forum.ziyouz.com

Kutubxona => O'zbek adabiyoti => Mavzu boshlandi: Ashiq Garib 15 Avgust 2008, 12:25:50

Nom: Axmad Yugnakiy
Yuborildi: Ashiq Garib 15 Avgust 2008, 12:25:50
                                      Hibat ul haqoyiq

                        Kengayish,qisqarish, o'zgarish va dunyoning birligi haqida

Yo'q edim, yaratding,yana yo'q qilib qayta (ikkinchi) vujudga keltirasan,bunga iqrorman.
Ey,shak-shubha yo'lida kun kechiruvchi, uyg'on ,o'limdan oldin o'zingni o'tdan(jaholatdan) tort.
Tangrim, tunni,kunduzni yaratdi,(U) sharqdan g'arbga tomon o'tib ,bir-biri bilan almashinib turadi.
Tuningni kunduzga,kunduzingni tunga o'zgartirib yana tong ottira beradi....
Nom: Re: Axmad Yugnakiy
Yuborildi: Ashiq Garib 15 Avgust 2008, 12:53:33
            Ulug' Amir Dod Sipohsolorbek Tangri Yorlaqag'urning Madhi Haqida

Ey til,madh qil, qani bayon et, men uni shohimga sovg'a qilayin
O'qimishli kishining  ruhi  sevinsin (deb) shohim madhi uchun kitob bezadim (yozdim)
Yo'l-yo'riq bilmas kishiga bilim o'rgatadi ,yo'l ko'rsatadi ,uning vujudi ehsonga to'la ,himmati balanddir .
U aql, hush ,yahshi xislat makonidir , bilim manbai ham fazilat konidir .
Uning himmati Simak yulduzidan balandroq ,sahovatda etuk,dardga darmoni ta'sirlidir .
Raiyatga (halqqa, dehqonlarga) shafqatli ,yahshi muomilali bo'lib ,g'azab qilganda arslon kabidir.
Salobat va quvvat bobida Umardek navjuvon kuchlidir, saxovatda esa Usmondek yuksakdir .
Uning tetikligi,sezgirligi ayoz (fazo)dan yuksak,insof va dodga etishda Nushiravondekdir.
Uning saxovatidan bulutlar uyalar ,dushmani esa uning bu hislatlariga amindir .
Ey, Shohim, fazilatlaring sanog'ini qum,tosh uyumi kabi hisobiga etib bo'ladimi?
Siyosat, boshqaruv va rahbarlik ishlarida (u) yo'l ko'rsatuvchi (mash'al)dir ,buni eshit, tingla
Yana xar ishga qodir, muruvvatli, saxovatli ulug' Tangri bu barcha hislatlarni shohimga ato qildi .
Agar bulut bir tomchi suvni xadya qilsa, dengiz oz yoki ko'p demay, to'lqinlana  beradi .
Dengizdan ming qayta ulug' shohim bu oz  hadyani qabul qilsa, ajab emas,deb umid qilaman .
 
Nom: Re: Axmad Yugnakiy
Yuborildi: Ashiq Garib 15 Avgust 2008, 13:03:31
                            Bu Kitobning Yozilish Sababi Va Zarurati Haqida

Dunyoda nomi qolsin deb, Sipohsolorbek uchun bu kitobni yozdim.
Kitobimni O'qigan, ko'rgan, eshitgan kishi Shohimni duo bilan yod qilsin deb (yozdim).
Kelgusi avlodlar uchun uning nomi mangu esdalik bo'lsin deb (yozdim) .
Uning muhabbati bilan ko'ngillar to'lib, yodi bilan dunyo to'lsin deb (yozdim) .
O'qimishli ,savodli (kishilar) undan foydalansin deb qo'llanma uchun kitob bezadim (yozdim).
Men buni muhabbatimni yahshi (tugal) bilsin deb Shohimga tortiq qildim .
Nom: Re: Axmad Yugnakiy
Yuborildi: Ashiq Garib 15 Avgust 2008, 21:28:03
             Birinchi bo'lim; Ilm Manfaati, jaholatning zarari haqida
Bilim haqida so'zlayman,so'zimga quloq sol, ilmli kishiga o'zingni yaqin tut.
Bilim bilan saodat yo'li ochiladi, shunga ko'ra, ilmli bo'l,baxt yo'lini izla .
Bilimli kishi (qimmat)  baholik dinordir, ilmsiz johil kishi qimmatsiz emishdir  (mevadir) .
Bilimlik kishi bilan bilimsiz odam qachon teng bo'ladi, bilimlik hotin kishi-- e'r kishidir , bilimsiz  e'rkak --hotin kishidir.
Ilmsiz iliksiz so'ngak kabi bo'shdir ,iliksiz so'ngakka e'sa qo'l urulmaydi.
Ilmli kishilarning nomi mashhur bo'ldi, bilimsiz kishilar e'sa tiriklayin o'ldi xisob va bu unga ko'rgulikdir
Bilimli kishi o'lsa ham, uning nomi o'chmaydi, ilmsiz kishining o'zi hayot bo'lsa ham ,oti o'likdir .
Bilimlikning biri bilimsizning mingiga teng,  ilmli kishilar ilmning qadriga etadi.
E'ndi o'zing sinab ,o'qib, boqib ko'r, bilimdan foydaliroq qanday narsa bor.
Bilim bilan olim ko'tarildi ,ilmsizlik esa kishini tubanlashtiradi.
Bilimli bo'l , hech qachon e'rinma, haq Rasuli Muhammad sallollohu alayhi vasallam kim ilmli bo'lsa, uni siz maqtang deganlar..
Nom: Tarjima
Yuborildi: jamshid0812 11 Oktyabr 2008, 13:44:50
Assalomu alaykum!!! Iltimos kimda A.S.Pushkinning tarjima qilingan asarlari bor?
Nom: Re: Tarjima
Yuborildi: _Otabek_ 28 Oktyabr 2008, 03:43:30
Александр Сергеевичнинг танланган шеърларининг узбек тилидаги кичикрок тупламини курганман, сшил каттик муковали. Китоб дуконлари ёки расталардан топсангиз керак.
Nom: Re: Tarjima
Yuborildi: AbdulAziz 18 Noyabr 2008, 08:02:37
Assalomu alaykum!!! Iltimos kimda A.S.Pushkinning tarjima qilingan asarlari bor?

Va alaykum assalom!
A.S.Pushkin she'rlaridan tarjimalarni ushbu sahifadan o'qishingiz mumkin:
http://www.ziyouz.com/index.php?option=com_content&task=view&id=345&Itemid=217
Nom: Re: Tarjima
Yuborildi: _Otabek_ 18 Noyabr 2008, 08:20:32
Ana, uzoqqa borishning ham keragi yo'q ekan, saytda allaqachon qo'yilibdi. Tarjimonlar ham ko'rsatilgani ham  juda yaxshi ish. ZiyoUz ijodkorlariga tasanno, 1-o'rinda Abdulaziz do'stimizga.
Nom: Muhammad Yusuf, Osmonning Oxiri va ko'ngilga yaqin she'rlar...
Yuborildi: Hadija 09 Mart 2009, 17:26:46

:as:

 :bs1:

MUHAMMAD YUSUF
(1954 - 2001)
 


1954 yil 26 aprelda Andijonning Marhamat tumanida tug'ildi. Toshkentdagi rus tili va adabiyoti institutini tamomladi (1978). Respublika kitobsevarlar jamiyatida (1978-1980), ' Toshkent oqshomi' gazetasida (1980-1986), Adabiyot va san'at nashriyotida, 'O'zbekiston ovozi' gazetasida (1986-1993) ishladi.

Umrining oxirgi 4-5 yilida O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasining kotibi bo'ldi. U 'Tanish teraklar' (1985), 'Bulbulga bir gapim bor' (1987), 'Iltijo' (1988), 'Uyqudagi qiz' (1989), 'Halima enam allalari' (1989), 'Ishq kemasi' (1990), 'Ko'nglimdagi yor' (1991), 'Bevafo ko'p ekan' (1991), 'Erka kiyik' (1992), 'Yolg'onchi yor' (1994), 'Osmonimga olib ketaman' (1998) to'plamlarining muallifi. 1998 yilda unga 'O'zbekiston xalq shoiri' unvoni berildi. U II chaqiriq O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga deputat qilib saylandi. 2001 yilda 'Saylanma' asarlari chop etildi.

