forum.ziyouz.com

Kutubxona => O'zbek adabiyoti => Mavzu boshlandi: Muhammad Amin 09 Noyabr 2007, 18:11:53

Nom: Bobur Mirzo hayoti va ijodi
Yuborildi: Muhammad Amin 09 Noyabr 2007, 18:11:53
Zahiriddin Muhammad Bobur (1483—1530) Ulugʻ oʻzbek shoiri, mutafakkir, tarixchi va davlat arbobi; markazlashgan davlat va boburiylar saltanati asoschisi.

Nom: Re: Bubur Mirzo hayotidan na'munalar
Yuborildi: Muhammad Amin 09 Noyabr 2007, 18:12:14
Zahiriddin Muhammad Bobur Andijon (1483 y. 14 fevral)da tugʻilgan. Amir Temurning beshinchi avlodi, Fargʻona hukmdori Umarshayxning farzandi. Bobur 12 yoshda (1494) taxtga chiqdi. 1503—1504 yillarda Afgʻonistonni egalladi. 1519—1525 yillarda Hindistonga 5 marta yurish qiladi. Uch asrdan ortiq davom etgan (1526—1858 y.y.). boburiylar saltanatiga asos solgan, 26 dekabr 1530 yil Agra, Indiyada vafot etkan. Qabri keyinchalik vasiyatiga koʻra Qobulga koʻchirilgan.


Nom: Re: Bubur Mirzo hayotidan na'munalar
Yuborildi: Muhammad Amin 09 Noyabr 2007, 18:13:29
Shoir
Lirik merosi «Qobul devoni» (1519)ga, 1528-29 yillarda «Hind devoni» ga jamlangan. Toʻliq devon tuzgani haqida maʼlumot bor. Sheʼrlarining umumiy hajmi 400 dan ortadi. Shundan 119 gʻazal, 231 ruboiy va tuyuq, qitʼa, fard, masnaviy kabi janrlarda asarlar yaratgan. Sheʼrlarini mavzu jihatidan oshiqona, taʼlimiy, tasavvufiy, hasbi hol kabi turlarga ajratish mumkin. Bobur sheʼriyati intellektual qalb izhori sifatida arqoqlidir. Uning asarlari samimiy, ravon, usluban tugal va mushakkaldir. Bobur ruboiy janrini turk adabiyotida dunyoga olib chiqqan shoirdir.

 
Bobur. Miniatyura 15 asr.Boburning ulugʻ asari «Boburnoma» boʻlib, uni «Vaqoe» deb ham nomlaydilar. Buyuk memorial asarda 1494—1529 yillari Markaziy va Kichik Osiyoda, Yaqin va Oʻrta sharq mamlakatlarida kechgan voqealar bayon etilgan. «Boburnoma»ning oʻndan ortiq qoʻlyozma nusxalari bor. Asarni Qozonda N.I. Ilminskiy (1857), Londonda Beverij xonim nashr (1905) etgan. Oʻzbekistonda dastlab professor Fitrat 1928 yilda asardan parchalar eʼlon qildi. «Boburnoma»ning 1948—1949 yillarda ikki jildli; 1960, 1989 yillarda tuzatilgan, 2002 yilda toʻldirilgan qayta nashri amalga oshirildi.

Boburning nashr qilingan asarlari «Boburnoma»ni Abdurahim xoni xonon (1586) fors tiliga, Vitsen (1705) golland tiliga, J.Leyden (1826) va V.Erskin ingliz tiliga, Pavel de Kurteyl (1871) fransuz tiliga, Rashit Rahmati Arat (1940) turkchaga, Mixail Sale (1943) ruschaga tarjima qilganlar. 1826—1985 yillar davomida «Boburnoma» 4 marta ingliz (1826,1905,1921,1922), 3 marta fransuz (187, 1980, 1985), 1 marta nemis (1878) tiliga oʻgirilgan.

