FASL
Uzlatning ofatlari bayonida
Ya’ni, go‘shanishinlik ofatlarining bayonida. Bilgilki, ancha dunyo va oxiratlik ishlardan bordurki, to odamlarga aralashmaguncha hosil bo‘lmas va xilvatda bo‘lmoq birla bu ishlar qo‘ldan kelmas. Bu olti ofatdur: Avvalg‘i ofat - ilm o‘rganmakdan mahrum qolur. Bilgilki, kishi farz ilm o‘rganmokdan benasib bo‘lsa, go‘shanishin bo‘lmog‘i haromdur. Agar farz ilmini o‘rganib, o‘zga ilmni o‘rganmagan bo‘lsa va fahm qilolmasa ul kishig‘a ibodat uchun xilvatda bo‘lmog‘i ravodur. Agar ulumi shar’iyni tamom o‘rganmakka qudrati bo‘lib, ilm o‘rganmay, xilvatnishin bo‘lsa, chandon gunoh va xarobliqg‘a sabab bo‘lg‘usidur. Chunonchi, kishi ilm o‘rganmay xilvatni ixtiyor qilsa, aksar vaqti uyquda va bekorlik va parokanda xayol birla zoye’ bo‘lur.
Ilmda tamom va mukammal bo‘lmaguncha ibodatda g‘urur va makrdan xoli bo‘lmas. Aqidada andishai botildan xoli bo‘lmas. Agar Haq taoloning zot va sifotlarida aqidai botil qilsa, kufrg‘a yetkurur.
Hosili kalom, xilvatnishin bo‘lmoqg‘a ulamolar loyiqdir va avomg‘a munosib emas. Hazrati Iso alayhissalom aytibdurlar: «Kishi ilm o‘rgansa, ul ilmga amal qilib, kishig‘a o‘rgatsa, ul kishini olami malakutda farishtalar a’zam atarlar». Bas, xilvatnishin bo‘lg‘ondan dars bermoq yaxshiroqdur. Basharti, dars beruvchi va o‘qig‘uvchining maqsudi din va uning ravnaqi uchun bo‘lsa, mansab va mol talabida bo‘lmasa, bas, ul ilmni o‘rgatg‘aykim, mol-dunyodan ko‘ngil sovutg‘ay va oxiratliqg‘a targ‘ib qilg‘ay. Chunonchi, ilmi qadis va ilmi tafsirki, hamma musulmonlarg‘a manfaati bisyordur. Bu tariqada ilm o‘rganmak uzlatdan chandon ortiqroqdur.
Kishikim, ilmi hadis va ilmi tafsir o‘qimoq birla izzu joh talabi ko‘nglida g‘olib bo‘lsa, tahsilni tark qilg‘ay. Bu vajhdanki, agarchi, xalqg‘a aning ilmidan manfaatlar yetar, ammo o‘zining halokatig‘a sabab bo‘lg‘usidur.
Chunonchi, rasul alayhissalom aytibdurlar: «Xudo azza va jalla aytur: dini islomga ul toifa nusrat berurki, o‘zig‘a undan hech nasiba yo‘qtur. Ularning misoli sha’mg‘a o‘xshashdurki, uningdan xonalar ravshan bo‘lur, ammo o‘zi kuyib o‘rtanur». Bishr Hofiy rahmatullohi alayh hadis kitoblaridan yetti bob yod olib, rivoyat qilur edilar. Keyin ul kitobni yerga ko‘mib, hadis rivoyat qilmadi. Aytdiki: «Ul sababdan rivoyat qilmasmanki, rivoyat qilmoqning g‘ururini ko‘nglumda toparman va agar xomush bo‘lmoqning zavqi g‘olib bo‘lsa edi, rivoyat qilur edim».