Pirimqul Qodirov. Yulduzli tunlar (roman)  ( 405384 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 ... 78 B


shoir  03 Dekabr 2007, 19:25:56

Tohir ikkita belbog‘ni bir-biriga ulab, bir chetini beliga bog‘lab, ko‘prikning tagiga osilib tushdi. Tirgaklarning nam tegmagan joylaridan payraha ko‘chirib olib yog‘ sepib, ming azob bilan endi olov oldirayotganda shamolning kuchli bir epkini yonayotgan payrahalarni suvga uchirib tushirdi.
Tohir ko‘prikka qaytib chiqdi-yu, boltani qo‘liga olib, g‘azab bilan ko‘prik qanotlarini urib sindira boshladi:
— Mana yonmasang! Mana yonmasang! Mana! Mana!
Juvozkash yigit ikkinchi boltani qo‘liga olib, ko‘prikning narigi qanotini sindirishga tushdi.
— Tohir, bu ishlaringdan nima foyda? — dedi Mahmud. — Undan ko‘ra boltani menga ber. Mana bu mixlangan yog‘ochlarini ko‘chirib tashlaylik.
Hansiragan Tohir Mahmudning oldiga keldi. Qorong‘ida mix ko‘rinmasa ham kasbi duradgor bo‘lgan Mahmud yog‘ochning mix qoqilgan joyini tusmollab topdi. Tohir ikkalasi ko‘prikka ko‘ndalang qo‘yib mixlangan taxtasimon bir yog‘ochni ko‘chirib olishdi. Ammo ikkinchi yog‘ochni ko‘chirish juda qiyin bo‘ldi.
— Aytmoqchi, arra bor-ku? — dedi Mahmud.
Bir chetda yotgan arrani Tohir paypaslab topdi. Ikki yigit uning ikki dastasidan olib, ko‘prik yog‘ochlarini arralashga tushishdi.

Qayd etilgan


shoir  03 Dekabr 2007, 19:26:18

— Shoshma! — dedi Tohir. — Bu yerdagi besh-o‘nta yog‘ochni arralab tashlaganimiz bilan hech ish chiqmaydi.
— Nega chiqmasin? Ot-arava o‘tolmaydigan qilamiz!
— Birorta ustani olib kelib, ko‘prikni tuzatib, o‘tib ketaversa-chi?
— Foydasi yo‘q ishga unnadik chamasi-da! — dedi juvozkash yigit umidsizlanib.
— Yo‘q, biz ko‘prikni bo‘yiga emas, eniga qarab arralashimiz kerak.
— Eniga qo‘yilgan yog‘ochlar juvozkundaday yo‘g‘on-ku. Arralab bo‘ladimi?
— Bo‘ladi!
To‘rt kishi navbatma-navbat arra tortib, ko‘prikning ko‘ndalangiga to‘sin qilib qo‘yilgan yo‘g‘on va qattiq yog‘ochni arralayotganda qora terga botib ketishdi. Iliq yomg‘ir hali ham savalab turar, ularning yuzlari va badanlaridan oqqan ter yomg‘ir suviga qo‘shilib kiyimlarini shalabbo qilgan edi. Yigitlarning maqsadi ko‘prikni ikki tomondan ushlab turgan o‘qyog‘ochlarni arralab, uni bir-ikki joyidan uzib tashlash edi. Ammo ular ko‘prikning har ikki tomonidagi yo‘g‘on o‘qyog‘ochlarni arralab qirqishdi hamki, ko‘prik ular kutganday uzilib tushmadi. Uni yana qandaydir mixlar, bir-biriga tishlatib qo‘yilgan bolorlar va «belbog‘» yog‘ochlar mahkam ushlab turardi. Tohir bilan Mahmud arrani qo‘yib, yana boltani qo‘lga olishdi, qorong‘ida timirskilanib, bolorlarga tishlatilgan qavs mixlardan besh-oltitasini topishdi va ko‘chirib tashlashdi.  Shundan  keyin  ko‘prikning allaqayeri qirsilladi-yu, ammo o‘zi avvalgiday turaverdi.

Qayd etilgan


shoir  03 Dekabr 2007, 19:26:30

— Bo‘ldi! — dedi Mahmud madorsizlanib. — Qo‘limizdan kelmaydigan ishga unnabmiz!
— Padariga la’nat! — deb, Tohir qo‘lidagi bolta bilan yana ko‘prik qanotlarini qarsillatib sindira ketdi. Shu payt ko‘prikning narigi chetidan ular qorovul qo‘ygan yi-git chopib keldi:
— Qo‘y, bas! Muncha qarsillatma! Narigi adirdan yog‘iy kelayotganga o‘xshaydi.
— A! Ko‘rdingmi?
— Tovushlarini eshitdim. «Otlan!», «Saflan!» deb baqirib-chaqirganlari qulog‘imga chalindi!
— Bo‘lmasa hozir bostirib keladi! — deb juvozkash qochishga chog‘landi.
— Arrangni ol, bu yerda hech narsani qoldirmanglar!— deb Tohir yonmagan payrahalarni, yog‘och siniqlarini suvga otdi.
Besh yigit muvaffaqiyatsizlikka uchraganday ruhlari tushib, uylariga tarqalganlarida tong yorisha boshlagan edi.

