan ta’minlasin», dedilar. Haligi kishi: «Yana ziyoda qiling», deganida, Rasululloh (s.a.v.) «gunohingni kechirsin», dedilar. Haligi kishi: «Yana ziyoda qiling», deganida, Rasululloh (s.a.v.) «Qaerda bo‘lsang ham senga yaxshiliklarni yengil qilsin», dedilar. Imom Termiziy rivoyatlari

Foyda: Safar qilishni xohlagan kishi do‘stidan duoi-xayr olib ketishining mahbubligi ayon bo‘lmoqda.

Qayd etilgan


AbdulAziz  16 Iyul 2008, 07:20:40

97-BOB
Istixora va maslahat qilish haqida


Alloh taolo:
«Va ishlaringizda ularga maslahat soling» (Oli Imron surasi, 159-oyat).
«Ularning ishlari (mudom) o‘zaro sho‘ro-maslahat (bilan) bo‘lur» (Sho‘ro surasi, 38-oyat), deb aytgan.

716/1. Jobirdan (r.a.) rivoyat qilinadi. «Rasululloh (s.a.v.) bizga hamma ishlarda istixorani (yaxshilik so‘rash) xuddi Qur’ondan sura o‘rgatgandek o‘rgatar edilar. U zot: «Birortangiz bir ishni qasd qilsa, farzdan tashqari ikki rakat namoz o‘qisin. So‘ng: «Allohumma inniy astaxiyruka bi’ilmika, va astaqdiruka biqudrotika va as`aluka min fazlikal ‘aziym. Fainnaka taqdiru va la aqdiru va ta’lamu va la a’lamu va anta ‘allamul g‘uyub. Allohumma in kunta ta’lamu anna hazal amro xoyrun liy fiy diyniy va ma’ashiy va ‘aqibati amriy, ‘ajili amriy va ajilihi, faqdurhu liy va yassirhu liy, summa barik liy fiyhi va in kunta ta’lamu anna hazal amro sharrun liy fiy diyniy va ma’ashiy va ‘aqibati amriy, ‘ajili amriy va ajilihi fasrifhu ‘anniy vasrifniy ‘anhu vaqdurliyal xoyro haysu kana summa rozziniy bih», deb hojatini aytsin», dedilar. (Ma’nosi: Allohim, Sening ilming bilan Sendan yaxshilik so‘rayman. Sening qudrating bilan Sendan qodirlik va ulug‘ fazlingni so‘rayman. Sen (har narsaga) qodirsan, men qodir emasman. Sen (har narsani) biluvchisan, men bilmayman. Sen g‘aybni biluvchisan. Ey Rabbim, agar mana shu qilayotgan ishim (hojatining nomini aytadi) dinimda, yashashimda, ishlarimning oqibatida, dunyo va oxiratimda men uchun yaxshi bo‘lsa, uni menga nasib et va oson qil. So‘ng uni menga barakotli qil. Agar mana shu ishim (hojatining nomini aytadi) dinimda, yashashimda, ishlarimning oqibatida, dunyo va oxiratimda men uchun yomon bo‘lsa, mendan uni va uni mendan uzoqlashtir, qaerda bo‘lsa ham, men uchun yaxshilikni taqdir qil va meni undan rozi et.) Imom Buxoriy rivoyatlari

Qayd etilgan


AbdulAziz  16 Iyul 2008, 07:20:53

98-BOB
Ibodat o‘rinlari ko‘payishi uchun hayit namoziga, kasal ko‘rgani
borganda hamda haj, g‘azot, janoza va boshqa narsalarga bir
yo‘ldan borib, ikinchi yo‘l bilan qaytishning
mustahabligi haqida


717/1. Jobirdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) agar hayit bo‘lsa, borish va kelish yo‘llarini har xil qilardilar (ya’ni ibodat o‘rinlari ko‘payishi uchun bir tomondan borib, ikkinchi tomondan qaytardilar). Imom Buxoriy rivoyatlari.

Foyda: Imom Navaviyning zikr qilishlaricha, yo‘lni o‘zgartirishdagi hikmatlar ibodatni ko‘paytirish yoki Qiyomatda ikkita yo‘lning guvohlik berishi yoki Allohning zikri taralishi yoki kambag‘allarga sadaqa ulashish uchun yoki munofiqlarning g‘azabini qo‘zg‘ash uchun yoki rahmatga yetishish maqsadida bo‘ladi.

718/2. Ibn Umardan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) (Madina shahridan) chiqadigan bo‘lsalar, daraxtlari bor yerdan chiqib, Mu’arras nomli yerdan kirardilar. Agar Makka shahriga kiradigan bo‘lsalar, tepa tomon (Xujun)dan kirib, past tomon (Shabiyka)dan chiqib ketardilar. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari.