M. Yusuf 2001 yil 29 iyulda vafot etdi, tug'ilgan qishlog'idagi qabristonga dafn etildi.
Nom: Re: Muhammad Yusuf, Osmonning Oxiri va ko'ngilga yaqin she'rlar...
Yuborildi: Hadija 09 Mart 2009, 17:30:41
OSMONNING OXIRI

Osmonning oxiri qayerda, dedim bir donishga. U miq etmadi.
Menga juda yoqdi bu javob.
Osmonning oxiri yo'q, axir!
Irmoqning oxiri daryo. Daryoning oxiri dengiz.
Osmonning esa oxiri yo'q.
Yo'l chetida yumalab yotgan toshni tepdim.
Toshdan sado chiqmadi.
Xudoga soldim, degani bu.
Olma shohiga osilib devorga chiqdim. To'kilgan meva qumursqalarga ermak bo'ldi. To'kilgan devor tuprog'i esa gunohimga gunoh bo'lib qo'shildi. Tunda paxsakash chol tushimga kirdi. Mening shirin uyqum buzildi.
Xuddi eski devor buzilganiday"¦
Uyquning oxiri - o'lim. O'limning oxiri esa yo'q.
Bo'lsa ham hech kim unga yetgan emas.
Axir o'lim bu hamma narsaning oxiri-da.
Odamning umri goho yerda yotgan qog'ozcha ham emas.
Ertalab ishga ketayotib ko'rgan qog'ozingni kechda qaytishda ham ko'rishing mumkin. Ertalab ko'rgan odamni esa hamisha kechqurun ko'ravermaysan.
Chumoli chumolini o'ligini tashiydi.
Biya qulunidan ko'z uzmay o'tlaydi.
Oqibat faqat odamlarda yetishmaydi.
Yer odamni boqadi. Kiyintiradi.
Odam esa uni bir kunda sahroga aylantiradi.
Suv odamning mardikori: hosil beradi, tegirmon yurgizadi.
Odam uni o'ylamaydi.
Dunyodagi hamma narsa odamga yaqinlashishi bilan o'zligini yo'qotadi.
Odam odamga yaqinlashganda ham topganidan yo'qotgani ko'proqdir...
Oftob qayerga botadi, deyman bobomga. Osmonning oxiriga, deydi u. Oftob osmonning oxiriga borib botmaydi, balki yig'laydi.
Dunyodagi barcha yo'llarning oxiri - yig'i.
Dunyoning oxiri - qiyomat ham yig'i.
Odam yig'i nimaligini anglab yetguncha yaqinlari olamdan o'tgan bo'ladi.

Nom: Re: Muhammad Yusuf, Osmonning Oxiri va ko'ngilga yaqin she'rlar...
Yuborildi: Hadija 09 Mart 2009, 17:33:25
* * * * *

Ko'rpangga qarab oyoq uzat, dedim o'zimga o'zim bir kuni.
Keyin o'ylanib qoldim. Kim aytgan ekan bu gapni birinchi marta.
Ehtimol, Odam Ato Momo Havoga aytgandir. Yo'q, bu yaqin kishilar bir-biriga aytadigan gap emas. Bu gap ko'rpasi bir odamlarning gapi emas.
Binobarin, Odam Ato bilan Momo Havoda ko'rpa ham nima qilsin?..
Ibtidoiy odamlar teri yopinib yotishgan.
Qullarning ko'rpasi tuproq bo'lgan.
Feodallar ko'rpa talashishmagan.
Demak, bu ham kapitalizm illati!
Nom: Re: Muhammad Yusuf, Osmonning Oxiri va ko'ngilga yaqin she'rlar...
Yuborildi: Hadija 09 Mart 2009, 17:35:20
* * * * *

Chaqaloq uchun hamma narsaning boshi-oxiri Ona ko'kragi. Oftobni chaqaloqqa o'xshatish mimkin bo'lsa, uning boshi osmonning ko'ksida. Xo'sh, Osmonning boshi kimning ko'ksida? Tog'larning boshi Yerning ko'ksida. Yerning boshi-chi?.. Bilmayman. Bilmaganimdan hijolat ham emasman. Bu yorug' dunyo aslida "bilmayman" degan so'zdan iborat. Men qachon tug'ilganimni aytib berishgan.
Men qachon yurishni o'rganganimni yolg'iz onam biladi.
Qachon tilim chiqqanini ham.
Men birinchi she'rimni qachon yozganimni o'zim bilmayman.
Xo'sh qani kim aytadi, oxirgisini qachon yozaman?..
Bilib turib birovga ozor berishdan yomoni yo'q. O'zing ham bilmasdan birovga yaxshilik qilishdan ortiq yaxshilik yo'q.
She'r yozish ham o'zing bilmay birovga yaxshilik qilishdan gap.
Haqiqiy she'riyat hamisha oyoq ostida. Misralar qulunlar kabi tuproqqa ag'anab yotishibdi. Tur, choychoq, chopamiz, desang bas. Biz har zamon bir oyoq ostiga boqib she'r topamiz. Keyin uning changini qoqamiz va qancha ko'p yuksak - shuncha ko'p she'r yo'qotamiz...
Barcha buyuk zotlarning buyukligi ham hokisorligidir!
Nom: Re: Muhammad Yusuf, Osmonning Oxiri va ko'ngilga yaqin she'rlar...
Yuborildi: Hadija 09 Mart 2009, 17:36:55
* * * * *

Men hozir Yerni ushlab to'xtataman. Nega tinmay aylanaveradi u?
Nahot zerikmagan bo'lsa?
Yerning oxiri qayda? Tasavvurnichi?..
Aniq raqamlarni jinim suymaydi. Uchburchaklar - tasavvur qafaslaridir.
Xayol cho'mog' i qisqa zotlarning umri ham qisqadir.
Mashaqqatning oxiri rohat. Rohatning oxiri yana mashaqqat. Kunning oxiri tun. Tunning esa oxiri yo'q.
Bir og'iz sovuq so'z bilan diling yana zimiston.
Loaqal, bir kungina kechgacha baxtli bo'lib yurgan odamni topib ber-chi menga!
Siz ming mashaqqat bilan chiqqan cho'qqida kapalak ham bor. Qumursqa ham yashaydi. Sizning bu yutug'ingiz ular uchun oddiy bir turmush tashvishi. Ular kunda-shunda.
Men hidlab to'ymagan bedani biya qasirlatib chaynaydi.
Yalpizni suv oqizib ketadi. Men ko'zimga surtgan suvda qurbaqa cho'miladi.
Momaqaldiroq dunyoni boshiga ko'tarib hayqiradi.
Yulduzlar qo'rqib qochib qolishadi. Bulutlar yig'lashga tushadi. Yer yuzida qo'ziqorinlar tug'iladi. Har qanday hayqiriq so'nggida nimadir dunyoga keladi.
Nimadir dunyodan ketadi.
Kulib gul ochiladi - yig'lab shabnam to'kiladi.
Daryo toshadi - tog' nuraydi. Kelin xo'rsinadi - yanga ermak qiladi...
Nom: Re: Muhammad Yusuf, Osmonning Oxiri va ko'ngilga yaqin she'rlar...
Yuborildi: Hadija 09 Mart 2009, 17:38:30
* * * * *

Odam dunyoga bir marta keladi. Shu bir kalima soz' bilan qancha savob ishlar qilish mumkin. Shu bir kalima so'z pinjida qancha gunohga botish mumkin.
Bu gapni qari qiz aytsa , yig'laging keladi.
Satanglar aytsa, ensasi qotadi odamning.
Qo'y o'sha sevgi-pevgingni, ajrashinglar, deydi boyvuchcha ona qiziga. Odam dunyoga bir marta keladi!
Seni bir haftada onasi o'pmaganga uylantirib qo'yaman-e, deydi takabbur ota o'g'liga: Ajrash.
Odam dunyoga bir marta keladi!
...Olisga qatnovchi avtobus haydovchisi yo'l bo'yi xayol surib kelayotganimni ko'rib, meni gapga soladi.
Ha, yigit. Muncha o'ychansiz, sevib qoldingizmi?
Men indamayman.
Sevgi yo'q, deydi u jahlim chiqqanidan huzur qilib.
Sevgi suvga tushib ketgan. Tohirning sandig'ida...
"Qalay, bopladimmi?" Bu - uning qovoq yuzidagi nim tabassum.
Men undan qutulish uchun jilmaygan bo'laman. U buni o'zicha tushunadi.
Endi nasihatga o'tadi: Xafa bo'lmagin-u, bo'shang yigit ekansan, og'ayni.
Shunaqa xayol surib yuraversang, xotinsiz qolasan.
- O'zingiz sevib uylanganmisiz? Savolim unga yoqmaydi. Shubhalanib bir qarab oladi. Va iddao bilan: Bo'lmasam-chi! Sevgan qizimga uylanganman, deydi.
- Axir, sevgi suvga tushib ketmagan-ku, deyman.
Tohirning sandig'ida.
U endi eshitmaganga oladi. Men hozir chambarakni sherigimga berdim, dam olmoqchiman, deydi. Keyin yana qulog'imga shivirlaydi: xafa bo'lma, ustident, hazillashdim.
Osmonnig oxiri qayerda, deyman unga jiddiy. U, hech narsani tushunmadim, degandek yelka qisadi.
Mana, u shunday yuragimning yonboshida xurrak otmoqda.
Men uni uyg'otib yuborishdan qo'rqaman!

