forum.ziyouz.com

Ilm va ziyo => Ma'rifat => She'riyat => Mavzu boshlandi: shoir 03 Noyabr 2007, 15:16:44

Nom: Guljamol Asqarova she'rlaridan
Yuborildi: shoir 03 Noyabr 2007, 15:16:44
MENI KECHIR

Kechir seni asray olmadim,
Balolardan, zimistonlardan.
Hayotingga farishta bo’lib
Kirolmadim, meni kechirgil!

Kechir, seni sevdimu lekin,
Bir tumordek asray olmadim.
"œTo o’lguncha sevasanmi" deb
So’rolmadim, meni kechirgil!

Sengacha yo’l bir qadam edi,
Seni izlab kezdim dunyoni.
Lekin o’sha bitta qadamni,
Yurolmadim, meni kechirgil!

Qo’llaringni qo’llarim topdi,
Ko’zlaringni ko’rdi ko’zlarim.
Ammo qalbing yaralarini
Ko’rolmadim... Meni kechirgil.!

Men ishqingda ne bo’lsam bo’ldim
Holim xarob adolar bo’ldim.
Faqat senga bitta ko’zmunchoq,
Bo’lolmadim, meni kechirgil!

Mana bugun keldim, qoshingga,
Sahrolarni kezib sarsari.
Eng so’nggi dam seni bir ko’rmay,
O‘lolmadim... Meni kechirgil!

O‘lolmayapman. Meni kechirgil
Hayotingga farishta bo’lib
Kirolmadim, meni kechirgil.
Nom: Re: Guljamol Asqarova she'rlaridan
Yuborildi: shoir 03 Noyabr 2007, 15:17:01
* * *

Ey ko’ngil, bunchalar g’am seli qaydan,
Daraxtlar gullagan shunday go’zal dam.
Gullagan bog’larda xazonga ne bor?
Bahorda ham baxtsiz bo’larmi odam?

Ey yor, sizga berdim gulgun faslimni,
Ey yor sizga berdim, ko’nglim-aslimni.
Bahorning bog’lari kuzga taslimmi,
Gullamoq chog’ida so’larmi odam?

Men endi begona, meni qo’yingiz,
Boqsam ko’zlarimga sig’mas bo’yingiz,
Bir kun o’ldirmasa edi ko’yingiz,
Diydor uchun jonin to’larmi odam?

Ey yor, poyingizga to’kilmish baytim,
Ming yilki, ko’rmadim ko’zimga qayting,
Ovvora bo’lmasin...ajalga ayting,
SIZni bir ko’rmasdan... o’larmi odam?
Nom: Re: Guljamol Asqarova she'rlaridan
Yuborildi: shoir 03 Noyabr 2007, 15:17:20
MENSIZ

Mensiz ham hayoting chiroyli edi,
Men bilan bo’ldi u yana chiroyli.
Va yana mensizsan lekin baribir,
Kunlaring quyoshli, tunlaring oyli.

Men sensiz baxtlarning ismin unutdim,
Sensizlik... toabad zulmatdir taqdir.
Ne uchun mensiz ham yashnayverasan,
Nega mensiz baxtsiz emassan axir?

Sensizlik qalbimni ketmish pichoqlab,
O, sening kuylaring hamon avjida.
Men sensiz Xudodan ketdim uzoqlab,
Sen esa Xudoga yaqinsan juda.
Nom: Re: Guljamol Asqarova she'rlaridan
Yuborildi: shoir 03 Noyabr 2007, 15:17:28
SIZGA

Sizning borligingiz naqadar yaxshi,
Dunyoda gullarning borligi kabi...
Sizning borligingiz naqadar yaxshi,
Yashil maysalarning ovozi yanglig’.

Sizning borligingiz naqadar yaxshi,
Muqaddas so’zlarning mavjudligidek...
Sizning borligingiz naqadar yaxshi,
Samimiy qo’llarning ehtiromidek.

Sizning borligingiz... Bu go’zal ma’no,
Osmon kabi ulkan, osmon kabi keng.
Sizning borligingiz naqadar yaxshi,
Dunyoda borligi kabi XUDOning!!!
Nom: Re: Guljamol Asqarova she'rlaridan
Yuborildi: shoir 03 Noyabr 2007, 15:17:35
***

Men bir kun o’lganimda
Yorimni bir ko’ray deb,
Ochiq qolgan ko’zimni
Yumib qo’ysinlar, dedim.

Men bir kun o’lganimda
Esiz-a, esiz joni,
Deya mahzun xayolga
Cho’mib qo’ysinlar, dedim.

Yorijonim vasling deb
Men bir kun o’lganimda
Ostonangga boshimni
Ko’mib qo’ysinlar, dedim.
Nom: Re: Guljamol Asqarova she'rlaridan
Yuborildi: shoir 03 Noyabr 2007, 15:17:45
XAVOTIR

Endi baxtli bo’larmikanmiz,
Dilda yana qayg’ular, g’amlar.
Endi baxtga kechikkandaymiz,
So’ngandayin biz yoqqan shamlar.

Biz deb kuygan fasllar o’tdi,
O‘tdi bizni o’pgan sabolar.
Tark etgandek ishq shivirlari,
Dilda tag’in g’amgin navolar.

Bir paytlar, ey oshiq yigit,
Aytar eding:
—Hayotimga kir!
Oldda meni kutyapti baxt deb,
Seni tashlab ketgandim, kechir!

Juda baxtli bo’lgim kelyapti,
Ko’zimdan yosh quyilar kulsam.
Nima gunoh axir menda ham,
Saroblarga ishongan bo’lsam.

Bugun shundoq bir g’arib holman,
Yurak to’la qayg’uday, ohday.
Ne qilarim bilmayin lolman,
Oltinlari mis chiqqan shohday.
Nom: Re: Guljamol Asqarova she'rlaridan
Yuborildi: shoir 03 Noyabr 2007, 15:17:57
E’TIROF

Yuragimda tinchim yo’q,
Dunyodan ilinjim yo’q.
Xudodan o’tinchim yo’q,
Sizga qolgan kunim bor.

Rangim somon, azizim,
Bu ne zamon, azizim?
Holim yomon, azizim,
Sizga qolgan kunim bor.

Tig’lar zanglar ko’ksimda,
G’ubor, changlar ko’ksimda,
Mudom janglar ko’ksimda,
Sizga qolgan kunim bor.

Sizmi boshimda tojim,
Ishqim — dunyoga bojim.
Boru yo’q ehtiyojim,
Sizga qolgan kunim bor.

Ruhim bor nur, ziyoda,
Bugun qayg’um ziyoda.
Hech narsam yo’q dunyoda,
Sizga qolgan kunim bor.
Nom: Re: Guljamol Asqarova she'rlaridan
Yuborildi: shoir 03 Noyabr 2007, 15:18:05
***

Kuyarmish ko’rgan ko’ngil,
Ishqqa yuz burgan ko’ngil,
Yoshlikda bergan ko’ngil,
Yomon bo’lar deydilar.

Yillar qoqsalar changing,
Ketkazarmidir zanging.
Sevganingda ol ranging
Somon bo’lar deydilar.

Ko’ksida bo’lsa boshing,
To’kilmasa ko’z yoshing.
Vasl onlarinda qoshing,
Kamon bo’lar, deydilar.

Holim g’am siyohinda,
Unsam har giyohinda,
Boshing yor oyog’inda
Omon bo’lar, deydilar.

Ishq yo’linda g’am cheksang,
Hajrinda cho’ksang, cho’ksang.
Ko’z yoshlaring yuzingda
Ravon bo’lar, deydilar.

