forum.ziyouz.com
Ilm va ziyo => Ma'rifat => She'riyat => Mavzu boshlandi: shoir 31 Iyul 2008, 13:08:52
-
XXI asr she'riyati:
Abduhamid Parda
(http://i296.photobucket.com/albums/mm192/shoir/XXasr/abduhamid_parda.jpg)
NAQSH
Qishloqning o‘rtasida,
Uy bor g‘ishtdan qurilgan.
Naqshin darvozasida,
Yulduz shakli o‘yilgan.
Uyda uch pari ruxsor,
Biri yulduz, biri oy.
Malaksiymo kenjasi,
Yuragimdan olgan joy.
Nasibam hijron-firoq,
Vasliga yetolmadim.
To hali, hanuz biroq,
Aslo unutolmadim.
Qishloqning o‘rtasida,
Uy bor g‘ishtdan qurilgan.
Uyning tarxi yulduzday,
Yuragimga o‘yilgan.
-
YO‘LDA
Yana yo‘lga tushdim men,
Qishlog‘imga talpinib.
Qo‘sh qanot bog‘lab qushday,
Qalbim shoshar xalpinib.
Katta yo‘lda jo‘sh urib,
Avtobusim yeladi.
Shamollarga to‘sh urib,
Yayov yurgim keladi.
Keng dalalar oftobning
Tafti bilan yashaydi.
Yaylovdagi sho‘x toychoq,
Uzun-uzun kishnaydi.
Yashnayotgan dalaga
Boqib aslo to‘ymayman.
Menga tegmay boshqaga
Tekkan qizni o‘ylayman.
-
OSHIQONA
Ko‘ylak kiydim yengi yo‘q,
Malak siymo — tengi yo‘q.
Olov deymi, alanga,
Tutashdi jonu tanga.
Nozik ko‘nglim olay deb,
Tog‘ qalbida qolay deb,
Axtardim hadya asl,
Qidirsam ham muttasil,
Hech ne topolmay ortiq,
Qalbim ayladim tortiq.
-
QISH QUYOSHI
Ko‘cha gar changiydi qish o‘rtasida,
Halakman, yo Falak, qish o‘rtasida.
Bisyor dur-javohir ummon qa’rida,
Bisyor baxt, evoh, sen mendan narida!
Qor tilar qag‘illab bir gala qarg‘a.
Parishon xayollar sarson bedarg‘a.
Olis-olislarda umid mash’ali,
Mudrar muhabbat ham nozli-nash’ali.
Fojeali sukut, sokinlik vazmin,
Sindirar hattoki Alpomish azmin!
Isitib-isitmas qishning quyoshi,
Toma-toma dilim teshar ko‘z yoshi.
G‘alvirday teshilgan yuragim xasta,
Ming bir dard
Ming bir she’r —
Ming dasta-dasta!
-
TASKIN
Gar boshimga tushsa g‘am,
Chekaverma dod-faryod.
Sendan-da bechoraroq,
Bandalarni ayla yod.
Fursat yetib saodat,
Kulbangni qilsa obod.
Bir nafas baxti qaro,
Bandalarni ayla yod.
Ko‘rmay desang boshingga,
Bevaqt qo‘ngan qirovni.
Shodlikda ham, g‘amda ham,
Mahkam tut, bas, jilovni.
"Yoshlik" jurnalidan olindi.