Mudroq bosgan dilim,
Aytaman bir sir,
Tangri uyquni-da
Pallada tortar.
Uyqu - ham
Nasiyaga berilgan umr,
Uyqung ortgan sayin
Qarzing ham ortar...
Nom: Re: Muhammad Yusuf, Osmonning Oxiri va ko'ngilga yaqin she'rlar...
Yuborildi: Hadija 09 Mart 2009, 17:40:24
* * * * *

Mening iste'dodli shoir do'stim nihoyat bir qizni sevib qoldi. Biz bugun birga kinoga boramiz. Men bo'lajak kelinning dugonasini zeriktirmasligim kerak. Salomlashamiz. Ya'ni, mana bunday: ular mening hali ham qurib ulgurmagan yaltiroq bo'yinbog'imga qarab jilmayib qo'yishadi. Bu - qalaysiz, degani. Men ularning belidan yuqorisi nafis ko'ylaklariga qaray olmay xo'rsinaman. Qizlar shoir og'aynimning ozg'in bo'yniga ishora qilib qiqirlashadi.
Ularni bir amallab Eskijuvaga topshirib, tangalarimizni jaranglatib metroga chopamiz. Do'stim mening yoqamga yopishadi: Qalay bizning qalliqcha?
Bo'lmaydi, deyman. U seni istagan kuni tashlab ketishi mumkin!
Qishlog'ingga ket , deyman.
U ketadi. Uyiga emas - Uzoq Sharqqa. Keyin uyoqdan menga xatlar kela boshlaydi. Ayo, do'stim, osmonning oxirini topdim. Osmonnig oxiri Uzoq Sharqda - dengizning yoqasida ekan!..
Shoir yarim yildan so'ng, yarim kechada ustimga bostirib keladi. Kayfi taroq - egniga charm kurtka. Cho'ntak to'la pul. Uyni baliq hidi tutib ketadi.
- Bilasanmi, Nilu - (Nilufar) erga tegayotganmish.
To'yiga taklifnoma yuboribdi...
To'yga bormaslikka ko'ndiraman. U tuni bilan uxlamay yozgan she'rini konvertga joylab bevafo qalliqchasiga jo'natamiz.
Shoir Uzoq Sharqdan faqat baliq hidi emas, yangi maqol ham olib kelgan edi. U deyarli har kuni mendan so'raydi: Nega men seni o'zimga do'st tutdim, bilasanmi? Kim uchundir jonimni berishim mumkin bo'lishi uchun!..
Odam dunyoga bir marta keladi, do'stim...
Nom: Re: Muhammad Yusuf, Osmonning Oxiri va ko'ngilga yaqin she'rlar...
Yuborildi: Hadija 09 Mart 2009, 17:42:33
* * * * *

Keng bir o'tloq bo'lsa. Atrofing ko'm-ko'k maysa. Osmon tip-tiniq. Maysaga yastanib yotsang-u... o'lib qolsang!
Bedazorda ana shunday xayol surib yotsam, qanotlari oppoq bir kapalak kelib yelkamga chordona qurib o'tirib oladi. Salom, og'ayni. Nega kayfiyating yomon?
Charchadim, dedim unga. Yashashdan charchadim.
Kapalak bir xo'rsinib jo'navordi.
Qiziq, unda ham bola-chaqa bormikin?
Kapalakning kapasi qayerda?
Nega shunday ojiz va nafis jonzot ham odamdan yuqorida uchib yuradi.
Baquvvat va vazmin narsalar hamisha oyoq ostida bo'lishadimi? Demak, odam ogi'r-bosiqligi uchun xormi?
Yengiltak va xushomadgo'y kimsalarni shuning uchun oshig'i olchi ekan-da...
"Fikrlaringizni jilovlab oling, ular hamma narsaning boshlanishidir".
Haligi kapalakning qanotidagi yozub bu.
Tanishganimdan xursand edim. Tongda men uni bog'da ko'rdim. Atirgulning shoxida. Kechagi tushkun holatim uchun uyaldim. Uzr so'ramoqchi bo'ldim.
Ammo kechidim.

Atirguldan yumaladi kapalak,
Bir silkinib qo'ymadi ham gul shoxi.
Jon talashib, qum yaladi kapalak,
Ko'chdi mening ko'ksimga ham titrog'i.

Men undan Osmonning oxiri qayerda deb so'ramoqchiydim.
Axir, buni faqat o'sha qanoti ojiz qush bilishi mumkin edi-da...
Nom: Re: Muhammad Yusuf, Osmonning Oxiri va ko'ngilga yaqin she'rlar...
Yuborildi: Hadija 09 Mart 2009, 17:44:16
* * * * *

Osmon hech kimga qaramaydi.
Bulutlarning ham egasi yo'q.
Hech kim quyoshni ham meniki, deb ayta olmaydi. Agar shunday da'vogar topilsa, uni devonaga chiqarishadi.
Xo'sh nega odamlar yerga egalik qilishadi. Atrofini o'rab olishadi-da, bu yer meniki, deyishadi. Yer talashib bir-birini o'ldirishadi.
Menga ayting-chi, bahorning egasi kim?..
Boychechalning boshlig'i, binafshaning xo'jayini-chi?..
Ekkaningni o'rasan. Ekmaganingni esa, ko'rasan, xolos.
Men bolaligim o'tgan joylarni o'zgarib ketishini istamayman. Men kimdir o'tinga mo'l qo'ygan qadrdon shotutni odamni sog'ingandek sog'inaman. Tollar bilan quchoqlashib so'rashgim keladi. Xuddi qizlarni quchoqlagan singari.
Agar shu gaplarni beda qorovuli eshitsa, xiringlab kuladi. Kel, deydi, ana dala to'la qoratol, xohlaganingni quchoqla, istaganingcha o'p:
Gorko!
Osmonning oxiri esa, yalpizning yelkasida. Bir yelkasida. Uning boshqa yelkasi to'la sog'inch, muruvvat, muhabbat.
Agar shu gaplarni beda qorovuli eshitsa...
Nom: Re: Muhammad Yusuf, Osmonning Oxiri va ko'ngilga yaqin she'rlar...
Yuborildi: Hadija 09 Mart 2009, 17:46:28
* * * * *

Osmonning oxiri qayerda, dedim men suygan qizimga. U mening peshonamni ushlab ko'rdi: issig'ing yo'qmi, ishqilib...
Savolimni takrorladim.
"Osmonning oxiri qaydaligini bilmadim-u, lekin do'konga sariyog' kelganmish. Agar mumkin bo'lsa, bir g'ayrat qilsalar..."
Hech iloji yo'q, dedim. Ulug' ishlar bilan bandman.
Hali uylanmasimdan ish buyuradi. Ayol zoti, agar unga ishqing tushganini sezib qolsa, burningni yerga ishqaydi. Qaysi dono bobokalon aytgan edi bu gapni?
Ammo kimnidir sevmasdan ham yashab bo'lmaydi.
Osmonnig oxiri esa yo'q. Bo'lsa ham menga nima?
"Nega allaqanday taka turkmanlarni maqtaysan? Mening qayerim kam ulardan?.."
Ko'ylaklari bilan ko'chalarni supurib yurgani uchun yaxshi ko'raman, bildingmi?
Osmonning oxiri turkman qizlarning uzun yenglarida.
Ular qo'llarini ko'targan joyda ko'k tugaydi.
Qo'llari quyoshni to'sib qo'yadi...
Qiziq, o'zi umrimda bironta turkman qiz bilan ko'rishmaganman. Tiliga ham tushunmayman. Lekin yaxshi ko'raman.
Axir, xudoni ham yuzini bir ko'rmay turib yaxshi ko'radi-ku, bandalari.
Muhammad ham uning bandasi.
Uning va muhabbatning bandasi.
Nom: Re: Muhammad Yusuf, Osmonning Oxiri va ko'ngilga yaqin she'rlar...
Yuborildi: Hadija 09 Mart 2009, 17:48:19
* * * * *

Vokzal qayerdan boshlanadi?..
Vokzal - chiptaxonadan.
Tayyoragoh - pasportni izlashdan.
Xo'sh, bozor-chi, bozor qayerdan boshlanadi?
Hazilkashroq kishi cho'ntakni kavlashdan, deyishi mumkin.
Jiddiyrog'i xomcho'tdan, deydi.
Hammasi to'g'ri. Chunki bozorga hamma har xil xayolda boradi-da.
Kimdir shunchaki zerikib.
Kimdir dam olish uchun.
Birov to'y taraddudi ila.
Xullas, bozorga hammaning o'z so'qmog'i bor.
Menimcha, bozor darvozadan boshlanadi.
O'z darvozangdan chiqib, xarid qilishni ko'zlaganing bozor darvozasidan xatlashinga hamon o'garadi-qoladi.
Bozorda, ayniqsa, Sharq bozorida, o'zingga qo'shilib yana bir juft qo'l cho'ntagingga kirib chiqayotgandek go'yo.
Bir zumda non ushoqlariga qo'ling tegib qoladi.
Koreys kampirning xushbo'y karamlaridan totib ko'rish hissi paydo bo'ladi.
Arab qizlarining yuzlaridek lo'ppi xurmolar yonidan ko'z yumib o'tib ketolmaydi odam.
Tarvuzlar o'zlari yumalab oyog'ing ostida o'yinga tushadi.
Navbatda turib g'irt suyak go'sht olasan. Ichinda esa "meni tanidi, suyak qo'shmadi", degan yolg'on tasalli.
Inqillab avtobus bekatiga kelasan. Shundagina uydan olib chiqqan maoshing yodga tushadi.
Yopiray, nahotki barini ishlatdim?..
Xurmoni nega oldim?
Tarvuz uyda bor edi-ku!
Ana shunaqa gaplar.
Xo'sh, bozor qayerdan boshlanar ekan? Bilmadim, bilmadim.
Bilganim - bozor nima bilan tugashi.
Xotin ila janjal bilan tugaydi.

