forum.ziyouz.com

Umumiy bo'lim => Islom => Islomiy kitoblar => Mavzu boshlandi: Laylo 19 Oktyabr 2007, 06:45:39

Nom: Imom Sha'roniy. Ibodat va zikr ahliga tavsiyalar
Yuborildi: Laylo 19 Oktyabr 2007, 06:45:39
IMOM SHA’RONIY

IBODAT VA ZIKR AHLIGA TAVSIYALAR

Toshkent
"Istiqlol"
2006


Payg‘ambarimizning (s.a.v.) mo‘‘jizalaridan biri Ul zot ummatlari ichida ilm, irfon va hikmat ahlining ko‘p ekanligidir. Budilbar insonlarning juda qimmatli va ahamiyatli xizmatlarining natijasi to‘kin bir dasturxon misoli musulmonlar oldiga yozildi. Bu dasturxondagi minglab sara mevalardan biri esa qo‘lingizdagi ushbu asardir. Bu kitobhar bir musulmonga lozim, har kim foydalanishi mumkin va har kimningehtiyoji bo‘lgan kitobdir.

So‘zboshi muallifi:
Anvar Tursun

Tarjimon:
Abdulloh Murod Xolmurod o‘g‘li

Mas’ul muharrir:
Abdumannon Karim

Muharrir:
Muhammad Sharif Juman

MUNDARIJA

Tavbada sobit bo’l! (http://forum.ziyouz.com/index.php?topic=1741.msg80896#msg80896)
Yuksak maqomlar istagi bilan mubohlarni tark et! (http://forum.ziyouz.com/index.php?topic=1741.msg80906#msg80906)
Eng kichik riyodan ham saqlan! (http://forum.ziyouz.com/index.php?topic=1741.msg80912#msg80912)
Yaratiqlarga ozor berishdan ehtiyot bo’l! (http://forum.ziyouz.com/index.php?topic=1741.msg80922#msg80922)
Halol bo’lmagan ovqatdan o’zingni tiy! (http://forum.ziyouz.com/index.php?topic=1741.msg80925#msg80925)
Tabiiy tortinchoq bo’lma! (http://forum.ziyouz.com/index.php?topic=1741.msg80931#msg80931)
Aldaguvchi kasbdan (tirikchilikdan) saqlan! (http://forum.ziyouz.com/index.php?topic=1741.msg80933#msg80933)
Nafsing bilan kurash! (http://forum.ziyouz.com/index.php?topic=1741.msg80940#msg80940)
Kuching yetguncha uyquni ozaytir! (http://forum.ziyouz.com/index.php?topic=1741.msg80946#msg80946)
Uzlatning mohiyati (http://forum.ziyouz.com/index.php?topic=1741.msg80949#msg80949)
Shar’iy zaruratdan boshqa payt jim tur (http://forum.ziyouz.com/index.php?topic=1741.msg80952#msg80952)
Tungi namozni tark etma! (http://forum.ziyouz.com/index.php?topic=1741.msg80955#msg80955)
Tahajjud (tungi) namozni uyingda o’qi (http://forum.ziyouz.com/index.php?topic=1741.msg80959#msg80959)
Tahajjudni kechaning ilk yarmi tugagandan so’ng boshla! (http://forum.ziyouz.com/index.php?topic=1741.msg80961#msg80961)
Jamoat bilan namoz o’qishni tark etma! (http://forum.ziyouz.com/index.php?topic=1741.msg80963#msg80963)
Qullarga nohaqlik qilishdan saqlan! (http://forum.ziyouz.com/index.php?topic=1741.msg80965#msg80965)
Sharaflar mollardan ahamiyatlidir (http://forum.ziyouz.com/index.php?topic=1741.msg80967#msg80967)
Qur’oni karimga ergashib istig’forni ko’paytir! (http://forum.ziyouz.com/index.php?topic=1741.msg80968#msg80968)
Hayoli bo’l! (http://forum.ziyouz.com/index.php?topic=1741.msg80972#msg80972)
Ey birodar, odobni mahkam ushla! (http://forum.ziyouz.com/index.php?topic=1741.msg80975#msg80975)
Allohni zikr qilishdan g’ofil bo’lma! (http://forum.ziyouz.com/index.php?topic=1741.msg80976#msg80976)
Zikrni tark etma! (http://forum.ziyouz.com/index.php?topic=1741.msg80983#msg80983)
Ibodatlar ichida zikr fathda eng tezkoridir (http://forum.ziyouz.com/index.php?topic=1741.msg80987#msg80987)
Zikrsiz ilohiy huzurga erishib bo’lmas (http://forum.ziyouz.com/index.php?topic=1741.msg80989#msg80989)
Kashf va komil ixlos zikr bilangina hosil bo’ladi (http://forum.ziyouz.com/index.php?topic=1741.msg80990#msg80990)
Allohni zikr etishni ko’paytir! (http://forum.ziyouz.com/index.php?topic=1741.msg80991#msg80991)
Zikrga boshqa narsalarni sherik qilma! (http://forum.ziyouz.com/index.php?topic=1741.msg80997#msg80997)
Hikmat tomchilari (http://forum.ziyouz.com/index.php?topic=1741.msg81003#msg81003)
Nom: Re: IBODAT VA ZIKR AHLIGA TAVSIYALAR. Imom Sha'roniy
Yuborildi: Laylo 19 Oktyabr 2007, 06:46:32
TAVBADA SOBIT BO’L!

"Tavba" so‘zi lug‘atda "qaytmoq" ma’nosini anglatadi. "Tavba qildi" deganda kishining nimadandir qaytishi tushuniladi.

Shar’iy istilohda esa «tavba» dinimiz man etgan narsalardan qaytib, buyurgan amallarni ado etishdir.

Tavbaning avvali va nihoyasi bor. Tavbaning avvali katta va kichik gunohlardan, noo‘rin shubha-gumonlardan, o‘zicha «tavbada sodiqman», deya o‘ylashdan va qalbiga o‘rnashgan qutqulardan tavba qilishdir.

Tavbaning nihoyasi esa, hatto bir zum Allohning zikridan g‘ofil bo‘lsa tavba qilmoqdir.
Nom: Re: IBODAT VA ZIKR AHLIGA TAVSIYALAR. Imom Sha'roniy
Yuborildi: Laylo 19 Oktyabr 2007, 06:47:35
Komillikka erishganlar e’tiborida kimki bir onlik g‘aflatning gunohligini e’tirof etsa, tavbasi sahih bo‘ladi. Chunki Odam alayhissalom gunohini e’tirof etib, pushaymon bo‘lganini Alloh taolo bizga xabar berdi. Ulamolar: «Gunohni tamoman tark qilish va gunohga boshqa qaytmaslikka jazm etish tavbaning shartlaridandir», deganlar. Tavba bilan bandaning gunohi mag‘firat etiladi.

Alloh taolo shirkni va bandaning bandadagi haqlarini kechirmaydi.

Tavba banda maqomining yuksalish tamalidir. Asossiz bino mavjud bo‘lmaganidek, tavbasi yo‘q kishining hol va maqomi bo‘lmaydi.

Buyuk so‘fiylardan ba’zilari bunday deyishgan: «Kim tavba maqomini mustahkam qursa, Alloh taolo uning amallarini turli nuqsonlardan muhofaza etadi. Tavba zohidlik maqomiga o‘xshaydi. Alloh taolo dunyodan yuz o‘girgan zohidni O’ziga yetishishda to‘siq bo‘layotgan narsalardan himoya qiladi».
Nom: Re: IBODAT VA ZIKR AHLIGA TAVSIYALAR. Imom Sha'roniy
Yuborildi: Laylo 19 Oktyabr 2007, 06:48:21
Shayx Ibrohim Matbuliy hazratlari tavbada sodiq va sobit bo‘lishga tashviq etadi. Chunki kishining tavbadan og‘ishi, noxush holatlarga yetaklaydi. Tavbadan ozganning imoni sho‘r tuproq va g‘ishtlar bilan qurilgan binoga o‘xshash zaif bo‘ladi.

Ustozim Muhammad ibn Annon rahmatullohi alayh bunday deganlar: «Tavbada sobit kishi har bir befoyda va bema’ni narsalardan tavba etish maqomi tomon yuksaladi. Tavbada sobit bo‘lmagan kimsada fazilat bo‘lmaydi, o‘z ko‘nglini gunoh o‘y-tushunchalardan himoya qilishga ham kuchi yetmaydi, gunoh qilish fikri unga g‘olib keladi, hatto namozlarida o‘sha xayollar ko‘nglida aylanadi» .

Alloh taoloning ma’sumi akbar (muhofaza etilgan eng buyuk zot) Hazrati Payg‘ambarga (s.a.v.): «Siz va siz bilan birga tavba qilganlar sizga buyurilgani yanglig‘ sobit bo‘lingiz», (Hud surasi, 112-oyat) degan amrini esla. Alloh taolo Ul zotni (s.a.v.) va ummatidan tavba qilganlarni sobitlikka buyurdi.

Yana Ustozim Aliyyul Havvos hazratlari mana bunday deganlar: «Kim tavbasida sobit, dunyoga nisbatan zohid bo‘lsa, unda yuksak maqomlar va solih hollar jam bo‘ladi».
Nom: Re: IBODAT VA ZIKR AHLIGA TAVSIYALAR. Imom Sha'roniy
Yuborildi: Laylo 19 Oktyabr 2007, 06:49:47
OGOH BO’LING

Banda ertayu kech zohiriy va botiniy a’zolarini nazorat qilishi kerak. U Alloh taolo bergan ko‘zi, tili, dili va boshqa a’zolarini gunoh-ma’siyatlardan saqlayaptimi? Agar bandaning a’zolari itoatli bo‘lsa, Rabbiga shukr etsin. Agar biror a’zosining biror gunohga ilashganini ko‘rsa, pushaymon bo‘lib istig‘for aytsin. Gunohga ilashgan a’zolari balolarga loyiq bo‘lsada, ularni xastaliklar, yaralar, chipqonlarga giriftor etmagani uchun Alloh taologa shukronalar qilsin.

Ey birodar, tavbani mahkam tut va Alloh uchun dunyoga mayl ko‘rsatma.

Hadisi sharifda shunday rivoyat qilinadi: «Molga muhabbat va isrof, suv baqlani (o‘simlik) o‘stirgani kabi qalbda nifoqni paydo qiladi».

Sufyoni Savriy hazratlari shunday der edilar: «Banda barcha amrlarga bo‘ysunib, Allohga qullik qilsa-yu mol- dunyoni yaxshi ko‘rsa, qiyomat kuni u haqida shunday nido etiladi: «Qarang, bu falonchi o‘g‘li falon, Haq taolo nafrat etgan (yoqtirmagan) narsani yaxshi ko‘rgan edi. Hali zamon uning yuzini eti tushib qoladi». Bu o‘rinda, dunyodan maqsad oxiratga to‘siq bo‘lgan dunyodir.
Nom: Re: IBODAT VA ZIKR AHLIGA TAVSIYALAR. Imom Sha'roniy
Yuborildi: Laylo 19 Oktyabr 2007, 06:50:47
Abul Hasan Ali al-Mazin rahmatullohi alayh shunday der edilar: «Bir odamni siddiq, deb atashingiz mumkin. Biroq dunyo muhabbati uning qalbiga o‘rnashgan bo‘lsa, Alloh taolo unga aslo nazar etmaydi. Bu tahlikadan panoh so‘rab Allohga iltijo etamiz. Allohga qasamki, tariqat ahlidan kimki ma’nan halok bo‘lsa, u faqat va faqat nafsining boylikdan lazzat olishi tufayli halok bo‘ladi. Allohga qasamki, kishi o‘ziga kelgan dunyo molini Alloh haqlariga ko‘ra taqsimlab, o‘ziga biror narsa qoldirmasa-da, ammo u mollarni yaxshi ko‘rsa, Alloh bilan uning orasini to‘suvchi parda paydo bo‘ladi».

Ustozim Abul Hasan ash-Shozaliy rahmatullohi alayh bunday der edilar: «Hech bir murid uning Allohga bo‘lgan sevgisi haqiqiy bo‘lmaguncha taraqqiy etolmaydi,  mol-dunyo va dunyoparastlarni yomon ko‘rmaguncha, dunyo va oxirat ne’matlariga e’tiborsiz bo‘lmaguncha Alloh taolo uni sevmaydi». Yana bunday deganlar: «Alloh dunyoga muhabbat qo‘ygan muridni, uning dunyoga muhabbati oz yo ko‘p bo‘lsa-da, yoqtirmaydi. Bu yo‘lga ilk qadam qo‘ygan murid dunyo (sevgisi)ni qo‘lidan va qalbidan uzoqlashtirishi lozimdir. Murid dunyoga mayl berib tariqatga kirsa, u kelgan joyidan qaytishi va tariqatni tashlashi kerak. Chunki tariqat yo‘liga kirishning asosiy maqsadlaridan biri mol-dunyoga e’tiborni to‘xtatishdir. Mol-dunyoga muhabbatli kimsaning oxirati uchun biror narsa bino etishi sahih bo‘lmaydi».
Nom: Re: IBODAT VA ZIKR AHLIGA TAVSIYALAR. Imom Sha'roniy
Yuborildi: Laylo 19 Oktyabr 2007, 06:51:35
Ustozim Abdulqodir al-Jiliy rahmatullohi alayh bunday der edilar: «Oxiratni istagan kishi, mol-dunyoga muhabbat qilmasligi kerak. Qulning qalbida dunyo shahvatlaridan bir shahvat yoki lazzatlaridan bir lazzat, yeyish, ichish, uylanish, rahbar, boshliq bo‘lish yoxud keraksiz ilm sohasida chuqurlashish kabi lazzatlar qalbida davom etar ekan, u oxiratni sevgan kimsa emasdir. U faqat dunyoga rag‘bat qilgan, havoyi nafsiga tobe kimsadir». Ilmlar Alloh taolo roziligi uchun o‘rganilmay, maqtanish uchun o‘rganilsa, nafs havosiga ergashilgan hisoblanadi. Bil’aks, Alloh rizoligi uchun o‘rganilgan ilmlarning lazzati oxirat lazzatiga erishishning alomatidir. Abu Abdulloh al-Mag‘ribiy rahmatullohi alayh aytadilarki: «Ortiqcha ibodatlari yo‘q faqir o‘zlarini ibodatga bergan (qalbi boylikka moyil. — Tarj.) boy-badavlat kimsalardan ustunroqdir».

Ustozim Abul Mavohbish-Shozaliy rahmatullohi alayh shunday der edilar: «Dunyo sevgisi bilan qilingan ibodat qalbga to‘siq bo‘ladi va a’zolarni charchatadi». Ibodat qancha ko‘p bo‘lsa ham, aslida ozdir. Biroq bu kishining vahimasiga ko‘ra ko‘p ko‘rinadi. Holbuki, bu narsa ruhsiz bir sur’at, haqiqatdan xoli bir xayoldir. Shu bois ko‘pgina dunyo arboblari ko‘p ro‘za tutib, ko‘p namoz o‘qib, ko‘p Haj qilsalar ham, ibodatning ta’mini totmaydilar. Zuhdning haqiqati - dunyoga maylni tark etishdir. Zuhd dunyodan batamom uzilish, unga qo‘l siltash emasdir. Axir Alloh va rasuli tijoratni, hunarmandlik ishini ta’qiqlamadi-ku! Ba’zilar dunyoga sho‘ng‘igach, dunyo sevgisidan chiqib ketish yo‘lini topolmay qoladilar. Mana shu sabab bilan dunyoga mukkadan ketish ta’qiqlanadi. Shubha yo‘qki, komil insonlarni dunyo va oxirat bilan bog‘liq hech narsa Allohdan, Uning yodidan chalg‘itmagay...
Nom: Re: IBODAT VA ZIKR AHLIGA TAVSIYALAR. Imom Sha'roniy
Yuborildi: Laylo 19 Oktyabr 2007, 06:52:30
Ey birodar, fozil, tabarruk zotlar libosi ila bezangan kishilarga hurmat-ehtirom ko‘rsat! Biroq ko‘r-ko‘rona unga ergashayotganlarga mana bunday deya olishing mumkin: Libos go‘zalligi, uylanish va ulovlarga minish borasida menga ergashmang! Shubhasiz, bu ayni damda sizga taalluqli emas. Bu musomaha (erkinlik, bag‘rikenglik, yengillik, dabdaba.   -   Tarj.)   halol   moldan   bezanilganda   joizdir.   Aslida shayxning (haromga) qarshi chiqishi vojibdir. Buni shunday bil! Zohidlarning aniq taqsimlanmagan narsalar(ni olish)da zuhd yo‘lini tutganlari ayondir. O’zlariga taqsim etilganlarga kelsak, bunday paytda o‘sha molga maylni tark etish chin zuhddir. Bu uning Allohga qurbiyat hosil qilishiga mone’ bo‘lolmaydi
Nom: Re: IBODAT VA ZIKR AHLIGA TAVSIYALAR. Imom Sha'roniy
Yuborildi: Laylo 19 Oktyabr 2007, 06:52:54
YUKSAK MAQOMLAR ISTAGI BILAN MUBOHLARNI TARK ET!