Ikki dunyo yo’q visol,
Visoling menga zavol.
Yorni ko’rsa Guljamol,
Tamom bo’lar, deydilar.
Nom: Re: Guljamol Asqarova she'rlaridan
Yuborildi: shoir 03 Noyabr 2007, 15:18:22
OSHIQ XAYOLI

Men dunyoni ishqim bilan zabt etsaydim,
Oshiqlarning oyoq gardiga yetsaydim.
Dunyosiga xayr-hushlar aytib keyin
Tuproq bilan oshno bo’lgali ketsaydim.

Taxtim baland bo’lsa shohlar taxtidan ham,
Baxtim go’zal bo’lsa hurlar baxtidan ham.
Ishq shahrida malikalar tojin kiyib,
Yor bag’riga oyday to’lgali ketsaydim.

Nedin axir ruhimdagi xavotirlar,
Siz qaydasiz ertakdagi bahodirlar?
Necha yilki, dunyo dilim ma’yus qildi,
Endi baxtdan xushnud kulgali ketsaydim.

Gulman dedim, yor, bag’ringda yashnatmading,
Bir lahza ham obodlikda yashatmading.
Sening aziz diydoringni ko’rarman deb,
Ostonangda gulday so’lgali ketsaydim.

Bir bor to’lsa ko’zlarimga bu qomatlar,
Keyin mayli bo’lib ketsa qiyomatlar.
Ne bo’lsa ham yor, ko’ksinga boshim qo’yib,
Vasling ko’rib, sarxush o’lgali ketsaydim,

Yor bag’riga oyday to’lgali ketsaydim.
Nom: Re: Guljamol Asqarova she'rlaridan
Yuborildi: shoir 03 Noyabr 2007, 15:18:34
SO‘NGGI SO‘Z

Men sizni bezovta qilmasman ortiq,
Bildim, bo’g’zingizga keldi malolim.
Ammo men netayki ishqisiz dunyoda,
Mudom bo’yningizda qolmish zavolim.

Yodingizga yodim maloli kelmish,
Ko’zingiz zerikkan, mendan, bilaman.
Go’zal tuyg’ularim xo’rlangan joyda,
Men Nima qilaman?

Yig’lab chorlamasman ilojin topsam,
Endi ko’zingizda otmas tonglarim.
Nurdan tuproqqacha sirli dunyoda,
Men Sizni angladim.

Nur izlab kelgandim dunyoingizga,
Zulmatlar darchasin yopolmadim hech.
Ayriliq ranglari to’lgan dunyoda,
Men yashil rangimni topolmadim hech.

Xayr, men - o’ziga begona odam,
Sizga ham qadrdon bo’lmog’im qiyin.
Mabodo sog’inib qolsangiz agar,
Qo’ng’iroq qilarman...
Ming yildan keyin.
Nom: Re: Guljamol Asqarova she'rlaridan
Yuborildi: shoir 03 Noyabr 2007, 15:18:46
***

San o’zing do’stijonim,
Ham o’zing qasdi jonim.
Senga g’am tutsa sinsin,
Dunyoning dasti, jonim.

Qancha jabr yetkazding,
Oncha sabr yetkazdi.
Jannatlardan ko’rindi,
Bo’yingni basti, jonim.

Ko’zlaringda o’lmasam,
So’zlaring deb o’lmasam.
Bo’larmidir ko’zlaring,
Ko’zimning masti, jonim.

Chorlamading, kelmadim,
Hech bilmadim, bilmadim.
Poylaringda bul qadrim,
Xazonmi, xasmi, jonim.

Derlar: chin ishq nuramas,
Oshiq qadr so’ramas.
Lekn beqadr dunyongda,
Dilni g’am bosdi, jonim.

Ne g’amlarni ko’rdim-ku,
Alamlarni ko’rdim-ku,
Chikora endi dunning,
Balandu pasti, jonim.

Qonlaringda oqmasam,
Jonlaringni yoqmasam.
Dunyolarni yoqarman
Gapimning rosti, jonim.
Nom: Re: Guljamol Asqarova she'rlaridan
Yuborildi: shoir 03 Noyabr 2007, 15:18:57
QAHRLI GUL

Yaxshi bo’ldi — sendan ayrildim,
Ketmog’im chun topib berding yo’l.
Bu dunyoda seni topdim, deb,
Yo’qotibman o’zimni butkul.

Yaxshi bo’ldi, yechildi bugun,
Oyog’imdan bu zanjir, bu g’ul.
Ikki dunyo seni shohim deb,
Qul qilibman o’zimni butkul.

Yaxshi bo’ldi, yomon bo’lsa ham,
Yuragimni ezsa ham darding.
Men aqlini topgan telbaday,
Poylaringdan boshim ko’tardim.

Kechir, ozor berib mehrim-la,
Zeriktirdim, men - sodda, men-go’l.
Bu dunyoda seni borsan deb,
Boshqalardan kechibman butkul.

Xudoyimning jazosi qutlug’!
Sendan ketdim, ey qahrli gul.
Shukr, shukr seni yod etib,
Unutmabman Xudoni butkul.

Shuning chun ham omon bo’l endi,
Men bariga silkib qo’ydim qo’l.
Angladimki, seni yo’qotsam.
Xudoyimni topaman butkul!

Endi xayr, endi alvido!
Bari ro’yo, bari sarob, kul.
Dargohingga sig’maganimday,
Yuragimga sig’massan butkul.

Men mehrmand, telba go’dakdek,
Ko’z yoshimga yomon toyrildim.
Yaxshi edi... seni topganim,
Yaxshi bo’ldi...Sendan ayrildim.
Nom: Re: Guljamol Asqarova she'rlaridan
Yuborildi: shoir 03 Noyabr 2007, 15:19:12
QAHRATON

Nima bo’ldi, nimalar bo’ldi,
Ikki yonga ketdik ayrilib.
Ketarkanman qaragim keldi,
So’ng bora ortimga qayrilib.

Qaramadim, qaray olmadim,
Egsam hamki bu mag’rur boshni.
Hech ko’rsatgim kelmadi Sizga,
Ko’zlarimga to’lgan ko’z yoshni.

Men mehrlar bergandim Sizga,
Yonib yoniq otash mehrlar.
Bugun mening qo’rlarim so’ngan
Bugun Sizni kimlar sehrlar.

Ma’yuslanib qolasiz, nogoh,
Nafratmidir ko’ksimda o’sgan?
Zor bo’lasiz bir kun, baribir,
Jannatlarda topilmas qisga.

Kimdan xato o’tdi-bilmadim,
Siz hanuz jim, men hamon jimman.
Qahratonli bir sovuq kunda,
Xudo bir o’t olar ko’ksimdan.

"œQaytarib ber mehringni" deysiz,
Bilmaysiz, qalb g’amdan tolganin.
Pichirlayman sovuq, xotirjam:
"œBanda bermas Xudo olganin".
Nom: Re: Guljamol Asqarova she'rlaridan
Yuborildi: shoir 03 Noyabr 2007, 15:19:23
YOMG’IRLI KUN

Meni kuzatasan yomg’irlar bilan,
Iloyo oftoblar kuzatsin seni.
Ketyapman dardingni tuzata olmay,
Endi duolarim tuzatsin seni.

Mana ketayapman shu so’zni aytib,
Ufqlarga sachrab dilimning rangi.
Meni ta’qib etar qiyomatgacha,
Yomg’ir shiviriyu isming jarangi.

Menam darvesh edim, ey Mashrab bobo,
Bugun jonga tegdi kuloh-janda ham.
Mening ko’zlarimdan yosh tinmaganday,
Yomg’irlar tinmabdi Samarqandda ham.