...Oltiariqlik turpfurush choldan so'radim.
Otaxon, bilmaysizmi, osmonning oxiri qaerda?
Chol meni imlab yoniga chaqairib olib, qulog'imga shivirladi:
Torozixonda, bolam!.
Nom: Re: Muhammad Yusuf, Osmonning Oxiri va ko'ngilga yaqin she'rlar...
Yuborildi: Hadija 09 Mart 2009, 17:53:33
Alloh go'zal

Orazi gul, husni hilol,
Alloh go'zal, Alloh go'zal.
Mutloq kamol, mutloq jamol,
Alloh go'zal, Alloh go'zal"¦

Arsh arkida sulton o'zi,
Beaybu benuqson o'zi.
Poyiga cho'k, ul Zuljalol,
Alloh go'zal, Alloh go'zal"¦

Diydori bir shirin umid,
Azal vujud, abad vujud.
Kimga ayon, kimga xayol,
Alloh go'zal, Alloh go'zal"¦

Nahri zilol, bag'ri bahor,
Gul chehra yor, nur chehra yor.
Oromijon, oshuftahol,
Alloh go'zal, Alloh go'zal"¦

Tuproqqa jon etmish ato
Momo havo, Odam Ato,
Loydan odam yasar kulol,
Alloh go'zal, Alloh go'zal"¦

Shoir tilak-ta’bim o'shal,
Ruhim o'shal, Rabbim o'shal,
Allohu akbar, ey Bilol,
Alloh go'zal, Alloh go'zal!.
Nom: Re: Muhammad Yusuf, Osmonning Oxiri va ko'ngilga yaqin she'rlar...
Yuborildi: Hadija 09 Mart 2009, 17:56:52
AJAB DUNYO

Ikki buyuk shoir, ikki musofir —
Navoiy Hirotda, Qobulda Bobur.
Sizni o’ylatmasmi bu jumboq, bu sir,
Navoiy Hirotda, Qobulda Bobur"¦

Buni tasodifmi atayin, ayting,
Qitmir qismat o’yni deyinmi yo bir?
Ko’rib qo’y, Turkiston, ikki shoh bayting —
Navoiy Hirotda, Qobulda Bobur.

Jafo etganga ham jabr etmadik,
Gadoni siyladik goho, xudo bir.
Daholarimiz qadriga yetmadik —
Navoiy Hirotda, Qobulda Bobur.

Yer yonar jahannam afg’onda yal-yal,
Kulrang ko’rpa yanglig’ bulut yonodur.
Yonar ne tiklagan bo’lsa bir mahal —
Navoiy Hirotda, Qobulda Bobur.

Ikki buyuk hikmat, ikki xush zabon,
Ikki buyuk dildan yo’qdir sado bir.
Biz g’animga bejang topshirgan qo’rg’on —
Navoiy Hirotda, Qobulda Bobur.

Uchrashishmagandi ular hayotda,
Yoturlar yonma-yon ikki lahatda.
Nima deysiz endi, hayot-hayot-da —
Navoiy Hirotda, Qobulda Bobur.
Nom: Re: Muhammad Yusuf, Osmonning Oxiri va ko'ngilga yaqin she'rlar...
Yuborildi: Hadija 09 Mart 2009, 18:00:10
AYTINGLAR


G'irot mingan Go'rog'li
Bobom qani, aytinglar,
Qo'ng'irotlik Alpomish
Og'am qani, aytinglar...

Tustovuqday tovlangan
Olam qani, aytinglar.
Ko'lda kiyik ovlangan
Dalam qani, aytinglar.

Kokillari yer o'pgan
Sanam qani, aytinglar.
Kuyib ketgan jonimga,
Malham qani, aytinglar

Dardim aytsam tushungan
Odam qani, aytinglar?..

Ko'nglim gulday ezilib,
Ko'zimga yosh to'lyapti
Eh, quyoshga osilib,
Botib ketgim kelyapti!
Nom: Re: Muhammad Yusuf, Osmonning Oxiri va ko'ngilga yaqin she'rlar...
Yuborildi: Hadija 09 Mart 2009, 18:03:13
OQIBAT

Mehr yuraklarda qotsa ichikib,
Oqibat ham bo'lgay anqo urug'i.
Elning kichigini g'ajir kichigi
Ulug'ini esa ulug'i...

Polvoni polvonni chalmoqqa mahtal,
Dorbozi dorbozin ko'rolmay yashar.
Hofizlar qo'shiq aytishdan avval,
Bir-birlarin qarg'ab ovoz sozlashar.

Ziyolilarga kerakmas maydon;
Tinchitar bir-bitin sal g'oyibona,
Olimi olimin olimlik bilan,
Shoiri shoirin ham shoirona!..

Mehr yuraklarda qotsa ichikib,
Oqibat ham bo'lg'ay anqo urug'i,
Elning kichigini g'ajir kichigi,
Ulug'ini esa chaynar ulug'i.

Andisha degan bir bog' bo'lar vayron,
Go'yo bu chamandan yalmog'iz o'tgan.
Onalar qizlarin tanimay hayron,
Qizlar onalarin ismin unutgan.
 

Bir umr yelkada ko'tarib o'zi,
O'zi bolasining rahmiga mushtoq.
O'g'illar mushtidan ko'karib yuzi,
Otalar yig'lagay sochlari oppoq...

Bo'ldi. She'rim tamom. Axir siz chidab,
Yuribsiz-ku, nima qipti men yursam.
Tomog'imda jonim turibdi yig'lab,
Jondan ayrilaman endi gapirsam!..

P.S: Shu she'r juda yoqadi-da :)...
Nom: Re: Muhammad Yusuf, Osmonning Oxiri va ko'ngilga yaqin she'rlar...
Yuborildi: Hadija 09 Mart 2009, 18:07:16
ONAMDAN XAT

O`g`lim, jigargo`sham, anytgin-chi, nahot,
Achinmaydi joning onang holiga.
Meni to`shaklarga mixlab qo`ydi bod,
Kelsang bir ko`rsamu"¦ o`lsam mayliga.

Chakka o`tgan eski tomga o`xshayman,
Ko`zimdan yomg`irlar to`kilar tinmay.
Bu yorug` dunyoda bormi, bilmayman,
O`z o`g`li yo`liga intizor menday"¦

Hayhotdek hovlida qoldim bir o`zim,
Nima xayollarga bormasman ba’zan.
Sog`misan ishqilib, qo`rqaman, qo`zim,
Podsholar haqida she’rlar yozasan.

O`ynashib bo`larmi shohlar bilan, ayt,
Qishloqi joningga she’rdan ne huzur?
Zeriksang — bepoyon yaylovingga qayt,
Siqilsang — dashtlarda ot choptirib yur!

Faqat xayolingdan chiqargin she’rni,
(Kimgadir yoqmasmish chinmi-yolg`omni),
Axir, sen yozmasang o`sha Boburni,
Shoirning urug`i qurib qolganmi?..

O`g`lim, jigargo`sham, aytgin-chi nahot,
Achinmaydi joning onang holiga?
Meni to`shaklarga mixlab qo`ydi bod,
Kelib bir ko`tarib chiqqin hovliga.

Qo`lingda jon berib o`lsam mayliga"¦
Nom: Re: Muhammad Yusuf, Osmonning Oxiri va ko'ngilga yaqin she'rlar...
Yuborildi: Hadija 09 Mart 2009, 18:10:11
Onamga xat

Men sizni o'ylayman shomu saharda,
Ona, sog'insam ham bora olmayman,
Tunlari charog'on shunday shaharda,
Hech kimga ko'nglimni yora olmayman.

Men siz aytgandayin hammani sevdim,
Hammaga ishondim, mana oqibat:
O'z do'stim uyiga ko'mildi sevgim,
Kun bo'lib ko'ksimni kuydirdi nafrat.

Boshimdan o'tgani ko'kka ham ayon,
Yulduzlar qiqirlab kular oqbadan:
Men - zangor yaylovda olis, bepoyon,
Uyuridan ajrab qolgan qulunman...

Mana, ketayapman tosh yo'lda ko'zim,
Qadamim moshinlar yo'rg'asiga mos.
Yig'lasam yupatib o'zimni o'zim,
Pishqirib qo'yaman toychoqlarga xos.

Va sizni o'ylayman shomu saharda,
Ona, sog'insam ham bora olmasdan.
Tunlari charog'on shunday shaharda
Hech kimga ko'nglimni yora olmasman...

Ha, sevgi haqida. U dilga ne zeb,
Kuyinmang, ne iloj qilmasa nasib.
Baxtimga hamisha Siz sog' bo'ling deb,
Sog'ingan o'g'lingiz - Muhammad Yusuf.
Nom: Re: Muhammad Yusuf, Osmonning Oxiri va ko'ngilga yaqin she'rlar...
Yuborildi: Hadija 09 Mart 2009, 18:13:28
Onajon

Topmoq - yo'qotmoqdir,
Yo'qotmoq — topmoq,
Sen so'lib,
Men yashab,
To'lishimga boq.
Sensiz topganimdan
Ko'proq yo'qotdim —
Sen meni yupatding,
Seni yig'latdim,
Sen meni yaratding,
Seni tugatdim.
Uyalmay ONA deb,
Kelishimga boq!..

Sog'inch haqda she’rlar
Yozdim o'zimcha,
Mendan peshonangda
Dog'lar tizimcha.
O'g'il bo'lmay o'lay,
Attangb ming attang.
Qiz tug'sang netardi,
Ko'proq qiz tug'sang!..
Tirgak bo'lolmadim
Bitta qizingga
Uyalmay shoirman
Deyishimga boq.