Ustozim Aliyyul Mariy rahmatullohi alayh bunday degan edi: «Hech bir murid muboh ishlarni tark qilmasa va o‘sha muboh o‘rniga mandub yoxud avlo kabi biror shar’iy amalni qilmasa, uning maqom istagi to‘g‘ri bo‘lmaydi. U mubohlardan tanzihan makruhlardan saqlangani kabi saqlanmog‘i lozim. Ahli haqiqat, azimatlarni tashlab ruxsatlarga amal qilgan kimsaga tariqatda hech foyda bo‘lmasligi xususida ijmo qilishgan».

Ustozim Aliyyul Havvos rahmatullohi alayh aytadiki: «Alloh taolo Odam alayhissalomning o‘g‘illarini amr va nahiy bilan mukallaf etishdan ularda yuzaga keladigan mashaqqatdan nafas oldirish uchun bir qancha narsalarni muboh etdi. Alloh insonlarga siqilishni bermaganda edi, malaklardagi mubohni ularga mashru qilmasdi. Malaklar siqilish neligini bilmaydilar. Ana shu sababli ular - kecha-yu kunduz Allohga tasbeh aytadilar, zerikmaydilar, tanaffus qilmaydilar, bo‘shashmaydilar».
Nom: Re: IBODAT VA ZIKR AHLIGA TAVSIYALAR. Imom Sha'roniy
Yuborildi: Laylo 19 Oktyabr 2007, 06:54:45
Yana Aliyyul Havvos rahmatullohi alayh shunday deydilar: «Ruxsat bilan emas, azimatlar bilan amal etish buyuklarning shanidandir. Bu solih zotlar ayni tarzda muridlarning ham mubohlarni ozaytirib g‘ayrat ko‘rsatishlarini, muboh o‘rniga savobga loyiq toatni qo‘llashlarini istashadi. Yeyish va gapirish kabi mubohlar bilan ham xayr-hasanotga yetishadilar. Ovqat yer ekanlar, ibodatlarga quvvat bo‘lsin, deya yeydilar, kadarlarini ketkazish niyatida birodarlari bilan ochiq chehra bilan kulib gaplashadilar, yana necha-necha mubohlar orqali yaxshilikka niyat etadilar. Ulug‘lar zarurat bo‘lmay uxlagan, ehtiyojsiz gaplashgan muridlarni tergashgan. Zero, u muhtaram zotlar muridlarining hamma holatlarda ham vojib, farzlar savobidan bahramand bo‘lishni xohlashgan. Masalan, murid yeyish vojib bo‘lgandagina ovqatlanar va gapirish lozim bo‘lsa gapirar edi. Vojib imkonsiz bo‘lsa, mustahabni qo‘ldan qo‘ymasdi. Yeyish mustahab bo‘lganda yeb, so‘zlash mustahab bo‘lsa, so‘zlar edi. Ayni tarzda, muridni unutishi, ehtilom bo‘lishi va kecha yoxud kunduzi ehtiyoj sezmay oyog‘ini uzatganligi sababli ham hisob-kitob qilishardi. Qalblarida turli xayollarni o‘tkazganliklari tufayli ham muridni tergashgan. Taraqqiydan chalg‘ituvchi mubohlarni qilgani uchun ham muridlar tergov ostida qolishgan».

Dovud alayhissalomga nozil bo‘lgan «Zabur»da shunday so‘zlar bor: «Ey Dovud! Qavmingni nafsoniy istak uchun ovqatlanayotgani sababli qaytar va ogohlantir! Chunki nafsoniy istak ila harakat qilgan shahvat ahlining qalblari Mendan to‘silgandir (rahmat va fayzimdan mahrumdirlar)».
Nom: Re: IBODAT VA ZIKR AHLIGA TAVSIYALAR. Imom Sha'roniy
Yuborildi: Laylo 19 Oktyabr 2007, 06:54:56
Ha, faqatgina nafsoniy istak uchun ovqat yeyish, qulni Alloh huzuridan haydaydi. Masjidda oyog‘ini ehtiyoj sezmay, beodoblarcha uzatishning oqibati ham shunday.

Yana Aliyyul Havvos hazratlari aytadiki: «Murid Allohning amriga va qaytariqlariga rioya etib mandubga vojib kabi amal qilmaguncha makruhdan, haromdan qochgandek va haromdan kufrdan saqlangudek saqlanmaguncha, mubohlarni toatga ko‘mak bo‘lishi niyatida qilmaguncha sidq maqomiga yetisholmaydi. Qaylula paytida, kechki ibodatga quvvat bo‘lsin uchun uxlashi, ibodatlar davomiyligi uchun nafsini jilovlash maqsadida uning istaklaridan birini ado etishi, hashamatli kiyimni Alloh taoloning bergan ne’matini ko‘rsatish uchun kiyishi, xilma-xil ovqatlarni a’zolari Allohga yanada ko‘proq shukr etishini ko‘zlab yeyishi kabilar bunga misoldir.

Abul Hasan ash-Shozaliy rahmatullohi alayh o‘rtoqlariga shunday dedi: «Har bir a’zongiz shukrini qilolsangiz ovqatlarning eng yoqimlisini yeng, eng lazzatli ichimlikdan iching, eng maqbul to‘shakda yoting, eng kibor kiyimlardan kiying. Ammo arpa nonini tuzga botirib yeb, qalin po‘stin kiyib, yerda uxlab, suvdan ichib bu holiga ko‘ngli to‘lmay, «Alhamdulilloh» demay nafrat qilgan kishiga basiyrat ko‘zi ila qaralsa, uning gunohga sho‘ng‘iyotgani ko‘riladi. Haq taolo muboh qilgan amalni bajarmay Alloh belgilagan taqdirga jahl (isyon) qilgan kimsa, Haq taolo harom qilgan narsaga qo‘l urgan bo‘ladi».

Ey birodar, sen halolidan top (haromdan qayt)!..
Nom: Re: IBODAT VA ZIKR AHLIGA TAVSIYALAR. Imom Sha'roniy
Yuborildi: Laylo 19 Oktyabr 2007, 06:56:07
ENG KIChIK RIYODAN HAM SAQLAN!

Qalbning qoraymasligi, savoblarning zoe bo‘lmasligi uchun eng kichik riyodan ham saqlan! (Nafsning. - Tarj.) ibodatdan xushlanishi -lazzatlanishi ham riyo sanaladi. Chunki bu kimsa lazzat, huzur olmasa, ibodat etmay uni tashlab qo‘yadi.

«Vasiyyat» asarining muallifi shunday yozadi: «Riyo amalni bekor etuvchi, o‘ldiruvchi bir zahardir».

«Riyo bandalarning ibodat va yaxshiliklarini odamlarga oshkor etib, buning   evaziga   ehtirom,    maqtov,    boylik,    mol-dunyo   va    martaba kutishidir. Odamlarga ko‘z-ko‘z qilingan ibodat riyo sanaladi. Bunday qilganni «muroiy» (riyokor) deyishadi». (Kinalizoda Ali Afandi. «Axloqi Aloyi», 315-bet).

Hazrati Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam riyoni «kichik shirkdir», deganlar.
Nom: Re: IBODAT VA ZIKR AHLIGA TAVSIYALAR. Imom Sha'roniy
Yuborildi: Laylo 19 Oktyabr 2007, 06:56:26
Riyoning yomonligi haqida bir necha oyati karima va hadisi shariflar bor. Oyati karimada Alloh taolo quyidagicha marhamat etadi:

«Bas, namozlarini «unutib» qo‘yadigan kimsalar bo‘lgan «namozxon»larga halokat bo‘lgayki, ular riyokorlik qiladigan va ro‘zg‘or buyumlarni ham (kishilardan) man qiladigan (ya’ni biron kishiga foydalari tegmaydigan) kimsalardir!» (Mo’uvn surasi, 4-7-oyatlar).

Hazrati Payg‘ambar (s.a.v.) shunday marhamat qiladilar: «Kimki amalini eshittirsa, Alloh uni eshitadi. Va kim riyo qilsa, Alloh uning ich yuzini yuzaga chiqaradi» (Muslim. "Zuhd", 47,48).

Riyoning ziddi ixlosdir. Ixlosli kishi amali tufayli maqtalishini yoqtirmaydi.

Rasuli Akram (s.a.v.) olim deyishsin, deya ilm o‘rgangan olimning,... saxiy desinlar, deya infoq qilgan boyning jahannamga otilajagini xabar berganlar (Muslim. «Imora», 152) .
Nom: Re: IBODAT VA ZIKR AHLIGA TAVSIYALAR. Imom Sha'roniy
Yuborildi: Laylo 19 Oktyabr 2007, 06:57:05
Riyoning darajalari:

Riyoning darajalari bir-biridan farqlanadi. Ibodatga riyoning aralashuvi faqat dunyoviy g‘oya yoki odamlarga maqtanish maqsadida bo‘ladi. Ba’zan bu ikki sabab ham riyo bo‘lishi mumkin. Ibodat Haqning rizosi yo xalqning extiromi uchun ado etiladi. Bulardan biri ustun kelishi yoki ikkisi teng bo‘lishi mumkin. Bu to‘rt ehtimolga bo‘linadi.

1.   Kishining ibodati faqat xalqning ehtiromi uchun bo‘lsa, uni hech kim
ko‘rmasa, bu kimsa ibodatni tashlab qo‘yadi. Bunday amaliga savob yo‘q,
balki, Alloh taoloning g‘azab va nafratiga uchraydi.

2.   Ibodat ham Haq rizosi ham xalqning ehtiromi uchun bo‘lsa-da, ikkinchisi g‘olib kelsa, yolg‘iz qolganda o‘sha kishi ibodat qilmaydi. Bu ham yuqoridagi kabi xunuk va Haqning qahriga mustahaqdir.

3.   Ikkala maqsad ham teng kelsa, ya’ni Haqning rizosi va xalqning ehtiromi jihatlari bir xil bo‘lsa, bunda savob ham, jazo ham yo‘q; foydasi ham zarari ham yo‘q.

4. Alloh taolo rizoligini topish xalqning ehtiromi jihatidan ustun bo‘lsa - har narsa haqiqatini Alloh bilguvchi — bu darajadagi ibodat sohibi savobga erishadi. Lekin xalqning ehtiromini ham o‘ylagani uchun jazo ham ko‘radi.
Nom: Re: IBODAT VA ZIKR AHLIGA TAVSIYALAR. Imom Sha'roniy
Yuborildi: Laylo 19 Oktyabr 2007, 06:57:25
Riyoga sabab bo‘lgan amal:

Riyo amal bajarilayotganda yoxud qilingandan so‘ng amalga aralashadi:

a)   Amalga riyo boshidan qo‘shilib, shu holatda davom etsa, osiy bo‘ladi. Ammo amal asnosida tavba va pushaymon bo‘lib, istig‘for aytsa-chi?! Bu o‘rinda haqiqat shuki, xalqdan ehtirom kutish niyati Haqning rizosini istashdan ustun kelsa, amaliga riyo qo‘shilgan bo‘ladi. Ammo sadaqa va qiroat kabi ichiga fasod qo‘shilish ehtimoli bo‘lmagan bir amalda riyo jihati g‘olib bo‘lsa-chi? Bunday holatda niyat yaxshi bo‘lsa savob, niyat riyo bo‘lsa jazo topadi. U nafl namoz va nafl haj kabi fasodga moyilroq, biroq nafl ibodat bo‘lsa, fosiddir. Farz bo‘lsa, bo‘ynidagi qarzini ado etgan hisoblanadi.

b)   Agar amal bilan sevinish holati yuz bersa, buning zarari yo‘q. Biroq bu riyo savob amalga yo‘l bermasa, o‘sha amal bekor ketadi.

v)   Agar qilgan amallarini ibodat qiluvchining o‘zi gapirmay birovlar aytsa, zarari yo‘q. Agar qilgan amalini o‘zi oshkor etsa va niyati ko‘z-ko‘z qilish, birovlarga aytish bo‘lsa, bu amalning ham habata (bekor) bo‘lishidan qo‘rqish kerak.
Nom: Re: IBODAT VA ZIKR AHLIGA TAVSIYALAR. Imom Sha'roniy
Yuborildi: Laylo 19 Oktyabr 2007, 06:58:56
«Amal sahih bo‘lsa va keyinchalik odamlarga ma’lum qilsa yo eshittirsa, bu amalga daxl qilmaydi. Biroq uni oshkor qilgani tufayli ilohiy ta’qibotga duchor bo‘ladi» (Kinalizoda Ali Afandi. «Axloqi Aloyi», 319 - 321-betlar).

Oriflar ibodatlardan tot-lazzat olishni riyo alomatlaridan ekanligini aytishgan. Chunki nafs ibodatdan lazzat olmaydi, faqat uning istagiga xush kelsagina xushlanadi, yo‘qsa xursand bo‘lmaydi.

Ham Alloh taolo uchun, ham boshqa bir narsa uchun amal etish riyo hisoblanadi. Bu riyo shirkdir.

Ustozim Abulqodir ad-Dashturiy rahmatullohi alayh bunday deganlar: «Niyat faqat Alloh rizoligini topish bo‘lmog‘i kerak. Bunga diqqat qil! Nafsing o‘yiniga rozi bo‘lsang, halokatga uchraysan. Seni ibodat qilishga tashfiq etuvchi ikki narsa bor: foniy va boqiy tashviq. Sayri suluk   yo‘liga   dastlab   kirganlar  uchun   bu  holat  riyoning  eng  og‘ir bosqichidir. Chunki riyo ularda murakkab tarzda bo‘ladi. Bundan qutilish qiyin kechadi.
Nom: Re: IBODAT VA ZIKR AHLIGA TAVSIYALAR. Imom Sha'roniy
Yuborildi: Laylo 19 Oktyabr 2007, 06:59:27
Sayri sulukka kuchi yetgan ulamoyi omilin (olimi boamal)ning bu holati musomaha ila (yaxshi, xush. - Tarj.) qabul qilinmaydi. Foniy va boqiy tashviq quyidagicha. Bir boshliq yoxud mansabdor odamda sening bir ishing bor. U boshliq yoxud mansab egasi birinchi safda yoki ma’lum bir joyda juma yo boshqa bir namoz o‘qiyapti. Sen esa odatdagidek u yerda farz namozini ado etmoq uchun emas, ehtiyojing, ishingni hal qilish uchun uning yonida namoz o‘qishlikka harakat qilyapsan. Bu o‘rinda shu narsa haqiqatki, seni u tomonga tortayotgan narsa namozni mukammalroq ado etish niyati emas, ishingni bitirish niyatidir.

Riyoning nozik jihatlaridan yana biri Allohning valiysi bo‘lish niyati (umidi. - Tarj.) bilangina qilingan ibodatdir. Bu moyana muqobilida amal qilish kabidir. Bu kasallik, kasalliklarning eng yashirinidir. Bu kasallikka «chalingan» kishi balki yuksalayotgandir. Unga aytiladiki, sen tariqat ahli emassan, bu yo‘ldan voz kech, orqaga qayt. Chunki ahli tariqat - Alloh amriga buysunish, Haq oldidagi vazifasini ado etish maqsadida bandalik qilgan - ibodat etgan (kishi)dir».