Endi xayr emas, alvido, do’stim,
Ranjima sog’inchlar ezgan bag’irdan.
Sen — kuzda adashib qolgan bahorsan,
Men yozda adashib yoqqan yomg’irman.

Sen sira kuyinma bori ayb menda,
Yo’llar yuragingga boshladi meni.
Toshkentga kelgandim, gunohkorsan, deb,
Yomg’irlar savalab tashladi meni.

Endi kuzaytmaysan yomg’irlar bilan.
Nom: Re: Guljamol Asqarova she'rlaridan
Yuborildi: shoir 03 Noyabr 2007, 15:19:35
MAKTUB

Ey do’st, hayotingdan ketmasam bo’lmas,
Men shunday javobi yo’q bir savolman.
Sochdan tirnog’ingga qarab angladim,
Sochimdan tirnog’im qadar malolman.

Seni unutsaydim tonglar otguncha,
Seni unutsaydim oylar botguncha,
Qiliching ozorin sevibman buncha,
O‘zimning jonimga o’zim zavolman.

Yuzimga dog’ tushdi ko’kdagi oydan,
Dilga g’amlar keldi sen borki joydan,
Ko’ksim yaralandi sen otgan yoydan,
Sening qo’llaringda sen deb uvolman.

Diling qudug’iga bog’lab sol meni,
Xolim shundoq zabun, xasta hol meni.
Poyingda toptaldim... yerdan ol meni,
Sochingni sog’inib yotgan ro’molman.

Garchi ko’ksing aro to’kildim, to’ldim,
Mehring ayyomida yig’ladim-kuldim,
Qumdan ko’za yasab ovvora bo’ldim,
Loyi hech pishmagan noshud kulolman.

Mehringni qizg’anma yo’llarimga soch,
Ey mehribon jallod, boshimdagi toj,
Gadolar tilansa eshigingni och,
Poyingga bosh urib o’tgan shamolman.

Endi yurmagayman toshga dil yorib,
Xazonday sarg’ayib, g’aribdan g’arib,
Qiyomat kunida qoshingga borib,
Sekin shivirlayman: Men Guljamolman!!!
Nom: Re: Guljamol Asqarova she'rlaridan
Yuborildi: shoir 03 Noyabr 2007, 15:19:44
BAXT DASTXATI

Umidlandim, ko’p umidlandim:
Manglayda baxt dastxati bordir.
Sendan ayrildim-ku bunda ham
Xudoyimning hikmati bordir.

Topganim ham bejizga emas,
Hikmat tuydim yo’qotganim dam.
Men sendan o’zimni topibman,
Ey o’zini topmagan odam.

Seni topib, topdim o’zimni,
Garchi bag’rim, yuragim yaro.
Axir umrim yig’layotibdi,
Yo’qotishlar-topishlar aro.

Bir hikmatni angladim, yetdim,
Bejizga hech kirmamish tikan.
Topganim bu — yo’qotganimdir,
Yo’qotganim topganim ekan.

"œDiydor endi qiyomatgami?"
Dilga shunday qayg’ular keldi.
Topganimda yig’layman ma’yus,
Jilmayaman yo’qotsam endi.
Nom: Re: Guljamol Asqarova she'rlaridan
Yuborildi: shoir 03 Noyabr 2007, 15:19:57
BEVAFO DO‘ST

Sochimdan tirnog’im qadar sevildim,
Olovdan tuprog’im qadar sevildim.
Bir yorug’ yuz izlab dunyolar kezdim,
Ey xudo, yuzingdek yuzni topmadim.

Har kim muhabbatga har yo’ldan borar,
Kim arqondan borar, kim qildan borar.
Ishqni o’yin bilgan yigit ko’rdimu,
Ishq deb yig’lamagan qizni topmadim.

Menam yaxshi shoir bo’laman chog’i,
Senga she’r yozolmay o’laman chog’i.
Onajon, sen mendan og’rinma sira,
Ta’rifingga arzir so’zni topmadim.

Tunlarim yonadi: Seni bir ko’rsam,
Kunlarim yonadi: Seni bir ko’rsam.
Yorni ko’rganida vasl zavqindan,
Yulduzdek porlamas ko’zni topmadim.

Kecha yuragimga nurdek to’lgan do’st,
Bugun qarg’alarga oshno bo’lgan do’st,
Bag’rimni ming bora paypaslab ko’rdim,
Negadir... negadir... Sizni topmadim.
Nom: Re: Guljamol Asqarova she'rlaridan
Yuborildi: shoir 03 Noyabr 2007, 15:20:07
EY XUDOYIM!

Maysalarning ishi yo’qmi ildiz bilan,
Osmonning hech ishi yo’qmi yulduz bilan.
Ey Xudoyim, meni nega unutgansan
Yolg’izning hech ishi yo’qmi yolg’iz bilan?

Meni sev, deb bo’ylarida o’ltiribman,
Telba bo’lib ko’ylarida o’ltiribman.
Tashnasiga bir qultum suv bermaydi u
Ariqning hech ishi yo’qmi yalpiz bilan?

Uni sevdim, tomirga qon sig’may sevdim,
Uni sevdim, jismimga jon sig’may sevdim.
Ey Xudoyim, buncha ozdir uning ishqi,
Jilg’alarni tenglashtirma dengiz bilan.

O‘n beshi tun, o’n beshi kuning yorug’ bo’lar,
Aytdilarki:
-Endi darding forig’ bo’lar.
O‘n byoshidan o’n besh mingi o’tib ketdi,
Ko’zlarim hech uchrashmadi kunduz bilan.

G’arib dunyo g’arib shonin qig’zonadi,
Qizg’anch dunyo burda nonin qizg’onadi.
Ey Xudoyim, dunyoingga aytib qo’ygil
Mehmonman-ku, siylasin-da non-tuz bilan.

Kuylab-kuylab yuragimni yaro qildim,
Yashab-yashab yuzlarimni qaro qildim,
Ey Xudoyim, bosh ko’tarmay ketarman men
Axir senga yuzlasharman qay yuz bilan?

Maysalarning ishi yo’qmi ildiz bilan,
Osmonning hech ishi yo’qmi yulduz bilan.
Ey Xudoyim, nahot meni  unutgansan
Yolg’izning hech ishi yo’qmi yolg’iz bilan?
Nom: Re: Guljamol Asqarova she'rlaridan
Yuborildi: shoir 03 Noyabr 2007, 15:20:15
DUO

Mendan ketgan, yigit alvido!
Olmadingiz mendan ishq darsin.
Xudo dedim! Siz men deb kuying,
Sochlaringiz men deb oqarsin.

Ko’zingizga g’am bo’lib cho’kay,
Men o’g’irlay tunlar xobingiz.
Ko’ksingizga o’qday sanchilay,
O‘zim bo’lay iztirobingiz.

Garchi bugun ketdingiz tashlab,
Garchi siz deb chekyapman alam.
Ammo biling siz ham ko’ksimda,
Bir lahzaga yonib o’chgan sham.

Men o’zimni ovutib dedim:
-Bir shu’laga shuncha g’am nechun?
Qiyomatda jazo bor axir,
Guljamoldan kechganlar uchun.

Ko’ksimdagi gullar, alvido!
Nolalarim Tangrimga borsin.
Ikki dunyo siz men deb kuying,
Sochlaringiz men deb oqarsin.
Nom: Re: Guljamol Asqarova she'rlaridan
Yuborildi: shoir 03 Noyabr 2007, 15:20:23
VIDO

...Va nihoyat ko’nglimni uzdim,
Oshiqlardek ma’yus, dilafgor.
Sendan kelgan ozorlig’ nadur,
Men o’zimdan bezorman, bezor.

