Abdulla Qodiriy. O'tkan kunlar (roman)  ( 400684 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 47 48 49 50 51 52 53 54 55 56 57 ... 62 B


shoir  28 Noyabr 2006, 07:52:47

— Hoy, aytkandek, Otabekni ko‘rdingizmi? — deb Oftob oyimdan so‘radi:
— Yo‘q.
O‘zbek oyim Zaynabka qaradi:
— Tashqaridamikin?
— Yo‘q emishlar... — dedi Zaynab.
O‘zbek oyim ajablandi:
— Boya otang ham so‘rag‘an edilar... — dedi, — qayoqqa ketkan ekan, aqlsiz...
Ertalab senga hech narsa demabmidi?
Kumush Zaynabning og‘ziga tikildi, Zaynab ham unga qarab oldi:
— Ertalab mendan ust to‘nlarini so‘rag‘an edilar,— dedi, — men to‘nni berib qayoqqa
borishlarini so‘rag‘animda, bir joyda ishim bor, degan edilar...
Zaynab zimnan Kumushni chaqib oldi. Kumush loy kabi bo‘shashib, Oftob oyim ham
og‘ir tortdi. Zaynabning qarindoshlari kulgan sumol bir-birlariga qarashib oldilar. O‘zbek
oyim oradan o‘tkan sirni payqadi: «Birarta zarur ishi chiqg‘andir», dedi. Shu vaqt
darichadan Hasanali ko‘rindi, qo‘lida bir mesh qimiz ko‘targan edi, darichadan turib
mehmonlarni «Xush kelibsiz» qildi»1 va qimizni uzatib Oftob oyimg‘a qarab kuldi:
— Qimizni kuyavingiz sizga kirgizdi.
Oftob oyimning hushi o‘ziga kelib, Kumushning yuziga qon yugirdi. Anovilar bo‘lsa,
endi bularning holiga tushib bo‘zrayishdilar.

Qayd etilgan


shoir  28 Noyabr 2006, 07:53:01

Qimiz bilan yengillashkan O‘zbek oyim Hasanalidan so‘radi:
— Qachon keldi?
— Hozir.
— Qayoqqa yo‘qolg‘an ekan, ahmoq?
Hasanali izoh berdi:
— Kecha hoji unga ish buyurg‘an ekanlar. Bilmadim, kecha nima bilan ovora bo‘lib
xizmatni unutkan va bu kun ertalab esiga tushib mehmonlar kelguncha borib kelarman,
deb shunga ketkan ekan. Boradirg‘an joyi uzog‘roqda bo‘lib, kechikkan va yo‘ldan kelaturib
bu gunohiga ikki mesh qimiz olg‘an... Hali qimizni menga berib: «Kirib ayting, juda uyatlik
bo‘ldim kechirsinlar», deydir, — dedi va kuldi.
Karima otin:
— Kechirilmaydir, qimiz o‘zi nima degan gap, — dedi.
Oftob oyim mehmonlarga qarab chiqg‘andan keyin Hasanaliga kulib javob berdi.
— O‘zimiz juda cho‘llab kelgan edik, shuning uchun kechirdik.
— Balli-balli! — dedi Hasanali, — men kechirganingizni chiqib aytaman.
— Chiqib ayting, — dedi Oftob oyim.
— Siz-chi? — deb so‘radi Hasanali Kumushdan.

Qayd etilgan


shoir  28 Noyabr 2006, 07:53:13

Kumush baqadek qotib o‘lturgan Zaynabka qaradi va uyalinqirab javob berdi:
— Men ham kechirdim...
— Sizning ikki boshdan kechirishingizni o‘zim ham bilar edim, — dedi Hasanali.
Bo‘g‘oz-qisir uy ichini kulgi bosdi.
Kulgidan so‘ng O‘zbek oyim:
— Nega o‘zi kirmadi? — deb so‘radi.
— Qayin otasi bilan so‘zlashib o‘lturibdir...
Hasanali ketkandan keyin O‘zbek oyim Oybodoqqa, qimizni mis tog‘orag‘a bo‘shatishka
buyurdi. Qo‘y so‘yilib tayyor bo‘lg‘an edi. O‘zbek oyim qudachasining ra’yini so‘radi:
— Nima buyurasiz?
— Mendan so‘rab o‘lturmang, mehmonlar nimani xohlasalar biz ham o‘shanga yormiz.
O‘zbek oyim tomoq buyurish uchun havliga tushdi. Zaynab mis tog‘orog‘a ag‘darilg‘an
qimizni cho‘michlab kosalarga quyib mehmonlarga tutdi.