Yangi alifbo-"Xatti Boburiy"ni (1504) kashf qildi. Unda sheʼrlar yozdi va Qur’on koʻchirtirdi.

Boburning soliq ishlari haqida maʼlumot beruvchi «Mubayyinul-zakot» (1521), aruz vazni haqidagi «Risolai aruz» (1523-25) kabi asarlari bor. «Aruz risolasi»da turkiy aruzning tabiati, taraqqiyoti va sheʼriy asarlardagi koʻrinishlari; aruzning 272 vazni va 21 bahriga ilmiy sharhlar berilgan. Xoja Ahror Valining «Volidiya» asarini oʻzbekchaga sheʼriy tarjima qilgan. Boburning «Harb ishi», «Musiqa ilmi» nomli asarlar yaratgani haqida ham maʼlumot bor. Ammo, ular topilgan emas.

 
Boburnoma sahifasi. Hidiston karkisi.Javohirlal Neru, M.Gandi, A.K.Singxa, B.A.Luniya kabi davlat va fan arboblari Bobur va boburiylarning Hindiston taraqqiyotidagi, jahon sivilizatsiyasidagi mavqeini haqqoniy eʼtirof etgan.

Bobur ijodi bilan xorijiy olimlardan U.Erskin, S.M.Edvards, A.Beverij, X. Beverij, R.M.Kaldekot, Ch.Stori, E.Xolden, L.U.King. F.J.Talbot, D.Ross, J.Elfiniston, I.Mano; F.Koʻprulu, Z.Mansuriy, A.K Singxa, R.Sharma, R.R.Arat, H.Boyir, Sh.Yorqin; N.Ilminskiy, N.Veselovskiy, A.Samoylovich, M.Sale, I.V.Stebleva; oʻzbek olimlari Fitrat, P.Shamsiev, H.Yoqubov, V.Zohidov, S.Azimjonova, A.Qayumov, A.Abdugʻafurov, Gʻ.Salomov, N.Otajonov, B.Qosimov, S.Hasanov, H.Boltaboev v.b. shugʻullanganlar. Oʻzbekiston Milliy universiteti olimlari Boburning sheʼriy mahorati, «Mubayyin» asari borasida tadqiqotlar olib borishmoqda.

 
Boburning ramziy qabri«Bobirnoma» mavzusida qator badiiy asarlar ham yaratilgan. Flora Anna Stilning «Boburxon» (Parij, 1940), Fernard Grenardning «Bobur» (Parij, 1930), Harold Lembning «Bobur-yoʻlbars» (Nyu-York, 1961) romanlari, Vambek Gaskonining «Bobur va uning avlodlari yoki Buyuk moʻgʻullar» (Nyu-York, 1980) esse-romanlari shular jumlasidandir. Hindistonlik Muni Laʼl boburiylar haqida 6 ta roman yozgan. Oʻzbek adabiyotida Oybek, P.Qodirov, B.Boyqobilov, X.Sultonov, X.Davron Boburga bagʻishlab roman, qissa va dostonlar yaratdilar.

Bobur nomida xalqaro ilmiy eksriditsiya mavjud boʻlib, uning aʼzolari Bobur qadamjolari boʻylab besh marta safar uyushtirdilar. Ekspeditsiya materiallari asosida «Bobur va uning jahon sivilizatsiyasida tutgan oʻrni» memorial muzeyi tashkil qilinib, uning jamgʻarmasida Bobur nomi bilan bogʻliq 500dan ortiq kitob va manbalar bor. Andijonda Bogʻi Bobur tashkil qilinib, buyuk shoirning hoki keltirilgan ramziy qabr bor, Ark ichi memorial kompleksi Bobur yashagan davr haqida maʼlumot beradi.


Nom: Re: Bubur Mirzo hayotidan na'munalar
Yuborildi: Muhammad Amin 09 Noyabr 2007, 18:14:01
Jonimdin o`zga yori vafodor topmadim "¦
Jonimdin oʻzga yori vafodor topmadim,
Koʻnglumdin oʻzga mahrami asror topmadim.