Ishqqa tashna ma’yus qiz edim,
Yuragimga nur bo’lib inding.
Bu dunyoning zulmatlarida,
Sen hammadan yaxshi ko’rinding.

Bilmadimki, bu ishq o’tkinchi,
Bilmadimki, senga yetmasman.
Seni tashlab ketib soz qildim,
To sen meni tashlab ketmasdan.

Mayli, yorim sendan ginam yo’q,
Taqdirimda mangu kuz fasli.
Sen bevafo bo’lsang ayb emas,
Bu bevafo dunyodir asli.
Nom: Re: Guljamol Asqarova she'rlaridan
Yuborildi: shoir 03 Noyabr 2007, 15:20:31
***

Qahratonday jon-jonimdan o’tdingiz-ku,
Bahor edim boshginamga yetdingiz-ku,
Sekin-sekin ko’ngil uzib ketdingiz-ku,
Mendan ketmoqlikka biror yo’l bo’ldimi?

Yuragimning, ey qadrdon begonasi,
Ko’zlarima ko’zlaringiz devonasi,
Sochlarimning shamolida uyg’onasiz,
Sochim qo’msab kiprigingiz ho’l bo’ldimi?

Tunlarimni yoritmagan yorug’ shamim,
Ko’nglingizda ko’rinmadi zarra g’amim.
Beqasamdan to’nlar kiygan beqasamim,
O‘ng deb yurgan yo’llarimiz so’l bo’ldimi?

Ko’ksingizga ishqdan tumor taqqan edim,
Ko’zingizga olov bo’lib boqqan edim,
Ko’nglingizda gur-gur o’tlar yoqqan edi,
Biz yoqqan ul o’tlar bugun kul bo’ldimi?

Gullaringiz xazon bo’ldi, bo’zladingiz,
Qaysi gulning poylarida tizladingiz?
Gulzor kezib qandoq gulni izladingiz?
O‘zga gullar Guljamolday gul bo’ldimi?
Guljamolday guliston ham cho’l bo’ldimi?

Yuragimning, ey qadrdon begonasi.
Nom: Re: Guljamol Asqarova she'rlaridan
Yuborildi: shoir 03 Noyabr 2007, 15:20:44
ARZI HOL

Guldan bino bo’lgandim,
Gildan bino bo’lgandim,
Dildan bino bo’lgandim,
Nega sevmaysan meni?

Qoshim qaro emasmi?
Bag’rim yaro emasmi?
Dil ishq aro emasmi?
Nega sevmaysan meni?

G’amdan uy qilib oldim,
Darddan kuy qilib oldim,
Guldan bo’y qilib oldim,
Nega sevmaysan meni?

Gulzorlarning naqshiman,
Bo’g’zi kuygan baxshiman,
Hurlardanam yaxshiman,
Nega sevmaysan meni?

Oydek poyloqchiman-ku,
Joningga soqchiman-ku,
Sen deb o’lmoqchiman-ku,
Nega sevmaysan meni?

Gullar uxlar qo’yningda,
Tushingda ham o’ngingda,
Gunoh qolar bo’yningda,
Nega sevmaysan meni?

Boshimda ridosan-ku,
Ko’ksimda nidosan-ku,
Sen axir...Xudosan-mi,
Nega sevmaysan meni?
Nom: Re: Guljamol Asqarova she'rlaridan
Yuborildi: shoir 03 Noyabr 2007, 15:20:56
IZHOR

Izlaringga to’kildimi,
Marjon-marjon yoshim manim.
Ostonangga qo’yildimi
Shundoq aziz boshim manim.

Bir borarda yuz bororim,
Yuz borarda bir ko’rorim.
To’proq bo’lsam sani topgay,
Labim, ko’zim, qoshim manim.

Ey diydorsiz, ey bedorlig’,
Bu na xorlig’, na abgorlig’.
Hajrlaring kelgan sari,
Ketdi sabr-bardoshim manim.

Ey mahsharim, yorijonim,
Bu dunyoim, u dunyoim.
Qayda o’lsang, shunda o’lgum,
Sensan... Qabrdoshim manim.
Nom: Re: Guljamol Asqarova she'rlaridan
Yuborildi: shoir 03 Noyabr 2007, 15:21:17
O‘ZIM

Qachon sizni sevmadim, qachon sog’inmadim dil,
Qachon chashmingizga men abro’ naysondek to’ldim.
Sadolar bermagaysiz, chorlab sog’inmagaysiz,
O‘zim yaratgan ishqning o’zim sadosi bo’ldim.

Kelar manzilingiz dil, ketmoqqa izn yo’qdir,
Dildan ketib dildorga yetmoqqa izn yo’qdir.
O, nechun qalbingizda yaproqcha izim yo’qdir,
O‘zim yaratgan ishqning o’zim adosi bo’ldim.

Sizni ko’rdim. Olovni ko’rgan parvonadayman,
Azal devona edim, battar devonadayman,
Jonu ko’nglim bog’liq-ku, nega begonadayman,
Hzim yaratgan ishqning o’zim xatosi bo’ldim.


Sizdan tilandim buncha ko’zingizdan haydangiz,
Xokdanda xor xazonman, kuzingizdan haydangiz,
Izingizdan haydamang, o’zingizdan haydangiz,
O‘zim yaratgan ishqning o’zim gadosi bo’ldim,
O‘zim xatosi bo’ldim,
O‘zim adosi bo’ldim,
O‘zim gadosi bo’ldim.
Nom: Re: Guljamol Asqarova she'rlaridan
Yuborildi: shoir 03 Noyabr 2007, 15:21:26
***

Tomirimda gul oqadi, gul oqadi,
Bu gullarga qo’shilibon dil oqadi,
Men yashirib ovvoralar bo’lib yursam,
Ko’zlaringiz ko’zlarimda cho’g’ yoqadi.

Siz deb olov kechganlarim bekor bo’ldi,
Bekorlikda yuraklarim bemor bo’ldi.
Men sizni deb jahonimdan kechgan edim,
Bugun sizga o’zga yorlar dildor bo’ldi.

Ko’ksimdagi olovlarni o’chiring yor,
Keyin yana ishq olovin ichiring yor,
Bilamanki, meni Xudo kechirmaydi,
Hech bo’lmasa Siz o’zingiz kechiring yor.

Ishq bobida xato aytsak yarashmaydi,
Xush chog’imiz nido aytsak yarashmaydi,
Xayr demang, ayrilmoqqa ko’zim qiymas,
Bahorlarda vido aytsak yarashmaydi.

Ishqingizda hamon shirin jonim kuygay,
Sizni ko’rsam tomirdagi qonim kuygay,
O‘zga bilan ishq qasrin qurgan saringiz,
Manim uyim, borim, xonumonim kuygay.

Tomirimda gul oqadi, gul oqadi.
Nom: Re: Guljamol Asqarova she'rlaridan
Yuborildi: shoir 03 Noyabr 2007, 15:21:35
***

Sevgi izhorlarin tingladim garchi,
Garchi ko’p bora men ishq mayin ichdim.
Tig’ bilan ko’ksimni yarador aylab,
Ne-ne halovatlar bahridan kechdim.
Biroq...Sarob bo’ldi barcha hislarim,
Qanday sevgan bo’lsam, o’shanday tondim,
Sen meni kechirgil, yurak, mustarim,
Bir lahza bo’lsa ham yondim-ku, yondim.
Mana qo’limdadir betaft xotira,
Va mana ko’ksimda ishq kukunlari,
Meni bir kun qatl aylasa kerak,
Beqaror, beqadr beishq kunlarim.
Sevgi izhorlarin tingladim garchi,
Garchi sevmoq edi qalb falsafasi.
Sevmayman, sevmayman, sevmayman dedim,
Dimog’imga keldi... o’lim nafasi.
Nom: Re: Guljamol Asqarova she'rlaridan
Yuborildi: shoir 03 Noyabr 2007, 15:21:51
***

O‘larimda kelolasizmi,
Xat jo’natsam yaproq kaftida.
Eng so’nggi bor uyg’onasizmi,
Yuragimning qaynoq taftida?