Qayd etilgan


shoir  28 Noyabr 2006, 07:54:31

9. HOJI ETAK SILKKAN

To‘rda qutidor, uning yonida mahallaning imomi Yunus Muhammad oxund, yurt og‘asi
Pirnazar jallod1 va Sotiboldi otalig‘ yana bir keksa o‘lturar edilar. Pirnazar jallodning yonida
Otabek va Sotiboldi akaning qatorida Yusufbek hoji edilar. Oyog‘da Hasanali meshdan
qimiz quyar edi.
So‘z to‘rtinchi kuni bo‘lib o‘tkan qipchoq qirg‘ini ustida ketib, Yusufbek hoji bu to‘g‘rida
so‘zlar edi.
— Men biz xalqning odam bo‘lishimizdan tamom umidimni kesib qo‘ydim... Esimni
tanig‘animdan beri amal demay, mansab demay faqat shu musulmonlar manfaatini ko‘zlab
kelib, oyog‘ida o‘zini qushbegi, mingboshi olg‘an uch-to‘rtta manfaatparastlardan go‘yo
yosh bola kabi aldandim... Ululamir bo‘lg‘an kishi ham shu manfaatparastlarning xarob
fikrlariga quloq berib, bizdek odamlardan bu to‘g‘rida bir og‘iz kengash so‘rashni unutdi.
Holbuki, Musulmonqul balosidan uni najotka chiqarg‘uchilarning bittasi biz edik. Natijada
ersa so‘zi — so‘z, kengashi — kengash bo‘lg‘anlar shu uch-to‘rtta kalla buzarlar bo‘lib,
bizga o‘xshag‘anlarning darajamiz yosh boladek aldanish ekan...

Qayd etilgan


shoir  28 Noyabr 2006, 07:57:42

Yunus Muhammad oxund uning so‘zini bo‘ldi:
— Ey hoji, — dedi, — hamma fasod ululamirda, agar ululamir durust odam bo‘lsa,
uch-to‘rtta muttahamning yomonlig‘i hech qayerg‘a bormas va buncha gunohsiz
bechoraning qoni o‘rinsiz to‘kilmas edi. Janobi payg‘ambari xudo hadisi shariflarida
aytadirlarkim, «Bismillahir-rohmanir-rohim qola an-nabiyu alay-hissalom: Izo vasada alamru
ilo g‘ayri ahlihi fantazir as-soata, ya’ni ul sarvari koinot marhamat qilurlarkim, agar
bir qavmning ishi noahl odamg‘a topshirilg‘an bo‘lsa, bas, o‘shal qavmning qiyomatini
yaqin bil, ya’ni halokatiga muntazir bo‘l». Bas, bizning korlarimiz ham ko‘b fursatlardan beri
noahl odamlarning qo‘lig‘a qolib va har zamon ul nobakorlar bizlarning boshimizg‘a anvo’i
kulfatlarni soladirlar. Ilohi kori badlari o‘z boshlari birlan daf’ bo‘lg‘ay.

Qayd etilgan


shoir  28 Noyabr 2006, 07:58:10

— Saddaqta yo rasulilloh1, — dedi hoji va hadisni takrorladi: — «Izo vasada al-amru
ilo g‘ayri ahlihi fantazir as-soata» — voy bo‘lsin biz badbaxtlarning holiga,— dedi. Bir oz
ma’yuslanib to‘xtadi va domla tarafidan bo‘lingan so‘zini shu gaplar bilan tamomladi:
— Shu kungacha bo‘lmag‘anlarg‘a bo‘lishmoqchi bo‘lib umrimning nihoyatiga yetib
qoldim, — dedi. Soqolini tutamladi. — Bu soqol shu el qayg‘usida oqardi. Bu ko‘ngil shu
manfaatparastlar ta’sirida qoraydi. Yoshim oltmish beshka yetib bir vaqt bo‘lsin ibodatimni
janobi haqqa bevosita yo‘naltirg‘animni va ko‘ngil ko‘zim ochilib qilg‘an sajdamni xotirlay
olmayman. Bu aldanishim ersa, haq tarafidan bir tanbeh, bo‘lmag‘anlarg‘a bo‘lishmoqchi
bo‘lg‘anim uchun bir kinoyadir. Endi mundan keyingi besh kunlik umrim dunyo
mojarolaridan etak silkib to‘sha’i oxirat tadorikini qilmog‘im uchun g‘animat ko‘rinadir.
Bu so‘z majliska bir ma’yusiyat berdi. Ko‘b vaqt hammalari sukutda qoldilar. Hojining
gapi ayniqsa Pirnazar akaga ta’sir qilg‘an edi. Ul o‘z hunari ruhida mulohazasini so‘zladi:
— Yomonlarni bitta-bitta, terib-terib bosh kesmasdan elni tinchitish qiyin, — dedi.
Bu so‘zdan keyin majlis ahli hojining og‘zig‘a qaradilar. Hoji kulib qo‘ydi, bir ozdan
keyin:
— To‘g‘ri aytdingiz, jallod, — dedi, — bu taqdirda yoningizda o‘lturg‘an bizning o‘g‘ulni
ham ko‘makingizga chaqira olasiz...

