forum.ziyouz.com
Ilm va ziyo => Ma'rifat => She'riyat => Mavzu boshlandi: shoir 30 Iyul 2008, 12:37:01
-
XXI asr she'riyati:
Oydinniso
(http://i296.photobucket.com/albums/mm192/shoir/XXasr/oydinniso.jpg)
* * *
Tunning yuzini yuv,
oqarsin.
Yulduzlarni
Tergin bir safga.
Hislaringni
Jilovlab olgin.
Oshiqaver, shu ko‘yi
Tongga.
Ko‘tarib qo‘y,
Kunning qaddini.
Tinmayotgan
yomg‘irni terga.
Ko‘kka bo‘ya
xazon rangini.
Oshiqaver shu ko‘yi
Tunga.
Yarim qolaversa,
To‘lmasa.
Yuraging
Ko‘zingdek yumilsin.
Kuydirib bo‘lmasa,
Cho‘ktirib bo‘lmasa.
Muhabbat
Tiriklay ko‘milsin.
Oshiqaver shu ko‘yi
Baxtga.
-
* * *
Mening yuzim qora,
izlarim qora.
Yuragimda
hamon o‘sha nohaq dog‘.
Keldim,
Ko‘zim yumib yana bir bora,
Orttirmoqqa o‘zimga gunoh.
Ketib —
Ketolmadim o‘zdan yuksalib,
Kechirma, ovutma,
Sen meni sevgin!
Keldim minginchi bor —
dilga yuk solib —
seni tashlab ketmoqlik uchun.
-
* * *
Seni o‘ylamadim uning bag‘rida,
Faqat xayol surdim tun bo‘yi,
Seni o‘ylamayotganim haqida.
* * *
Hammasini aytdim yuzingga,
Aytilmagan so‘zim qolmadi
Biroq aytolmadim hech nima.
-
KUN TARTIBI
G‘am bo‘yi anqigan nigohga,
Baxt isi taralgan atirdan sepib,
Hamma yurgan yo‘lga shaxdam chiqasan,
O‘lgan ko‘z yoshlarning ustidan tepib.
Ko‘zlaringni qisib qaraysan, quyosh —
Nigohingga sig‘may ko‘pchigan, toshgan.
Jaranglab ketadi nur siniqlari —
Baxt isi tomonga turtinib shoshgan.
Osmon qarog‘ingga kirar bostirib,
Oy, yulduz
Go‘yoki ko‘zingga ekilgan.
Yer chiqadi nigohingga osilib —
Qo‘ynidagi butun lash-lushi bilan.
Dimog‘ va ko‘ngillar ochligi
Sen tomon boshlaydi hamma-hammani.
Bor budingni simirib bitiradilar,
Tark etmaydi shaxsiy nigohing seni.
Ko‘zlaringni yumib qaytib kelasan,
Kimsa qadam bosmas xonangga holsiz.
Ko‘rpangga o‘ranib simira boshlaysan.
G‘am bo‘yi anqigan ko‘z yoshni Yolg‘iz.
-
* * *
Ketayotib,
Turtinib ketasan soyangga,
Soyangga suyanib qolasan
qaytayotib.
Boshqa hech ne topmaysan,
Turtinishga, suyanishga,
Yon-veringni kuzatib.
Kurashging kelaveradi
qalbing singari.
O‘zingmi, o‘zgami —
farqi yo‘q kim bilan ekanin.
Umring bo‘yi
yo‘l olasan xo‘rlanish sari.
Kurashaverasan
mag‘lubiyat uchun.
-
* * *
Qutqar,
botayotgan quyoshni,
Cho‘kayotgan tunni
xalos et.
Artib qo‘ygin
yulduz — ko‘z yoshni,
Oy yuzidan
dog‘larni arit.
Ko‘ngilni et qaytadan bunyod —
Mayli,
Buzma taqdir zaylini.
Nafas ola boshlasin
Hayot —
Yelkangni tutib kel,
maylimi?
-
* * *
Hijronlarning
gunohi soqit.
Bizni visol ayirdi
bu kech.
Titkiladik dilni
tutoqib.
Kutganimiz
Topilmadi hech.
To‘lsa hamki
yarim bag‘rimiz,
Tugamadi
sog‘inch, intiqlik.
Sen menimas,
men seni emas.
Biz yillarga
boy berganimiz —
Muhabbatni qattiq sog‘indik.
-
TASKIN
Nima bo‘lar,
bir kun baridan tonib.
Bir lahza
o‘zingni sog‘inib qolsang.
Chalajon ruhingni
shartta ko‘tarib.
O‘z holingdan xabar olgani
borsang.
Qarab
dilingdagi kemtik yerlarga,
Kulguli emasmi,
miriqib kulsang.
Bu ham yetmaganday,
Ulkan tog‘larda
birgina xarsangni sog‘inib
o‘lsang.
"Yoshlik" jurnalidan olindi.