Birga olib ketolasizmi,
Atirguldek ma’yus jismimni,
Eng so’nggi bor hazin pichirlab,
Aytasizmi mening ismimni?

Qiyomatda suyaklarimni,
Yig’ib kelsa agar Xudoyim,
O‘sha kuni labim pichirlar,
Sizga bo’lar mening duoyim.

Omon bo’ling qiyomatgacha,
Yuragimni yoqmoqda vido.
Unutsangiz agar ismimni
Meni sizga eslatar Xudo.
Nom: Re: Guljamol Asqarova she'rlaridan
Yuborildi: shoir 03 Noyabr 2007, 15:22:00
***

Netay yorim gul bilan gul topishmadim,
Taqdir ekan: yo’l bilan yo’l topishmadi,
Azal shundoq: o’ng so’l bilan topishmadi,
Mendan ko’ngil uzgan yorim omon bo’ling.

Ayvoningiz peshtoqiga qo’nib o’tdik,
Biz sham edik,Siz deb yonib-so’nib o’tdik,
Neki jafo ayladingiz ko’nib o’tdik,
Mendan ko’ngil uzgan yorim omon bo’ling.

Birga bo’lsak baxtimiz bir kularmidi,
Meni eslab yuragingiz to’larmidi,
Axir sizdan ko’ngil uzib bo’larmidi,
Mendan ko’ngil uzgan yorim omon bo’ling.

Siz jonimga xaridorsiz naqdingiz yo’q,
Yonimga bir kelmoqlikka shahdingiz yo’q,
Aytib qo’yay, mensiz sizning baxtingiz yo’q
Mendan ko’ngil uzgan yorim omon bo’ling.

Lablarimda gul tersam ham parvo qilmang,
Peshonamga musht ursam ham parvo qilmang,
Yo’lingizda jon bersam ham parvo qilmang,
Mendan ko’ngil uzgan yorim omon bo’ling.

Bizdan kechib topganingiz xush bo’ldilar,
Men-la kechgan kunlaringiz tush bo’ldilar.
Xayr endi, qirq jonim qirq qush bo’ldilar,
Mendan ko’ngil uzgan yorim omon bo’ling.
Nom: Re: Guljamol Asqarova she'rlaridan
Yuborildi: shoir 03 Noyabr 2007, 15:22:15
***

Ishqi jonimdan o’tganning hajri jonimdan o’tmasmi?
Hajri jonimdan o’tganning vasli yonimdan o’tmasmi?
Nechun bu ayriliqlar deb manga iddaolar qilmang,
Ishqi komimga yetganlar, hajr to’fonimdan o’tmasmi?

Sizga yorlig’ o’ldi vaslim va lek qadr etmadingiz,
Ishonch yorlig’im olganlar, hech gumonimdan o’tmasmi?
O‘zga barno, o’zga dildor qalbingizni makon etmish,
Ul o’q suyak qadar yetmish, giribonimdan o’tmasmi?

Sizni gulday go’zal qizlar gulistonlarga chorlaydur,
Kuz atalmish fotih fasl, gulistonimdan o’tmasmi?
Jonu jahonimsiz mening, davru davronimsiz mening,
Mendek guldan o’tgan davron o’shal xonimdan o’tmasmi?

Neki bo’lsam ishqda bo’ldim, bunyod o’ldim, barbod o’ldim,
Bu obodlig’, bu barbodlig’ xonumonimdan o’tmasmi?
Nom: Re: Guljamol Asqarova she'rlaridan
Yuborildi: shoir 03 Noyabr 2007, 15:22:26
IQROR

Qoshlaringiz kamonida o’lsam kerak,
Vaslingizning hijronida o’lsam kerak,
Anov ko’zlar ko’zingizni ko’zlayotir,
Ishqingizning gumonida o’lsam kerak.

Plyingizda chaman bo’lgim kelayotir,
Ishqingizda tuman bo’lgim kelayotir,
Bu dildorlar, bu diydorlar unut bo’lgay,
Ko’zingizga ko’z yoshdayin to’lsam kerak.

Qo’lim bilan xushlashadi qo’llaringiz,
Gullar bilan tutashadi yo’llaringiz,
Shu gullarning xazonini ko’rib bir-bir,
Kuzimgacha yetib... Keyin so’lsam kerak.

Silkitmangiz, poylariga to’kilmasman,
Ishqingizni choki mahkam so’kilmasman,
Garchi sariq xozondirman unutilgan,
Bog’ingizga gullar sochib kulsam kerak.

Kuzataman, dilgir bo’lib kuymoqdasiс‰,
Siz bilmaysiz, ko’zlarimni suymoqdasiz,
Faqat menda yashnagaydir ko’zlaringiz,
Men, baribir bahoringiz bo’lsam kerak.

Ishqingizni osmonida o’lsam kerak...
Nom: Re: Guljamol Asqarova she'rlaridan
Yuborildi: shoir 03 Noyabr 2007, 15:22:38
MUNCHOQLARIM

Bir kun munchoqlarim to’kilib ketdi,
Ular sado berdi: "Bormi keragim?"
Boshni ma’yus egib terib oldingiz,
Jonim, boshingizni keldi silagim.

Ammo qo’lim qani? G’ururga bandi,
Yillar yurak-bag’rim ketdilar tilib.
Qaniydi shu damda munchoqlarimdek,
Yurak-bag’irlarim ketdi sitilib.

O, nega ketdingiz, beshafqat, beruh,
Hajrga to’ldirib qaroqlarimni.
Mana, bugun hech kim terib bermadi,
Jonimdan to’kilgan titroqlarimni.

O, nega ketdingiz beshafqat, beruh?...
Nom: Re: Guljamol Asqarova she'rlaridan
Yuborildi: shoir 03 Noyabr 2007, 15:22:52
SARIQ GULLAR

Bizdan o’tdi. Bariga uzr!
Hajringizga to’ldi qarog’im.
Men yashil ishq kutgandim sizdan,
Xayr endi sariq yaprog’im!

Meni nega umidvor etdi,
Ko’zlaringiz mehr-la kulib.
Ayting, qachon to’kilib ketdim,
Ko’nglingizning yaprog’i bo’lib.

Ishqimizga qachon yetdi kuz,
Qahratonning sovuq qo’liday.
Meni eslab qon-qon yig’laysiz,
Yuragimning atirguliday.

"œKetmang" desam gulday yolvorib,
Xazonga o’t tashlab ketguvchim.
Yigirmamning bahorlarida
Menga kuzlar hadya etguvchim.

Ayriliqning rangida ko’nglim!
Mahzun yana yomg’irlar singgan.
O‘lganimda sariq gullarmas,
Qizil gullar keltiring menga.

Tamom!
Endi mehr kutmasman!
Siz ham bir gul ishqning kaftida.
Uchrashamiz tashlab ketilgan
Sariq gullar mamlakatida.
Nom: Re: Guljamol Asqarova she'rlaridan
Yuborildi: shoir 03 Noyabr 2007, 15:23:05
TURNALAR YO‘LI

Nega beun, besas bu sevgi,
Vidosiga o’xshab ko’zlarning.
Yoki ayting yoki tark eting,
Otashida qolim ko’zlarning.

