forum.ziyouz.com

Umumiy bo'lim => Islom => Mavzu boshlandi: Robiya 07 Iyun 2008, 16:09:38

Nom: O'zbekiston islom obidalari
Yuborildi: Robiya 07 Iyun 2008, 16:09:38
Assalomu alaykum! ushbu mavzuda O'zbekistonda mavjud bo'lgan islom obidalari tarixi bilan tanishasizlar.
Nom: Re: O'zbekiston islom obidalari
Yuborildi: Robiya 07 Iyun 2008, 16:11:48
                                       Buxoro. Ismoil Somoniy maqbarasi

      Maqbara IX-X asrlarga oid. Bu yerga dafn qilingan Ismoil Somoniy Buxoroda Somoniylar davlatiga asos solgan yirik siyosiy arbob hisoblanadi. U 848 yil Buxoro shahrida tug'ilgan. 874 yilda Buxoro hokimiga noib, 888 yildan esa butun Movarounnahrga hokim bo'lgan. Ismoil Somoniy markaziy hokimiyatni mustahkamlash siyosatini olib borib, turli yerlardan ulamolar, adiblar, usta va hunarmandlarni Buxoroga to'plagan. Madaniyat rivojiga katta hissa qo'shgan. Bag'dod xalifalaridan ibrat olib, o'ziga ulkan maqbara qurdirgan.
Nom: Re: O'zbekiston islom obidalari
Yuborildi: Robiya 07 Iyun 2008, 16:13:30
                                 Surxondaryo. Hakim at-Termiziy yodgorlik majmuasi
      X-XIV asrlar. Bu me'moriy obida Eski Termiz qal'asining shimoliy-g'arbida barpo etilgan. Abu Abdulloh Muhammad ibn Ali ibn Hasan ibn Bashir al-Hakim at-Termiziy qator diniy-falsafiy asarlar muallifi, din arbobi, yirik mutasavvif va mashhur olimdir. Hakim at-Termiziy maqbarasi qadimgi xonaqoh hujralaridan biri bo'lib, alloma shu yerda faoliyat yuritgan: muridlari, shogirdlari va boshqa darvishlarni qabul qilgan, ular bilan suhbatlashgan. Shu xonaqohda dafn etilgan. Qabr ustiga Amir Temur o'g'li Shohruh Mirzo zamonida katta qabrtosh o'rnatilgan. Qabrtosh Temuriylar davridagi toshtaroshlik, o'ymakorlik va bezakchilik san'atidan dalolatdir. Hakim at-Termiziy 880 yil Termizda vafot etgan. Hayoti davomida to'rt yuzdan ortiq asar yozgan. Shulardan o'ndan ziyodrog'i bizning zamonamizgacha yetib kelgan. Hadis ilmiga bag'ishlangan "Jome' al-usul" nomli qo'lyozma asari O'zbekiston musulmonlari idorasi kutubxonasida saqlanmoqda.
Nom: Re: O'zbekiston islom obidalari
Yuborildi: Robiya 07 Iyun 2008, 16:14:22
                                    Surxondaryo. Sulton Saodat majmuasi
      XI asr. Sulton Saodat sayyidlar sulolasining maqbarasidir. Bu me'moriy majmua oilaviy maqbaralar va marosim xonalaridan iborat bo'lib, asrlar davomida tashkil topgan yaxlit inshootdir. Birinchi maqbarada IX asrning ikkinchi yarmida vafot etgan Hasan al-Amir ismli sayyidning xoki yotibdi. U shu atrofdagi yerlarning egasi, Payg'ambarimiz avlodlaridan hisoblanadi. Sulton Saodat mo'g'ullar istilosi paytida vayron qilingan edi. Termizning sharqiy tomoniga joylashgan bu ziyoratgoh yangidan bunyod etilgan. Qariyb yetti asr (X - XVII) davomida shakllangan bu me'moriy majmua jami yigirmaga yaqin qabrni o'z ichiga oladi.

