«Solihlarning ro‘zasi a’zolarni gunohlardan tiyishdir», deydi Imom G‘azzoliy. Banda sahar chog‘i pok qalb bilan ro‘zani niyat qilib, kuni bilan och yursa-yu, ko‘zlari ko‘chada «olma tersa» — nomahramlarga qarasa, tillari lag‘v, yolg‘on, chaqimchilik, dilozorlikdan tiyilmasa, quloqlari g‘iybat tinglasa, qo‘llari zulmga chog‘lanib, oyoqlari harom sari yursa, bunday ro‘zadorni solih deb bo‘ladimi? Iftordan to tong yorishguncha qornini anvoi taomlarga to‘ldirib, ibodatlarga erinchoqlik qilib turganda, tutgan ro‘zasi uni taqvoga boshlaydimi, shaytonning bo‘ynini sindirib, shahvatlarini so‘ndira oladimi? Ro‘zada yeymiz, deb necha oylarda ham tutamaydigan oziq-ovqatlarni ramazon uchun g‘amlashni qanday tushunish mumkin? Axir ramazon oyi tom ma’noda ochlar holini his etish, nafs taqvosini o‘ldirish, taqvo ustiga taqvo barpo qilish oyi emasmi?
Aslida iftordan so‘ng ro‘zadorning qalbi xavf bilan rajo oralig‘ida muztarib bir holatda tursa, bugungi ro‘zam qabul bo‘lib, Allohga yaqin bandalar jumlasidan bo‘la olamanmi yoki tutgan ro‘zam rad qilinib, nafratga loyiqlar jumlasidan bo‘lib qolamanmi, deya nafs taftishga tutilsa, naqadar a’lo!
Rivoyat qilinishicha, Hasan Basriy kahqaha otib kulayotgan bir qavmni ko‘rib dedilar: «Alloh ramazon oyini bandalari uchun toatda musobaqalashadigan oy qildi. Peshqadam qavm zafar quchadi, orqada qolgani imkoniyatni boy beradi. Ajabo! Peshqadamlar zafar quchadigan, dunyo talabida bo‘lganlar yutqazadigan bu kunda bunchalik xandon otib kulishlar nedan?! Allohga qasamki, agar parda ochilsa, yaxshilar o‘zining yaxshiligi bilan, yomonlar o‘zining yomonligi bilan ovvora bo‘ladi». Ya’ni, maqbul amalning sururi o‘yin-kulgudan chalg‘itadi. Rad qilingan amalning hasrati kulgu eshigini yopadi.
Aziz muxlis! Yuqorida keltirilgan oyatdan ma’lum bo‘ladiki, «mo‘minman» degani hali «taqvoli bo‘ldim» degani emas. Alloh taologa behad hamd bo‘lsin, mana, ramazon oyiga yetdik. Peshqadamlar safidan joy olib, haqiqiy g‘alabani qo‘lga kiritishga yana bir imkoniyag, yana bir yo‘l ochildi. Barchamizga Taqvo yo‘li muborak bo‘lsin!
Abdurashid Zohid