Jonimdin oʻzga jonni dilafkor koʻrmadim,
Koʻnglum kibi koʻngulni giriftor topmadim.

Usruk koʻziga toki koʻngul boʻldi mubtalo,
Hargiz bu telbani yana hushyor topmadim.

Nochor furqati bila xoʻy etmisham, netay,
Chun vasligʻa oʻzumni sazovor topmadim.

Bore boray eshigiga bu navbat, ey koʻngul,
Nechaki borib eshigiga bor topmadim.

Bobur, oʻzungni oʻrgatakoʻr yorsizki, men
Istab jahonni muncha qilib yor topmadim.


Nom: Re: Bubur Mirzo hayotidan na'munalar
Yuborildi: Muhammad Amin 09 Noyabr 2007, 18:14:26
Gʻurbatu hijrongʻa qoldim, oh ul jon ilgidin "¦
Gʻurbatu hijrongʻa qoldim, oh ul jon ilgidin,
Jongʻa yettim emdi gʻurbat birla hijron ilgidin.

Koʻrsatur gah tiygʻu gah oʻq holatimni bilmayin,
Ne balolar koʻradurman yori nodon ilgidin.

El figʻonimdin bajonu men bu jondin, ey ajal,
Qil xalos elniyu meni jonu afgʻon ilgidin.

Bobur, ul oy hajrida ishing base dushvor edi,
Shukrkim, qutqardi oʻlum seni oson ilgidin.


Nom: Re: Bubur Mirzo hayotidan na'munalar
Yuborildi: Muhammad Amin 09 Noyabr 2007, 18:14:57
Yor yuzumni koʻrub dardu gʻamim bilsa kerak"¦
Yor yuzumni koʻrub dardu gʻamim bilsa kerak,
Yuz koʻrub dardu gʻamim chorasini qilsa kerak.

Ey sabo, jonu koʻngulni oʻzining chun qildi,
Koʻngli birla degasen joni uchun kelsa kerak.

Vaslini ne qilayin gʻayrdin ayrilmadi hech,
Yor vasli menga, u agʻyordin ayrilsa kerak.

Vaslining qadrini chun bilmadi bu telba koʻngul,
Hajrining tiygʻi aning yuragini tilsa kerak.

Shukr Boburni bilurmen degan ermish ul oy,
Lojaram bandalarin shohlari bilsa kerak.


Nom: Re: Bubur Mirzo hayotidan na'munalar
Yuborildi: Muhammad Amin 09 Noyabr 2007, 18:15:46
Sochining savdosi tushti boshima boshdin yana "¦

Sochining savdosi tushti boshima boshdin yana,
Tiyra boʻldi roʻzgorim ul qaro qoshdin yana.

Men hud ul tifli pariyvashgʻa koʻngul berdim, vale
Xonumonim nogahon buzulmagʻay boshdin yana.

Yuz yamonligʻ koʻrub andin telba boʻldung, ey koʻngul,
Yaxshiligʻni koʻz tutarsen ul parivashdin yana.

Tosh urar atfol meni, uyda forigʻ ul pariy,
Telbalardek qichqirurmen har zamon toshdin yana.

Oyogʻim yetguncha Boburdek ketar erdim netay,
Sochining savdosi tushti boshima boshdin yana.


Nom: Re: Bubur Mirzo hayotidan na'munalar
Yuborildi: Muhammad Amin 09 Noyabr 2007, 18:16:12
Koʻngulga boʻldi ajoyib balo qaro soching "¦
Koʻngulga boʻldi ajoyib balo qaro soching,
Shikasta koʻngluma ermish qaro balo soching.

Muyassar oʻldi junun mulki, ey junun ahli,
Nisori ashkni emdi bu kun mango soching.

Soching shikastida bordur shikasta koʻngullar,
Koʻngullar ochilur, ochilsa ul qaro soching.

Ochildi koʻngli, chu ochting sochingni, Boburning,
Ne ayb, agar desa dilbandu dilkusho soching.