Nom: Re: O'zbekiston islom obidalari
Yuborildi: Robiya 07 Iyun 2008, 16:16:39
                                   Surxondaryo. Abu Iso at-Termiziy maqbarasi
      Hozirgi Sherobod tumani hududida joylashgan ushbu maqbara XI- XII asrlar me'moriy yodgorliklaridan hisoblanadi. At-Termiziy hijriy 209 yilda (mil. 824-825 y.) tavallud topgan. Hofiz az-Zahabiy "Miyzon al-e'tidol "kitobida Termiziyning hijriy 279 yilda vafot etganini zikr qilib, "Vafot etgan vaqtlarida 70 yoshda edilar", deydi. Ismu nasablari - Muhammad ibn Iso ibn Savra ibn Muso ibn az-Zahhok as-Sulamiy al-Bug'iy at-Termiziy. Alloma to'plagan hadislar ishonchliligi va mo''tabarligi jihatidan "Sihohi sitta" (oltita eng sahih hadislar to'plami)ning biri sanaladi. Yoshliklarida ko'p yillar davomida Iroq, Hijoz kabi arab o'lkalarida hadis o'rganib, ularni jamlagan. 250 hijriy yilda Termizga qaytganlar. Shu yili Nishopurda Imom al-Buxoriy bilan uchrashib ko'p hadislar xususida mubohasalar olib borganlar. Bu buyuk vatandoshimizdan "Al-Jome' as-Sahih" ("Sunani Termiziy"), "Ash-Shamoil" ("Shamoili Muhammadiya"), "Al-Hol", "At-Tarix", "Az-Zuhd", "Al-Asmou val-kunya" ("Ismlar va kunyalar") kabi asarlar bizgacha yetib kelgan.
Nom: Re: O'zbekiston islom obidalari
Yuborildi: Robiya 07 Iyun 2008, 16:19:55
                                  Navoiy. Mirsaid Bahrom maqbarasi
      Maqbara XI asrda hozirgi Karmana shahri hududida bino etilgan. Uning sohibi mashhur savdogar, islomiy ilmlar bilimdoni Mirsaid Bahrom bo'lib, Karmanadan o'tgan Buyuk ipak yo'li orqali Afg'on, Eron, Arab davlatlariga borib, savdo-sotiq bilan shug'ullangan. Orttirgan mol-dunyosidan ko'plab xayr-ehsonlar qilib, katta obro'-e'tiborga sazovor bo'lgan. U fiqh, tarix ilmlarini puxta bilgan. Umrining oxirlarida tasavvuf yo'liga o'tib, sohibi karomat darajasiga yetgan.
Nom: Re: O'zbekiston islom obidalari
Yuborildi: Robiya 07 Iyun 2008, 16:21:40
                                  Samarqand. Shohizinda maqbaralar majmuasi
      XI - XIX asrlar. Samarqandning Afrosiyob tepaligi janubida barpo qilingan bu majmuaga yigirmadan ziyod maqbara, masjid, xonaqoh va chillaxonalar kiradi. Ularning ichida eng qadimiysi - Muhammad (s.a.v.)ning amakivachchalari Qusam ibn Abbosning maqbarasi. Inshootlarning aksari XIV - XV asrlarga mansub. Majmua tarkibida sohibqiron Amir Temurning singlisi Shirinbeka oqa, opasi Turkan oqa va xotini Tuman oqalarning maqbaralari ham mavjud.
Nom: Re: O'zbekiston islom obidalari
Yuborildi: Robiya 07 Iyun 2008, 16:24:01
                                    Surxondaryo. Jarqo'rg'on minorasi
      XII asr boshi. Hozirgi Jarqo'rg'on tumanining Alisher Navoiy nomidagi jamoa xo'jaligida joylashgan. O'rta Osiyoning shu turdagi minoralari orasida o'zining jimjimador o'n olti tutamlik yarim ustuni bilan ajralib turadi. Bu ustunlar qavariq, (qovurg'a) shaklida bo'lib, yuzasi yotiq kesimda ko'p yaproqli gulga o'xshaydi. Quyiga tusha borgan sari qavariqlar go'yo yig'ilib ketganday tuyuladi. Yuqori qismida esa ular ravoqchalar zanjiri va enli epigrafik hoshiya bilan jipslashgan. Minora asosi baland sakkiz qirrali kursiga o'rnatilgan. Har bir qirraning markazida xushbichim ravoqli tahmonlar bor. Ana shu tahmonlardan bittasi janubiy-g'arbiy qirrada minora ichki aylana zinasiga olib chiqadi.