Bir yorug’lik kutayotirman,
Yonib ado bo’layotgan kundan.
Tangrim, menga hikmat topib ber,
Hikmatlari behikmat dundan.

Bog’ingizdan o’tayotir kuz,
Jondan o’tganday hijroningiz.
Ko’zlaringiz, ko’nglingiz menda,
Nega endi anda joningiz.

Men ko’nglimni o’zim uzarman,
Umidsizlik qo’llari bilan.
Ayting, sizga yetib bo’larmi,
Turnalarning yo’llari bilan.

...Ana ko’nglim poyingga tushdi-
Yaproqlari uzilgan bir gul.
Tangrim!
Ketay menga topib ber,
Turnalarning yo’liday bir  yo’l.
Nom: Re: Guljamol Asqarova she'rlaridan
Yuborildi: shoir 03 Noyabr 2007, 15:23:16
QAROVSIZ ISHQ

Siz men uchun gul uzmagansiz,
Yuragimdek yig’laydi yo’llar.
Qo’lingizda turibdi go’zal,
Barnolarga atalgan gullar.

Qo’shim soting o’sha gullarga,
Mening kabi ishqi arzonni.
Axir meni yoqqan sevgingiz,
Bu bir gulning umrichalikmas.

Bitta umrim aro mingta ishq,
Qay biriga jonimni beray?
Ming xil gul bor gulzoringizda,
Shu gullardan bittasi bo’lay.

Jonim, axir gullar so’ladi,
Kim qoladi ayrolig’iga?
Sizni qandoq tashlab ketarman,
Bu gullarning barnolig’iga?

Qo’lingizda qilichmi hajr,
Gul-gul yonib, gulzorlar kezing.
Men sizni deb Ko’nglimni uzdim,
Siz men uchun bitta gul uzing.
Nom: Re: Guljamol Asqarova she'rlaridan
Yuborildi: shoir 03 Noyabr 2007, 15:23:27
XAZONCHEHRA

Ko’nglingizni topolmadim men,
Ko’nglingizni topadi qizlar.
Yo’lbarslardek yomon yashaysiz...
Poyingizda yanchilar gullar.

Ismlarin aytasiz takror,
Nilufargul...Dilbar... Barnogul...
Poyingizda to’kilaverar,
Har ismdan qon bo’lgan ko’ngil.

Yuragingiz guldon bo’ladi,
Alvon-alvon gullarga to’lib.
Sarg’ayaman... ildizlarimdan,
Men gullarning jamoli bo’lib.

...Va shunday jim yashashim kerak!
Sevilmoqning kelguncha gali.
Siz bemalol sarxush yashaysiz,
Bu dunyoda gullar ko’p hali.

Faqat biling, inoyatiman
Olamlarni bergan olamning!
Xazonchehra bekasi bo’ldim,
Gullar hidlab o’lgan odamning!

Qizil gullar mast qilgan garchi,
Ular sevmas yuragingizni.
Men oq gulman! Eng so’nggi damda
Bitta oq gul ko’madi sizni.
Nom: Re: Guljamol Asqarova she'rlaridan
Yuborildi: shoir 03 Noyabr 2007, 15:23:36
***

Hargiz ismimni aytmaysiz, so’zingizga sig’armanmi?
Dilingizga sig’madimu o’zingizga sig’armanmi?
Bu diydorsiz dunyosida diydortalab devonaman,
Manam bitta sariq xazon kuzingizga sig’armanmi?

Chorlanmagan dunyongizga qandoq bo’lsam borib bo’lgay,
Ruhimning oqqushlariday oppoq bo’lsam borib bo’lgay,
Qarochiqlar diyorinda musofirdek ma’yus o’ldim,
Ko’zingizning qarosiga tuproq bo’lsam borib bo’lgay.

Dil berganlar xor bo’ladi til bilganlar diyorinda,
Gul berganlar kul oladi yo’l bilganlar diyorinda.
Ma’yus o’ldim, mustar o’ldim, anda jonim, bunda jonim,
Sevilmagan kun ko’rarmi sevilganlar diyorinda...

Ketarimda bir kelingiz dil dilga hamdamlik qilar,
Xudo bor-ku... Ikkimizni olovdayin jamlik qilar,
Ko’zlarimni yumayapman... tezroq keling... tezroq keling,
Diydoringiz bir ko’rmoqqa balki umrim kamlik qilar.
Manam bitta sariq xazon ko’nglingizga sig’armanmi?
Nom: Re: Guljamol Asqarova she'rlaridan
Yuborildi: shoir 03 Noyabr 2007, 15:23:47
***

Bir yor topsak edik jondan kechgulik,
Eng go’zal, jng oppoq tongdan kechgulik.
To’rtta tomoningni qibla etsa ham,
"œBor-ey" deb shu to’rtta yondan kechgulik,
Bir yor topsak edik jondan kechgulik.

Arzisa ko’zingda yoshlaringgacha,
Sig’insa ko’ksingda toshlaringgacha,
Ko’zlaring ming nafrat hadya etsa ham,
Sevolsa kiprigu  qoshlaringgacha,
Bir yor topsak edik jondan kechgulik.

Kuydirib, kuyib ham kulsa o’zingga,
Titramay titroqlar solsa tizingga,
O‘zidan o’zganing vaslin ko’rsatmay,
Ikkita pichoq sanchib ketsa ko’zingga,
Bir yor topsak edik jondan kechgulik.

Bir umr ishqiga jonni qorgudek,
Zarra hijroni ham yurak yorgudek,
"œKel" desa yetmishta tomiring o’zib,
Xayoldan ham oldin o’zing borgudek,
Bir yor topsak edik jondan kechgulik.

"œBor-ey" deb shu to’rtta yondan kechgulik.
Nom: Re: Guljamol Asqarova she'rlaridan
Yuborildi: shoir 03 Noyabr 2007, 15:23:56
SHAFQAT FASLI

O, shafqatga o’rin yo’q bunda,
Ko’ngil uchun kelib-ketasiz.
Bor borlig’im ishq so’rasa ham
Shafqat qilib sevmang meni siz!

O‘n sakkizda sevganlarim rost,
Sizga boshim qilganlarim xam.
Ammo o’ylang sevarmikanman
Sizni yonib o’ttiz beshda ham?

Men ishq kutdim, iltifot emas,
Gulim yuvdim so’ng qonim bilan.
Endi sizni chorlarmikanman
Qirq yoshimda qirq jonim bilan?

Hamma narsa nisbiy olamda,
Xazon axir faqat kuzdami?
Siz nega jim? Dil bergan men-ku,
Qirq beshda ham ko’nglim sizdami?

Elligimda ellik tola soch
Oq kiyinib o’lanlar aytar.
Siz hayqirib so’raysiz shu dam:
"œO‘n sakkizni bir marta qaytar".

Yo’q, deyman men. Otilar yurak,
Shafqat. Aldov. Ko’ngil to’lmaydi.
Axir bitta shafqatingizni
Oltmishgacha sevib bo’lmaydi!!!

Hech shafqatga o’rin yo’q bunda.
Nom: Re: Guljamol Asqarova she'rlaridan
Yuborildi: shoir 03 Noyabr 2007, 15:24:24
CHORLOV FASLI

O‘n yetti bor bo’ldim beqadr,
Barchasini saodat bildim.
O‘n yetti bor haqoratlangan
Yuragimda ibodat qildim.