Nom: Re: Bubur Mirzo hayotidan na'munalar
Yuborildi: Muhammad Amin 09 Noyabr 2007, 18:16:36
[tahrir] Baloyi ishqki, har dam manda jafoyedur "¦
Baloyi ishqki, har dam manda jafoyedur,
Bu ishdin kecha olmon ajab baloyedur.

Xati labigʻa tutash boʻlsa, ey koʻngul, ne ajab,
Ki Xizr chashmayi hayvongʻa rahnamoyedur.

Yarar bu xasta koʻngul dardigʻa oʻqin yarasi,
Magarki har yarasi yorning davoyedur.

Bahor fasliduru may havosi boshimda,
Ayoq tut menga soqiyki, xush havoyedur.

Ul oy raqibgʻa boʻldi rafiqu Boburning
Rafiqu hamdami hajrinda ohu voyedur.

Nom: Re: Bubur Mirzo hayotidan na'munalar
Yuborildi: Muhammad Amin 09 Noyabr 2007, 18:16:55
Koʻzumda muttasil ul egma qosh kerak boʻlsa "¦
Koʻzumda muttasil ul egma qosh kerak boʻlsa,
Qoshimda koʻz yorugʻi ul quyosh kerak boʻlsa.

Sujud vaqtida mehrob boʻlmasun hargiz
Ki, bosh qoʻyarda oʻshal egma qosh kerak boʻlsa.

Habib ishqida boshdin kech, ey koʻngul, yoʻq esa,
Bu yoʻlgʻa qoʻyma ayoq sanga bosh kerak boʻlsa.

Qoʻyub ayogʻigʻa bosh, soʻrsa laʼlidin har kim,
Boshigʻa tufroqu ogʻzigʻa tosh kerak boʻlsa.

Sening bila bari el noxush oʻlsa, ey Bobur,
Ne boʻlgʻusi sanga, ul yori xush kerak boʻlsa.


Nom: Re: Bubur Mirzo hayotidan na'munalar
Yuborildi: Muhammad Amin 09 Noyabr 2007, 18:17:23
Ulki menga yori dilnavoz koʻrundu "¦
Ulki menga yori dilnavoz koʻrundu,
Javrin koʻrsatti koʻpu oz koʻrundi.

Boʻldi boshim past poyboʻsida oxir,
Garchi burun asru sarafroz koʻrundi.

Sening uchun ulki boshin oʻynamadi hech,
Senga ajoyibki ishqboz koʻrundi.

Ishq borinda salohu tavbavu taqvo
Barchasi tahqiq bil majoz koʻrundi.

Dushmano jon oʻldi, ne qilay, sanga, Bobur,
Ulki menga yori dilnavoz koʻrundi.


Nom: Re: Bubur Mirzo hayotidan na'munalar
Yuborildi: Muhammad Amin 09 Noyabr 2007, 18:17:41
[tahrir] Ne koʻray toʻbini qaddi xushxiroming borida "¦
Ne koʻray toʻbini qaddi xushxiroming borida,
Ne qilay sunbulni xatti mushfoming borida.

Kim Xizr suyin ogʻizlagʻay labingning qoshida,
Kim Masih alfozidin degay kaloming borida.

Oshiqingni davlatin vasling bila qil muhtaram,
Husn ahli ichra muncha ehtiroming borida.

Bizdin ayru doim el birla icharsen bodani,
Bizni ham gohe sogʻin shurbi mudoming borida.

Ey koʻngul, gar gʻayr soʻzi zahri qotildur, ne gʻam,
Lablaridin sharbati yuhi-il izoming borida.

Tarki nomus aylabon badnom boʻlgʻil ishq aro,
Kim seni oshiq degay nomusu noming borida.

Bobur ul gul koʻyida bulbul kibi topting maqom,
Bir navoye rost qil mundoq maqoming borida.