____________
* T u t a — chaqmoq uchqunidan yonishi qulay bo‘lgan paxta ipi.

Qayd etilgan


shoir  03 Dekabr 2007, 19:26:52

2

Saharlikni yeb, yo‘lga tushgan yov qo‘shinining oldingi to‘pi ko‘prikka chiqa boshlaganda tong qorong‘isi hali tarqalmagan edi. Yomg‘ir tog‘larda qattiq quyayotganligi uchun Quvasoyning suvi tobora ko‘tarilib bormoqda edi. Oldinda kelayotgan otliq chig‘dovullar uncha ko‘p emas edi, shuning uchun ko‘prikdan siyrak saf bilan o‘tib ketishdi.
Ammo ulardan keyin kelayotgan saflar juda qalin edi. Har bir bekning navkarlari o‘zlariga qarashli yuklarni tuya qo‘shilgan og‘ir aravalarga ortib kelmoqda edilar.
Chug‘uruqday behisob qo‘shin otlari, tuyalari, aravalari bilan birga yomg‘irli tongda qop-qora selga o‘xshab ko‘prikni limmo-lim to‘ldirib kela boshladi.
Ko‘prikning o‘rtasida boyagi yigitlar mixlarni sug‘urib, to‘sinlarini arralab ketgan joy bunchalik og‘ir yukka bardosh berishi amrimahol edi. Buning ustiga, xuddi o‘sha joyda bir cho‘bir otning ikki oldingi oyog‘i mixi ko‘chirilgan yog‘ochlarning yorig‘iga tushib ketdi. Ot o‘mrovi bilan yiqilib tushib, oyog‘ini sug‘urib ololmay tipirchilay boshladi. Egarda o‘tirgan navkar otning boshidan oshib, boshqa otlarning oyog‘i tagiga uchib tushdi. Hozir behisob tuyoqlar ostida qolib yanchilishini sezdi-yu, dod solib qichqirdi. Hamrohlari beixtiyor jilovlarini tortishdi. Ba’zi otlar qo‘rqib orqaga tisarilib ketdi.
Orqadagilar esa hech narsadan bexabar, yopirilib kelmoqda edi. Bir lahzada ko‘prikning shu joyi haddan tashqari tiqilinch bo‘lib ketdi. Arra va bolta zarbalaridan nochorlashgan ko‘prik yog‘ochlari to‘satdan qarsillab sindi. Tiqin bo‘lib yotgan o‘nlab otlar, odamlar ko‘prik yog‘ochlariga qo‘shilib suvga qulab tushdi. Toshib turgan soyning suvi qulab tushganlarni lopillatib oqizib ketdi.

Qayd etilgan


shoir  03 Dekabr 2007, 19:27:05

Ko‘prik ustida qolganlar jonholatda orqaga burilib, qochmoqchi bo‘lishdi. Ammo orqadan hamon otliqlar, aravalar, tuyalar ko‘chkiday bostirib kelmoqda edi. Oldinda nima hodisa bo‘lganidan bexabar podshoh eng yaqin beklari bilan soyning narigi chetida turib, qo‘shinni ko‘prikka tomon yo‘naltirmoqda edi. Lekin ko‘prik o‘rtasidan ko‘tarilgan qiy-chuv, to‘polon tobora zo‘rayib borardi. Vahimaga tushgan qo‘shin birdan o‘zini orqaga tashladi, ammo ur-sur to‘polonda ko‘prikka sig‘may, ot-ulovlari bilan suvga tutday to‘kila boshladi.
Ko‘prik qanotlarining ancha joyi sindirib tashlangani ularning qulab tushishini osonlashtirardi. Tartibi buzilgan aravalar bir-birini itarib, ko‘prikning butun turgan qanotlarini ham sindirib qulamoqda edi. Ba’zi navkarlar yo‘lida uchragan tirik jonning hammasini qamchilab o‘tmoqchi bo‘lsa, ba’zi beklar qilich yalang‘ochlab, to‘polonni tig‘ bilan bosmoqchi bo‘lishadi. Ammo g‘ij-g‘ij bo‘lib, qurt-qumursqaday qaynab yotgan qo‘shin ko‘prikka shunday tiqilib qolgan ediki, unga na qamchi kor qilar edi, na qilich. Tuyalar bo‘kiradi. Odamlar qichqiradi. Talvasaga tushgan olomon tig‘ ko‘targan beklarning o‘zini otlari bilan surib borib, ko‘prikdan ag‘anatib yuboradi.