Bir maqomga yetishmasdan yoki yetishganini aytishga izn berilmasdan («men shu maqomga ko‘tarildim...» tarzda. - Tarj.) maqomlar da’vo qilish ham riyo sanaladi. Bunday kimsaga jazo beriladi, keyin aslo o‘sha maqomga yetisholmaydi. Bu tajribada sobit bo‘lgan.
Nom: Re: IBODAT VA ZIKR AHLIGA TAVSIYALAR. Imom Sha'roniy
Yuborildi: Laylo 19 Oktyabr 2007, 06:59:59
Abul Hasan ash-Shozaliy bunday deganlar: «Muridlarga maqtanish maqsadida solih amallarni ko‘paytirish juda zararlidir. Solih amallarning ko‘pligi bilan faxrlanish fazilat emas. Ko‘pchilik muridlar bu holatdan ogoh bo‘lmaydilar. Murshidlar muridlariga imkoni boricha solih amallarini yashirishni vojib qilganlar..».

Yana shunday deyilgan: «Murid maqtovga loyiq bir ishni qilib, o‘zining maqtalishini istasa riyokordir.

Insonlar uchun amalni tark etish ham riyo sanaladi. Fuzayl ibn Iyoz bunday deydi: «Insonlar sabab bo‘lib, amalni tark etish riyo, insonlar ko‘ngli uchun amal qilish shirkdir. Ixlos esa Alloh taolo seni har ikkisidan muhofaza qilishidir».

Bu o‘rinda bir ibodatga azm etib, odamlar ko‘radi, degan qo‘rquv sababli ibodatni tark qilgan kishi nazarda tutilmoqda. Shu kimsa riyokordir. Chunki u ibodatini insonlar sabab tark etdi! Biroq bu (nafl. - Tarj.) ibodatni yashirincha ado etish maqsadida tark qilgan bo‘lsa mustahabdir. Biroq farz amallarini ado etish bundan mustasnodir. Bularni ochiqdan-ochiq ado etish zarurdir.
Nom: Re: IBODAT VA ZIKR AHLIGA TAVSIYALAR. Imom Sha'roniy
Yuborildi: Laylo 19 Oktyabr 2007, 07:00:52
Shar’iy bir maqsad ko‘zlanmasdan, hech kim bilmagan o‘tmishdagi allaqanday amallarni gapirish ham riyo sanaladi.

Ustozim Aliyyul Havvos (r.a.) har doim suhbatlariga keluvchilarga bunday tavsiya qilardi:
«Hadisi shariflarda ta’kidlangani kabi kimgadir ko‘rsatish, eshittirish uchun amal qilishdan saqlanmoq lozim. Chunki bu ham amallarni riyo kabi zoe qiladi. Buning chorasi «odamlar amalimni ko‘rsin, eshitsin...», degan holatga takror qaytmaslik uchun sodiq tavba qilish va pushaymon bo‘lishdir. Zero, sodiq tavba (tavbai nasuh) xatoni o‘chiradi. Tavba tufayli Allohning izni bilan amal ham sahihga aylanadi. Buni quyidagi holatga o‘xshatish mumkin. Sog‘lom odam kasal bo‘ldi. Ittifoqo, foydali bir dori ichdi, Alloh bu dori vositasida xastalikni undan daf qildi va Allohning lutfi ila badan avvalgi sog‘lom holiga qaytdi.

Shubhasiz, «desinlar» dorisining (ya’ni, "boshqalar men haqimda gapirsin, meni maqtashsin" kasalligiga qarshi dorining. — Tarj.) borligi bir haqiqatdir». Riyo esa buning aksi. Chunki riyo - amalning aslini buzadi (boz ustiga kishini gunohkor qiladi). Riyo amalning savobini ketkizadi. Kufr va katta shirk esa barcha amallar savobini yo‘qqa chiqaradi...
Nom: Re: IBODAT VA ZIKR AHLIGA TAVSIYALAR. Imom Sha'roniy
Yuborildi: Laylo 19 Oktyabr 2007, 07:01:47

YARATIQLARGA OZOR BERISHDAN EHTIYOT BO’L!

Imom Sahl rahmatullohi alayh bunday deganlar: «Inson vuslat va malakutni mushohada etishdan halol bo‘lmagan ovqat yeyish va xalqqa aziyat berish sababli mahrum qoladi».
Bizning usulimiz yettidadir:
1.   Alloh taoloning Kitobini mahkam tutish.
2.   Allohning rasuli — Payg‘ambarimizga (s.a.v.) ergashish.
3.   Halol yeyish.
4.   Gunohlardan tiyilish.
5.   Tavba qilish.
6. Haqlarga rioya etish.
7. Aziyatlardan saqlanish.
Nom: Re: IBODAT VA ZIKR AHLIGA TAVSIYALAR. Imom Sha'roniy
Yuborildi: Laylo 19 Oktyabr 2007, 07:02:19
Aziyat yetkazishdan saqlanish ikki xil:
a)   ko‘ringan a’zolarning aziyatidan saqlanish;
b)   insonlarga nisbatan yomon gumonga borishdan saqlanish.

Zero, yomon gumonga borish ham halok qiluvchi zahar hisoblanadi. Ayniqsa, avliyolar, olimlar va ahli Qur’on haqida yomon gumonda bo‘lish o‘ldiruvchi zahar ekanini har kim ham bilavermaydi.

Ustozim Ali ibn Vafo rahmatullohi alayh shunday tavsiya berganlar: «Ey muridlar, shayxingizning yaqinlaridan birisiga qarshi chiqishdan ehtiyot bo‘ling! Sizning yoningizda birovni g‘iybat qilinishiga beparvo bo‘lishdan ehtiyot bo‘ling. G’iybat xabari u zotlarga yetishidan qo‘rqqandan ko‘ra ko‘proq u zotlarni g‘iybat qilishdan qo‘rqing. Chunki u zotlarning do‘sti - Alloh jalla jalaluhudir».

Ey, birodar, buni ham ana shunday bil!
Nom: Re: IBODAT VA ZIKR AHLIGA TAVSIYALAR. Imom Sha'roniy
Yuborildi: Laylo 19 Oktyabr 2007, 07:02:52
HALOL BO’LMAGAN OVQATDAN O’ZINGNI TIY!

Halol bo‘lmagan yegulik qalbni qoraytiradi va Alloh taolo jamolini ko‘rishga to‘siq bo‘ladi, (ko‘ngil) libosini eskirtadi.

Imom Abu Hanifa rahmatullohi alayh bunday deganlar: «Bir qul terak kabi (ingichka. - Tarj.) bo‘lgunga qadar Allohga ibodat qilsa-yu, yegani harom yo halol ekanligini bilmasa, uning ibodati qabul bo‘lmaydi».

Abu Ishoq Ibrohim ibn Adham rahmatullohi alayh aytadilarki: «Halolidan ye va kunduzlari (nafl) ro‘za tutmaganing va kechalari (nafl) ibodat qilmayotganing uchun xafa bo‘lma!».

Abu Bakr at-Termiziy rahmatullohi alayhning so‘zlari diqqatga loyiq: «Tariqat ahlidan dalilsiz hukm qilganlari, havoyi nafsga ergashganlari, harom va shubhali narsalarni yeganlari vuslatga erisholmaydilar».
Nom: Re: IBODAT VA ZIKR AHLIGA TAVSIYALAR. Imom Sha'roniy
Yuborildi: Laylo 19 Oktyabr 2007, 07:04:03
Imom Sahl rahmatullohi alayh bunday deganlar: «Yeyishi haloldan bo‘lmagan kimsaning qalbidan hech bir parda ko‘tarilmaydi, azob-uqubatga yo‘liqadi, namozi, ro‘zasi va sadaqasi ham unga foyda bermaydi».

Imom Sufyon rahmatullohi alayh bunday dedilar: «Halol yeyishga nihoyatda e’tibor bering, harom yeyishdan ehtiyot bo‘ling! Halol yeb, Qur’on oyatini o‘qisam, menga ilmdan yetmish eshik ochiladi. Agar haromdan o‘zini saqlamaganning ovqatidan yesam, Qur’on oyatlarini takror-takror o‘qisam hamki, menga hech bir ilm eshigi ochilmaydi».

Shayx Ali ash-Shozaliy rahmatullohi alayhning quyidagi so‘zlariga quloq tuting:
«Kim haloldan yesa qalbi yumshaydi, nurlanadi, uyqusi kamayadi, Allohning jamolini ko‘rishdan mahrum bo‘lmaydi. Kimki halol bo‘lmaganni yesa qalbi qotadi, qo‘pollashadi, qorayadi, dargohi ilohiydan mahrum bo‘ladi, uyqusi ortadi. Har a’zo gunoh qilishni istaydi. Chunki halol bo‘lmagan narsalarni yeyish gunohga boshlaydi».

Bu mavzuni ustozim Aliyyul Havvos rahmatullohi alayhning so‘zlari bilan yakunlamoqchiman: «Harom yeb ibodat qilgan kimsa, aynigan tuxumni bosib yotgan kabutarga o‘xshaydi. Aynigan tuxum bosgan kabutar nafsini qiynasada so‘ng hech bir polopon chiqara olmaydi.

Harom yeyishning zararlaridan biri: harom olovga aylanadi, fikrlash qobiliyatini, zikrning lazzatini ketkizadi, niyatlarning ixlos deb ataluvchi mahsulini kuydiradi, basiyratni ko‘r qiladi, ko‘zni qoraytiradi, dinni zaiflashtiradi, g‘aflat va unutish balosiga giriftor etadi, hikmat va ma’rifat halovatidan to‘sib qo‘yadi. Qisqasi, qulning gunoh qilishiga asosiy sabab harom yeyishidir».
Nom: Re: IBODAT VA ZIKR AHLIGA TAVSIYALAR. Imom Sha'roniy
Yuborildi: Laylo 19 Oktyabr 2007, 07:05:31
OGOHLANTIRISH

Narsani yegach, haromligi sezilsa, iloji bo‘lsa, qusish kerak. Imkoni bo‘lmasa, darhol tavba va istig‘for etish lozim.

Harom alomatlaridan ba’zilari:
a)   Shariat man qilgan yo‘llar bilan topilgan taomlar.
b)   Yegach qalbda qorayish va ibodatda og‘irlik seziladi. Haromni yegan
kishi me’dasida xuddi qo‘rg‘oshin yutgan kabi og‘irlik paydo bo‘ladi.
v)   Ovqatlangach uyqudan uyg‘onganida, foiz yeganlar kabi bir zum karaxt
bo‘lib turadi.
g)   Ko‘ngil aynib, besabab qusishi.

Ey birodar, buni bil va luqmang qandayligini surishtirishdan g‘aflatda qolma. Chunki bu sergaklik tariqat mehvaridir. Garchi yemaganing uchun sendan xafa bo‘lsa ham, topar-tutarida ehtiyot bo‘lmagan kishining ovqatini yema!

Uning xafa bo‘lishi, jahli chiqishi-yu, «bizni hurmat qilmayapsan» degan so‘ziga ham aldanma, bundan ta’sirlanma! Asrimiz «mashoyixlari» bunga oz diqqat qiladi. Ularni ayblaganlarida: «Uni xafa qilib qo‘yaman, deb qo‘rqdim. Ko‘ngil ko‘tarishdan-da ustun bir narsa ila Haq taologa bandalik qilinmas», deyishadi. Bu shar’iy mezonlarga ko‘ra, jaholat tufayli aytilgan so‘zdir. Birga ichkilik ichishga taklif etgan shaxs bilan u taklifni qabul qilib ichgan odam o‘rtasida hech qanday farq yo‘q. Garchi: «Men uni xafa qilmaslik, uning yuz-xotiri uchun ichdim», desa hamki, uning uchun had tadbiq etiladi va fosiqligiga hukm chiqariladi. Ey birodar, buni ham bil!
Nom: Re: IBODAT VA ZIKR AHLIGA TAVSIYALAR. Imom Sha'roniy
Yuborildi: Laylo 19 Oktyabr 2007, 07:05:55
TABIIY TORTINCHOQ BO’LMA!

Bu buyuk so‘fiylar nazdida kibrning bir sho‘‘basidir.

Ustozim Umar ibn al-Foriz rahmatullohi alayh bunga shu she’ri ila ishora etgan (mazmuni): «Ilohiy orzuning etaklarini tut, (nafs qutqularidan qutilish uchun) tortinish (ko‘ylagini) yech, zohidona hayot o‘tkazayotganlarini iddao etayotganlarning yo‘lini qo‘y, hatto ular zuhdlarini naqadar oshkor qilsalar ham!».

Tabiiy tortinish shaxsning insonlar huzurida baland ovoz bilan Allohni zikr etishdan tortinishidir. Bular qozilar, rahbarlar, ustozlar va shunga o‘xshash taniqli kishilardir. Ba’zilar insonlar ko‘z o‘ngida Alloh toatiga majbur qolganda, xuddi gunoh qilgan kabi ularda uyat-tortinish paydo bo‘ladi.

Ustozim Muhammad rahmatullohi alayh yaqinlariga: «Ko‘chalarda, bozorlarda va xaroba joylarda Alloh taoloni zikr eting. Ular qiyomat kuni sizlarning foydangizga guvohlik beradi. Ham izzati nafsning nomusini yo‘qotishga g‘ayrat qiling. Aks holda, u yo‘lingizda to‘siq - g‘ov bo‘lib chiqadi», deya maslahat berganlar.

Buni ham bil, ey birodar!
Nom: Re: IBODAT VA ZIKR AHLIGA TAVSIYALAR. Imom Sha'roniy
Yuborildi: Laylo 19 Oktyabr 2007, 07:06:46
ALDAGUVCHI KASBDAN (TIRIKCHILIKDAN) SAQLAN!

Kasb-korida aldov shar’an ayb sanaladi. Imom Muslimning «Sahih»ida Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat qilinishicha, Payg‘ambar (s.a.v.) bozorda sotilayotgan bir to‘p donning ichiga qo‘llarini botirdilar. Ittifoqo, qo‘llari namlikni sezdi va: «Ey bu molning egasi, bu nima?» deya so‘radilar. Sotuvchi bunday dedi: «Yo Rasulalloh, bunga yomg‘ir tegdi». Rasululloh: «Odamlar ko‘rishlari uchun o‘sha qismini ust tomonga qo‘yishing kerak emasmi?» dedilar. So‘ngra bunday marhamat qildilar: «Bizni aldaydigan bizdan emas»   (Muspim «Imon»,  164; Abu Dovud.«Sehr», 50; Termiziy. «Sehr», 72; Ibni Moja. «Tijorat», 36; Dorimiy. «Sehr», 10; Ahmad, 11, 50).

Har bir inson o‘z kasbida taqvoga e’tibor berishi, aldamasligi kerak. Alloh taolo insonga kasb-korida nafsini tiyish, halol mol topish qobiliyatini bergan. Agar inson kasbida hiyla ishlatsa, o‘ziga ham butun insonlarga ham hiyonat qilgan bo‘ladi.

Bu borada quyidagilarni aytishgan: «Kim kasbida to‘g‘ri va samimiy bo‘lsa, Alloh buyurgani uchun insonlarga foydali bo‘lish maqsadida ishlasa, Alloh taolo u kimsaning sarmoyasiga kutilmagan joydan baraka ehson etadi, hatto u mol-dunyo jihatidan insonlarning eng farovonlaridan bo‘ladi. Kimki ishida hiyla qilsa, bu holi oshkor bo‘ladi, molining barakasi yo‘qoladi, hatto tez orada sarson-sargardonligi zarbulmasal bo‘ladi. Zero, Alloh kambag‘allikni aldamchilikka, barokatni esa taqvoga bog‘lagan. Xalaf va salaf mashoyixlar Qur’oni azim va Sunnati sharifga suyangan holda kasb-korni tashviq qilishgan. Bu holatga Shozaliy Sodotjanoblari guvohdirlar.
Nom: Re: IBODAT VA ZIKR AHLIGA TAVSIYALAR. Imom Sha'roniy
Yuborildi: Laylo 19 Oktyabr 2007, 07:07:00
Shayx Abul Hasan ash-Shozaliy rahmatullohi alayh bunday deganlar: «Kim (halol yo‘ldan) tirikchilik qilishga intilib, Robbisi buyurgan farzlarni ado etsa, bu kimsaning mujohadasi kamolotga yetadi».

Shayx Abul Abbos al-Mursiy rahmatullohi alayh bunday deganlar: «Sabablarga yopishing. Sizning har biringizning tarozi, ish quroli, tikish ignasi va (tijorat) safari (kabi muntazam bir kasbi, mashg‘uloti. — Tarj.) bo‘lsin».