Nom: Re: Bubur Mirzo hayotidan na'munalar
Yuborildi: Muhammad Amin 09 Noyabr 2007, 18:18:02
Sening ishqingda, ey nomehribon, bexonumon boʻldim "¦
Sening ishqingda, ey nomehribon, bexonumon boʻldim,
Deman bexonumon ovvorayi ikki jahon boʻldum.

Labing gar bermasa boʻsa nechuk jon elta olgʻaymen,
Bu yoʻldakim, adam sahrosigʻa emdi ravon boʻldum.

Soʻrub ul oy labidin ogʻzining ramzini angladim,
Bir ogʻiz soʻz bila koʻrungki muncha xoʻrdadon boʻldum.

Nechakim qoshi yolar ishqida tuzlukni koʻrsattim,
Vale oxir malomat oʻqlarigʻa-oʻq nishon boʻldum.

Kular erdim burun Farhodi miskin dostonigʻa,
Bu Shirindurki oning birla-oʻq hamdoston boʻldum.

Visoling davlatigʻa yetmasam Bobur kibi, ne tong,
Ki hajring mehnatida asru zoru notavon boʻldum.


Nom: Re: Bubur Mirzo hayotidan na'munalar
Yuborildi: Muhammad Amin 09 Noyabr 2007, 18:18:22
Kim koʻrar xurshidni, ul mohsiymo boʻlmasa "¦
Kim koʻrar xurshidni, ul mohsiymo boʻlmasa,
Kim soʻrar shakkarni, ul laʼli shakarxo boʻlmasa.

Gul tikandur koʻzlarimga ul yuzi guldin yiroq,
Sarv oʻqdur bagʻrima ul sarv bolo boʻlmasa.

Jannatu-l-maʼvoni, ey zohid, netay men zorkim,
Istaram koʻyidin oʻzga manga maʼvo boʻlmasa.

Tiymagʻil devona koʻnglumniki, rasvo boʻlma deb,
Oshiq oʻlgʻaymu edi ul telba rasvo boʻlmasa.

Gar boshingni kessalar ishqida, ey Bobur, sening,
Yordin koʻnglung kerakkim oʻzga qatʼo boʻlmasa.


Nom: Re: Bubur Mirzo hayotidan na'munalar
Yuborildi: Muhammad Amin 09 Noyabr 2007, 18:18:48
Yana koʻz uyida maʼvo qilibsen "¦
Yana koʻz uyida maʼvo qilibsen,
Koʻngul koshonasida jo qilibsen.

Yana savdoyi zulfingdin, nigoro,
Meni oshuftavu shaydo qilibsen.

Gʻaming yoʻq jon agar bersam gʻamingda,
Oʻzungni muncha beparvo qilibsen.

Qoshingdin meni oʻqdek tashlar uchun
Yangi oydek qoshingni yo qilibsen.

Koʻzumdin yoshurib, ey bahri altof,
Koʻzumning yoshini daryo qilibsen.

Sogʻinmas jannatu-l-maʼvoni Bobur,
Oning koʻnglida to maʼvo qilibsen.




Nom: Re: Bubur Mirzo hayotidan na'munalar
Yuborildi: Muhammad Amin 09 Noyabr 2007, 18:19:11
Jonima oʻt soldi ul ruxsorayi zebo yana "¦
Jonima oʻt soldi ul ruxsorayi zebo yana,
Koʻngluma ul zulf boʻldi moyayi savdo yana.

Koʻrsatib ruxsoru zulfin ul pariy paykar manga,
Jonu koʻnglumni qilibdur volavu shaydo yana.

Yor koʻyindagi tom sensen manga pushti panoh,
Soyayi lutfungni sol, chun sanga keldim to yana.

Shodliqniyu farogʻatni qoʻyub oshiq boʻlib,
Mehnatu gʻamni qilibmen oʻzuma paydo yana.

Yorgʻa qulmen degach Boburni rasvo ayladi,
Tengri mendek bandasini qilmasun rasvo yana.