Nom: Re: O'zbekiston islom obidalari
Yuborildi: Robiya 07 Iyun 2008, 16:25:19
                                        Buxoro. Minorai Kalon
      XII asr. 1127 yil Qoraxoniylar davlati amiri Arslonxon tomonidan qurilgan bo'lib, pishiq g'ishtdan naqshdor shakllar uslubida ishlangan. Balandligi 50 metr, aylanma eni 9 metr. Minoraning salla shaklidagi yuqori qismi g'isht o'ymakorligi bilan bezatilib, karniz holiga keltirilgan. O'qsimon tirgak o'rtasida Arslonxonning nomi hamda binokor ustaning ismi Baqo bitilgan. Minora ichida g'ishtin aylanma zinapoya bo'lib, mezanaga olib chiqadi. Minora azon chaqirish uchun masjid va madrasalar yonida yoki ularga tutash qilib qurilgan. Minorai Kalon mezanasining qubbasi va devorlari muazzin ovozini yanada kuchaytirib berishga xizmat qilgan.
Nom: Re: O'zbekiston islom obidalari
Yuborildi: Robiya 07 Iyun 2008, 16:26:09
                                    Buxoro. Mag'oki Attori masjidi
      XII - XVI asr. Bu masjid XII asrda otashparast-majusiylar ibodatxonasi o'rnida bino qilingan. Ibodatxona atrofga nisbatan bir muncha pastroqqa joylashgan. Forscha "Mag'oki" (chuqurlik) nomi ham shundan olingan. Vaqt o'tishi bilan masjid ko'milib ketgan. Masjidning sharqiy peshtoqidagi yozuvlarga ko'ra, 1547 yilda Abdulaziz ibn Abdulloh masjidni buzdirib, o'rniga yangi masjid qurdirmoqchi bo'ladi. Ammo naqshbandiya tariqatining o'sha davrdagi peshvosi va xonning murshidi Maxdumi A'zam bunga yo'l qo'ymaydi. Ushbu masjid minbarida Abduxoliq G'ijduvoniy, Bahouddin Naqshband kabi pirlar xutba o'qiganlari ham ta'kidlangan. Murshidning so'zlariga itoat qilgan Abdulazizxon masjidning g'arbiy tomoniga chambarchas qilib yangi masjid qurdirgan.
Nom: Re: O'zbekiston islom obidalari
Yuborildi: Robiya 07 Iyun 2008, 16:27:04
                                        Buxoro. Vobkent minorasi
      XII asr oxiri. Minora 1197-1198 yillarda bino qilingan. Buxoro sadri Burxoniddin Abdulaziz II ning nomi bitilganidan minorani u qurdirganligi bilinadi. Minoraning tepa qismiga devoniy xatida "Minora 595 hijriy yilda qurib bitkazildi", deb yozilgan. "Kimki masjid qursa, o'ziga jannatdan makon qurgan bo'ladi ", degan hadis ham bitilgan. O'sha davrda minoraga yondosh bir masjid va bir Madrasai sadriya mavjud bo'lib, u Movarounnahrdagi eng yirik bilim maskani bo'lgan. Minoraning balandligi 38,7 metrdir.
Nom: Re: O'zbekiston islom obidalari
Yuborildi: Robiya 07 Iyun 2008, 16:28:48
                                          Buxoro. Namozgoh masjidi
      XII, XIV, XVI asrlar. Bu masjid Buxoroning janubida 1119 yili qurilgan bo'lib, ikkita ulug' hayit kunlari shahar tashqarisiga chiqib, ulkan izdihom bilan namoz o'qishga mo'ljallangan. XV asrda Amir Temur buyrug'i bilan butun mehrob atrofidagi devor va bitiklar ta'mirlangan. XVI asrda Abdullaxon ibn Iskandar (1551-1598 y.) tarafidan ham jiddiy ta'mir ishlari amalga oshirilgan. Masjidning minbaridan zamonning mashhur ulamolari xutbalar o'qishgan. Naqshbandiya tariqatining peshvolari Xoja Muhammad Porso, Maxdumi A'zam, Xoja Islom Jo'yboriy kabi allomalar mav'iza qilishgani tarixdan ma'lum. Namozgoh masjidi o'z davrida ko'pgina mojarolarda sulh tuzish maydoni vazifasini ham bajargan.