Qayd etilgan


shoir  28 Noyabr 2006, 07:58:22

Hamma kulib yubordi. Qutidor yer ostidan Otabekka kulimsirab qaradi. Otabek
dadasining kinoyasiga tushunib qip-qizil lavlagidek bo‘ldi. Yaxshiki qutidor va Hasanalidan
boshqa hech kim bu kinoyaga tushunmas edi.
Pirnazar aka jiddiycha Otabekka qaradi.
— Otabek menga o‘xshag‘an jallodkina emas, amiri lashkar bo‘la oladir. Siz fotiha
bersangiz va Otabek amr bersa men xudo haqqi yomonning boshini olishdan qaytsam, —
dedi.
— Bizning kattadan-kichigimizning, — dedi hoji,— topqan-tutqanimiz faqat bosh
olish... Biz o‘ylaymizki, go‘yo bosh olish bilan olam tinchiydir va biz o‘z xohlag‘animizni qila
olamiz. Tuzik, jallod aytkanidek, yomonning boshini olmoqqa men ham qarshi emasman va
lekin buning nozik shartlari bor: avvalo manfaati shaxsiyasidan kechib, faqat el baxti uchun
bosh tikkanlar jamoasi kerak va bu jamoaning o‘z maslaki yo‘lida kuzatkan ma’lum bir
nishonasi bo‘lmog‘i zarur. Ana shundan keyin haligi nishonaga qarab intilishda oyog‘ ostig‘a
elashkan cho‘p-xaslarni supira borish lozim. Mana shundagina to‘kilgan qonlar o‘rinlik va
mashru’, berilgan boshlar chin qurbon hisoblanadirlar. Yo‘qsa, sizning bosh olishingiz ham
anovilarning qirg‘inidan farqlik bo‘lolmas, — dedi va bir oz to‘xtab olg‘andan keyin
afsuslandi, — shu yoshg‘a yetib bu xalq orasida haligi jamoani uch-to‘rt nafardan ortiq
uchratolmadim, afsus.

Qayd etilgan


shoir  28 Noyabr 2006, 07:58:31

Yana bir muncha gaplar o‘tkandan keyin hammalari masjidga chiqib peshinni o‘qub
kirish uchun qo‘zg‘al-dilar. Otabek ham ko‘bchilik bilan birga qo‘zg‘alg‘an edi, Hasanali uni
to‘xtatdi:
— Siz to‘xtangiz, Otabek, — dedi. Kishilar havli yuziga tushkandan keyin, — ichkariga
bir kirib chiq-masangiz ayb bo‘ladir... Boyag‘i ishingizni bo‘lsa zo‘rg‘a yolg‘on-yashiq bilan
ularning ko‘nglidan chiqardim.
Otabek nihoyatda bo‘shashqan holda qaytib o‘rniga o‘lturdi:
— Mayli, bo‘lmasa... — dedi.

Qayd etilgan


shoir  28 Noyabr 2006, 07:58:42

10. HASANALINING HIYLASI

Kishi ortiqcha qo‘rqqanda gangib a’zosi harakatsiz va og‘riq holga tushadirkim, albatta
buni biz qattig‘ qo‘rqqandan deb bilamiz. Darhaqiqat, bizning qarshi-mizg‘a yo‘lbars chiqsa,
biz qattig‘ qo‘rqamiz, chunki bizni o‘lum kutadir, inson uchun dunyoda o‘lumdan qo‘rqunch
narsa yo‘q. Binoan alayhi biz bundagi qo‘rquvni tabiiy hisoblaymiz. Ammo qizig‘i
shundakim, bizni dunyo baxti kutkanda, bizga saodat bashorati berilganda nega biz o‘lum
kutkandagi holga tushamiz va uzviy tashkilotimiz (o‘rganizmamiz) birinchidagi holatni
kechiradir?
Otabek ham hozir shu keyingi holatka tushkan edi. Erta bilandan boshlang‘an bu holat
Hasanalining ke-yingi so‘zi bilan tamom bir dahshat kasb etdi va hushsizlarcha o‘lturib
qoldi.
Hasanali kirgandan so‘ng qilinadirg‘an muomalani ta’lim berdi:
— Onangiz bilan Zaynab anovi mojarolaringizdan xabarsizdirlar, buni qayin onangiz
bilan kelinga ham uqdirib qo‘yg‘anman. Ular bilan so‘rashib, so‘zlashqa-ningizda, go‘yo uch
oydan berigina ko‘rishmaganlardek bo‘lingiz.

Qayd etilgan


shoir  28 Noyabr 2006, 07:58:51

Otabek bo‘zarib entikdi:
— Ul-ku oson... — dedi.
— Qiyini qaysi?
— Shu choqg‘acha tushunmadingizmi?
Hasanali Otabekning yuziga uzoq tikilib qoldi...
— Yigit emasmisiz, ey barakalla.
— Yigitlik bilan yurakni to‘xtatish...
Hasanali ham o‘ylab qoldi. Darhaqiqat, Otabekning hozirgi holi nozik edi. Hasanali bir
necha qayta bosh qashinib va soqol tutamlab o‘ylandi. Nihoyat, o‘zicha kulindi:
— To‘xtang bo‘lmasa,— dedi,— men bir ish qilayki...
— Nima ish qilmoqchisiz?
— Siz hozir so‘ramang, ammo shu daqiqadan boshlab ixtiyoringizni menga topishtiring.
Otabek kuchlanib kuldi:
— Nima, axir? — deb yana so‘radi.
— So‘ramang, — dedi Hasanali, — siz tinchkina tahoratingizni olib, namozingizni o‘quy
bering.

Qayd etilgan