Ulamoi kirom halol luqmani topish uchun mehnat qilish - imonning kamol darajalaridan bir vojib ekanligi xususida ijmo qilishgan. Shu narsa haqiqatki, ishlab pul topolmaydigan erkak ayolga o‘xshaydi.

«Vasiyyat» muallifi Matbuliy rahmatullohi alayh hunari yo‘q kambag‘al haqida bunday deganlar: «U kimsa xarobalarda yashaydigan boyqushga o‘xshaydi. Chunki uning hech kimsaga foydasi tegmaydi».
Nom: Re: IBODAT VA ZIKR AHLIGA TAVSIYALAR. Imom Sha'roniy
Yuborildi: Laylo 19 Oktyabr 2007, 07:08:29
Rasululloh (s.a.v.) ashobdan hech biriga qo‘lidagi kasb-korini tashlashlarini buyurmadilar. Ularning o‘z tirikchiliklari yo‘lida davom etishga undaganlar, bu borada tavsiya va nasihatlar berganlar.

Yana «Vasiyyat» muallifi aytadiki: «Komil (murshid) - insonlarni o‘z kasb-korini yuritish bilan ularga sayru suluklarini o‘rgatgan va ularga kasblarini    tark    etishlarini    buyurmagan    (zot)dir.    G’ayrimashru’ ishlarni qilgan kimsani hech bir kishi Alloh(ning rizoligi. - Tarj.)ga yetkaza olmaydi. Menimcha kasb-korli, hunarli mo‘min, insonlarning sadaqa va ehsonlariga muhtoj, hech bir dunyoviy hunar qo‘lidan kelmagan, dindorligi evaziga kun o‘tkazuvchi majzublardan komilroqdir. Alloh taolo hunarsiz obidlardan kasb-korli obidlarni bir necha xususda ustun qildi va ularga ikrom etdi:
a)   insonlarning sadaqalari va zakotlaridan yemay, o‘zlari tirikchilik qilib topganlaridan yeyishlari;
b)   olimlikka da’vogarlik va johillarga nisbatan kekkayishning yo‘qligi. O’zlarining kichikligini va boshqalarning buyukligini ko‘ra bilishlari;
v)   Alloh taolo va payg‘ambarlari xususida aslo shubhaga bormasliklari.
Nom: Re: IBODAT VA ZIKR AHLIGA TAVSIYALAR. Imom Sha'roniy
Yuborildi: Laylo 19 Oktyabr 2007, 07:09:26
Ustozim Aliyyul Havvos rahmatullohi alayh bunday der edilar: "Qon oluvchi va suv quvurlarini tozalovchi kabi o‘z mehnatidan kun ko‘rgan kishi, insonlar sadaqasi hisobiga kun o‘tkazuvchi obiddan ustundir».

Shuni ham bilish lozim: Ko‘paytirish va maqtanish uchun pul topish shar’an ayb sanaladi.

Hadisi sharifda marhamat qilinadi: «Kim maqtanish, ko‘paytirish uchun (hatto) halol dunyo molini talab etsa (qiyomat kuni) Alloh taolo undan g‘azabnok bo‘ladi».

Buni ham bil!
Nom: Re: IBODAT VA ZIKR AHLIGA TAVSIYALAR. Imom Sha'roniy
Yuborildi: Laylo 19 Oktyabr 2007, 07:10:21
NAFSING BILAN KURASH!

Nafsga kelgan xavf-xatar va shar’an yanglish o‘y-fikrlarga qarshi mujohada et!

Imom Sahl rahmatullohi alayh bunday deganlar: «Gunohlarning eng chirkini hadisun-nafs (insonning xayolidan o‘tgan yanglish o‘y-tushunchalar)dir... Insonlarning ko‘pchiligi buni gunoh hisoblashmaydi. Murid ko‘ngliga kelgan noto‘g‘ri, noma’qul fikrlardan o‘zini tiysa va ayni paytda zikrga mahkam yopishsa, qalb zangi zikr tufayli yonadi. (Chunki zikr qalbdagi yanglish tushunchalarni yondiradi). Qalb himoyalangan sirga aylanadi. Shayton zikr sababli qalbdan butunlay qochadi, qalbdagi shaytoniy o‘ylar uzoqlashadi. Nafsoniy o‘y-xayollar qolmaydi». Buni ana shunday bil!

Nafsingga qarshi ochlik va shariat hukmlari bilan mujohada et! Ovqatni oz-ozdan kamaytirib, ochlikni boshqa narsalardan oldinga ol!
Nom: Re: IBODAT VA ZIKR AHLIGA TAVSIYALAR. Imom Sha'roniy
Yuborildi: Laylo 19 Oktyabr 2007, 07:10:48
Ochlik tariqatning eng katta arkonidir. Chunki ochlik nafsni jilovlaydi. Zeroki, ochlik podshohlarni ham bo‘yin egdirgan. Boshqalar bo‘yin egmay qayga borardi! Bunda yeyiladigan va ichiladigan narsalar ozaytiriladiki, qalb soflashsin. Chunki qolgan boshqa a’zolar qalbga tobe. Ko‘ngilga kelgan xavotir - tushunchalar faqat ochlik bilan kuchsizlanadi.

Shayx Muhyiddin Ibnul Arabiy rahmatullohi alayh «Futuhoti Makkiya»da qo‘yidagi hadis mazmunini keltiradi: «Alloh taolo nafsni yaratgach, undan «Men kimman?» deya so‘radi. Nafs esa: «Sen sensan!» dedi. Alloh taolo nafsni ochlik daryosida ming yil o‘tqazib, so‘ng nafsdan: «Men kimman?» deya so‘raganida, nafs: «Sen Rabbimsan», dedi.

Shayx Abu Sulaymon Doroniy rahmatullohi alayh bunday degan: «Dunyoning kaliti to‘qlik, oxirat amallarining kaliti esa ochlikdir. Alloh taolo dunyoni yaratgach, ilm va hikmatni ochlikka, jaholat va gunohni esa to‘qlikka qo‘ydi».
Nom: Re: IBODAT VA ZIKR AHLIGA TAVSIYALAR. Imom Sha'roniy
Yuborildi: Laylo 19 Oktyabr 2007, 07:11:03
Yahyo ibn Muoz ar-Roziy rahmatullohi alayh aytadiki: «To‘yish olovdir, shahvat esa o‘tin. O’tinning yonishiga olov sababchi. To‘qlik egasini yondirmaguncha so‘nmaydi».

Sahl ibn Abdulloh at-Tustariy rahmatullohi alayh bunday deganlar: «Bir kunda ikki marta yeyishni xohlagan o‘zi uchun bir oxur qildirsin».

Molik ibn Dinor rahmatullohi alayh bunday deydilar: «Kim shaytonning zulmidan qochmoqchi bo‘lsa, shahva-tiga hokim bo‘lsin». Bu mavzuda salafi solihiynning so‘zlari ko‘p.
Nom: Re: IBODAT VA ZIKR AHLIGA TAVSIYALAR. Imom Sha'roniy
Yuborildi: Laylo 19 Oktyabr 2007, 07:11:49
TAVSIYA

Nafsga qarshi so‘ng daraja ochlik, bedorlik (uyqusizlik) va nafsni qiyin ishlarda charchatish bilan mujohada et! Bularni, nafsingni Allohning roziligiga chaqirganingda bo‘ysunishi, aybdor bo‘lganida jazo sifatida tadbiq et!

Bu riyozatlardan avval nafs tegirmonni aylantirishga o‘rganmagan qaysar hayvonga o‘xshaydi. Hayvonni och qoldirishadi, ko‘zlarini bog‘lashadi, uni tegirmonni ishlatish uchun, atrofida bo‘sh aylantirishadi. Bu holat hayvon ishga moslashguncha, itoat qilishni o‘rganguncha davom etadi. O’shanda uni yedirishadi, ko‘zlaridagi bog‘ichni yechishadi.

Buni ham bil, ey birodar!
Nom: Re: IBODAT VA ZIKR AHLIGA TAVSIYALAR. Imom Sha'roniy
Yuborildi: Laylo 19 Oktyabr 2007, 07:12:40
KUCHING YETGUNCHA UYQUNI OZAYTIR!

Ehtiyojsiz uyquda dunyoviy va uxroviy hech bir foyda yo‘q. Uyqu o‘limning ukasidir. Kechani ihyo etishni (ilm, zikr ila bedor o‘tkazishni. - Tarj.) uyquga almashtirish va uyquni afzal ko‘rishni havoyi nafsga tobe’ bo‘lish, deya hisoblashgan.

Sahl ibn Abdulloh al-Tustariy rahmatullohi alayh bunday deydilar: «Doimiy uyg‘oqlik to‘rt unsurni bitiradi va chiqaradi: suv, tuproq, havo va olov. Bu yerdan malakut olamiga qaraydi va Allohning xushnudligini orzu qiladi».

Shayx Abul Hasan al-Azzoz rahmatullohi alayh bunday deganlar: «Bu quyidagi uch narsa ustiga bino bo‘lgan:
a)   faqat ehtiyoj sezganda yeyish;
b)   faqat uyqu g‘olib kelganda uxlash;
v)   zarurattug‘ilgandagina so‘zlash».

Ibnul Havoriy rahmatullohi alayh aytardilarki:
a)   «molning ehtiyojidan ortiqchasini tark etish,
b)   shubhali, halol bo‘lmagan va zarurat miqdoridan oshiqcha ovqatni tark etish;
v)   ehtiyojdan ortiqcha uyquni tark qilish».

Inchunun, har biridan faqat zarurini olgin. Ana o‘shanda Haq taolo zikrida bo‘lasan. Buni ham bil, ey birodar!
Nom: Re: IBODAT VA ZIKR AHLIGA TAVSIYALAR. Imom Sha'roniy
Yuborildi: Laylo 19 Oktyabr 2007, 07:14:11
UZLATNING MOHIYATI

Uzlatda dunyo va oxirat yaxshiligi bor. Imom Buxoriy va Imom Muslim Abu Said al-Xudriydan (r.a.) rivoyat qilinadi. Bir odam:
-   Yo Rasulalloh, insonlarning afzali qaysi? - deya so‘radi.
-   Nafsi va moli bilan Alloh yo‘lida mujohada etgani.
-   So‘ngra kim ustun?
-   Kimsasiz bir joyda uzlatga chekinib, Allohga ibodat qilgan va insonlarni o‘z sharridan (yomonligidan) omon saqlagan odamdir, - deya marhamat etdilar Sarvari Olam. (Muspim. «Imora», 122-123).

As-Sirriy rahmatullohi alayh shunday degan: «Dinini kamolga yetkazish, vujudiga dam berish va g‘am-qayg‘udan foriq bo‘lishni istagan kishi uzlatga chekinsin». Quyidagi hadis ham shu fikrni quvvatlaydi: «Insonlar ustiga shunday bir zamon keladiki, o‘shanda kishi dinini faqat qishloqdan qishloqqa, tog‘dan toqqa tulki kabi bir toshning teshigidan boshqa tosh teshigiga qochibgina saqlay oladi».
Nom: Re: IBODAT VA ZIKR AHLIGA TAVSIYALAR. Imom Sha'roniy
Yuborildi: Laylo 19 Oktyabr 2007, 07:14:33
Shayx Abubakr al-Varroq rahmatullohi alayh bunday deganlar: «Odam alayhissalom zamonidan hozirgacha chiqqan fitnalar faqat yaramas insonlar bilan hashru nashr bo‘lish tufaylidir. Kim bunday insonlardan uzoqlashsa, salomat bo‘ladi».

Ustozim Shayx Muhammad Munir rahmatullohi alayh aytgan edilar: «Ma’lum muddatga uzlatga chekingan kishi mo‘minlar bilan ulfatchilikdan chiqadi, deganlar xato o‘ylaydilar. Vaholanki, kishi uzlat holatida ulfat maqomiga yanada munosib keladi. Chunki u kimsa nafsining islohi uchun uzlatga chekinadi. Insonlar uni ko‘rishni xohlaydilar va u bilan ko‘proq hamsuhbat, ulfat, do‘st bo‘ladilar. Aslida ruhiy ulfatchilik muhimdir. Bunga quyidagi hadisi sharif dalil bo‘ladi:

«Ruhlar (ruhlar olamida ekan) to‘da-to‘da holida edilar. O’sha to‘dalardan qaysi biri o‘zaro do‘st-ulfat bo‘lsa, bu dunyoda ham ulfat bo‘ladilar. U yerda tanishmaganlar esa (bu dunyoda) bir-birlari bilan do‘st bo‘lmaydilar». (Muspim. «Birr», 159).
Nom: Re: IBODAT VA ZIKR AHLIGA TAVSIYALAR. Imom Sha'roniy
Yuborildi: Laylo 19 Oktyabr 2007, 07:15:30
SHAR’IY ZARURATDAN BOSHQA PAYTbJIM TUR

Hazrati Payg‘ambarimiz (s.a.v.) marhamat qildilar: «Kimki omonlikda yurishni istasa, jim turishga harakat qilsin» (Munoviy. «Fayzul-Qodir», VI, 151, 8746-hadis) .

Ustoz Qushayriy rahmatullohi alayh aytdi: «So‘fiylar gapirishda ofat - zarar borligini bilgach, sukutni ma’qul ko‘rishgan. Gapirishda nafsning ulushi, maqtanchoqlik sifatlarini namoyon qilish, chiroyli gapirib boshqalardan o‘zini ajratib ko‘rsatishga mayl kabi tahlikalar borligi uchun ham shunday yo‘l tutishgan».

Shayx Abubakr ibn Ayosh rahmatullohi alayh bunday deganlar: «Tuproq suvni tortib quritgani kabi ko‘p gapirish ham savoblarni quritadi».
Nom: Re: IBODAT VA ZIKR AHLIGA TAVSIYALAR. Imom Sha'roniy
Yuborildi: Laylo 19 Oktyabr 2007, 07:16:19
Fuzayl ibn Iyoz aytadilar: «So‘zini amalidan deb bilganning gapi ozdir. Hikmatga faqat sukut va tafakkur bilan voris bo‘ladilar. So‘zlashdan taqvo etish luqma va taomdagi taqvodan ortiqdir».

Ulug‘ so‘fiylar murid bekorchi gaplarni gapirsa ilohiy nurlar qalbini tark etib, qalbi qorayishi borasida ijmo qilishgan. Qachon tariqatning asosiy ustunlaridan biri yiqilsa, boshqalari ham unga «ergashadi». Ustunlarning eng kattalari to‘rtta ekani ta’kidlangan: ochlik, uyqusizlik, uzlat va sukut. Qolganlari shu to‘rtta narsaga tobedir.

Ushbu she’r ham shu ma’noda aytilgan:
«Abdol hazratlarimiz valoyat uyining tiraklarini quyidagicha taqsimlashgan: sukut va uzlat, ochlik va kam uxlash. Qolganlari shu tiraklar orasidadir».

Buni ham bil, ey birodar!
Nom: Re: IBODAT VA ZIKR AHLIGA TAVSIYALAR. Imom Sha'roniy
Yuborildi: Laylo 19 Oktyabr 2007, 07:16:52
TUNGI NAMOZNI TARK ETMA!

Mo‘minning tunda o‘qigan namozi qiyomat kuni oldi va ortini yoritadigan bir nur bo‘ladi.

Tariqat buyuklaridan biri aytadiki: "Kim kechalari Allohga uzoq ibodatga tursa, Alloh taolo uning oyoqlarini, oyoqlar toyadigan kuni Sirot uzra sobit qiladi".

Imom Muslimning "Sahih"idagi bir hadisda marhamat qilinadi: "Farzlardan so‘ng eng fazilatli namoz tunda o‘qilgan namozdir" . (Muslim. "Siyom" 203).

Bayhaqiy va Nasoiy rivoyat qilgan hadisi sharifda bunday marhamat etiladi: "Insonlar qiyomat kuni yagona makonda to‘planadilar. Bir munodiy shunday nido qiladi: "Tungi namoz uchun kechalari yonlari yotoqlaridan uzoqlashganlar qaerda?". Ular turib kelishadi, sonlari oz bo‘ladi. Va ular hisobsiz jannatga kiradilar. So‘ngra qolgan insonlar hisobga buyuriladilar".
Nom: Re: IBODAT VA ZIKR AHLIGA TAVSIYALAR. Imom Sha'roniy
Yuborildi: Laylo 19 Oktyabr 2007, 07:17:14
Ibni Abid-Dunyo va Bayhaqiy, Rasuli Akramdan (s.a.v.) rivoyat qilishadi: "Ummatimning sharaflisi Qur’on hofizlari va tungi (tahajjud) namoz o‘qiydiganlaridir". (Munoviy. "Fayzul Qodir", I, 522, 1063-hadis).