O‘n yetti yil kun ko’rmay yurak,
Muhabbatni tilanib yotdi.
Bir mo’’jiza yuz berdi nogoh,
O‘n sakkizning tonlari otdi.
Endi yashay boshayman guldek,
Boshlanadi endi bahorim.
Hijronlarga vaslingiz arzon,
Nahot bizga visol yo’q, yorim?

Endi sizni chorlayman. Keling.
Garchi qizdan qadr ko’rmayman.
Qalbingizga kiraman ming bor,
O‘n sakkizga qaytirb kirmayman!
Keling!!!
Nom: Re: Guljamol Asqarova she'rlaridan
Yuborildi: shoir 03 Noyabr 2007, 15:24:36
VIDO FASLI

Bir ismni pichirlar ma’yus
Yomg’irlarda cho’milayotgan lab.
Borayapman gul bahorimda
O‘n sakkizta gulni quchoqlab.

Menga qaro qoshlaringizdan
Salanglating o’n sakkizta dor.
O‘n sakkizta atirgulimga
Kim bo’larkin, kim-ey, xaridor.

Axir bag’rim qon bo’lib ketdi,
Titradi ko’k ohimdan mening.
Qo’llariga tikanlar botib,
Kim uzarkin bog’imdan meni?

Kim bo’lsang ham ozorlanma, bas,
Guliqahqah kabi kularman.
Bir gulimni uzganinga haqqi,
Yuz gulimni fido qilarman.

Qara, hanuz ishqqa tashnaman,
Sen deb kezgum olov yo’llarni.
Va poyingga sochib o’larman
Ko’ksimdagi atirgullarni.
Nom: Re: Guljamol Asqarova she'rlaridan
Yuborildi: shoir 03 Noyabr 2007, 15:24:44
KUZGI GUL

Nodo’st chiqdi bizga bu dunyo,
Yo kech keldik, yo erta keldik.
Kuzgi gulshan gullari kabi
Kech gulladik, erta ekildik.

Sariq guldek ishqdan bebahra,
Yondim ro’zi shablarim bilan.
Quchog’ingiz gulga to’lsin deb,
Men gul uzdim lablari mbilan.

Siz kulasiz. Lablaringizdan
Gul to’kilar, bollar tomadi.
Mening esa ko’zlarimdan yosh,
Lablarimdan... qonlar tomadi.
Nom: Re: Guljamol Asqarova she'rlaridan
Yuborildi: shoir 03 Noyabr 2007, 15:25:03
***

Axir nega anglamayapsiz,
Dunyolar ketsalar qaytadi bir kun,
Daryolar ketsa ham qaytadi bir kun,
Ammo manim ko’nglim qaytmaydi.

Ko’zlarimni yumsam keta olmaysiz,
Ko’zlarimni ochib demasman: "œQayting".
G’urbatlar bezagan dunyolarinda
Meni ham sog’inish mumkinmi, ayting?!

Ko’zim qaro edi ayriliqdan ham
Manglayday qarodir mening xorligim.
Xudoyimning keng bu olamlarida
Sizga malolmasmi mening borligim,
Va yana hech qachon qaytmasligim ham.
Nom: Re: Guljamol Asqarova she'rlaridan
Yuborildi: shoir 03 Noyabr 2007, 15:25:15
***

Dil-o, ketdik, endi dilga ketarmiz,
To’kildim eng shaffof titroqlarimda.
Tog’ning etagida ungan loladek
Sevgi unib chiqar tuproqlarimdan.

Men endi ketmasam bo’lmaydi, dunyo,
Xiyonat ichida yig’lar yo’llarim.
O‘zimning yoqamni tutib ketmoqda
Bir nozik sevgini bo’qqan qo’llarim.

Men endi ketmasam bo’lmaydi, dunyo,
Yo’q, endi qaytmasman mahrum xayolga.
Har tun qalbingizni va’da etasiz
Mendan baxtlirog’u baxtsiz ayolga.

Nega keta turib sevgi so’radim,
Qarang ishqimizday alvon ko’ylagim.
Qachon ko’ksingizga borib sanchilar
Xanjarga aylanib qolgan yuragim?...
Nom: Re: Guljamol Asqarova she'rlaridan
Yuborildi: Muslimа 13 Noyabr 2007, 14:32:13
Isyon va itoat.

Tig’ ustida yurdirib, tomosha qilar Tangrim,
Cho’g’ ustida turdirib, tomosha qilar Tangrim.
Toshqinda bir kemadek nochor ketib borarman,
Men hech narsa bilmayman, barini bilar Tangrim.

Oldga yursam xatar bor, ortga yursam hatar bor,
Har lahza, har safaru har tun, har sahar bor.
Bir chumoli misoli don uchun chiqqan edim,
Donni ne qiladiyu, meni ne qilar Tangrim.

Haqsizlik uchun yondim, shavq uchun isyon qildim,
Haqqimni ber dedimu Haq uchun isyon qildim.
Boshimni har yon urdim, bosh yorilgach angladim,
Poyiga qo’ysamgina boshimni silar Tangrim.

Sabrim yetarmi bilmam, sabrimni sinayversa,
Har bir sinaganida suyagim sinaversa.
Sinib-sinib oxiri o’zing butla deb borsam,
Suyagimni un qilib, elakda elar Tangrim.

Mayli ne bo’lsa hamki, yorug’ yuz bilan yetay,
Dil to’la mehr bilan, yoshli ko’z bilan yetay.
Yuragimni to’ldirar bitta taskin bor faqat,
Men Tangrimga boraman, men tomon kelar Tangrim.

Guljamol Asqarova.
Nom: Re: Guljamol Asqarova she'rlaridan
Yuborildi: Muslimа 13 Noyabr 2007, 14:33:31
Yo’q.

Salom-aligim yo’q boylik, baxt bilan,
Quvonch saroyida tanishim ham yo’q.
Men g’amning yurtida malikadurman,
Menga bo’sunmagan birorta g’am yo’q.

Omadga hushomad qila bilmayman,
Yo’q joydan daromad qila bilmayman.
Xudoning poyida yurib tinmayman,
SHUNDANMI, SHUKURKI BAXTIMDA KAM YO’Q!

Yulduz yonar men deb dil osmonida,
Men deb olov yonar yigit jonida.
Bu go’zal dunyoning qahkashonida,
Men uchun yonmagan birorta sham yo’q.

Ko’nglim-la o’ynashar dunyoi ayyor,
Bir yorug’ nur izlab ko’zlarim sayyor,
G’amni ulasharda ming dastyor tayyor,
Shodlik ulasharda do’sti hotam yo’q.

Xudoyim yo’limni yoritib qo’ygan,
Bir go’zal dardni doritib qo’ygan,
Ba’zan aziz ba’zan hor etib qo’ygan,
Shundanmi yonimda sodiq odam yo’q.

Har neki Xudodan atolig’ bo’ldi,
Bu umrim qurbonliq, fidolig’ bo’ldi.
Qayga oyoq bossam xatolig’ bo’ldi,
Meni adashtirmas biror qadam yo’q.

Kimga ko’ngil qo’ysam hoki poyiman.
Tog’dan tushib kelgan suvlar soyiman,
Shundoq, Yaratganning erkatoyiman,
Meni yod etmagan biror bir dam yo’q.

Guljamol Asqarova.
Nom: Re: Guljamol Asqarova she'rlaridan
Yuborildi: Muslimа 13 Noyabr 2007, 14:34:49
So’rov

Hayqirsam ham yetmaydi senga,
Yig’lasam ham turibsan-ku jim.
Bir nazar ham solmading menga,
Kim ustimdan arz qildi Tangrim?

Yomonlarni yashnatding dedim,
Nokasga osh oshlatding dedim.
Meni kechir, isyonim o’chir,
Ko’zlarimga yosh keldi tangrim.

