O’ZBEK XALQ
MAQOLLARI
Tuzuvchilar:
filologiya fanlari doktori, professor To'ra MIRZAYEV,
filologiya fanlari doktori, professor Asqar MUSOQULOV,
filologiya fanlari doktori, professor Bahodir SARIMSOQOV
Mas'ul muharrir
filologiya fanlari nomzodi Sh. TURDIMOV
«Sharq» nashriyot-matbaa
aksiyadorlik kompaniyasi
Bosh tahririyati
2005
SO'ZDAN SO'ZNING FARQI BOR
Til, falsafa va badiiy ijodning o'ziga xos hodisasi sifatida yuzaga kelgan xalq maqollari folklorning ixcham shakl, ammo teran mazmunga ega bo'lgan bir janridir. Har biri tilimiz ko'rkini, nutqimiz nafosatini, aql-farosat va tafakkurimiz mantiqini hayratomuz bir qudrat bilan namoyish etgan va eta oladigan bunday badiiyat qatralari xalqimizning ko'p asrlik hayotiy tajribalari va maishiy turmush tarzining bamisoli bir oynasidir. Bu badiiy oynada uning hayotga, tabiatga, inson, oila va jamiyatga munosabati, ijtimoiy-siyosiy, ma'naviy-ma'rifiy, axloqiy-estetik va falsafiy qarashlari, qisqasi, O'zi va O'zligi to'la namoyon bo'lgandir. Shuning uchun ham maqollar g'oyatda keng tarqalgan bo'lib, asrlar davomida jonli so'zlashuv va o'zaro nutqiy munosabatlarda, badiiy, tarixiy va ilmiy asarlarda, siyosiy va publitsistik adabiyotda doimiy ravishda qo'llanilib kelgan va qo'llanmoqda. Yillararo, davrlararo ularning yangilari yaratilib turgan, eskilarining — jonli muomalada, tilda mavjudlarining ma'no doirasi kengayib yoki torayib borgan. Hatto ularning muayyan qismi unutilib ketgan. Chunki o'zbek xalqining bunday ulkan folklor merosi folkloristik nuqtayi nazardan keyingi asrlargacha deyarli to'planmay va o'rganilmay kelgan. Bundan xalq maqollari o'tmish adiblari, shoirlari, tarixchilari e'tiboridan mutlaqo chetda ekan, degan xulosa chiqarmasligimiz kerak.
Maqolga adabiy nuqtayi nazardan qiziqish, asar badiiyligini oshirish va badiiy til ravonligini ta'minlash uchun undan foydalanish hamma zamon so'z san'atkorlarining diqqat markazida bo'lgan. Yusuf Xos Hojib, Ahmad Yassaviy, Rabg'uziy, Lutfiy, Alisher Navoiy, Bobur, Abulg'ozi Bahodirxon, Munis, Ogahiy, Nodira, Muqimiy, Furqat, Avaz, Hamza, Sadriddin Ayniy, Fitrat, Cho'lpon, Abdulla Qodiriy, Oybek, G'afur G'ulom va boshqa o'nlab ijodkorlarning asarlari sinchiklab o'rganilsa, ularning tarkibida qanchadan qancha maqollar ba'zan aynan, ba'zan o'zgargan holda mavjudligiga ishonch hosil qilamiz. Tariximizda hatto maqolga maxsus, agar ta'bir joiz bo'lsa, folkloristik nuqtayi nazardan, garchi epizodik xarakterda bo'lsa-da, munosabatda bo'lingan hollarga ham duch kelamiz. XI asrning ulkan tilshunos olimi, folklorshunos va etnograf Mahmud Koshg'ariyning to'plovchilik faoliyati va uning «Devoni lug'otit turk» asari bunga yorqin misol bo'la oladi. «Devon»da turli munosabatlar bilan turkiy xalqlar orasida keng tarqalgan 400 ga yaqin maqol va matallar ham keltiriladiki, ularning aksariyati bugun ham ayrim o'zgarishlar bilan tilimizda muvaffaqiyatli ravishda ishlatilmoqda.
Yana bir mulohaza: Yurtimiz mustaqillikka erishuvi tufayli ko'p narsalar ijobiy qutbga o'zgardi. Jumladan, diniy qadriyatlar to'laligicha tiklandi. Maqollarning ham qo'llanishida turfaliklar yuzaga keldi. Ammo diniy qadriyatlarning tiklanishi din niqobida yurgan tekinxo'rlar, yovuzlar butunlay yo'qoldi degani emas. Mutaassiblik hozir ham mavjud. Chalasavod mulla, imomlar hozir ham topiladi.
To'plamda din bilan bog'liq maqollar ana shular haqida ekanligini kitobxon yaxshi biladi, deb o'ylaymiz. Shuningdek, bunday maqollar tarixan turli-tuman munosabatlarni ifodalaganligini, tilimizda asrlar davomida ishlatilib kelinib, bugungi kunda esa, asosan, ko'chma ma'noda qo'llanishini ham unutmaslik kerak.
Maqollar to'plami bir zabt bilan o'qib chiqiladigan asar emas. Unga barcha soha kishilari turli munosabat bilan har doim, har kuni murojaat qilishlari mumkin. Ana shunda to'plam unga murojaat qiluvchilarning biror-bir hojatini chiqara olsa, tuzuvchilar o'z maqsadlariga erishgan bo'ladilar.
T. MIRZAYEV,
filologiya fanlari doktori, professor