Termiziy quyidagi hadisi sharifni rivoyat qiladi: "Tungi namozga diqqat qiling! Zero bu (tungi namoz) sizdan avvalgi solihlarning odatidir. U qurbat, (kichik) gunohlarga kafforat va gunohlardan to‘suvchidir" (Termiziy, "Daovot", 112).

Tabaroniy rivoyatida quyidagicha kelgan: "(Tungi namoz) vujuddan kasallikni ketkazadi".

Tabaroniyning "Al-Mu’jamul Kabir" kitobida quyidagi hadis bor: "Kim yeb-ichsa, kechaning bir qismida uxlab turgach, tungi (tahajjud. -Tarj.) namozini o‘qisa, ertalabgacha atrofida hurlar birga bo‘lishadi".
Nom: Re: IBODAT VA ZIKR AHLIGA TAVSIYALAR. Imom Sha'roniy
Yuborildi: Laylo 19 Oktyabr 2007, 07:17:45
Ustozim Ahmad ibn ar-Rufoiy rahmatullohi alayh do‘stlariga aytar edilar: "Kechaning oxirgi uchdan bir qismida turib, namoz o‘qing, Qur’on o‘qing, tasbeh ayting, biroq bu borada haddan oshmang. Yilning har kechasida samodan rizq inadi. Bedorlarga ulashiladi, uxlaganlar undan mahrum qoladilar. Alloh taolo Dovud alayhissalomga bunday vahiy etgan: "Ey Dovud! Tunlari g‘aflat uyqusida qolib, Meni yaxshi ko‘rishini iddao qilayotgan kimsa yolg‘onchidir".

Ustozim Aliyyul Havvos rahmatullohi alayh do‘stlarini ko‘pincha tungi namozga turishni niyat qilishga tashviq etar va bunday der edi: "Alloh savobni amalga ko‘ra emas, niyatlarga ko‘ra beradi. Kim bir yaxshilikni niyat qilsa va u yaxshilikni bajarish nasib etmasa hamki, Alloh taolo u kishiga niyati savobini beradi. Chunki hadisi sharifda Hazrati Payg‘ambarimiz (s.a.v.): "Har kim uchun niyat qilgani bo‘ladi" (Buxoriy. "Badul vahy", 1, "Ifq", 6, "Taloq" 11; Muslim. "Imora" 155; Abu Dovud "Taloq" 11; Nasoiy. "Tahorat" 59; Ibni Moja. "Zuhd" 26), dedilar, har kim uchun amal qilgani bo‘ladi, demadilar. Shu narsa ham ayon haqiqatki, tungi namozni davomli tark etgan kimsaning solihlar yo‘lida hech bir nasibasi bo‘lmaydi.

Buni ham bil, ey birodar! Tungi namozni tark etma!

Hadisi sharifda marhamat qilinadi: "Sulaymon alayhissalomning onasi (Sulaymon payg‘ambar bo‘lmaslaridan oldin) shunday degan: "Ey o‘g‘ilginam, tungi namozni tashlab qo‘yma. Chunki tungi namozni tark etib qo‘yish, odamni qiyomat kuni zor etadi".
Nom: Re: IBODAT VA ZIKR AHLIGA TAVSIYALAR. Imom Sha'roniy
Yuborildi: Laylo 19 Oktyabr 2007, 07:19:05
TAHAJJUD (TUNGI) NAMOZNI UYINGDA O’QI

Shunday naql etiladi: "Uyingizda namoz o‘qib turing, uyingiz dunyo ahliga yulduzlarga o‘xshab nur sochsin".

Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati: "Farz namozidan boshqa namozning eng fazilatlisi kishining uyda o‘qigan namozidir". (Buxoriy. "Azon", 81; Muslim. "Siyom", 202, 203).

Salafi solihiynlardan ba’zilari (rahmatullohi alayhim) shunday deyishgan: "Uyda o‘qilgan nafl namozning fazilati masjidda o‘qilgan farz namozining fazilati kabidir".

Abul Jaldning bunday degani naql qilinadi: "Iso alayhissalom Iblisdan: "Hayy va Qayum - Alloh haqqi sendan so‘rayman: "Jismingni erituvchi, belingni sindiruvchi nedir?" deb so‘rabdi. Iblis: "Ey Allohning nabiysi, Hayy va Qayum haqqi uchun so‘ramaganingda senga javob bermasdim. Jismimni eritgan narsa - Alloh yo‘lida mujohada etgan otliqlardir. Belimni sindiruvchi narsa kishining farz namozini masjidda, naflni uyida o‘qishidir".

Buni ham bil, ey birodar!
Nom: Re: IBODAT VA ZIKR AHLIGA TAVSIYALAR. Imom Sha'roniy
Yuborildi: Laylo 19 Oktyabr 2007, 07:19:46
TAHAJJUDNI KECHANING ILK YARMI TUGAGANDAN SO’NG BOSHLA!

Buning sababi shuki, ilohiy fayz va rahmat shu vaqtda inadi. Ulug‘larimizning tahajjud uchun bedor bo‘lishlarining ilk sababi shudir.

Ustozim Aliyyul Havvos rahmatullohi alayh bomdod namozi uchun masjidga kelib, u yerda hech kimsani ko‘rmagach, eshik oldida mutavoze’ va bo‘yni egik bir vaziyatda turar va bunday der edi: "Mening holatim boshqa birov orqasidan ergashib kelib, xo‘jayini huzuriga kira olgan odam holatiga o‘xshaydi".
Nom: Re: IBODAT VA ZIKR AHLIGA TAVSIYALAR. Imom Sha'roniy
Yuborildi: Laylo 19 Oktyabr 2007, 07:20:11
TANBEH

Kechasi turishga eringan va o‘zida doimiy tanballik holatini sezgan kishi nafsini nazorat etsin. Bu holat balki riyo, kibr, ujb, maqom sevgisi, hasad, hiyla, maqtanish sevgisi kabi botiniy gunohlarga botib qolgani tufayli bo‘lishi ham mumkin. Bunday kasalliklar muolajasi uchun darhol tavba etish yoki kafforat bo‘luvchi amallar qilish kerak. Chunki gunohlarga kafforat berilsa, banda toza-pokiza bo‘ladi. So‘ng sharafli jamoat bilan Rabbining huzurida turishga - nasib bo‘lishi holatidan boshqa - hech bir to‘siq qolmaydi.

Ustozim Afzaluddin (Alloh uni rahmat aylasin va bizni uning barakoti ila foydalantirsin) qalbida botiniy kasalliklardan birortasini topsa, tunda (tahajjudga - Tarj.) turishni bas qilar va bunday der edi: "Ifloslikka bulg‘angan, belangan holim bilan Allohning asfiyosi (yaqin do‘stlari) orasida turishdan hayo qilaman".
Nom: Re: IBODAT VA ZIKR AHLIGA TAVSIYALAR. Imom Sha'roniy
Yuborildi: Laylo 19 Oktyabr 2007, 07:20:38
JAMOAT BILAN NAMOZ O’QISHNI TARK ETMA!

Chunki bir jamoat ibodat uchun to‘plansa, ular orasida shafoati qabul qilinadigan Allohning bir valiysi bor bo‘ladi.

Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat etilgan, Muslim va Sahihaynda zikr qilingan shunday hadis bor: "Ko‘zi ojiz odam Payg‘ambar (s.a.v.) yoniga kelib dedi: "Yo Rasululloh, meni Masjidga olib keladigan kishi yo‘q. Namozimni uyimda o‘qisam bo‘ladimi?" Rasuli Akram (s.a.v.) ruxsat berdilar. Haligi ko‘zi ojiz odam qaytib ketayotganida chaqirdilar va so‘radilar: "Namozga azonni eshitasanmi?". "Ha", dedi ko‘zi ojiz kishi. Payg‘ambar (s.a.v.) marhamat qildilar: "U holda azonga javob ber (jamoatga kel)!" (Muslim. "Masajid" 255, Abu Dovud. "Solat", 46, Nasoiy. "Imomat", 50; Ibni Moja. "Masajid", 17; Ahmad III, 423, IV, 43).

Salafi solihiyn jamoat namozini o‘tkazib yuborishni musibat deb bilishgan. Ulardan birining hayotida shunday voqea sodir bo‘lgan edi: "Bir kuni u xurmo bog‘iga boradi. Ushlanib qoladi. Qaytib kelsa, odamlar asr namozini o‘qib bo‘lishgan ekan. Buni musibat deb bilganidan: «Inna lillahi va inna ilayhi roji’un. Jamoat namozini o‘tkazib yubordim. Siz guvoh bo‘lingki, shu bog‘im miskinlarga sadaqadir», dedi.
Nom: Re: IBODAT VA ZIKR AHLIGA TAVSIYALAR. Imom Sha'roniy
Yuborildi: Laylo 19 Oktyabr 2007, 07:21:06
Abdulloh ibn Umar (r.a.) xufton namozi jamoatiga ulgurmadi, biroq buning evaziga o‘sha kecha tonggacha namoz o‘qib chiqdi.

Ubaydulloh ibn Umar al-Qovaririy rahmatullohi alayhning bunday degani naql etiladi: «Biror marta jamoat namozidan qolmagan edim. Bir kuni uyimga mehmon keldi va jamoat namoziga ulgurmadim. Boshqa bir jamoat bilan xuftonni o‘qish umidida tashqariga chiqdim. Ittifoqo hamma masjidlarda namoz o‘qilib, masjidlar berkitilgan edi. Uyimga qaytdim. Tabiiyki, jamoat bilan namoz o‘qiyolmaganim uchun xafa edim. O’z-o‘zimga dedim: «Hadisi sharifda marhamat qilinganki: «Jamoat bilan o‘qilgan namoz yolg‘iz o‘qilgan namozdan yigirma yetti daraja ustundir» (Buxoriy. «Azon», 30; Muslim. «Masajid», 249; Nasoiy. «Imomat», 42; Muvatta. «Jamoat», 1.). Men xufton namozini yigirma yetti marta o‘qib, keyin yotdim. Tush ko‘rdim. Tushimda bir to‘da otliq va men ham bir ot ustida ekanman. Ular mendan oldinda ketishyapti. Otimni ular orqasidan haydayapman, ammo ularga yetolmayapman. Bittalari menga qayrilib qaradi va: «Otingni bekorga charchatyapsan, bizga yetolmaysan», dedi. Men esa: «Nega endi, ey birodar?» dedim. «Biz xuftonni jamoat bilan o‘qidik, sen esa yolg‘iz o‘qiding», dedi. Uyg‘ondim, tabiiyki, xafa bo‘ldim».

Salafi solihiynlardan ba’zilari bunday deyishgan: «Odam o‘ziga yopishgan bir gunoh tufayligina jamoat namozidan bebahra qoladi».

Ulardan bittalari jamoat namoziga ulgurmasa, o‘zaro yetti kun ta’ziya izhor etishardi.

«Bir rakatiga yetishmasa ham shunday qilishardi», deganlari ham bor. Ilk takbirni o‘tkazib yuborishsa, uch kun motamsaro yurishardi, degan qavl ham bor. Buni ham bil, ey birodarim!
Nom: Re: IBODAT VA ZIKR AHLIGA TAVSIYALAR. Imom Sha'roniy
Yuborildi: Laylo 19 Oktyabr 2007, 07:22:10
QULLARGA NOHAQLIK QILISHDAN SAQLAN!

Qul haqi uch qismdan iborat:
a)   kishilarga aloqador qism;
b)   mollarga aloqador qism;
v)   sharaflarga aloqador qism.
a)   kishilar bilan bog‘liq qismning butun boshli hukmlari bor. Bular - qasddan odam o‘ldirish, bilmasdan odam o‘ldirish, qasos, diyat va kafforatining vojibligi kabi fiqh kitoblarida bayon qilingan boshqa xususlar.
b)   mollar bilan bog‘liq qismiga kelsak, (nohaq tortib olingan molni. - Tarj.) mazlumga yoki mazlumning vorisiga qaytarmoq kerak. Qaytarish mumkin bo‘lmasa, haq egasi nomidan sadaqa etib yuborishdan boshqa chora qolmaydi. Banda haqlarini qaytarishdan ojiz qolsa, Mahshargohda qarzdorlarga berilajak hasanalardan ko‘proq qilsin, yo‘qsa, qiyomat kuni mazlumning xatolarini va gunohlarini yelkasiga olishga tayyorlansin. Quyidagi hadisda aytilganidek: «Hasanalari — savoblari borlarning hasanalaridan olinib mazlumga beriladi. Savoblari bo‘lmasa, ustiga mazlumning gunohlaridan ortiladi, (va u kimsaning) jahannamga (ketishiga doir) bir yozuv yoziladi». (Buxoriy. «Mazolim», 10; Termiziy. «Qiyomat», 2; Ahmad, 11, 303, 334, 372).
v)   sharaflarga kelsak, bu borada ba’zi muhaqqiq imomlar eng nozik o‘rinlarni batafsil tushuntirib berishgan.
Nom: Re: IBODAT VA ZIKR AHLIGA TAVSIYALAR. Imom Sha'roniy
Yuborildi: Laylo 19 Oktyabr 2007, 07:22:23
Agar kishini g‘iybat yoki namima (bo‘hton) qilgan bo‘lsa bu ikki holdan biri: g‘iybat va namima mazlumga yetgan yoki yetmagan bo‘ladi. Agar g‘iybati yetgan bo‘lsa, rozichilik olishi lozim. Yetmagan bo‘lsa, yetib borishi yangi bir ozor-aziyatki, bu kin-adovat paydo bo‘lib, mehru muhabbat yo‘qolishiga sababchidir. Bu holat haqqi yanada og‘irdir.

Bu haqsizlikni bartaraf qilishning yo‘li, g‘iybat va namima qilinganga yetib bormasdan va g‘iybati qilingan kimsadan rozi-rizolik so‘ramay istig‘forni ko‘pay-tirishdir. Agar kishi qabih ishni qilib boshqani yo‘ldan chiqargan bo‘lsa va keyin uni takrorlasa, bu ham qulning og‘ir haqlaridandir. Chunki unga aziyat yetkazdi, zo‘ravonlik qildi va uni gunohga tortdi. «Kim yomon bir ish qilsa, u ishning gunohi va bu ish ila amal qilganlarning gunohi o‘sha yomonlikni ilk qilgan kishiga yoziladi» (Ibni Moja. «Muqaddima», 14; Dorimiy. «Muqaddima», 44; Muslim. «Ilm», 15; Nasoiy. «Zakot», 46; Ahmad, IV, 326). Ayni paytda bu chirkin xatti-harakat uning sharafini yo‘qotadi, oilasiga aziyat yetkazadi va ularni beorlikka yo‘llaydi.
Nom: Re: IBODAT VA ZIKR AHLIGA TAVSIYALAR. Imom Sha'roniy
Yuborildi: Laylo 19 Oktyabr 2007, 07:23:06
SHARAFLAR MOLLARDAN AHAMIYATLIDIR

Ulamolar aytadiki, birov kimningdir molini olsa, mol egasi vafotidan so‘ng pushaymon bo‘lib marhumning vorislariga va butun yer yuzi aholisiga o‘sha molni keltirib rozi-rizolik uchun harakat qilsa, ular rozi bo‘lishsa ham o‘sha kishining sharafiga yetgan xafagarchiligini ketkazolmaydi. Zero, bir mo‘minning sharafi, molidan ahamiyatliroqdir.

Shayx Abul Mavohibish - Shozaliy rahmatullohi alayh aytadi: «Muridning kamolotiga to‘siq bo‘lgan narsalardan biri musulmonning g‘iybatini qilishdir. Kim g‘iybat qilish balosiga yo‘liqqan bo‘lsa, Fotiha, Ixlos va Muovvizatayn (Falaq, Nos) suralarini o‘qisin, savobini g‘iybat qilgan birodarining amal daftariga yozilishini Allohdan so‘rasin..."

Buni ham bilib ol, birodar!
Nom: Re: IBODAT VA ZIKR AHLIGA TAVSIYALAR. Imom Sha'roniy
Yuborildi: Laylo 19 Oktyabr 2007, 07:23:28
QUR’ONI KARIMGA ERGASHIB ISTIG’FORNI KO’PAYTIR!