Nom: Re: O'zbekiston islom obidalari
Yuborildi: Robiya 07 Iyun 2008, 16:29:42
                                 Samarqand. Xoja Abdu Darun maqbarasi
      XII asr, XV asrning birinchi yarmi. Samarqand qal'a devorining sharqiy tomonida (darun - ichkari) joylashgan qadimgi ziyoratgoh. Markazida eng yirik bino - xonaqoh (XV asr) ko'zga tashlanadi. Uning peshtoqi, gumbazi va devorining bezaklari Ulug'bek davri me'morligi mahsuli ekanidan darak beradi. Xonaqohning ichida IX asrda yashagan avliyo, alloma Abdu Ma'ziddinning qabri bor. Xoja Abdu Darun padari buzrukvorlarining nomi Xoja Abduqodir as-Said (Xoja Abdu Berun) bo'lib, Samarqandda hokimlik qilgan. Xoja Abdu Darunni Xojai Kunj, deb ham ataganlar. Xoja 247 hijriy yilning zulqa'da oyida (mil.861 yil may oyi) vafot etgan.
Nom: Re: O'zbekiston islom obidalari
Yuborildi: Robiya 07 Iyun 2008, 16:30:33
                               Toshkent. Shayx Zayniddin buva maqbarasi
      XIII, XIX asrning birinchi yarmi. Shayx Zayniddin me'moriy maqbarasi mil. 1214 yilda tug'ilgan Shayx Zayniddin Ko'yi Orifon nomiga qurilgan. Otalari asli bag'dodlik, so'fiylarning yo'lboshchisi, "shayxlarshng shayxi" va tariqat asoschisi hisoblangan. Bu maqbara Amir Temur davrida bino qilingan.
 
Nom: Re: O'zbekiston islom obidalari
Yuborildi: Robiya 07 Iyun 2008, 16:31:34
                             Qashqadaryo viloyati. Shahrisabz. Oqsaroy
      XIVasr. 1378-1379 yillarda Amir Temur Xorazmdagi barcha usta va hunarmandlarni Keshga keltirib, shaharda ulkan obodonlashtirshi ishlarini olib borgan va o'z davri uchun tengi bo'lmagan Oqsaroyni qurdirgan. Oqsaroy poydevoriga qo'yilgan dastlabki g'ishtlar oltin qumdan tayyorlangan. Saroy bezaklari orasiga Alloh taologa hamdu sanolar va Amir Temurga maqtov so'zlari bitilgan.
Nom: Re: O'zbekiston islom obidalari
Yuborildi: Robiya 07 Iyun 2008, 16:32:34
                        Qashqadaryo viloyati. Shahrisabz. Hazrati Imom maqbarasi
      XIV asr. 1384 yilda Amir Temur avliyo Muhammad Shayboniyning xokini keltirib Dorussiyodatga, o'g'li Jahongir qabri oldiga dafn ettirgan. Amir Temur ko'rsatmasi bilan xorazmlik ustalar baland bino barpo etganlar. Muhammad Shayboniy musulmon olamida "Hazrati Imomi Bag'dodiy "nomi bilan mashhur bo'lgan. Majmuaga Amir Temur o'zi uchun katta xilxona qurdirgan. Majmuaning ulkan ark va devorlari, o'n olti qirrali asosga qurilgan gumbazlari qimmatbaho tosh va shishalardan ishlangan naqshinkor bezaklar bilan bezatilgan.
Nom: Re: O'zbekiston islom obidalari
Yuborildi: Robiya 07 Iyun 2008, 16:33:24
                    Qashqadaryo viloyati. Shahrisabz. Gumbazi Sayyidon maqbarasi
      XV asr. 1437-1438 yillarda bunyod etilgan Gumbazi Sayyidon maqbarasi o'ziga xos maqbaralar majmuasini tashkil etadi. Gumbazlariga naqshinkor bezaklar tushirilgan. Undagi yozuvlarga asoslanib Mirzo Ulug'bek avlodlariga oid, degan taxminlar qilinadi. XV - XVII asrlarda maqbara ichiga Termiz sayyidlari ismlari ko'rsatilgan bir necha qabrtoshlar olib kirilgan. Bu keyinchalik maqbaraning Gumbazi Sayyidon, deb atalishiga olib kelgan. Binoning asosi katta bir xonaqoh, gumbaz hamda unga ulanib ketgan mayda xonalardan iborat.