Qayd etilgan


AbdulAziz  16 Iyul 2008, 07:21:20

99-BOB
Yaxshi ishlarni o‘ng tomondan boshlashning mahbubligi to‘g‘risida


O’ngdan boshlanadigan yaxshi ishlar quyidagilar: Tahorat, g‘usl, tayammum, kiyim, poyafzal, mahsi, ishton kiyish, masjidga kirish, misvok ishlatish va surma qo‘yish, tirnoq olish, mo‘ylovni qisqartirish, qo‘ltiq tuklarini yulish, soch oldirish, namozdan xalos bo‘lgandagi salom, yeyish, ichish, qo‘l berib so‘rashish, Hajar ul-asvadni ushlash, hojatxonadan chiqish, biror narsa olish va berish kabi ishlarda o‘ng tomondan bajarib, bularning aksida esa chap tomondan boshlash joiz. Chapdan boshlanadigan ishlar quyidagilar: burunni chayganda, balg‘am tashlaganda, hojatxonaga kirganda, masjiddan chiqqanda, mahsi, poyafzal, ishton va kiyimlarni yechganda, istinjoda hamda boshqa jirkanch ishlarda Alloh taolo:

«Bas, endi o‘z kitobi — nomai a’moli o‘ng qo‘lidan berilgan kishiga kelsak, bas u: «Mana, mening kitobimni o‘qinglar», der» (Al-Haqqa surasi, 19-oyat).

«Bas, (u uch toifadan birinchisi) o‘ng tomon egalaridir. O’ng tomon egalari (bo‘lmoq) ne (saodat)dir. (Ikkinchi toifa) shum — chap tomon egalaridir. Shum — chap tomon egalari (bo‘lmoq) ne (baxtsizlik)dir!» (Voqe’a surasi, 8-9-oyatlar), deb aytgan.

719/1 Oishadan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasulullohni (s.a.v.) tahorat olishda, soch tarashda va kavush kiyishda, qo‘yingki, barcha ishlarda o‘ng tomondan boshlash qiziqtirar edi. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari.

Qayd etilgan


AbdulAziz  16 Iyul 2008, 07:21:27

720/2. Oishadan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasulullohning (s.a.v.) o‘ng qo‘llari tahorat va taom uchun, chap qo‘llari esa hojatxona va boshqa aziyat beruvchi narsalarga ishlatilar edi. Abu Dovud rivoyatlari.

721/3. Ummu Atiyyadan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) qizlari Zaynab (vafot etib) yuvintirilayotganda: «O’ng tomonidan va tahoratda yuviladigan a’zolaridan boshlab yuvintiringlar», dedilar. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari.

Qayd etilgan


AbdulAziz  16 Iyul 2008, 07:21:36

722/4. Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) «Sizlardan biringiz kavush kiyadigan bo‘lsa, o‘ng tomondan boshlasin. Yechadigan bo‘lsa, chap tomondan boshlasin. Toki birinchi bo‘lib ularning o‘ngdagisi kiyiladigan va chapdagisi yechiladigan bo‘lsin», dedilar. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari.

723/5. Hafsadan (r.a.) rivoyat qilinadi. «Rasulullohning (s.a.v.) o‘ng qo‘llari taom, ichimlik va kiyim kiyish uchun, chap qo‘llari esa bundan boshqa narsalarga edi», dedilar. Abu Dovud va boshqalar rivoyatlari.

Qayd etilgan


AbdulAziz  16 Iyul 2008, 07:21:46

724/6. Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) «Agar (biror kiyim) kiysanglar yoki tahorat qilsanglar, o‘ng tomonlaringizdan boshlanglar», dedilar. Abu Dovud va Termiziy rivoyatlari.

725/7. Anasdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) Minoga keldilar va jamraga borib, tosh otdilar. Keyin Minodagi manzillariga qaytib, jonliq so‘ydilar. So‘ngra sartaroshga: «Bu tomonini ol», deb boshlarining o‘ng tomoniga ishora qildilar. Keyin chap tomoniga ishora qildilar. So‘ngra muborak sochlarini odamlarga tarqatdilar. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari.

Boshqa rivoyatda: «Rasululloh (s.a.v.) jamrada toshni otib, jonliq so‘yib va sochlarini oldirmoqchi bo‘ldilar. Mana shu holda sartaroshga boshlarining o‘ng tomonini tutib berdilar. Sartarosh o‘ng tomon sochlarini olgandan keyin Abu Talha al-Ansoriyni chaqirib, o‘sha sochni berdilar. Keyin boshlarining chap tomonini tutib berdilar. Sartarosh uni ham oldi. Rasululloh (s.a.v.) buni ham Abu Talhaga berib: «Odamlarga taqsim qilib ber», dedilar».

Qayd etilgan