Hadisi sharifda marhamat qilinadi: "Men Allohdan mag‘firat so‘rayman va kunda yetmish marta tavba qilaman". (Buxoriy. "Davot" 3; Termiziy. «Tafsir», 47-sura, 1-oyat; Ibni Moja. "Adab" 57).

"Darhaqiqat ba’zan qalbimga g‘aflat cho‘kadi, ammo men Allohga kunda yuz marta istig‘for aytaman" (Muslim. "Zikr" 41; AbuDovud. "Vitr", 26).

Ibni Umar (r.a.) aytadilarki: "Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning bir majlisda: "Rabbig‘fir liy va tub alayya, innaka antat - tavvaburrohiym (yo Rabbiy, meni mag‘firat qil va tavbamni qabul et, muhaqqaq Sen tavbalarni qabul etuvchi va marhamatlisan), deya yuz marta istig‘for aytganini sanadim". (Ibni Hibbon. II, 139; 923-hadis).
Nom: Re: IBODAT VA ZIKR AHLIGA TAVSIYALAR. Imom Sha'roniy
Yuborildi: Laylo 19 Oktyabr 2007, 07:23:57
Ustozim Abul Hasan ash-Shozaliy bunday tavsiya qilganlar: "Biror gunohing bo‘lmasa hamki, istig‘for etmog‘ing kerak. Eng ma’sum zot -Payg‘ambarning (s.a.v.) istig‘for aytganidan ibrat ol".

Kechaning avvali va oxirida, kunduzning avvali va oxirida istig‘forni ko‘paytirish kerak. Mana, Ibni Moja rivoyat qilgan hadisi sharif: "Bir kunda ikki hafaza (muhofiz. - Tarj.) farishtaning Allohga yetkazadigan (kunlik amal) daftarning boshi va oxiri istig‘fordan xoli bo‘lmasa, Alloh taolo daftarning ikki tomonidagi istig‘for tufayli bandasini mag‘firat qildim, deydi. Amal daftariga ko‘p istig‘for yozilgan kishi naqadar baxtli!" (Ibni Moja. "Adab", 57).

Rizq tang bo‘lganda ham istig‘for lozim. Ibni Hibbon rivoyat qilgan hadisda marhamat etiladi: "Kim istig‘forni ko‘p qilsa, Alloh u kimsaga tanglik holatidan chiqish yo‘lini, har mashaqqatdan qutulish chorasini ko‘rsatadi va kutmagan joydan unga rizq ato etadi". (Ibni Hibbonda bu hadis topilmadi. Ayni hadis Ibni Mojaning "Adab"ida 3819 - hadis va AbuDovudda (Vitr, 26) mavjud).

Barcha amallar yakunida ham istig‘for lozim. Oriflar barcha ishlarni istig‘for bilan yakunlash mustahab ekanligiga ijmo qilishgan Hadisi sharifda: "Hazrati Payg‘ambar (s.a.v.) har bir namozdan so‘ng uch marta istig‘for aytardi", deya marhamat qilinadi (Muslim. "Masajid" 135; AbuDovud "Vitr" 25; Termiziy. "Solat" 108; Nasoiy. "Sahv" 81-82).
Nom: Re: IBODAT VA ZIKR AHLIGA TAVSIYALAR. Imom Sha'roniy
Yuborildi: Laylo 19 Oktyabr 2007, 07:24:13
MUHIM ESLATMA

Aytadilarki, odamlarning eng yomoni - botinida yaxshilik bo‘lmasa-da, odamlar ko‘ziga yaxshi ko‘ringan kishidir. Agar bu kimsa odamlar gumonidagi yaxshi sifatlar bilan xulqini tuzatsa, unda hukm boshqacha bo‘ladi.

O’zining kamolini hamda nuqson-kamchiligini ko‘ra olish komillik shartlaridan biri hisoblanadi. Kamolning haqqi shukr, nuqsonning haqqi istig‘fordir. Boshqacha aytganda, noqislikda davom etayotgan bo‘lsa, istig‘for aytishi, kamolotini ko‘rayotgan bo‘lsa, shukr etishi lozim. Komil - ikki ko‘z sohibidir... Bu borada o‘z nafsini nazorat ostida tutadiganlar ko‘p emas. Aksariyat insonlar: "Boshqalar meni yaxshi deb bilishadi-ku..", deya yanglish xayollarga borib o‘zlariga bino qo‘yadilar, o‘zlarini yaxshi ko‘radilar. Bu noto‘g‘ri ahvolni o‘nglash uchun istig‘for lozim. Alloh shunga muvaffaq aylasin. Buni ham bilib olgin, birodarim!
Nom: Re: IBODAT VA ZIKR AHLIGA TAVSIYALAR. Imom Sha'roniy
Yuborildi: Laylo 19 Oktyabr 2007, 07:24:42
HAYOLI BO’L!

Shubhasiz, hayo imondandir. Bunday deyishgan: «Ibodat (bandalik) yetmish ikki bobdir. Yetmish biri Allohdan hayo qilishdan iborat. Bittasi esa ezgulikning barcha turlariga daxldor».
«Allohdan haqqoniy hayo qilingiz», dedilar Rasululloh (s.a.v.).
«Alhamdulillah, biz hayo qilamiz», dedik.

Rasululloh (s.a.v.): «Bu (siz o‘ylagan tarzdagi) hayo emas. Allohdan haq-rost hayo qilgan boshini va boshidagi a’zolarini, qorni va qornini tashkil etgan a’zolarni muhofaza etsin, o‘limni (va tuproq ostida) chirishni o‘ylasin! Oxiratini o‘ylagan kishi dunyo hayotining zeb-ziynatlarini tark etadi. Kim ana shunday qilsa, Allohdan haqqoniy hayo etgan bo‘ladi» , deya marhamat qildilar. (Imom Ahmad. I, 378-bet; Termiziy. «Qiyomat», 24-bet).
Nom: Re: IBODAT VA ZIKR AHLIGA TAVSIYALAR. Imom Sha'roniy
Yuborildi: Laylo 19 Oktyabr 2007, 07:25:02
Fuzayl ibn Iyoz rahmatullohi alayh bunday der ekanlar: «Besh narsa ilohiy rahmatdan marhumlik alomati sanaladi: qalb qattiqligi, ko‘z xiraligi (yig‘lamasligi), hayo ozligi, dunyoga rag‘bat ko‘rsatish va uzun orzular».

As-Sariyyus-Saqotiy rahmatullohi alayh bunday deganlar: «Hayo va uns (muhabbat) qalb eshigini taqillatishadi, u yerda zuhd va varo’ (taqvodorlik)ni topishsa, joylashib olishadi, bo‘lmasa qaytib ketishadi. Hayoning alomati - gunohga yo‘l qo‘ymaslikdir».

Men deymanki, gunohga yo‘l qo‘ymaslikdan maqsad gunohda davom etmaslikdir.

Ustozim Aliyyul - Mursiy rahmatullohi alayh aytadiki: «Murid tavbada shunday sobit bo‘lsinki, chap tomondagi farishta yigirma yil bu kimsaga biror gunoh yozolmasin» so‘zidan maqsad aslo gunoh qilmaslik yoki gunohda davom qilmaslik, darhol tavba va istig‘for etish ma’nosidami, deya savol so‘raldi.

Bunday javob berdilar: «Maqsad ikkinchisidir. Chunki sodiq murid gunoh qilgach, darhol tavba va istig‘for qiladiki, gunohi tavbadan so‘ng o‘chiriladi. Natijada farishta yozadigan hech bir narsa topolmaydi. Chunki u, qul tavba va istig‘for aytar, deya kutadi. Agar banda pushaymon bo‘lib istig‘for aytsa, farishta ham o‘sha gunohni yozmaydi».

Yana shu narsa haqiqatki, ikki farishta qavliy va fe’liy gunohlarni yozadi. Gunoh qilgan kishi gunohini oshkor etib «men shu-shu gunohlarni qildim», desa farishta o‘shani yozadi. Bunga dalil ushbu oyati karimadir: «Holbuki, shak-shubhasiz, sizlarning ustingizda (qilgan har bir amalingizni) yod olib, yozib turguvchi ulug‘ (farishta)lar bordir. Ular sizlar qilayotgan ishlarni bilurlar» (Infitor surasi, 10-12-oyatlar). Biroq bilish yozish emas, buni ham bil.
Nom: Re: IBODAT VA ZIKR AHLIGA TAVSIYALAR. Imom Sha'roniy
Yuborildi: Laylo 19 Oktyabr 2007, 07:26:27
EY BIRODAR, ODOBNI MAHKAM USHLA!

Aytadilarki, odob bilan amal qilish fikri bo‘lmasa, kishining ilm talab etmog‘i durust emas. Odob dinning uchdan ikki bo‘lagidir.

Odob borasida ruxsatga amal qilgan kishi yetishgan joyidan orqaga qaytgan bo‘ladi.

*   Deydilarki, odobi yo‘qning shariati ham, imoni va tavhidi ham bo‘lmaydi.

*   Kim toat - itoatida odobga rioya etmasa, Rabbining rahmatidan mahrum qoladi.

*   Tarki adab dargohdan quvilishga bois bo‘ladi. O’tirgan o‘rnida odobsizlik qilgan tashqariga chiqarib tashlanadi, yana odobsizlik qilsa, hayvonlarni boqishga yuboriladi.

*   Allohning valiylari ulug‘ maqomga ko‘p amal bilan emas, balki odob va go‘zal axloq bilan yetishganlar. Bundan ham boxabar bo‘l, do‘stim!
Nom: Re: IBODAT VA ZIKR AHLIGA TAVSIYALAR. Imom Sha'roniy
Yuborildi: Laylo 19 Oktyabr 2007, 07:27:06
ALLOHNI ZIKR QILISHDAN G’OFIL BO’LMA!

Deydilarki, Allohni eslashni unutgan kimsa kufroni ne’mat qilgan bo‘ladi. Zikrdan g‘aflatda qolgan kimsa tariqatdan benasib yolg‘onchidir.

Aytishlaricha, orif bir-ikki nafasga zikrni tark etsa, Alloh bu kimsaga shaytonni hamroh qiladi. Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyat etadi: «Alloh taolo marhamat qiladi: «Men bandamning o‘yidaman. Meni zikr qilsa, men ham u bilan birgaman. Agar meni yolg‘iz holda zikr etsa, Men ham uni O’zim zikr qilaman. Meni jamoat ichida eslasa, Men uni yanada xayrli jamoatda eslayman». (Buxoriy. «Tavhid», 15-35. Muslim. «Zikr», 2,19,21).

Ibni Hibbonning rivoyatiga ko‘ra, Payg‘ambarimiz (s.a.v.) bunday marhamat qilganlar: «Allohni shunchalar ko‘p zikr qilingizki, sizni telba desinlar» («Al ihsan bitartibi Sahih IbniHibbon», II, 93-bet).
Nom: Re: IBODAT VA ZIKR AHLIGA TAVSIYALAR. Imom Sha'roniy
Yuborildi: Laylo 19 Oktyabr 2007, 07:27:20
Abu Dardo (r.a.) rivoyat qiladilar. Payg‘ambarimiz (s.a.v.): "Qilinajak amallaringizning eng xayrlisini, darajalaringizning eng ulug‘ini, eng toza (eng sof, eng to‘g‘ri, eng munosib), oltin va kumush sadaqa qilishdan-da molikingiz Alloh nazdida yaxshiroq va dushmaningiz bilan g‘oziy yoki shahid bo‘lishdan ham xayrli amal nima ekanini sizga xabar beraymi?" dedilar. "Ha, ayting", deyishdi, sahobalar.

"Alloh taoloni zikr etmoqdir", dedilar Ul zot (s.a.v.) (Termiziy "Daovot", 6; Muvatta. "Qur’on", 7; Ahmad V, 195, 239, VI. 447).

Tabaroniy rivoyat qilgan hadisi sharifda marhamat etiladi: "Jannat ahli, (bu dunyoda) Allohni zikr qilmasdan o‘tkazgan bir soat (vaqt) uchun xafa bo‘ladilar" (Munoviy. "Fayzul - Qodir" V, 390, 7701-hadis).

Yana Tabaroniy rivoyat qiladi: "Kim Allohni zikr etmasa, u (komil) imondan uzoqdir".
Nom: Re: IBODAT VA ZIKR AHLIGA TAVSIYALAR. Imom Sha'roniy
Yuborildi: Laylo 19 Oktyabr 2007, 07:27:37
"Allohni zikr qiluvchi bilan zikr qilmaydigan kishi tirik va o‘lik kabidir" (Buxoriy. "Daovot", 66; Muslim. "Musofirun" 211).

Alloh taolo marhamat qiladi: "Ey odam bolasi! Meni zikr etsang, shukr qilgan, Meni unutsang kufroni ne’mat qilgan bo‘lasan".

Aytadilarki, Allohni unutishning ikki boisi bor:
a)   Allohni tanimaslik yo Allohga shirk keltirish.
b)   Allohdan va Allohning yo‘lidan yuz o‘girish. Bu ikkisi ham nuqson sanaladi.

Termiziy rivoyatiga ko‘ra, Hazrati Payg‘ambarimiz (s.a.v.) bunday marhamat qilganlar: "Jannat bog‘lariga duch kelganingizda foydalanib qoling". Ashob so‘radi: "Yo Rasulalloh, jannat bog‘lari nima?". Marhamat qildilarki: "Zikr halqalaridir"
(Termiziy. "Daovot" 82; Ahmad, III, 150).
Nom: Re: IBODAT VA ZIKR AHLIGA TAVSIYALAR. Imom Sha'roniy
Yuborildi: Laylo 19 Oktyabr 2007, 07:28:05
Boshqa bir hadisda bunday marhamat qilinadi: "Kim bomdod namozini jamoat bilan o‘qib, so‘ng quyosh chiqqunga qadar Allohni zikr qilsa, undan keyin ikki rakat namoz o‘qisa, haj va umra savobini oladi". (Munziriy. "At-targ‘ibi vat-tarhib", I -jild, 258-259-betlar).

Bazzor bunday rivoyat qilgan. Hazrati Payg‘ambarimiz (s.a.v.) aytadilar: "G’ofillar orasida Allohni zikr qilgan - jangdan qochganlar orasidan chiqib, jangda (qolib. - Tarj.) sabr etganlar maqomidadir". (Munoviy. Ko‘rsatilgan asar. III. 558, 4310-hadis).

Bir majlisda o‘tirib Allohni zikr qilmay tarqalganlar eshak loshi (atrofi)dan turib tarqalgan kishilarga o‘xshaydi, (bu holat) qiyomat kuni ularning mahzunliklariga sabab bo‘ladi". (Munoviy. O’sha asar. V, 493, 8086-hadis).
Nom: Re: IBODAT VA ZIKR AHLIGA TAVSIYALAR. Imom Sha'roniy
Yuborildi: Laylo 19 Oktyabr 2007, 07:28:41
Ibni Shayba rivoyat qiladi. Hazrati Payg‘ambarimiz (s.a.v.) bunday deganlar: "Qalbining ikki xonasi bo‘lmagan hech bir odam yo‘q. Birisida farishta, ikkinchisida shayton (qo‘nim topgan. - Tarj.). Agar kishi Allohni zikr etsa, (shayton) yashirinadi (chiqib vasvasa berolmaydi), Allohni zikr etmasa, shayton tumshug‘ini uning qalbiga qo‘yadi va vasvasa beradi".

Ibni Hibbon rivoyat etadi. "Rasuli Akram (s.a.v.) bunday marhamat qilganlar: "Karam ahlidan bo‘lgan jamoat (kelajakda ularga ko‘rsatilajak lutfni) bilib oladilar". So‘raldiki: "Karam ahli kim?". Marhamat qilindi: "Zikr majlisidagi odam".

Rasululloh (s.a.v.) bunday marhamat etadilar: "Allohni zikr etuvchi bir jamoat bilan bomdod namozidan so‘ng quyosh chiqqunga qadar o‘tirmog‘im, menga Ismoil (a.s.) naslidan to‘rt asirni ozodlikka chiqarish savobidan sevimliroqdir" (AbuDovud. Ilm, 13).
Nom: Re: IBODAT VA ZIKR AHLIGA TAVSIYALAR. Imom Sha'roniy
Yuborildi: Laylo 19 Oktyabr 2007, 07:28:51
Ahmad ibn Hanbal rivoyatiga ko‘ra, Payg‘ambarimiz (s.a.v.) bunday marhamat qiladilar: "Zikr majlisining g‘animati (o‘ljasi, foydasi) jannatdir, jannatdir". (Ahmad. II, 177-190).

