Omir Ash-Sha’biyning tarjimai holi
Uning to‘liq ismi Abu Amr Omir ibn Sharohil Ash-Sha’biy Al-Humayriy Al-Kufiy At-Tobi’iy Al-Jalil bo‘lib, Kufa shahrining qozisi edi. Hazrat Umar (r.a), Ali (r.a.), Ibn Mas’ud (r.a.)larning o‘zlaridan eshitmagan holda ulardan hadis rivoyat qilgan, Abu Hurayra (r.a.), Oisha (r.a.), Ibn Abbos (r.a.), Abu Muso Al-Ash’ariy (r.a.) va boshqalardan eshitib rivoyat qilgan. Ash-Sha’biyning e’tirof etishicha, besh yuz sahobani ko‘rgan, ammo ularning qirq sakkiztasidan rivoyat qilgan. Ash-Sha’biy ilmda yuksak daraja sohibi bo‘lgan. Ibn Sirin aytadi: "Men Kufaga kelganimda sahobalar ko‘p bo‘lishiga qaramay, Ash-Sha’biyning alohida xalqasi bo‘lib, ularga dars aytar edi".
Juda ko‘p zamondosh olimlarning tasdiqlashicha, Ash-Sha’biy turli ilmlarni a’lo darajada egallagan bo‘lishiga qaramay, tafsirda ra’y bilan ma’no aytishga butunlay qarshi ekan. O’zining e’tiroficha, u shunday degan: "Uch narsa, ya’ni Qur’on, ruh va ra’y haqida men o‘lgunimcha ham hech narsa demayman". (Muqaddimatu tafsiri Ibn Jarir. 1-j. 28-b.)
Omir Ash-Sha’biyning tug‘ilishi va vafoti haqida turli ixtiloflar mavjud bo‘lib, mashhurrog‘i shuki, u hijriy sananing yigirmanchi yilida tug‘ilgan, bir yuz to‘qqizinchi yilida esa vafot etgan.