Nom: Re: Bubur Mirzo hayotidan na'munalar
Yuborildi: Muhammad Amin 19 Noyabr 2007, 10:37:43
Qaro zulfing firoqinda
Qaro zulfing firoqinda parishon ro'zg'orim bor,
Yuzungni ishtiyoqida ne sabru ne qarorim bor.

Labing bag'rimni qon qildi, ko'zimdin qon ravon qildi,
Nechun holim yomon qildi, men andin bir so'rorim bor.

Jahondin menga g'am bo'lsa, ulusdin gar alam bo'lsa,
Ne g'am yuz muncha ham bo'lsa, seningdek g'amg'usorim bor.

Agar muslihmen ar musfid, va gar oshiqmen ar obid,
Ne ishing bor sening zohid, meningkim ixtiyorim bor.

Fig'onim oshdi bulbuldin, g'ami yo'q zarra bu quldin,
Base Bobur, o'shal guldin ko'ngulda horhorim bor.
Nom: Re: Bubur Mirzo hayotidan na'munalar
Yuborildi: Muhammad Amin 19 Noyabr 2007, 10:39:11
Topmadim

Jonimdin o'zga yori vafodor topmadim,
Ko'nglumdun o'zga maxrami asror topmadim.

Jonimdek o'zga jonni dilafgor ko'rmadim,
Ko'nglum kibi ko'ngulni girifdor topmadim.

Usruk ko'ziga toki ko'ngul bo'ldi mubtalo,
Hargiz bu telbani yana xushyor topmadim.

Nochor furqati bilan ho'y etmisham, netay.
Chun vasliga o'zimni sazovor topmadim.

Bore boray eshigiga bu navbat, ey ko'ngul,
Nechaki borib eshigiga, bor topmadim.

Bobur, o'zingni o'rgatakor, yorsizki, men
Istab jahonni, muncha qilib, yor topmadim.
Nom: Re: Bubur Mirzo hayotidan na'munalar
Yuborildi: Muhammad Amin 19 Noyabr 2007, 10:41:13
Charxning men ko'rmagan

Charxning men ko'rmagan jabru jafosi qoldimu?!
Xasta ko'nglim chekmagan dardu balosi qoldimu?!

Meni xor etti-yu qildi muddaini parvarish,
Dahri dunparvarning o'zga muddaosi qoldimu?!

Meni o'lturdu jafoi javr birla ul quyosh,
Emdi turguzmak uchun mehru vafosi qoldimu?!

Oshiq o'lg'och ko'rdim o'limni o'zimga, ey rafiq,
O'zga ko'nglimning bu olamda harosi qoldimu?!

Ey ko'ngul, gar Bobur ul olamni istar, qilma ayb,
Tengri uchun de bu olamning safosi qoldimu?!
Nom: Re: Bubur Mirzo hayotidan na'munalar
Yuborildi: Muhammad Amin 19 Noyabr 2007, 10:42:57
Ruboiylar

Har kimki vafo qilsa vafo topgusidur,
Har kimki jafo qilsa jafo topgusidur,
Yahshi kishi yomonlig' ko'rmagay hargiz,
Ha kimki yomon bo'lsa jazo topgusidur!

* * * * *

Taqdir yuki boshimga balolig' bo'ldi,
Har neniki ayladim hatolig' bo'ldi,
Oz yurtni qo'yib Hind sori yuzlandim,
Yo Rab netayin, bu ne yuz qarolig' bo'ldi.

* * * * *

Yod etmas emish kishini g'urbatda kishi,
Shod etmas emish ko'ngulni mehnatda kishi.
Ko'nglim bu g'ariblikda shod o'lmadi, oh,
G'urbatda sevinmas emish, albatta, kishi.

* * * * *

Ahbob, yig'ilmoqni farog'at tutungiz,
Jamiyatingiz borini davlat tutungiz.
Chun gardishi charx bu durur, tengri uchun,
Bir - birini necha kuni g'animat tutungiz.