Shayx ul-Islom Izuddin ibn Abdussalom rahmatullohi alayh bunday deganlar: "Bu va bunga o‘xshash hadislar amr hisoblanadi. Chunki Alloh va Rasuli maqtagan amal, yo bir amalni bajarganni suygan yoxud dunyo va oxirat yaxshiligi va’da qilingan har bir amal buyurilgan demakdir. U vojib yo mandub bo‘lishi mumkin".

Zikrning fazilati haqida hadislar ko‘p. Ey birodar, buni ham bil!
Nom: Re: IBODAT VA ZIKR AHLIGA TAVSIYALAR. Imom Sha'roniy
Yuborildi: Laylo 19 Oktyabr 2007, 07:29:39
ZIKRDAN G’OFIL QOLMA!

Imom Sahl rahmatullohi alayh aytganlar: "Dinda istiqomat, siniq ko‘ngil ila Allohga qullik qiling, sihhatli bo‘lishni kutmangiz. Chunki sihhatli bo‘lishni kutish tanballikdir".

"Hikom" asarining muallifi Atoulloh Iskandariy rahmatullohi alayh deydilar: "Xushu-xuzu’ bilan zikr qilolmayapman deya zikrni tashlab qo‘yma! Chunki Allohning zikridan g‘ofil qolishing (zikr etmasliging), Allohni g‘aflat bilan bo‘lsa-da zikr qilganingdan yomonroqdir. Balki Alloh seni zikridan g‘ofillikdan zikr etishga, zikr etishdan xushu-xuzu’ ila zikr qilishga, Allohdan boshqa har narsadan uzoqlashib zikr qilishga yuksaltirishi mumkin". "Bu Allohga qiyin emas" (Ibrohim surasi, 20-oyat, Fotir surasi, 17-oyat mazmuni).

Ey birodar, buni ham bilib qo‘y!
Nom: Re: IBODAT VA ZIKR AHLIGA TAVSIYALAR. Imom Sha'roniy
Yuborildi: Laylo 19 Oktyabr 2007, 07:30:06
ZIKRNI TARK ETMA!

"Aniqki, Allohni zikr qilmoq (barcha narsadan) ulug‘roqdir"
(Ankabut surasi, 45-oyat).

Ustoz Abu Aliyyud - Daqqoq rahmatullohi alayh bunday deganlar: "Allohning zikri, dinga quvvat beruvchi rukndir. Zikr ibodatdir, mo‘min Alloh (roziligi)ga zikrda bardavomlik bilan yetishishi mumkin" (Alloh roziligi uchun ilm olish, namoz, Qur’on o‘qish zikrdir).

Shayx Abul Mavohibish - Shozaliy rahmatullohi alayh bunday deydilar: "Allohni zikr etish namoz kabi vaqtga bog‘liq emas. Zero, namozni ba’zi hollarda o‘qish joiz emas. Zikr hojatxonadan o‘zga har qanday joy va holda davom ettirilaveradi".
Nom: Re: IBODAT VA ZIKR AHLIGA TAVSIYALAR. Imom Sha'roniy
Yuborildi: Laylo 19 Oktyabr 2007, 07:30:33
"Jahriy zikr afzalmi, xufya qilingan zikrmi?" deya so‘rashdi. Men bunday deyman: tariqatga yangi kirgan kimsalar uchun jahriy zikr maqbulroqdir. Valoyat martabasidagi kishi uchun xufya zikr yaxshidir.

Yana aytibdilarki: "Murid uchun zikrning eng afzali "La ilaha illalloh" kalimasidir. Bu tavhid kalimasi qalbga muhrlangach "Alloh" zikri foydali bo‘ladi. Zero, bu o‘rinda eng maqbuli foydalisidir".

Kim Allohni davomli zikr etishga muvaffaq bo‘lsa, ilohiy farmonning haqqini ado qilgan hisoblanadi.

Zero, zikr Allohning do‘stligidir. Kim zikrdan uzoq tursa, do‘stlikdan ayrilgan sanaladi.

Buni ham bil!
Nom: Re: IBODAT VA ZIKR AHLIGA TAVSIYALAR. Imom Sha'roniy
Yuborildi: Laylo 19 Oktyabr 2007, 07:31:18
IBODATLAR ICHIDA ZIKR FATHDA ENG TEZKORIDIR

Ustozim Aliyyul Muridifiy rahmatullohi alayh aytgan edilar: "Shayxlar muridning qalbiga jilo berish borasida zikrda bardavom bo‘lishdek tez ta’sir qiluvchi bir doridan yaxshiroq dori topisholmadi. Qalbni jilolashda zikr misga jilo beruvchi qumni eslatadi. Zikrdan boshqalari esa misni jilolashda sovun qo‘llashga o‘xshaydi. Bu uzoq vaqtni talab etadi". Zikr yo‘liga kirgan kishi yaqinlik maqomiga yetishga intilgan qushdir. Zikr yo‘lidan boshqasini tanlagan esa sudralib yuruvchi kishiga o‘xshaydi. Ular umr bo‘yi sudralishda davom etadi, maqsad-manziliga yetishi mushkul bo‘ladi.

Mashoyixlar kechasi qilingan ibodat kunduzi bajarilgan ibodatdan yanada yaqinlashtirguvchi ekani borasida ijmo qilishgan. Va shunday deyishgan: "Quyosh botishidan tonggacha - namoz vaqti mustasno — Allohni zikr etmagan kimsa, tariqatdan hech narsani qo‘lga kirita olmaydi". Zikrdan quvvatli hol va ilohiy huzur ololmagan kimsaning yaxshilar majlisidan nasibasi yo‘qdir. Buni ham bil!
Nom: Re: IBODAT VA ZIKR AHLIGA TAVSIYALAR. Imom Sha'roniy
Yuborildi: Laylo 19 Oktyabr 2007, 07:31:57
ZIKRSIZ ILOHIY HUZURGA ERISHIB BO’LMAS

Ustozim Abu Madinit - Talmisoniy rahmatullohi alayh deydilar: "Zikrda bardavom kishining botini soflashadi. Botini soflashganni esa, Alloh huzurida qarori (o‘rni, mavqei. -Tarj.) bo‘ladi".

Bu gapning izohi quyidagicha: Shubhasiz, Alloh taolo huzuriga Undan haqiqiy ma’noda hayo qiluvchi yaqinlasha oladi. Kishining hayo etishi botinining tozalanishi va to‘siqning ko‘tarilishi ila bo‘ladi. Botinning tozalanishi va to‘siqning ko‘tarilishiga esa zikrda bardavom bo‘lish bilan erishiladi. Bu muridni (manzilga) tez suratda yetkazuvchi bir yo‘ldir.

Mashoyixi kiromning tilida ifoda etilgan "Allohning huzuri"dan maqsad - banda o‘zini Alloh hamisha ko‘rishini unutmasligidir.... Bu hol davom etar ekan, demak banda Alloh huzuridadir. Buni ana shunday bil!
Nom: Re: IBODAT VA ZIKR AHLIGA TAVSIYALAR. Imom Sha'roniy
Yuborildi: Laylo 19 Oktyabr 2007, 07:32:14
KASHF VA KOMIL IXLOS ZIKR BILANGINA HOSIL BO’LADI

Kashf ikki xildir: hissiy va xayoliy. (Hissiy) kashf qulning bir shaxsni yoki bir fe’lni (voqea-hodisani) ko‘rishi bilan ko‘zini yumishidir. Bu asnoda kashfi davom etayotgan bo‘lsa, bu xayoliy kashfdir. Agar ko‘zini yumgach kashfi tugasa, bilsinki, maxsus besh tuyg‘uga ilashib qolibdi. Kimning kashfi insonlar uylarining ichida bajaradigan narsalarga ochilgan bo‘lsa, bu kashf darhol tavba qilish vojib bo‘lgan shaytoniy kashfdir. Bu er-xotinning o‘zaro shar’iy munosabatlaridan ogoh bo‘lmoq (voqif bo‘lmoq, ko‘rmoq. - Tarj.) kabi. Zero, bu shaytondandir. Noshar’iy holatlarni Allohning bildirishi ogohlantirish uchun bo‘lgan kashfdirki, buni ahil kishigina ajratadi.

"Komilning kashfi bo‘lmas" so‘zlarining ma’nosi quyidagichadir: Komil har nafasida Rabbining amrlarini ado etish bilan banddir. Amrlar u kimsaning boshqa yoqqa chalg‘ishiga yo‘l qo‘ymaydi.

Komil ixlos faqatgina zikr bilan qo‘lga kiritiladi. Bu haqda risolalarda izoh berilgan. Zikr bilan mashg‘ul bo‘lgan qul fe’li (amali) uchun savob talab qilishdan, kibrdan, ujbdan va riyodan qutilib, komil ixlos yo‘liga qadam qo‘yadi. Buni ham bil!
Nom: Re: IBODAT VA ZIKR AHLIGA TAVSIYALAR. Imom Sha'roniy
Yuborildi: Laylo 19 Oktyabr 2007, 07:32:35
ALLOHNI ZIKR ETISHNI KO’PAYTIR!

Rasululloh (s.a.v.) aytadilar: "Alloh taoloni zikr etib o‘tirgan bir jamoatni albatta malaklar qurshab oladi: ularning ustlariga rahmat yog‘iladi va Alloh taolo ularni o‘z huzuridagilar bilan birga eslaydi".

Aytadilarki, rahmat yog‘iladigan joyning birinchisi zikr majlislaridir. Buni ham bil!
Nom: Re: IBODAT VA ZIKR AHLIGA TAVSIYALAR. Imom Sha'roniy
Yuborildi: Laylo 19 Oktyabr 2007, 07:33:09
ALLOH ZIKRI BILAN INSONDAGI G’AM KETADI

Dunyodagi g‘am-qayg‘u Alloh zikrini unutish miqdoricha bo‘ladi. Kim huzur-halovat, xotirjamlik va saodatning bardavom bo‘lishini xohlasa, Alloh zikrini ko‘paytirib, shu yo‘lda davom etsin. Kimga g‘am va tashvish peshma-pesh kelayotgan bo‘lsa, qul faqat o‘z nafsini ayblasin, bu uning Alloh zikrini unutganining bir jazosidir.

Buni yaxshi bilib ol!

Bilgilki, qalb qattiqligi, Allohni zikr etish bilan ketadi. Al-Hakim Abu Muhammad at-Termiziy rahmatullohi alayh bunday degan: "Allohni zikr etish, qalbni xotirjam qiladi va yumshatadi. Qalb zikrdan to‘xtasa, zikrsiz qolsa, nafs harorati va shahvat otashi alanga oladi, natijada qalb tosh qotadi, quriydi, a’zolar ham qalbga itoat etmay qoladi".

Buniham bil!
Nom: Re: IBODAT VA ZIKR AHLIGA TAVSIYALAR. Imom Sha'roniy
Yuborildi: Laylo 19 Oktyabr 2007, 07:33:46
Allohni doimiy zikr etish kibr, ujb, riyo, hasad, su’i zon, kin, hiyla, maqtanish sevgisi kabi botiniy xastaliklarni ketkazadi. Allohni har doim zikr qilish bilan botiniy vasvasalar ketadi. Shayton vasvasasi gunohlarga chorlaydi, nafs vasvasalari esa shahvatga yetaklaydi. Bu ikkisining orasidagi farq shunday: Nafs, sendan bir narsa xohlagach, biroz keyin bo‘lsa-da murodiga yetgunga qadar tinmay harakat qiladi, biroq (unga qarshi) mujohadaning davom etishi bilan haligi harakati davom etmay qoladi. Shayton esa, seni bir xatoga chaqirsa-yu, sen unga qarshi chiqsang, bu o‘tib ketadi, biroq u boshqa bir xatoga vasvasa qiladi. Chunki shayton uchun qarshi chiqishlarning hammasi bir. Vasvasaning ma’nosi qalblarga keluvchi xitobdir.

Bilginki, balo-ofatlar Allohni zikr etish orqali daf bo‘ladi. Imom Zinnun al-Misriy rahmatullohi alayh bunday deganlar: "Allohni zikr etuvchini Alloh taolo har balodan asraydi".

"Zikr muridlarning qilichidir. Ular jin va insonlardan bo‘lgan dushmanlarga qarshi zikr bilan jang qiladilar hamda boshqalarga keladigan ofatlarni zikr bilan daf etadilar", deyishgan ba’zilar.
Buyuk so‘fiylardan biri aytgan: "Balo, oralarida zikr ahli bor qavmga kelsa, ahli zikrdan boshqaga qarab ketadi".
Nom: Re: IBODAT VA ZIKR AHLIGA TAVSIYALAR. Imom Sha'roniy
Yuborildi: Laylo 19 Oktyabr 2007, 07:34:09
Zikr qalbiga o‘rnashgan mo‘minga, shayton yaqinlashganda aqldan ozadi. Bu xuddi shayton insonni yo‘ldan ozdirgani kabidir. Shaytonlar aqldan ozayotgan, bechorahol u shayton ustida to‘planishadi va: "Bunga nima bo‘ldi?" deya so‘rashadi. "Bu (shayton) zokirga yaqinlashgan edi, ana shunday zarbaga uchradi", deyiladi.

Ey birodar! Mana shu holatni bilib olganingdan keyin zikrni ko‘paytir. Chunki shaytonning ta’qibu qutqulari, vasvasalariga faqat zikr bilan monelik qilish mumkin.

Ustozim Shayx Afzaluddin rahmatullohi alayh bunday dedilar: "Shayton har birimizni ta’qib etadi. U doimo qul qalbining qarshisida turadi. Qul Allohni zikr qilsa, shayton uni tark etadi. Kimga bu kashf ayon bo‘lsa edi, Alloh zikridan g‘ofil qolishimiz bilan shayton bizni eshak qilib minganini, xohlaganday "o‘ynatganini", zikrga boshlasak uzoqlashganini ko‘rardi".

Ulug‘ so‘fiylar shu narsaga ijmo qilishgan: zikr g‘aybning kaliti, yaxshilikni chorlaguvchi, yolg‘izning do‘sti va xotirni jamlovchidir. Zikr zokir qalbiga o‘rnashsa, uning ruhiga Alloh muhabbati o‘rnashadi. Zikrning ma’lum vaqtga bog‘lanmaganligi (xohlagan paytda zikr qilish mumkinligi)ning o‘ziyoq zikrning sharafi buyukligiga kifoya qiladi.
Nom: Re: IBODAT VA ZIKR AHLIGA TAVSIYALAR. Imom Sha'roniy
Yuborildi: Laylo 19 Oktyabr 2007, 07:34:32
Yana shu xususda ijmo qilganlar: "Doim zikr qilolmayapman, deya zikrni tashlab qo‘yish durust emas. Buni ham bilib ol!

Zikr foydalarining chegarasi yo‘q. Zokir zikr tufayli Alloh taoloning sirlari va ilmlaridan bahra oladi. Chunki hech bir kimsa iznsiz ololmaydigan asror va ilmlarga oshnolik yo‘li, bu - qalbning zikr bilan hamrohligidir.

Zikrida Alloh bilan bo‘lganini iddao etuvchiga: "Senga Rabbing nima hadya etdi, nima berdi?" deb so‘raladi. Agar u: "Menga hech narsa bermadi", desa, biz unga shunday deymiz: "Demak, Uni zikr qilayotganingda xayoling boshqa yoqlarda bo‘lgan, sen zikr ahlidan emassan. Tezda seni xushu-xuzu’dan to‘suvchi to‘siqlarni olib tashlaydigan bir shayx topgin". Agar o‘ziga shunday bir ustoz topolmasa, unga yana bunday deymiz: "Allohni til bilan zikr etishni ko‘paytir, Haq taolo zikring bo‘lsin va zikring sahih bo‘lsin. Chunki Allohni haqiqatan zikr etish qulga Allohning sifatlarini mushohada ettiradi. Til bilan zikr etish Unga (yaqinlashtiruvchi. - Tarj.) bir vasiladir. Bu holat hosil bo‘lgach, til bilan zikrga ehtiyoj qolmaydi... Zero, til bilan zikr huzurdan boshqa joyda amalga oshiriladi. Buni ham bil. Shuni ham unutmaginki, bu eng ulug‘ ibodat sanalmish namozdan tashqaridagi zikrlarga oiddir. (Aslida namoz buyuk zikrdir. - Tarj).
Nom: Re: IBODAT VA ZIKR AHLIGA TAVSIYALAR. Imom Sha'roniy
Yuborildi: Laylo 19 Oktyabr 2007, 07:34:54
ZIKRGA BOSHQA NARSALARNI SHERIK QILMA!