Qayd etilgan


shoir  03 Dekabr 2007, 19:27:31

Podshoh bilan birga qirg‘oqda turgan xos navkarlar suvda oqib borayotganlarni qutqarishga farmon oldilar. Ular qamishlarni shaldiratib, suvga yaqin borganlarida o‘zlari ham balchiqqa botib keta boshladi. Keyin orqada qolganlari arqon tashlab ularning uch-to‘rttasini zo‘rg‘a qutqarib oldi. Boshqalarini qamishzor balchiq qa’riga tortib ketdi.
Suvga qulab tushganlarning cho‘kkani cho‘kib o‘ldi. Suzishni biladiganlari esa otlarning bo‘yniga yopishib qamishzor qirg‘oqqa chiqay deganda balchiqqa botdi. Sassiq botqoqlik ajdahoga aylanib odamni ham, otni ham oyog‘idan pastga tortar edi. Otlar jon achchig‘ida siltanib kishnar, odamlar qamishlardan qo‘llari tilinib dod solar, ammo ular talvasa qilganlari sari balchiqqa chuqurroq botib, yuz azoblar bilan jon berishar edi.
O‘rtasi sinib tushgan ko‘prikning ustida — ag‘darilgan aravalar, yiqilib yotgan ot va tuyalar orasida talay navkarlarning ezg‘ilangan jasadlari qoldi. Yovning shu bir-ikki soat ichida ko‘rgan talafoti urush boshlangandan beri ko‘rgan hamma talafotlaridan ko‘proq va dahshatliroq edi. Yana bu falokatning sababini hech kim bilmas edi. Shuncha odamning mislsiz qiynoqlarda jon berganini ko‘rgan jangchilar mag‘lubiyatga uchragandan battar esankirab, ruhsizlanib qoldilar.

Qayd etilgan


shoir  03 Dekabr 2007, 19:28:08

3

Quvaliklar tong yorishgandan kun yoyilguncha bo‘lib o‘tgan bu falokatni narigi qirg‘oqdagi devor va tomlardan mo‘ralab ko‘rib turar edilar. Ularning ba’zisi «yog‘iy battar bo‘lsin», deb shodlansa, ba’zisi ne-ne yigitlarning suvga oqib, balchiqqa botib, ming azoblar bilan o‘layotganidan achinardi. Tohir kechasi o‘rtoqlari bilan qilgan ishlarini boya Fazliddin tog‘asiga «uddasidan chiqolmadik», degan ma’noda ma’yuslanib aytib bergan edi. Keyin yuz bergan hodisani tomga chiqib ko‘rgan mulla Fazliddin narvondan tez pastga tushdi-yu, Tohirni bir chetga imlab chaqirib oldi:
— O‘rtoqlaringga ayt! Hammalaring tezroq berkininglar!
— Nechun, mulla tog‘a?
— Ko‘prik arralangan joyidan singanga o‘xshaydi. Agar ko‘prikka o‘t qo‘yib yuborganlaringda ham bunchalik talafot bo‘lmas edi. Chunki yog‘iy ko‘prikning yongan joyini tuzatmaguncha ustiga cherik chiqarmas edi. Ular g‘aflatda qolib baloga yo‘liqqan! Agar qilgan ishlaringni bilib qolsa, hammamizni qirib tashlashlari aniq!
— Yog‘iy hali naryoqda-ku?
— Chig‘dovullari bu yoqqa o‘tgan ekan, men ko‘rdim. Gapni ko‘paytirmay, tezroq yashirin. To‘qayga chiqib ketinglar. Tez!
Tog‘asi astoydil xavotir bo‘layotganini sezgan Tohir boshqa e’tiroz qilmadi-yu, o‘rtoqlariga sekin xabar berib chiqdi:
— Arqon bilan o‘roq olinglar. Kim so‘rasa, o‘tinga boramiz, denglar. Lekin xo‘rak ikki-uch kunlik bo‘lsin.

