forum.ziyouz.com
Ilm va ziyo => Ma'rifat => She'riyat => Mavzu boshlandi: shoir 31 Iyul 2008, 14:32:41
-
XXI asr she'riyati:
Muhabbat
(http://i296.photobucket.com/albums/mm192/shoir/XXasr/muhabbat.jpg)
MUHABBAT AHLIN FALAK...
Falak manim yozug‘im bunchalar qaro yozmish,
Dilimga hijron otlig‘ tuzalmas yaro yozmish.
Ming bor o‘ldim majnundek xayollar taloshinda,
Muhabbat deb umrimga kuy ila navo yozmish.
Ishqimni aytolmasam tonglar yuzin siypalab,
Ne desam ko‘nglimdagin yod olib sabo yozmish.
Men g‘aribni ko‘chamdan yor o‘tganda uyg‘oting,
Izidan qolgan gardni dardima davo yozmish.
Ishqida chekkan g‘amlar ko‘zimga to‘tiyodir,
Muhabbat ahlin falak shoh emas, gado yozmish.
-
KUYLA, KO‘NGUL...
Kuyla ko‘ngul, charxning senga vafolari o‘zgacha,
Majnun kezgan sahrolarning safolari o‘zgacha.
Tonglar mening yuragimdan boshlanadi har sahar,
Shul sababkim dil toring sadolari o‘zgacha.
G‘anim manim mulki dilim vayron etolmagay hech,
Garchi menga tosh deb otgan jafolaring o‘zgacha.
Sultonlig‘ing unut ey dil, yor qoshida bir qulsan,
Muhabbat deb kuygan ko‘ngil gadolari o‘zgacha.
Ne navolar soz aylading hanuzam dahriy tilim,
Uyg‘on endi bugun Ishqning paydolari o‘zgacha.
-
MASHRABONA
Ishq yo‘lida meningdek ovorai sarson yo‘q,
Yo holimni so‘rgali Nodira davron yo‘q.
Junun holim so‘ylasam ko‘ngil orom olar deb,
Boqsam undan yaqinim, undan o‘tlig‘ zabon yo‘q.
Ming yoqqa ursam o‘zni hama yo‘l unga eltar,
Ishqimdan ayru manzil, muhabbatsiz makon yo‘q.
Izlariga bosh qo‘ymoq nasib etarmi desam,
Uni yolg‘iz uchratgan biror xoli maydon yo‘q.
Ko‘zlarimga dunyo tor, ishq yurakni osur dor,
Vale ishqsiz xayolim, xayolisiz zamon yo‘q.
Bu o‘tli Muhabbatdan qochib qayga ketay men,
Parvonadek charx urdim, izlaganim hamon yo‘q.
-
* * *
Chax-chax urib bulbulday topganim choh bo‘ldi, oh,
Marvarid deb tutganim bo‘g‘zimda oh bo‘ldi, oh.
Ko‘zlariga ilinmas mening boru yo‘qligim,
Yuragi ming bittalar diliga shoh bo‘ldi, oh.
Uz, dedim bu ko‘nglima xazon bo‘lma ishqida
Naylayin ko‘nglim shoxi yolg‘iz ul toq bo‘ldi, oh.
Dengizday mavjlanma dil tunlari yor ko‘yida
Ko‘r, hamrohing — uyqusiz ul sovuq shoh bo‘ldi, oh.
Bir Muhabbat yo‘lida kechma xonu moningdan
Bu sahroda bemor ko‘p, ishqda kim sog‘ bo‘ldi, oh.
-
AYOL SURATI
Sabring kosasi oqarmas,
Borini quysa-da, to‘lmaydi.
Zamonlar chirpirak, zamin chirpirak
Negadir bolasi to‘ymaydi.
Tun bo‘yi kipriklar beorom,
Yurak hech yig‘lashin qo‘ymaydi.
Tonggacha rizq terar, ertalab,
Baribir bolasi to‘ymaydi.
Kun bo‘yi jilmayar mehmonga,
Qo‘lidan kelgancha siylaydi.
Ortgani yetmasa indamas,
Negadir bolasi to‘ymaydi.
Ming bitta kechani varaqlab,
Aldovga bir ertak izlaydi.
Bor-budi tugaru, ertak tugamas,
Baribir bolasi to‘ymaydi.
-
SEHR
Yalmog‘iz bir kecha sochimga,
Sehrli taroqni qo‘yibdi sanchib.
Men ko‘zimni ocha olmayman,
Yo‘limda ne bo‘lsa keturman yanchib.
Yuragim uxlaydi, uxlaydi vujud,
Bu g‘ofil ko‘ngilni uyg‘otib bo‘lmas.
Boshimni ko‘tarsam sanchilar taroq,
Muhabbat haqida so‘z qotib bo‘lmas.
"Yoshlik" jurnalidan olindi.