Joningdan aylanay,
Turgil jonajon,
Yo'l qarab bo'ldimi
Jigarginang qon?
Boqma, ko'zlarimga
Bemajol, xasta,
Mening topganlarim
Gulmi bir dasta,
Yo'qotganim senmi
Endi ONAJON?..
O'z etimni o'zim
Yeyishimga boq.

Bilsang yuragimni
Bir alam elar.
Buyursang qo'limdan
Kelmaydi nelar,
Ayt,
Pichan yig'aymi,
O'tin yoraymi,
Yerni haydayinmi,
Ko'k ag'daraymi?..
Itdek oyog'ingga
Suykalgim kelar —
Uchib-uchib, mana
Qo'nishimga boq.

Hech narsa kerakmas,
Bolam, hech deysan.
Endi kech deysan-da,
Endi kech deysan.
Yuzimni bosaman
Muzday yuzingga,
ONAJON,
Zor qilib ketma izingga!
O'lim oldida ham
G'amimni yeysan,
Men-chi, jim, taqdirga
Ko'nishimga boq.

She'rim bitdi,
Xayir,
Do'stlar xush qoling.
Bedil yashamakka
O'rganmang menday
Boring,
Volidangiz
Ko'nglini oling,
Ertaga
Kech qolib
O'rtanmang menday.
Nom: Re: Muhammad Yusuf, Osmonning Oxiri va ko'ngilga yaqin she'rlar...
Yuborildi: Hadija 09 Mart 2009, 18:19:26
O'lan

To'ylarni hammadan ham,
Oy qizlar xush ko'rarmish.
Bitta qiz erga tegsa,
Qirqta qiz tush ko'rarmish.

To'yhovlida kuy tinib,
So'nganida olovlar.
Qirq suluvni yig'latib,
Ketar ekan kuyovlar.

Singillarim yig'lamang,
Yig'lasangiz xafaman.
Sharqni kezib sizlarga,
O'zim kuyov topaman.

Oq tilaklar bor bo'lsa,
Omon bo'lsa umidlar,
Izingizga zor bo'lar,
Muhammaddek yigitlar.
Nom: Re: Muhammad Yusuf, Osmonning Oxiri va ko'ngilga yaqin she'rlar...
Yuborildi: Hadija 09 Mart 2009, 18:21:36
Shukr deysan sen qachon?

Ta'magirni tortqilab,
Nafsi qo'ymas deydilar.
Nokas o'zi to'ysa ham,
Ko'zi to'ymas deydilar.

Boq bir yorug' olamga —
Kimlar zo'rg'a kun ko'rar.
Odamlar bor, bog'dagi
Bulbuldan ham pul so'rar.

Yolg'on dunyo — bu dunyo,
Arzon dunyo — bu dunyo.
Ne-ne hokim, beklardan
Qolgan dunyo — bu dunyo.

Kiprikdan ham qisqadir
Molu dunyo yo'llari.
Ibrat bo'lsin Iskandar
Ochiq ketgan qo'llari!..

Uzat deysan, ber deysan,
Hech qo'ymading odamzod.
Tuya to'ydi, fil to'ydi,
Sen to'ymading, odamzod.

Shukr qilar hattoki
Qumursqa-parrandalar.
Shukr deysan sen qachon,
Xom sut emgan bandalar?..

Bu uch kunlik dunyoda
Savlatigga kerilma.
Qasr qurma, bog' qoldir,
Davlatingga kerilma.

O'z elingni qaqshatsang,
Xor bo'lasan o'zing ham.
Bir kun shu el mehriga
Zor bo'lasan o'zing ham!..
Nom: Re: Muhammad Yusuf, Osmonning Oxiri va ko'ngilga yaqin she'rlar...
Yuborildi: Hadija 09 Mart 2009, 18:25:06
Mening dardim

Tuzalmaydi dardim mening,
O'lsam kerak.
Tuproq bilan og'a-ini
Bo'lsam kerak.

O'lim nima? Bu ham bitta
Sayr, Ona.
O'g'ling qaro yerga ketdi,
Xayr ona"¦

Tuzalmas bu dardim mening,
Umidim yo'q.
Xira shamdek ko'zlarimda
So'nmoqda cho'g'.

Cho'g nimadir? Cho'g' ham tutab,
Kul bo'ladi.
Inson bir kun o'z mayliga
Qul bo'ladi"¦

Yuragimni tamom qildim,
Yig'layverib.
Huzurimda ajal turar,
Qoshin kerib.

Men hayotda o'limga tik
Boqib o'sdim"¦
Qani menga atalgan joy,
Ketdik, do'stim!
Nom: Re: Muhammad Yusuf, Osmonning Oxiri va ko'ngilga yaqin she'rlar...
Yuborildi: Hadija 09 Mart 2009, 18:39:44
Oftobsan, sendan
bir soyaman, Ota.
Sochni oq, bag'rimni
esa bosar g'am.
Ona, senga nafim
tegmadi hatto,
Ostonang qo'rigan
kuchugingcha ham.
Sodiq o'shal itni
do'stdek qucharman,
Men bugun kuchuklar
uchun icharman!..

Olamdan uyingga
bo'yladim, inim,
Ushoq joningda ham
ko'rmadim tinim.
Holing ne kechgani
xayolimda yo'q,
Men faqat o'zimni
o'yladim inim.
Akalik to'nini endi
yecharman,
Men bugun kichiklar
uchun icharman!..

Sochiga tolpopuk —
toj ilganlarim,
G'unchadek iymanib
ochilganlarim.
Bir uyda tug'ilib,
o'sganim o'shal,
Dunyoga bodroqdek
sochilganlarim —
Singillar —
Suyuklar uchun icharman.
Beozor kiyiklar uchun icharman!..

Mayli, yoqmaganim, mayli yoqqanim,
Mayli, xoh do'st bo'lsin, mayli xoh g'anim.
Dilida dard borki, boshida g'avg'o,
Taniganlarim-u, tanimaganim,
Men bugun barini bir-bir qucharman,
Yuragi suyuklar uchun icharman!..

Garchi soda baytim, garchi to'pori,
Ko'nglimdan to'kilgan ko'nglimda bori.
Mayli, kutmasa ham kuyimni hech kim,
Mayli, tutmasa ham she’rim xumori.
Men-ku, yozdim yozsam yetkuncha darmon,
Ertangi buyuklar uchun icharman!..
Nom: Re: Muhammad Yusuf, Osmonning Oxiri va ko'ngilga yaqin she'rlar...
Yuborildi: Hadija 09 Mart 2009, 18:41:10
Xavotir

Qo'rqaman, ertaga men o'lib ketsam,
Yotar bo'lsam qumga botib ko'zlarim,
Ko'nglimni ko'chkiday bosadi bir g'am —
Yig'lashni ham bilmas mening qizlarim"¦

Eng yaqin do'stlarim g'iybatim qilar,
Eng zaif dushmanim ustimdan kular.
Ular-ku, ne qilsa o'zlari bilar,
Yig'lashni ham bilmas mening qizlarim"¦

Shoir o'lsa kim ham kuyinar deysiz,
Madhoyaboz hozir suvarakday ko'p.
Ular misli qishda tarnovdagi muz,
Barmoq tegsa yerga to'kilar to'p-to'p"¦

Tildan qolsam ko'zda qotib yoshlarim,
Ko'nglimdan boshqa bor axir, ne zarim?
Yerlarga egilgan kuni boshlarim,
Yig'lashni ham bilmas mening qizlarim"¦

Ular yosh. O'limdan qo'rqaman yomon,
Chunki, dardiga hech quloq solmadim.
Qabrimning ustida yig'lasin debon,
Qizlarim ko'zyoshin asray olmadim!
Nom: Re: Muhammad Yusuf, Osmonning Oxiri va ko'ngilga yaqin she'rlar...
Yuborildi: Hadija 09 Mart 2009, 18:43:27
O'lsamu unutsang...

O'lsamu unutsang menday yigitni,
Yog'ar yo'llaringga afsus-anduxim.
Oq tulporday minib oppoq bulutni,
Uyingning ustidan o'tadi Ruhim..

- Unga nima deysan, bevafo yorim?


O'lsamu unutsang menday yigitni,
Qaro tuproq silab yotsa kuragim,
Sen o'choq oldida chaqqan gugurtni
Uchida lovillab tursa yuragim...

Shunga nima deysan, bevafo yorim?


Sen Xudo emassan axir, o'ylanma,
Jonimning rishtasi qo'lida uning,
Ammo Muhammadsiz o'tmaydi kuning,
Kel, mayli men o'lmay, sen ham qiynalma —

Shunga nima deysan, bevafo yorim?..
Nom: Re: Muhammad Yusuf, Osmonning Oxiri va ko'ngilga yaqin she'rlar...
Yuborildi: Hadija 09 Mart 2009, 18:45:40
O'zbek qizlari

Bu Momo Havodan ularga odat:
Ushlasa gul ushlar qo`lini faqat,
Kuyovga chiqmagan o`zbek qizlarin
O`psa faqat shamol o`par yuzlarin.

Bu Momo Havodan ularga odat:
Nozik belda qirqta kokili qavat,
Silasa yomg`irlar silaydi faqat,
Ko`rsa faqat osmon ko`rar ko`zlarin -
Kuyovga chiqmagan o`zbek qizlarin.

Jilmaysa nur yog`ar gul yanoqlardan,
Sir yashirar hatto qizg`aldoqlardan.
Oftob botgandan so`ng xilvat bog`lardan,
Behuda izlamang sira izlarin -
Kuyovga chiqmagan o`zbek qizlarin.