Qayd etilgan


shoir  03 Dekabr 2007, 19:28:38

Besh yigit odamlarning ko‘ziga tashlanmaslikka tirishib, qishloqdan yakka-yakka chiqishdi-yu, to‘qay ichida uchrashishdi.
Ko‘prik sinmasidan oldin berigi tomonga o‘tib qolgan chig‘dovullar Quvaning kadxudosini topib, uning yordamida duradgor ustalarni ko‘prik tuzatishga haydab chiqdi. Naryoqda qolgan navkarlar arqon tashlab, yog‘och tashib, ularga ko‘maklasha boshlashdi.
Ko‘prik tuzatishga chiqqanlarning orasida Tohirning otasi ham bor edi. U kechasi o‘g‘lining qayoqqadir borib, sahar paytida charchab qaytganini sezgan edi. Duradgorlardan biri yog‘ochning arralangan joyini Tohirning otasiga ko‘rsatib, o‘z shubhasini aytmoqchi bo‘lganda, usta buning oldini olib labini tishladi:
— Damingizni chiqarmang, — deb shivirladi. — Agar yog‘iy biror gumoningizga ishonsa, butun Quvaga o‘t qo‘yadi. Hammamizni qilichdan o‘tkazadi!
— Gapingiz haq!
Shundan keyin bu to‘g‘rida hech kim og‘iz ochmadi. Ikki kun deganda ko‘prik naridan-beri tuzatildi-yu, yovning otliq askarlari bitta-ikkitadan bo‘lib, ehtiyot bilan o‘tishdi. Nihoyat, podshoh ham mulozimlari bilan ko‘prikdan o‘tib, Quvada to‘xtamasdan yo‘lida davom etdi.

Qayd etilgan


shoir  03 Dekabr 2007, 19:29:01

Yovning aravalarga ortilgan og‘ir yuklari va tuya karvonlari ko‘prikdan narida qolib ketdi. Shunga qaraganda yovning rejalarida qandaydir bir o‘zgarishlar yuz bergan edi.
To‘qayda yashirinib yurgan Tohir Robiyadan xavotirda edi. Ota-onasi qizni qo‘llaridan kelganicha avaylab, yashirib yurganlarini bilsa ham, yovning hamon Quva atrofida o‘ralashib yurgani juda tahlikali edi. Uchinchi kuni yigitlarning xo‘raklari ham tugadi. Ahvol qanday bo‘layotganini bilish va xo‘rak g‘amlab kelish uchun Tohir o‘zi boradigan bo‘ldi. U kechki payt bir bog‘ qamishni orqalab sekin hovlilariga yaqinlashdi. Darvoza zanjir ekan, qo‘lining uchini tiqib, zanjirni tushirdi. Mulla Fazliddin bostirmaning oldida aravaning g‘ildiraklarini ko‘zdan kechirayotgan edi. Qamish ko‘tarib kirgan Tohirni ko‘rib unga qarab chopdi:
— Sulh muborak, jiyanim! Sulh!
— Urush tugadimi?
— Xudoga shukur, tugadi.
Tohir yelkasidan qamishni yerga tashlab yubordi. Tog‘asi uni bag‘riga bosib, qulog‘iga shivirladi:
— Jasoratlaring bekor ketmadi, jiyanim! Samarqand podshohining o‘zi sulh taklif qilgan emish! Ko‘prikdagi talafot yog‘iyning belini sindirgan ekan!
Mulla Fazliddin yelkasiga ensiz jiyak tikilgan kiftaki ko‘ylak kiygan edi. Tohir engagini jiyakning bog‘ichiga bosib va kutilmagan shodlikning zo‘ridan o‘pkasi to‘lib:
— Xayriyat! — deya oldi, xolos.

Qayd etilgan


shoir  03 Dekabr 2007, 19:29:12

Mulla Fazliddin uning zalvarli yelkasini silab past tovush bilan:
— Alomat bo‘ldi, — dedi. — Ne-ne beklarning qo‘lidan kelmagan xaloskorlik sendek tavakkalchi yigitlarning qo‘lidan kelgani alomat bo‘ldi! Kiborlar sendeklarni «qora xalq», deb pisand qilmaydilar. Ammo bugun shu «qora xalq»ning jasorati bilan urush balosidan xalos bo‘lganlarini bilsalar edi!
— Lekin munchalik bo‘lishini biz o‘zimiz ham bilmagan edik, mulla tog‘a. Bir chekkasi, sizning kelib qolganingiz yaxshi bo‘ldi. Siz bo‘lmaganingizda bu ish mening xayolimga ham kelmas edi, siz turtki berdingiz.
— Shundaymi, a, jiyanim? Agar shunday bo‘lsa mening boshimni sen ko‘kka yetkazding!
Mulla Fazliddin nuqul ovozini pasaytirib, qandaydir xavf sezib gapirmoqda edi.
— Mulla tog‘a, Quvada hali ham yog‘iy bormi? — dedi Tohir.
— Ha, yog‘iy o‘tib tamom bo‘lganicha yo‘q. Podshohlari Andijondan bir yog‘och* berida sulh tuzib orqaga qaytgan emish. Cherigining bir qismi ko‘prikdan nariga o‘tib ketganini, o‘zim ko‘rdim. Ammo qolgan-qutganlari endi qaytsa kerak. Ehtiyot shart, jiyanim, uyga kir.
Tohir ust-boshiga ilashgan qamish barglarini qoqib uyga kirayotganda qo‘shni hovlidan ayol kishining allasi eshitildi.

Qayd etilgan