Dard aytsam jon do’stim bilmadi,
Qancha o’sdim, to’zdim bilmadi,
Azoblaru gunohlarimni,
Sendan boshqa kim bildi Tangrim?

Isyonlarim ko’pdi qonimda,
Qiyomatlar bo’ldi jonimda,
Har narsani bilguvchi Sensan,
Aytgil menga ne bo’ldi Tangrim?

Guljamol Asqarova.
Nom: Re: Guljamol Asqarova she'rlaridan
Yuborildi: Muslimа 13 Noyabr 2007, 14:37:08
Chin do’stimga

Kurashmasdan kuragimni sindirgan ey do’st,
Sochimga oq, ko’zimga g’am indirgan ey do’st.
Birovlarning ko’zin yoshlab qo’ymasangiz,
Ko’zingizni Xudo yoshlab qo’yarmidi?

Suv dermidim yuraklarim kuymaganda,
Ne qilardim suyganlarim suymaganda.
Shayton avval ko’nglim xushlab qo’ymaganda,
Rahmon mening ko’nglim g’ashlab qo’yarmidi?

Xato qildim, xatolarda yurdim besar,
Qutqarmadi na bir do’stim, na siymu zar,
Xudoyimdan bir ishora bo’lmasa gar,
Bandalari bir ish boshlab qo’yarmidi?

El ichida azizlardan aziz bilib,
Boshginamni balolardan omon qilib,
O’z himmati turganida kelib-kelib,
Xudo meni sizga tashlab qo’yarmidi?
Kurashmasdan kuragimni sindirgan do’st"¦

Guljamol Asqarova.
Nom: Re: Guljamol Asqarova she'rlaridan
Yuborildi: Muslimа 13 Noyabr 2007, 14:39:37
Samarqand va Qo’qon.

Dunyomizga kuz keldi do’stim,
Garchi butun borliqda bahor.
Daraxtlarning rangi sarg’aydi,
Qo’qondan to Samarqand qadar.

Nahot bizni ayrdi yillar,
Ayirmadi o’lim yo qadar.
Onamdayin mung’aydi yo’llar,
Qo’qondan to Samarqand qadar.

O’ynab-o’ynab borardim kecha,
Bugun ruhim, jismim, darbadar.
Qadamlarim yig’lab borarmi,
Qo’qondan to Samarqand qadar.

Suvga oqdi o’n yilim mening,
Na ko’ngilda, na dilda samar.
Yig’lab yotar ko’zlaring sening,
Qo’qondan to Samarqand qadar.

Mayli do’stim, men ham ne qilay,
Peshonamda shu zebu zar,
Xayr degan so’z yozilganmi,
Qo’qondan to Samarqand qadar.

Garchi ketding, hush bor, omon bo’l,
Yillar o’tib sen qaytsang agar.
Men mehrlar ekib qo’yganman,
Samarqanddan Qo’qonga qadar.

Guljamol Asqarova.
Nom: Re: Guljamol Asqarova she'rlaridan
Yuborildi: Muslimа 19 Noyabr 2007, 13:34:41
Maktub

O’larimda kelolasizmi,
Xat jo’natsam yaproq kaftida?
Eng so’nggi bor uyg’onasizmi,
Yuragimning qaynoq taftida?

Birga olib keta olasizmi,
Atirguldek ma’yus jismimni,
Eng so’nggi bor hazing pichirlab,
Aytasizmi mening ismimni?

Qiyomatda suyaklarimni,
Yig’ib kelsa agar Xudoyim,
O’sha kuni labim pichirlar,
Sizga bo’lar mening duoyim.

Omon bo’ling qiyomatgacha,
Yuragimni yoqmoqda vido.
Unutsangiz agar ismimni
Meni sizga eslatar Xudo.

Guljamol Asqarova

Nom: Re: Guljamol Asqarova she'rlaridan
Yuborildi: Muslimа 19 Noyabr 2007, 13:35:35
Orzu

Maqbaralar qurdirsa begim,
Ruhim kelib parvona bo’lsa.
Topilmasa dunyoda tengim,
Mumtoz Mahal kabi sevilsam.

Tuproq bo’lib yuksalsa tanim,
Gul bo’lib gulzorga qo’shilsam.
Hech bo’lmasa eng so’nggi onim,
Mumtoz Mahal kabi sevilsam.

Bo’lmasa ham saroyga dahlim,
Muhabbati shohona bo’lsam.
Tavof qilsa oshiqlar ahli,
Mumtoz Mahal kabi sevilsam.

Bir ishq bersa menga Xudoyim,
Podshohni qul, qulni shoh qilsam.
Osmonlarga sig’masa oyim,
Mumtoz Mahal kabi sevilsam.

Garchi undoq oroyishim yo’q,
Shabnamdek gulkosaga to’lsam.
Malikalik farmoyishim yo’q.
Mumtoz Mahal kabi sevilsam.

Jahon ichra jahon bo’lardim,
Faqat ishqni, Xudoni bilsam.
Bo’lmas edi zarracha gardim,
Mumtoz Mahal kabi sevilsam.

Guljamol Asqarova
Nom: Re: Guljamol Asqarova she'rlaridan
Yuborildi: Muslimа 19 Noyabr 2007, 13:36:30
Yomg’irli kunlar.

Meni kuzatasan yomg’irlar bilan,
Iloyo oftoblar kuzatsin seni.
Ketyapman dardingni tuzata olmay,
Endi duolarim tuzatsin seni.

Mana ketayapman shu so’zni aytib,
Ufqlarga sachrab dilimning rangi.
Meni ta’qib etar qiyomatgacha,
Yomg’ir shiviriyu isming jarangi.

Endi xayr emas, alvido, do’stim,
Ranjima sog’inchlar ezgan bag’rdan.
Sen — kuzda adashib qolgan bahorsan,
Men yozda adashib yoqqan yomg’irman.

Guljamol Asqarova
Nom: Re: Guljamol Asqarova she'rlaridan
Yuborildi: Muslimа 19 Noyabr 2007, 13:38:24
Iltijo

Mayli, mayli uyimizning g’aribligi,
Goh botartib, gohida betartibligi,
Yaraldikki dunyo g’ami aribdimi?
MENI UYDA ONAM KUTIB TURSA BO’LDI.

Mustarginam ko’zlarida yoshi qalqib,
Boshlarida tursa ro’mollari salqib,
Bu qorong’u umrim aro NURDEK balqib,
MENI UYDA ONAM KUTIB TURSA BO’LDI.

Oyoqlarin mehnat yuki og’ritmasa,
Qarimasa, bundan boshqa qarimasa,
Shu joniga g’amu dardlar dorimasa,
MENI UYDA ONAM KUTIB TURSA BO’LDI.

Yodlab etti yot, aqrabo, heshlarini,
Boshlaridan otib dunyo ishlarini,
Otam bilan kutib yozu qishlarini,
MENI UYDA ONAM KUTIB TURSA BO’LDI.

Bu dunyosin ishi bilan ishim yo’qdir,
Tishlashayin desam sinmas tishim yo’qdir,
KUYSAM ONAMDAYIN KUYAR KISHIM YO’QDIR,
MENI UYDA ONAM KUTIB TURSA BO’LDI.


Birodarlar bilmaysiz bu shunday g’amki,
Va shundayin ko’ngil quvnar bir bayramki,
Qishlog’imga ming yil o’tib borsam hamki,
MENI UYDA ONAM KUTIB TURSA BO’LDI.

Guljamol Asqarova
"œUyg’otuvchi alla" she’rlar to’plamidan.