Ochligidin yurolmay, oriqligidin o‘tloqqa chiqolmay qolgan bir sog‘liq qo‘y shu yerda yotgan edi, Payg‘ambarimizning ko‘zlari shu qo‘yga tushib:
— Ey Ummu Ma’bad, agar ruxsat qilsang, shu qo‘yni sog‘ib ko‘raylik, — dedilar. Ummu Ma’bad:
— Oriqlikdin qoq suyak, quruq terisi qolmishdur. Ochligidin kuchi ketib yotmish, qo‘chqor ko‘rmagan sovliqdur. Unda sut qaydin bo‘lsin, koshki bu qo‘yda sut bo‘lsa edi, sog‘ib ko‘ring, — dedi.
Anda Rasululloh turib, qo‘y oldiga keldilar, «bismilloh» deb, qo‘yning orqa-oldini silab edilar, qo‘y irg‘ib turib, boshqacha bir holga kirdi. Burishib, yopishib yotgan yelin-emchaklarini qutluq qo‘llari bilan ushlab turib, «Ey bor Xudoyo, bu qo‘yimizga barakot bergil», deb duo qilib edilar, shu onda u qo‘y semirib, yelini chotiga sig‘may chotrab chiqdi. Bir katta chora (idish) kelturib, o‘zlari sog‘dilar. Hiyol o‘tmay, bu cho‘ng chora liq to‘lib, o‘n-o‘n besh kishi ichsa ham qondirgudek bo‘ldi. Boshlab uy egasi Ummu Ma’badga ichirdilar va katta-kichik uning kishilari, undin so‘ngra Hazrati Abu Bakr boshliq o‘z yo‘ldoshlariga ichirib, barilarini qondirib, sutga to‘ydirdilar. Eng keyin o‘zlari ichib, «soqil qavmi oxiruxum shurban», ya’ni, «quyguvchi kishi eng oxirida ichishi kerak», deb ummatlariga adab o‘rgatdilar.
Rasulullohning shu qilgan ishlarida bizlarga necha turlik masala ma’lum bo‘ldi. Birinchisi shuki, qo‘yni o‘zlari sog‘dilar, uni o‘zlari quyib, hammaga ichirdilar, bu xizmatni boshqalarga buyurmadilar. Bu ishlari esa, ummat boshliqlariga ta’lim bo‘ldi. Ya’ni, ulug‘larning tavoze’li bo‘lib, kichiklarga xizmat qilish yo‘lini ko‘rsatdi. Ikkinchisi shuki, agar mehmonlar o‘z ovqatlaridin yeb-ichmoqchi bo‘lsalar, uy egasidin boshlashlari kerak ekan. Uchinchi, quyguvchi kishining oxirida ichishini ochiq aytib, ko‘rsatdilar. Chuqurroq qaragan odamga bulardin boshqa odoblar ma’lum bo‘lishi mumkindur. Shuning bilan Payg‘ambarimiz u yerdin ham chiqib, yana o‘z yo‘llariga tushdilar. Bundog‘ ulug‘ mo’jizani o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan Ummu Ma’bad hayron bo‘lib, o‘tirib qoldi. Shu kuni kechqurun uning eri Aksam degan kishi bir necha oriq qo‘y-echkilarini uyiga haydab kelayotib, yiroqdin chodir ichidagi oqarib turgan sutlarga ko‘zi tushdi. Bu ishga ajablanib:
— Ey Ummu Ma’bad, — deb qichqirdi.