Ulug‘ mutasavviflar murid zikrga qo‘shgan har narsa ozlik va ko‘pligiga ko‘ra sayri sulukning tezligini kamaytirishi va (nafs ustidan. - Tarj) fathni kechiktirishi xususida ham ittifoq qilganlar. Ular yana bunday deyishgan: "Shayx muridiga Allohni til bilan azm - shijoat va kuchli zikr qilishini buyurishi lozim. Muridda bu ko‘nikma hosil bo‘lgach, endi zikr payti til va dil birligiga ahamiyat berishini uqtirish kerak. "Zikr asnosida o‘zingni Rabbing huzurida turgandek tasavvur qil, zikr abadiy tarzda qalbingdan joy olib, zikr tufayli senda bir hol hosil bo‘lgunga qadar, barcha a’zolaring Allohdan g‘ofil qolishlikni qabul etmaydigan tom ma’nodagi zokir bo‘lmaguningcha zikrni tark etma, farzlar va muakkada (ta’kidlangan) sunnatlarni qanday bo‘lsa, shunday bajar (ularga qo‘shimcha qilma. - Tarj.), na Qur’on, na boshqa narsa o‘qish bilan mashg‘ul bo‘lma", deya so‘zlashi lozim.

Shubhasiz, bu Haq taoloning azamatini tanigan komillarning biridir. Shundan so‘ng muridga tadrijiy tarzda oz-ozdan och qolishini, bekorchi gaplar va uyquni kamaytirishini, insonlardan uzoqlashishni aytmog‘i kerak. Shubhasizki, bu jarayonda tavhid ila mashg‘ul bo‘lishi lozim, yo‘qsa, tavhid nuridan hosil bo‘lgan hamma narsani ovqatlanish va gaplashish zulmati so‘ndiradi. Bu holat tariqat arkonida o‘rnashgan bir xususdir...
Nom: Re: IBODAT VA ZIKR AHLIGA TAVSIYALAR. Imom Sha'roniy
Yuborildi: Laylo 19 Oktyabr 2007, 07:35:08
Haqiqiy shayxlar muridlarini shunday tarbiyalaydilarki, murid tana a’zolarini oshiqcha qiynab emas, balki tabiiy ravishda Alloh roziligiga erishadilar.

"Zikrni jahriy qilsin" so‘zining ma’nosi shuki, jahriy zikr boshqalar bilan birga bo‘lish (istak, kayfiyat. - Tarj) o‘zida ustun bo‘lgan kimsa uchun foydalidir. Agar xufyona va yumshoq bir tarzdagi zikr yuksalish, ilgariga siljishni ta’minlamayotgan bo‘lsa, jahriy zikr kerak. Jahriy zikr rifq (yumshoqlik, sokinlik) bilan bo‘lmog‘i kerak. Rifqsiz jahriy zikr to‘xtalishi maqsadga muvofiqdir.

"Kuchli" so‘zidan maqsad murid chin ixlos bilan zikr qilishi kerak, deganidir. Murid Rabbini kuchli va azm ila zikr qilgan payt tariqat maqomlari hech kechikmay, tez sur’atda bir-bir bosib o‘tiladi. Hatto boshqalar bir oyda va yanada ko‘proq vaqt ichida o‘tolmagan (yo‘l)ni bu murid bir soatda bosib o‘tadi.
Nom: Re: IBODAT VA ZIKR AHLIGA TAVSIYALAR. Imom Sha'roniy
Yuborildi: Laylo 19 Oktyabr 2007, 07:35:26
Ba’zilari aytadiki, murid vujudida hech bir bo‘shliq qolmaguncha, boshdan-oyoq barmoqlari ham titraydigan tarzda zikr etishi kerak. Bunga quyidagi oyati karima mazmuni dalildir: "So‘ngra shunday mo‘‘jizalarni ko‘rgandan keyin ham qalblaringiz qotdi. U qalblar toshlar kabidir. Hatto undanda qattiqroqdir, chunki shunday toshlar borki, ulardan daryolar otilib chiqadi, yana shunday toshlar borki, Allohdan qo‘rqqanidan pastga qulaydi. Alloh qilayotgan amallaringizdan g‘ofil emasdir" (Baqara surasi, 74-oyat).

Shunday toshlar borki, faqat kuch bilan sinadi. Zikr ham shunday kuchga ega. U kuchli bo‘lsagina ba’zi tosh qotgan qalblarga o‘z ta’sirini o‘tkazishi mumkin.

Zikr jamoat ichida bo‘lishi kerak. Chunki jamoat orasidagi zikr pardaning ko‘tarilishida ko‘proq yordam beradi.

Salaf va xalaf olimlar majlislarida va boshqa joylarda jamoat bilan birga risoladagidek qilingan zikrullohning mustahab ekani borasida ittifoqdirlar.
Nom: Re: IBODAT VA ZIKR AHLIGA TAVSIYALAR. Imom Sha'roniy
Yuborildi: Laylo 19 Oktyabr 2007, 07:35:50
Imom G’azzoliy insonning yolg‘iz o‘zi qilgan zikr bilan jamoat ichidagi zikrini tanho kishi aytgan azon bilan jamoat bilan aytgan azonga o‘xshatgan va bunday degan: "Muazzinlarning jam bo‘lib aytgan azon saslari-ning ta’siri yakka kishining aytgan azonidan kuchliroqdir. Jam bo‘lib aytilgan azon go‘yo havoni (osmonni) teshib ketadi. Alloh taolo qalblarni toshga o‘xshatganligidan ham ma’lum bo‘lmoqdaki, jamoat zikri qalbdagi g‘aflat pardasini olib tashlanishiga sabab bo‘ladi. Shu narsa haqiqatki, bir ulkan tosh ham ko‘pchilikning sa’y-harakati bilan yoriladi. Chunki jamoatning quvvati yakka shaxsning quvvatidan ustun bo‘ladi".

"La ilaha illalloh" tanho aytilgani yoki "Muhammadur-rasululloh" bilan aytilgani fazilatlimi? deb so‘ralsa, javob ushbudir: Soliklar zikrida afzali - qalblarda Alloh bilan birgalik holi hosil bo‘lgunga qadar faqat "La ilaha illalloh", shundan so‘ng "La ilaha illalloh, Muhammadur rasululloh" zikri yanada fazilatlidir.

Buning izohi bunday: "Muhammadur rasululloh" iqrordir. Iqror esa umrda bir marotaba ham kifoya. Tavhid kalimasining takroridan maqsad nafsning pardalaridan qutulish uchun dalilni ko‘paytirmoqdir. Zokir zikrga boshlamasdan oldin Alloh taoloning azamatini yodda tutishi kerak.
Nom: Re: IBODAT VA ZIKR AHLIGA TAVSIYALAR. Imom Sha'roniy
Yuborildi: Laylo 19 Oktyabr 2007, 07:36:18
Shayx Abubakr al-Kanoniy rahmatullohi alayh aytganlar: "Banda zikr etarkan, Allohni ulug‘lashi zikrning odob va shartlaridan sanaladi. Uni ulug‘lamagan kimsa zikrdan foyda ko‘rolmaydi".

Shuningdek, yana bunday deganlar: "Allohga qasamki, Alloh taolo O’zini zikr etishni farz qilmaganda, Uni zikr etishdan oldin men kabi bir qul, ming bor tavba qilgan holda og‘zimni yuvmay Uni zikr etishga jur’at qilolmagan bo‘lardim".

Mashoyixi kirom, yigirmaga yaqin zikr odobiga rioya qilmagan kimsaning zikri foydasiz, fayz-barokotdan uzoq ekani borasida ittifoqdirlar.

Zikr boshlamasdan avval har xil so‘zlardan tavba qilmoq, zikrdan so‘ngra shukrni ko‘paytirmoq, zikr tugashi bilan ichimlik ichmaslik, xalq haqlarining sayri sulukka yordam beradigan miqdori bilangina mashg‘ul bo‘lmoq zikrning odoblaridandir.
Alloh taolo zikrida, shukrida bardavom bo‘lmoqni nasibi ro‘zi aylasin.
Nom: Re: IBODAT VA ZIKR AHLIGA TAVSIYALAR. Imom Sha'roniy
Yuborildi: Laylo 19 Oktyabr 2007, 07:37:20
Hikmat tomchilari

Islom dini yalqovlikni qoralaydi. Din ishlarida ham, dunyo ishlarida ham tanballikka yo‘l qo‘ymaslikka chaqiradi. Oxirat uchun ham, dunyo hayoti uchun ham halol ishlashga undaydi. Alloh taologa maqbul va mahbub bir shaklda yashash va ishlashga targ‘ib qiladi.

* * *

Insoniylik islomiyat bilangina komil va to‘liq bo‘ladi. Islomiyatdan mahrum odamiylik komillikdan juda yiroq bo‘lgan bir noqislikdir.

* * *

Salafi solihinlarni ko‘zga ilmaydigan, hurmatini joyiga qo‘ymaydigan, odob saqlamaydigan kimsalarning hayotida taqvo yo‘qdir. Zero, taqvo bo‘lmagan joyda odob, hurmat, rahmat bo‘lmaydi.

* * *

Musulmonning qalbi marhamat bilan to‘la bo‘lishi lozim. Musulmonning qalbida imon nuri bor. Imon nuri bor joyda rahm-shafqat, hurmat-izzat bo‘ladi.

* * *

Musulmon kishi birovga zulm qilmaydi, hech kimni aldamaydi. Musulmon kishi xiyonat va o‘g‘rilik qilmaydi. Musulmon hech kimsaning moliga, joniga, nomusiga ko‘z tikmaydi. Musulmon birovga nohaqlik qilmaydi; birov haqqini su’iiste’mol etmaydi. Musulmon musulmonga yordamchidir.
Nom: Re: IBODAT VA ZIKR AHLIGA TAVSIYALAR. Imom Sha'roniy
Yuborildi: Laylo 19 Oktyabr 2007, 07:38:53
«Dunyoni ko‘r, sayr qil, ichiga kir, ammo dunyo sening ichingga kirmasin».

* * *

Islomiy vujuddagi har bir a’zoning o‘z vazifasi bor. Axir g‘oyamiz Alloh subhanahu va taoloning roziligi, islomiyatga, insoniyatga xizmat emasmi? Ana shunday ezgu o‘y-tushunchalar bilan yo‘lga chiqish naqadar a’lo! Hamma o‘ziga bino qo‘yib, boshqalarni yomonlayversa, ahil-inoqlik o‘rniga tafriqa, tarqoqlik yuzaga keladi.

* * *

Tasavvuf - taqvo bilan amal etish demakdir. Tasavvuf ahlining qalbi riyo, ujb, kibr, hasad va butun yomon xislatlardan xoli, tozadir. Mutasavvif o‘z ibodatiga, Allohga bo‘lgan sevgisiga teskari kelmagan dunyodan yuz o‘girmaydi. U ibodat payti ibodatini ado etadi, avrod payti avrod o‘qish bilan mashg‘ul bo‘ladi, ish paytida esa ishlaydi. Ishlashdan maqsad shon-shuhrat, mansab, mavqe, boylik emas, balki insonlarga xizmat etish, ommaga foyda keltirishdir. Chunki omma manfaatini o‘ylash ham bir ibodatga kiradi.
Nom: Re: IBODAT VA ZIKR AHLIGA TAVSIYALAR. Imom Sha'roniy
Yuborildi: Laylo 19 Oktyabr 2007, 07:55:44
MUNDARIJA

Tavbada sobit bo’l! (http://forum.ziyouz.com/index.php?topic=1741.msg80896#msg80896)
Yuksak maqomlar istagi bilan mubohlarni tark et! (http://forum.ziyouz.com/index.php?topic=1741.msg80906#msg80906)
Eng kichik riyodan ham saqlan! (http://forum.ziyouz.com/index.php?topic=1741.msg80912#msg80912)
Yaratiqlarga ozor berishdan ehtiyot bo’l! (http://forum.ziyouz.com/index.php?topic=1741.msg80922#msg80922)
Halol bo’lmagan ovqatdan o’zingni tiy! (http://forum.ziyouz.com/index.php?topic=1741.msg80925#msg80925)
Tabiiy tortinchoq bo’lma! (http://forum.ziyouz.com/index.php?topic=1741.msg80931#msg80931)
Aldaguvchi kasbdan (tirikchilikdan) saqlan! (http://forum.ziyouz.com/index.php?topic=1741.msg80933#msg80933)
Nafsing bilan kurash! (http://forum.ziyouz.com/index.php?topic=1741.msg80940#msg80940)
Kuching yetguncha uyquni ozaytir! (http://forum.ziyouz.com/index.php?topic=1741.msg80946#msg80946)
Uzlatning mohiyati (http://forum.ziyouz.com/index.php?topic=1741.msg80949#msg80949)
Shar’iy zaruratdan boshqa payt jim tur (http://forum.ziyouz.com/index.php?topic=1741.msg80952#msg80952)
Tungi namozni tark etma! (http://forum.ziyouz.com/index.php?topic=1741.msg80955#msg80955)
Tahajjud (tungi) namozni uyingda o’qi (http://forum.ziyouz.com/index.php?topic=1741.msg80959#msg80959)
Tahajjudni kechaning ilk yarmi tugagandan so’ng boshla! (http://forum.ziyouz.com/index.php?topic=1741.msg80961#msg80961)
Jamoat bilan namoz o’qishni tark etma! (http://forum.ziyouz.com/index.php?topic=1741.msg80963#msg80963)
Qullarga nohaqlik qilishdan saqlan! (http://forum.ziyouz.com/index.php?topic=1741.msg80965#msg80965)
Sharaflar mollardan ahamiyatlidir (http://forum.ziyouz.com/index.php?topic=1741.msg80967#msg80967)
Qur’oni karimga ergashib istig’forni ko’paytir! (http://forum.ziyouz.com/index.php?topic=1741.msg80968#msg80968)
Hayoli bo’l! (http://forum.ziyouz.com/index.php?topic=1741.msg80972#msg80972)
Ey birodar, odobni mahkam ushla! (http://forum.ziyouz.com/index.php?topic=1741.msg80975#msg80975)
Allohni zikr qilishdan g’ofil bo’lma! (http://forum.ziyouz.com/index.php?topic=1741.msg80976#msg80976)
Zikrni tark etma! (http://forum.ziyouz.com/index.php?topic=1741.msg80983#msg80983)
Ibodatlar ichida zikr fathda eng tezkoridir (http://forum.ziyouz.com/index.php?topic=1741.msg80987#msg80987)
Zikrsiz ilohiy huzurga erishib bo’lmas (http://forum.ziyouz.com/index.php?topic=1741.msg80989#msg80989)
Kashf va komil ixlos zikr bilangina hosil bo’ladi (http://forum.ziyouz.com/index.php?topic=1741.msg80990#msg80990)
Allohni zikr etishni ko’paytir! (http://forum.ziyouz.com/index.php?topic=1741.msg80991#msg80991)
Zikrga boshqa narsalarni sherik qilma! (http://forum.ziyouz.com/index.php?topic=1741.msg80997#msg80997)
Hikmat tomchilari (http://forum.ziyouz.com/index.php?topic=1741.msg81003#msg81003)
Nom: Re: IBODAT VA ZIKR AHLIGA TAVSIYALAR. Imom Sha'roniy
Yuborildi: AbdulAziz 02 Dekabr 2007, 02:21:42
Ibodat va zikr ahliga tavsiyalar

(http://www.ziyouz.com/images/books/ibodat_va_zikr.jpg) (http://www.ziyouz.com/index.php?option=com_remository&Itemid=57&func=fileinfo&id=73)

Muallif: Imom Sha'roniy

Hajmi: 120 Kb
Fayl tipi: PDF

Saqlab olish (http://www.ziyouz.com/index.php?option=com_remository&Itemid=57&func=fileinfo&id=73)

Online o'qish (http://forum.ziyouz.com/index.php?topic=1741.0)