Ko`ngli daryoday keng, mehri ulug`vor,
Dugonasi Hayo, dugonasi Or.
Ayting, farishtadan nima farqi bor,
Kuyovga chiqmagan o`zbek qizlarin?..

Bardoshi oldida tog` - oddiy tuproq,
Ular etagidan jannat bir qadam.
Beayb Parvardigor, degandek biroq,
Yoq emas kichkina kamchiligi ham.

Sevadi,
Kuyadi,
Qiladi alam,
Dorga osing, ammo aytmas birovga.
Aytmay sevishini sevganiga ham,
Tegib ketaverar boshqa kuyovga!
Nom: Re: Muhammad Yusuf, Osmonning Oxiri va ko'ngilga yaqin she'rlar...
Yuborildi: Hadija 09 Mart 2009, 19:00:32
Hazil

Mening haqimdagi g`iybatlar yolg`on,
Ixtiyor o`zimda bo`lsa qaniydi.
Sharob ichish menga Xayyomdan qolgan,
Ichmasam ul zotning ko`ngli ranjiydi.

O`zim boshladimmi, o`zim qilgum bas,
Do`stlarim behuda zavolim izlar,
Agar qirqqa kirmay o`lsam, may emas,
Meni xarob etgan bevafo qizlar!..
Nom: Re: Muhammad Yusuf, Osmonning Oxiri va ko'ngilga yaqin she'rlar...
Yuborildi: Hadija 09 Mart 2009, 19:01:43
Tilak  


Har kimning ham sochlariga oq tushsin,
Ajin tushsin yuzlariga, dog` tushsin.
Har kimning ham quvvat ketib belidan,
Qo`llariga aso - bir tayoq tushsin.

Imoni sof, yuzga kirib yorug` yuz,
To`ylar ko`rib yelkasidan tog` tushsin.
Jismiga so`nggi safar oldidan
O`z bolasin qo`lidan tuproq tushsin...
Nom: Re: Muhammad Yusuf, Osmonning Oxiri va ko'ngilga yaqin she'rlar...
Yuborildi: Hadija 09 Mart 2009, 19:03:06
Onaizor

Ko`nglim qolsa bulbuldan ham guldan ham,
Qolar bo`lsam bir kun axir tildan ham"¦
Agar bir zot yig`lasa chin dildan ham -
Onam yig`lar, onam yig`lar, onam u"¦

Sig`may qolsam shunday keng bu jahona,
Osmonlarga ruhim bo`lsa ravona,
Jonsiz tanim ustida ham parvona -
Onam yig`lar, onam yig`lar, onam u"¦

Tonar bo`lsa qo`limdagi tor, dunyo,
Uch kun o`tmay unutgay do`st-yor, dunyo.
Yeru ko`kni titratib zor-zor, dunyo -
Onam yig`lar, onam yig`lar, onam u"¦

Gulday kulib yurmasmidi, o`g`lim deb,
Ko`rib ko`nglim to`lmasmidi, o`g`lim deb,
Onang o`lsa bo`lmasmidi, o`glim deb
Onam yig`lar, onam yig`lar, onam u"¦

Ko`nglim qolsa bulbuldan ham guldan ham,
Qolar bo`lsam bir kun axir tildan ham"¦
Agar bir zot yig`lasa chin dildan ham -
Onam yig`lar, onam yig`lar, onam u"¦
Nom: Re: Muhammad Yusuf, Osmonning Oxiri va ko'ngilga yaqin she'rlar...
Yuborildi: Hadija 09 Mart 2009, 19:05:18
Biz baxtli bo'lamiz

Mayli-da, kimgadir
Yoqsa,
Yoqmasa,
Ularga qo`shilib
Yig`lasharmidik.
Biz baxtli bo`lamiz
Xudo xohlasa,
Xudo xohlamasa
Uchrasharmidik"¦

Rayhon hidlaringni
Yo`llarimga sep,
Kut meni,
Har oqshom,
Ko`kka oy chiqqan.
Faqat,
Yig`lamagin,
Gunohim ne deb,
Aybing -
Onang seni
Chiroyli tuqqan!..

Menga
Bir tabassum
Hadya et, ey yor,
Nur tomsin
Lablaring
Sohillaridan.
O`zing ayt,
Senday qiz
Yana qayda bor,
Kipriklari uzun -
Kokillaridan?..

Iymanib yashama
Xayol pinjida,
Yoyil,
Yayra jonim,
O`rtanma g`amda.
G`iybatlarga chida,
Tuhmatga chida,
Sen bittasan, axir,
Yorug` olamda.

Men esa
Oshig`ing sening -
Eng g`arib.
Tundan so`z
Qarz olib,
Tongga tutguvchi.
Sening yonimda ham
Seni axtarib,
Sening yoningda ham
Seni kutguvchi.

Ista,
Tiz cho`kaman
Hozir oldingda.
Sevdim,
Sevganimdan
Uyalmoq nechun.
Barcha farishtalar
Sening qalbingda
Ijarada turgan
Qizlar men uchun!..
Biz baxtli bo`lamiz
Xudo xohlasa.
Xudo xohlamasa,
Uchrasharmidik?!
Nom: Re: Muhammad Yusuf, Osmonning Oxiri va ko'ngilga yaqin she'rlar...
Yuborildi: Hadija 09 Mart 2009, 19:10:07
Uyqudagi qiz

Qaro yerga qo`yib bosh,
Bir qizgina uxlaydi.
Ko`zlariga to`lib yosh,
Hur qizgina uxlaydi.

Yotar qurib darmoni,
Mangu uxlar gul yanoq.
Ko`ngli to`la armoni,
Qo`yni to`la qizg`aldoq.

Bu dunyoda hech sendek
Qiz yo`q edi tur singlim,
O`zing orzu qilgandek,
To`y qilamiz, yur singlim.

Oy yuzingga bir nafas,
Harir ro`mol o`rarsan.
Gulgul yonib muqaddas
Chimildiqqa kirarsan.
Nom: Re: Muhammad Yusuf, Osmonning Oxiri va ko'ngilga yaqin she'rlar...
Yuborildi: Hadija 09 Mart 2009, 19:11:57
Sevgi sadosi

Gulim, mehr ko'zda degani yolg'on,
Mening dilimda hech o'chmas yolqinsiz,
Qancha ko'rishmasak shuncha qadrdon,
Qancha olis bo'lsak shuncha yaqinsiz.

Devona oshiqman, men bir devona,
Ayting, sizdan bo'lak kimim bor yana?..
Siz yo'q chog'imdagi dunyom begona,
Siz yo'q bog'imdagi gullar yoqimsiz.

Siz achchiq qismatim, siz iztirobim,
Siz shirin dardimsiz, shirin azobim,
Siz mening ko'klardan topgan oftobim,
Yerlarda yo'qotgan ko'zmunchog'imsiz.

Yodimda kechagi sho'xliklaringiz,
Ko'ksimni kuydirgan kipriklaringiz,
Siz o'sha - orzusi oydan oydin qiz,
Siz o'sha - kulgusi qo'ng'irog'imsiz.

Siz o'sha ko'zimning kiftida yurgan,
Siz o'sha ko'nglimga ko'ngli in qurgan,
To'kilay deb tilim uchida turgan
She'rimsiz, bir umr bitmas ohimsiz...
Nom: Re: Muhammad Yusuf, Osmonning Oxiri va ko'ngilga yaqin she'rlar...
Yuborildi: Hadija 09 Mart 2009, 19:18:15
O'zbek haqida ballada

Qiyosi yo'q uning mehri bir daryo,
O'xshasa o'ziga o'xshaydi O'zbek.
Boshqa millatlarni bilmadim, ammo,
Dunyoda bolam deb yashaydi O'zbek!

O'nta bo'lsa o'rni boshqa uningchun,
O'g'lim otashimdan yaralgan uchqun.
Qizim parilardan chehrasi gulgun,
Qoshlari qalam deb yashaydi O'zbek!

Bir qo'lda belanchak, bir qo'lda Qur'on,
Bir elkada ketmon, birida iymon.
Barchaga barobar oftobsimon,
Yashnasin olam deb yashaydi O'zbek!

Bobolari qaysi yigitlardan kam,
Momolari hushro'y yuzdan oshsa ham.
Zurryodlari bo'lsa bitta uyga jam,
To'shak yetmay to'nin to'shaydi O'zbek!

Ehtirom etganga ehromlari bor,
Kekkayganga bo'yin egmaydi zinhor.
Beshik to'la jajji islomlari bor,
Tosh o'tmas qo'rg'onga o'xshaydi O'zbek!

Qiyosin topdingmi aytgin Muhammad?
O'xshasa o'ziga o'xshaydi O'zbek.
Yomon sher yozsang ham betingdan o'pib,
Kam bo'lma bolam deb yashaydi O'zbek!

P.S: Haqiqatda qiyosi yo'q O'zbekning :)...
         
She'rlarning davomi bor...

Manba: "Muhammad Yusuf" kitobi, www.adabiyot.arbuz.com, www.kundalik.clan.su
 
Nom: Re: Muhammad Yusuf, Osmonning Oxiri va ko'ngilga yaqin she'rlar...
Yuborildi: Hadija 18 Mart 2009, 23:41:29
Bir Kecha"¦  


Bir kecha behosdan uyg’onib ketsam,
Yig’lab o’tiribdi yuragim yum-yum.
Cho’chib turdim: Senga nima bo’ldi, erkam,
Nimaga yig’laysan,
Men nima qildim?

