Biz uchun ayb emasmi, shunday muhtoj bir din birodarimizni o‘z holiga tashlab qo‘yamiz, mehr-muruvvat ko‘rsatmaymiz. Xohlasa, tilanchilik qilsin, xohlasa o‘lsin, nima ishim bor, deymiz... Mana shu befarqligimiz, loqaydligimiz sababidan har kuni, aqlu fikrga, xayolga ham kelmaydigan turli hodisalar ro‘y bermoqda. Bu hodisalarning chorasi oson emas. Juda mushkul. Holbuki, bu hodisalarning nima uchun, nima sababdan yuzaga kelganini aniqlaydigan bo‘lsak, bu haqda o‘ylab ko‘rsak, qabohat, ayb va qusurning ularda emasligi, bu holga musulmonlarning hammalari sabab bo‘lgani ma’lum bo‘ladi-qoladi. Chunki musulmonlikda:
"Birodarining, qo‘shnisining och ekanligini bilib turib, o‘zi esa to‘q holda yotib tong orttirgan odam haqiqiy musulmon emas" ("œJomi as-sag‘ir" 2\120; "œRamuz al-ahodis" 369\2, hazrati Anas ibn Molik raziyallohu anhu rivoyat qilganlar.) deyilgan. Biroz fikr yuritaylik. Bu nima degani? Ochlik so‘fiylikni buzadi, deyishadi. Bugun och bo‘lib, dardini kimsaga aytolmagan va hech kimga zarari tegmay o‘ladigan nechta kishi bo‘lishi mumkin? To‘g‘ri, sabrli bo‘lish kerak, qanoatkor bo‘lish lozim, ammo boy va o‘ziga to‘qlar ham insof qilib, isrofdan tiyilishi lozim. Musulmonning gunoh ishlarga behisob pullar sarflaguncha, zaifu bechoralarga, faqiru miksinlarga yordamga shoshilishi yaxshi emasmi? Shubhasiz, insonlarning ko‘zlari boy kishining to‘kin-sochin, isrof qilayotgan xatti-harakatlarida bo‘ladi. Faqirlarning nazaridan bu narsa maxfiy qolmaydi. Ana o‘shanda hasad, kin, o‘g‘rilik kabi yaramas hollar ro‘y beradi. Bularni jazolash bilan bu ishlarning oldini olib bo‘lmasligini necha yillardan buyon qilingan tajribalar yaqqol ko‘rsatib turibdi.
Haq taolo o‘g‘rining qo‘lini kesishlikka buyurgan. Bu, tabiiyki, juda ham adolatli va sharmandali jazo — ham qo‘lsiz qoladi, ham to o‘lgunicha jamiyat ichida o‘g‘ri degan dashnom ostida yashaydi. To‘g‘ri, bu bilan o‘g‘rilikning oldi olinadi, ammo u odamni gunoh qilishga majbur etgan va bu holga keltirgan musulmon jamiyatining bu borada biror aybi yo‘qmi? U bechoraning qo‘li nima uchun kesilgan? Och qolgan bo‘lsa, ayb faqat undami? Yoki uning shu holga kelishiga sabab bo‘lgan musulmonlardami?
Albatta, musulmonlar ham aybdor. O’g‘rilik qilganida uning qo‘li kesiladi. Ammo uning qo‘lini kesiladigan holatga keltirgan musulmonlarni nima qilamiz? U bu o‘g‘rilikni ishsiz qolganidan va yo och qolganidan qilgandir. Shu taxlit, o‘g‘rilikni bir kasb-hunar qilib olgandir.
Bundaylarni qidirib topish va ilm, odob, kasb-kor o‘rgatish, biror ish bilan ta’minlash kerak ekan, sen bularni xayolingga ham keltirmay, zavqu safodan, kayf qilib yurishdan, isrofgarchilik ko‘chalarida tentirashdan to‘xtamaysan. Yozda yozloq dalahovli, kurort, plyaj va hokazoda, qishda esa boshqa dabdabali, qulay uy-joyingda yashab, xilma-xil avtomobillarda sayru sayohat qilib, bechora faqir-fuqarolarning qo‘li kesilar ekan, battar bo‘lsin desang, shu ishing musulmonlikmi?
Birodar, axir sen musulmonlik vazifangni bajarganingda, uning qo‘li ehtimol kesilmas edi! Burchingni ado qilmaganingdan keyin u jinoyatga qo‘l ursa, "œUning qo‘lini ham kes, oyog‘ini ham kes, olamga ibrat bo‘lsin", deya rozi bo‘lasan. Biroq sen o‘z vazifangni ado etmaganing uchun senga qanday jazo berilishini ham bir o‘ylab ko‘r. O’zingga o‘zing hukm qil...