forum.ziyouz.com

Ilm va ziyo => Ma'rifat => She'riyat => Mavzu boshlandi: shoir 31 Iyul 2008, 12:26:44

Nom: XXI asr she'riyati: Muhammad Ibrohim
Yuborildi: shoir 31 Iyul 2008, 12:26:44
XXI asr she'riyati:

Muhammad Ibrohim


KUZ

Kuz keldi. Daraxtlar bargi uzildi,
Sovuqdan bir titrab qo‘ydi Simyog‘och.
Sevgimiz qasri to‘zdi,  buzildi,
Daraxtlardek qalbim qoldi yalang‘och.
Osmon burchagida gezardi shafaq,
Bulutda qoldirib qizg‘ish  izlarin
U mening qalbimga o‘xshamas, biroq.
U sening labingga o‘xshar, qaragin.
So‘nggi  yaproqlarni tortqilar shamol,
Xazonlar qalbimdan uzilgan maktub.
Balki umrimizni etyapmiz uvol,
Men seni axtarib, sen meni kutib.
Balki eslolmassan o‘tgan eng so‘lim
Bahoriy oylaru, kunlar barini.
Qayg‘urma, bir senmas dunyoda, gulim,
Unutgan eng shirin va’dalarini.
Faqat, o‘rtanaman, gardishi falak,
Meni qachongacha ermaklar yana.
O‘sha daraxtlardek yalang‘och yurak,
Hanuz har ko‘ngildan so‘rar boshpana.
Nom: Re: XXI asr she'riyati: Muhammad Ibrohim
Yuborildi: shoir 31 Iyul 2008, 12:27:19
*  *  *

Chaqaloqdek ikki kunlik oy,
Bu to‘lmagan ko‘nglingmi, falak?
Yulduzchalar tunning, hoynahoy,
Erkatoyi tilla kapalak.
Qaylargadir tomirga o‘xshab,
Chuvalashib uzalgan yo‘llar.
Daraxtlar, bu marhamat tilab,
Duo uchun ochilgan qo‘llar.
Giyohlarni quchganicha tek,
Mudrab qolgan olis kengliklar.
Ertakdagi pahlavonlardek,
Ag‘nab yotar bunda do‘ngliklar.
Orom olar tortgancha yuvosh,
Ko‘ppaklar ham hurmasdan shu choq.
Tun ko‘ksiga qo‘yganicha bosh,
Bolakaydek uxlaydi qishloq.
Nom: Re: XXI asr she'riyati: Muhammad Ibrohim
Yuborildi: shoir 31 Iyul 2008, 12:28:03
*  *  *

Sevgi nima —
Sevgi yashamoq,
Sevgi nima —
O‘lim demakdir.
U baxtlarga eltguvchi so‘qmoq,
Yoki so‘nggi yo‘lim demakdir.
Sevgi nima —
Ishonch barchaga.
U mehrdan gullayotgan tosh.
Ufqlarning olis bag‘rida,
O‘z qoniga belangan quyosh.
Shabnamlarni icharkan yaproq,
Tong o‘pganda yuz ochar g‘uncha.
Bo‘sadan so‘ng labdagi titroq,
Sevgi manga shunday tushuncha.
Sevgi —Tangri qilgan marhamat,
Majnun kiygan sahroyi kafan,
Sevgi azob, sevgi shirin dard,
Sevgi nima?
Sevgi bu — sensan!
Nom: Re: XXI asr she'riyati: Muhammad Ibrohim
Yuborildi: shoir 31 Iyul 2008, 12:29:10
NILUFARGA...

Nilu gulim, Nilufar,
Ko‘zing qaro tun qadar.
Kiprigingga qoqilib,
O‘taverar yulduzlar.

Nilu gulim, Nilufar,
Nafasingdan gul unar.
Bir boqishing bo‘stonu,
Bir qarashing gul qilar.

Nilu gulim, Nilufar,
Bo‘yi anbar, sochi zar.
Ko‘ksingdagi qoyada,
Men yetmagan baxt uxlar.

Nilu gulim, Nilufar,
Bo‘ldim senga mag‘lublar.
Qoshing qalam, ro‘moling
Men bilmagan maktublar.

Nilu gulim, Nilufar,
Bo‘g‘zimda jon oq kaptar.
Shu kaptarni haydamay,
Asrab qolsang ne bo‘lar.
Nom: Re: XXI asr she'riyati: Muhammad Ibrohim
Yuborildi: shoir 31 Iyul 2008, 12:29:18
*  *  *

Bosh degani omon bo‘lsa bas,
O‘stirmaydi kimni bu yillar.
Endi ortga olib ketolmas,
Seni bunga keltirgan yo‘llar.

Imkon yo‘qtir hatlab o‘tgani,
Qachonlardir tortilgan parda.
Mashhurdirsan Robinzon kabi,
Va yolg‘izsan ulkan shaharda.

Qaytolmaysan... bir saski, tongda,
Olislardan chalinar arang.
Balki o‘sha eski ayvonda,
Seni duo qilmoqda onang.
Nom: Re: XXI asr she'riyati: Muhammad Ibrohim
Yuborildi: shoir 31 Iyul 2008, 12:29:32
SHAHARDAGI HOLAT

Ulkan shahar odamlar ulkan,
Hatto ulkan orzu-tilaklar.
Ulkanlikning zalvori bilan,
Maydalashib borar yuraklar.
Bor vujudi beton binolar,
Yozda — tandir, qishda—  muzxona.
Teatrlar, kafe, kinolar,
Soddalikka bir oz begona.
Tutun suzgan mayxonalardan
Taraladi shu’lalar mudroq.
Labi, qimtiq, yuzi bo‘zargan,
Bunda horg‘in sudralar charachoq.
Yerni mahkam bag‘riga bosib,
Shovqinlardan titrar xiyobon.
Go‘yo Dunyo to‘zonin buzib,
Seldek oqib borar olomon.
Kimlargadir baxt etar tortiq.
Kimlargadir tutar g‘am, qadar.
Yuragi tosh, diydasi qattiq,
Quchoqlari qaynoq bu shahar.
Barham berib kun tashvishiga,
Yoritadi tunni chiroqlar.
Daraxtlarning yashil tushiga,
Kirib kelar olis qishloqlar.

"Yoshlik" jurnalidan olindi.