Unday desam bo’lmas,
Bunday desam ko’nmas,
Chekdim. Chiqib sekin hovlini kezdim.
Hamma yulduz so’ndi. Bir yulduz so’nmas —
Ko’zimga mo’ltirab turar ilk sevgim.

Yulduzdan ham oils o, sen buyuk g’am,
Bugun o’zing yo’qsan faqat yonimda.
Hijron kuyin chalib qon o’rnida ham
Armon aylanadi joni tanimda.
O’ylayman, o’ylayman, o’ylarim uzun,
Qo’lim qisqa, sevgim, bo’ylarim uzun,
Endi seni mening uchun eng uzun ertak,
Endi meni yomon qiynar bu yurak!..

Chekaman. Tutunga to’ladi xona
Ilk sevgim mo’ralar to’rt burchagidan.
Men dalli, yuragim mendan devona —
Yotmayman, deb yig’lar par to’shagingda.
Nom: Ta'ziya. Erkin A'zam
Yuborildi: Robiya 27 Mart 2009, 14:48:35
Ushbu hikoyaning dastlabki nomi «Do‘ppi» edi. Shunday she’ri borligini eslabmi, uni Muhammad Yusufga bag‘ishlamoqchi bo‘ldim. Asarning sarlavhasi o‘zgargach esa, shoir nomi bilan yonma-yon turishi xunukroq tuyulib, fikrimdan qaytdim. Ajabo...
Bugun hikoyani suyukli inimntg unutilmas xotirasiga bag‘ishlamoqdaman.
Muallif
Nom: Re: Ta'ziya. Erkin A'zam
Yuborildi: Robiya 27 Mart 2009, 14:50:51
O’zbekning xonadonidan do‘ppi topilmasa-ya!

—    Mana, — deya enam nihoyat kaftlariga urib qoqa-qoqa, kizaklarini torta-torta, qirralari uringan nimdoshroq bir do‘ppini ko‘tarib chiqdilar ichkaridan. — Uy emas bu, karvonsaroy. Do‘ppining bozoridan o‘tib bo‘lmasdi-ya! Otang Toshkanddan bir to‘qqizini ortib kelgan edilar, qani endi? Tunov kuni ukang bir to‘da jo‘rasi bilan kelib, anovi hamsoyaning ta’ziyasiga kiramiz, deb bitta-bitta kiyib ketdi. Bi-irontasi qaytib kelgani yo‘q. O’zing-chi, kelar ekansan, mana shunday to‘y bor, ta’ziya bor, chamadonning tagiga tashlab kelay demaysan. Do‘ppi jonivorning hamku pisandi qolmadi, yaxshi-yomon kunda kiyilmasa, boshiga iladiganni bozordan toping! — Enam javrashdan to‘xtab, mashinaning kalitini barmoqlarida betoqat aylantirib turgan otamga yuzlandilar: — Boshingizdagini ulingizga bering, siz mana buni kiyasiz.

—    Iya, shunday bo‘ldimi? — dedilar otam yasama itoat bilan ohorli do‘ppini menga uzatib. — Alining jandasi Valiga, yangisini akam kiyar ekanlar-da, mayli, mayli.

—    O’zingizning eskingiz. Shungayam jon deng.

—    Jo-o-on! Bo‘ldimi?

—    Noz qilishlarini, ho‘ sho‘-o‘r! Shuyam yo‘q edi, bobom bozordan opkeldi, debdilar.

—    Arablarning o‘zi bosh kiyimga uncha ahamiyat bermas ekan — na to‘yda, na azada, — dedim sho‘x munozarani bo‘lib.

—    Shu uchun aytadilar-da, mullaning aytganinigina kil, deb. Buni endi kimga tushuntirarding? Bosh-yalang borsang, kofir deydi — xuddi do‘ppi kiygan zahoti odam musulmon bo‘lib qoladiganday! Ota-bobomizdan qolgan urf-da, ulim. Bir vaqtlar shuni kiyish ham jasorat edi. Nega shapka kiymaysan, nimaga sha’ma bu, maqsadingni bilamiz, deb sho‘ri quriganlarni ko‘p ko‘rganmiz.

Yo‘q, gap bosh kiyimda emas, aksincha — do‘ppi kiyib musulmonlik da’vo qilib, itoatkor bo‘lib, okibati mana shunday kunga qolganimizdan bahs ochmoqni o‘yladim-u, fikrimdan qaytdim. O’rni emas, mavridi ham emas. Ranjiydilar. Axir, qariyb qirq yillik kommunist, yo‘ldan qaytib, besh yashar nevaralari bilan birga o‘tirib, arab yozuviyu arab tilini mustaqil o‘rganayotgan odam, nimaningdir tagiga yetgan bo‘lishi kerak-ku!
Nom: Re: Ta'ziya. Erkin A'zam
Yuborildi: Robiya 27 Mart 2009, 14:54:12
Otam «jiguli»ning eshigini ochib, maslahat soldilar:   

—    Ta’ziyali joy to‘rtta. Xo‘sh, qaysisidan boshlaymiz? Eng uzog‘idan, a? Safarovdan, ustozingdan.

—    Qanaqa ustoz?

—    Salim Safar-chi, muxbir? Qaydam, «Bizning shogird qalay yuribdi?» deb seni ko‘p surishtirardi.

—    Salim Qaror deng!

—    A, o‘shaning familiyasi Safarov edi-da. Sho‘roda kotibligida majlis qarorlarini qoyilmaqom qilib yozgani uchun Salim Qaror bo‘lib ketgan. Laqabday gap, muxbir bo‘lganiga taxallus deymiz.

—    Ie, o‘ldimi? Nima, kasalmidi?

—    Qarigandan keyin nima qiladi — o‘ladi-da. Tag‘in kim bilsin, har xil gap yuradi. O’g‘lining jabriga ketdi, deganlar ham bo‘ldi. Yolg‘iz o‘g‘il, erkaroq o‘sgan. Bo‘lmasa, shunday odamning farzandi, nobop chiqdi. Xotinini urib g‘ilay qilib qo‘ydi. Bir yilmi, ikki yil qamoqdayam yotib keldi. Ukkag‘ar bobo aralashmadi, ko‘rgani ham bormadi. Er-xotinning orasida nimalar bo‘lmaydi, falokat-da buyam, yarashib ketar, o‘rtada jujuqlari bor, neki qilgan bo‘lsa — o‘zining sho‘riga, qo‘yinglar shuni, deb bir og‘iz arz qilib borganida-ku, har qalay, el-yurt ichida obro‘si bor, bu yog‘i mahalliychilik, hammayam odam — chiqarib kelardi o‘g‘lini. Yo‘q. Bir so‘zli-da, printsipial. Ana, o‘g‘il chiqib ham keldi, xotini bilan yarashdi. Bippa-binoyi. G’ilay bo‘lsayam — ko‘z ochib ko‘rgani, boz ustiga o‘zginasining qilmishi. Orada, sadqai sar bo‘lib, bobo o‘lib ketdi.

Aytishlaricha, qaynona-kelinning g‘idi-bidisi ham ko‘paygan. U tomon: «O’l sen g‘ilay, ulginamni qamatib keng yaylov qilib o‘tiribsan», degan, bu tomon: «O’zi-dan bo‘ldi-da, ko‘zim shahlo edi», degan, u tomon battar g‘azablagan: «Ulimning joyida bo‘lganimda, sen mochaxarni urib bu ko‘zginangniyam chiqarardim!» Shu-da, eski savdo.
Nom: Re: Ta'ziya. Erkin A'zam
Yuborildi: Robiya 27 Mart 2009, 14:57:55
—    Qiyomat odam edi, — dedim Salim Qarorni eslab.
—    Qiyomat ham gapmi! — dedilar otam xayolchan, mashinani ortga tisariltirayotib. — «O’n yettinchi yil-ning yettinchi noyabrida — xuddi inqilob kuni tug‘ilganman, Oktyabrga tengdoshman, asli otim ham yo Oktyabr, yo Inqilob bo‘lishi kerak edi», deb yurardi. — Keyin, nash’a qilgandek, gapda davom etdilar otam: — Tavba, sendan o‘n yoshlarcha kichik bo‘laturib, qaysi yilu qaysi oyda tug‘ilganimni men aniq bilmayman-u, sen enangdan so‘rabsanmi?!
—    E’tiqod-da, ota, dogmatik e’tiqod.
—    Ha, sen aytgan e’tiqodning kuchini shu odamda ko‘rdim. Bosma harfga chippa-chin ishonardi. Bir varaq qog‘ozga bosma qilib «Ukang hukumatning siyosatiga qarshi», deb yozib bersang, jonajon inisiga xoda ko‘tarib chopishdan ham toymas edi. Shundanmikan, bu o‘ramda minmagan mansabi qolmadi. Rayqo‘mu ijroqo‘mda ishladi, avval kolxozga, keyin Sho‘roga rais bo‘ldi, hosilotlik qildi, milisadayam yurdi-yov. E, qolmadi. Oxiri mana shu — muxbirlik. Lekin, qulluqxonadagi gapni aytish kerak: shuncha amallarda yurib, na davlatning, na mardumning biron xasiga xiyonat qilgan. Bo‘lmasa, qanday og‘ir yillar edi u! Urushdan keyingi qahatchilik zamonida o‘z amakisi «Bola-chaqam ochdan  o‘ldi», deb yig‘lab borganida omborxonaning eshigini tambalab, «Bug‘doy yo‘q, davlatniki bu!» deb quruq qaytargan, deydilar. Ana shunday berilgan odam edi.

Zamonasozlikni bilmagan sira. Talay yillar o‘g‘lini xatna qildirmay yurdi. Rostmi-yolg‘onmi, enasini janozasiz ko‘mdirgan, degan gap ham bor. Aniq aytolmayman — men Toshkandda, o‘kishda edim. Ishonch-e’tiqodning mahkamligini qara! O’zi, bor-yo‘g‘i chalasavodlik kursini bitirgan. Lekin «Kapital» deysanmi, zamonaning siyosati deysanmi, ko‘zini yumib aytib tashlardi. Dammasi mustaqil mutolaayu ishtiyoqning zo‘ridan! «O’n to‘rt yoshimdan marksistman», der edi, ukkag‘ar. O’ldi.

—    Marksistlar ham o‘lar ekan, — deb qo‘ydim shunchaki, gapning maromiga qarab.
—    Hammayam o‘ladi. Lekin, senlarning tiling bilan aytganda — «ularning porloq xotirasi dillarda abadiy qoladi», shundaymi?

Beozor kinoya aralash bu gapga indamay qo‘yaqoldim.
Tuman markazidan o‘tib bormoqda edik. Ko‘cha gavjum. Qovun-tarvuz qo‘ltiqlagan, xalta-xulta ortmoqlaganlar qaytyapti. Yakshanba, bozor-o‘char.

Ko‘zim shularda-yu, xayol parishon. Xotiralar qatidan bir qiyofa chiqib keladi. Sarupo moshrang libosda. Boshda stalincha shapka, sercho‘ntak stalincha kamzul, baqaloq galife shim, dag‘al matodan etik. Kishin-yozin. Bir yonda kattakon bloknot, ko‘qrak cho‘ntakda qator rang-barang avtoruchqa, etikning qo‘njida bir dasta gazet-jurnal.

Bu odamni boshqa qiyofada ko‘rmaganman. Ustozim...
Ko‘p yillik gap bu. Biror yigirma yillar bo‘ldi-yov.

Yozgi praktikamni tuman ro‘znomasiga oldim. Ro‘znoma muharriri, uzoqroq qarindoshimiz Juma aka yo‘llanmamni ko‘zdan kechirgach, «She’ringni Toshkentda yozasan, uka, kasbing jurnalist, hayotga yaqin bo‘lishing kerak, qora ishni ham o‘rgan», deya meni partiya turmushi bo‘limiga biriktirib qo‘ydi. Bo‘lim mudiri Salim Qarorni chaqirib tayinladi: «Oqsoqol, mana shu bolani quloq-boshini tortib, kuzgacha havodan gazet yasaydigan qilib berasiz».

Salim Qaror deganlarini men ilgari katta-kichik majlis-mashvaratlarda uchratgan, ko‘zimga juda ulug‘vor ko‘rinib, savlatidan hurkib yurar edim. Jo‘ngina bir odam ekan. Mo‘min, muloyim. Kimning o‘g‘li ekanimni eshitgach esa ochilib ketdi: «Otangiz bilan birga ishlaganmiz, jiyan. Kolxoz vaqtida. Otangiz qo‘limda tabelchi edi». Keyin ham, o‘sha davrga oidroq biror nimadan gap ketganda, «Otangizdan so‘rang» deb qo‘yadi-gan bo‘ldi.

She’r yozishimni bilib, armon bilan uh tortdi: «Biz ham yoshlikda yozar edik. Biz g‘azal mashq qilar edik. Qofiyasini to‘g‘ri keltirolmay, bu yoqqa o‘tib ketdik-da. Otangizdan so‘rang».

Qopdek bu odamning bir vaktlar she’r, ayniqsa, g‘azal bitganiga sira ishonolmasdim. Odatdagi maqtanchoqlikka yo‘ydim. Qaysi muxbirni so‘ramang, yoshligida albatta shoirlikni orzu qilgan, ammo turmush sharoiti to‘g‘ri kelmay, qolib ketgan. (Go‘yo shoirlarga birov alohida sharoit yaratib beradigandek!)

O’lgudek ishchan ekan Salim Qaror. Stoldan bosh ko‘tarmaydi. Ertalab oldida bir to‘p gazeta, choynakda choy, ko‘zoynagini burniga qo‘ndirib, ishtiyoq bilan mutolaa qiladi, qizil qalamda belgilar qo‘yadi. Keyin muk tushib, mehnatkashlarning xatlaridan turli-tuman maqola yasaydi. Tushlikni aytmasa, tashqari chiqish yo‘q, dam olish yo‘q, chaq-chaq yo‘q. To‘nkaning o‘zi.

Erinmagan bu kimsaning qorasiga tikilib o‘tiraverib siqiliblar ketaman, xunobim oshadi. She’rimni yozay desam — ilhom yo‘q. Ilhom parilari Toshkentda qolgan: Keyin, qora mehnat uchungina yaralgan bu zotni g‘aflatda qoldirib, chekish bahona, qo‘shni xonaga bosh suqaman. Qishloq xo‘jaligi bo‘limi bilan madaniyat bo‘limi shu xonada. Dunyoning zavqu lazzati ham shu yerda. Chorsi xonaning chor burchini egallagan ulfati chor allaqachon ikki yuz qatordan materialni tayyorlab «hukumatdan qarzini uzgan», endi hangoma bilan mashg‘ul.
Nom: Re: Ta'ziya. Erkin A'zam
Yuborildi: Robiya 27 Mart 2009, 15:00:48
To‘rda o‘tirgan sho‘x-shalayim Nazir aka qoramni ko‘rib:
— Ke, ke, Stalin bobomning nevarasi, — deydi darrov yuziga tashvishli tus berib. — Nima bo‘ldi senga? Rang ko‘r, hol so‘r. Ukkag‘ar Stalinning zulmidan bari. Qalay, o‘tiribdimi o‘zi? Uni dev ham urmaydi, qirg‘indan qolgan-da. Beri kel-e, ukam-e, toza tamom bo‘psan-a. Seni o‘zim davolab qo‘ymasam... — U yonidagi temir sandiqdan shisha oladi. — Mana shundan jindakkina otib yuborsang, odam bo‘lasan-qolasan. Nima, deysanmi? Talmovsirama. Dori bu, dori — qultamitsin. Qult-qult yutasan — tamo-om, olam guliston! Qarabsanki, gullar ochilgan, bulbullar sayragan, ilhom bulog‘i jo‘shib turibdi! Yo, bobongdan qo‘rqasanmi? To‘g‘risini ayt, bo‘lmasa o‘zim urib yuboraman. Tagi sayozroq o‘zi. Ha-a, malades, ur! Ye hayot, yo mamot! Chakkidan yala, chakkidan. A, shoir degani mana bunday bo‘pti-da. Anovi Stalin senga ham o‘rgatyaptimi, «She’rni qo‘y, go‘ngni yoz, xashakni yoz», deb? Yozma! Meni desang, yozma shuni, uka! Shu ukkag‘arning gapiga kirib, bizlar go‘ngu xashak bo‘lib qoldik, yetar. Bo‘lmasa, mana, Po‘latdan so‘ra, bir daftar she’rim bor meniyam!

Hammasi gulu bulbul, ishqu muhabbatga bag‘ishlangan. Lekin endi, ko‘rib turibsan — go‘ng, xashak... O’zi yozsin, o‘lmaydi. Joni qattiq uning. Stalin bobong bir o‘zi bir kunda sakkizta gazet chiqaradi. Yuqoridan buyruq kelsa — bas!

Nazir aka lof qilayotgani yo‘q, o‘zim guvohman. Tog‘dagi chorvachilik xo‘jaligida amalga oshirilayotgan partiyaviy-siyosiy tadbirlarni ro‘znomada yoritish zarur bo‘lib qoldi. O’sha kuni rayqo‘mda qanaqadir majlis chiqib, Salim Qaror toqqa borolmadi. Ertasi kelib, xo‘jalik rahbari bilan telefon orqali besh minutgina so‘zlashdiyu mashinkaxonaga kirib, ikki soatda ikki sahifa narsa tayyorlab chiqdi. Og‘zaki, aytib turib! Qoyil qolmay iloj yo‘q. «Besharchadan besh saboq». Qiziqsinib o‘qib qaradim. Xuddi borib o‘z ko‘zi bilan ko‘rgandek jonli, batafsil. Dalilu mulohazalar joy-joyida, xulosalar asosli, shiddatvor. Birorta ham nuqsoni yo‘q. Gap shunda-da: birorta ham! Bari barchaga ma’lum, to‘ppa-to‘g‘ri, sip-silliq gaplar. Lekin — har kimning ham qo‘lidan kelavermaydi. Ustozim shu hunarning piri ekan, bilsam.

Ish boshlaganimning ikkinchi haftasimidi, u menga topshiriq berdi. Shoyi to‘qish fabrikasidagi ochiq partiya majlisidan ixchamgana reportaj yozib kelishim darkor. Bordim, qatnashdim, yozdim. Bu daqqiyunuslarga bir ko‘rsatib qo‘yay deb, bor iste’dodimni ishga solib yozdim. Mudirimning tahriridan keyin o‘qib ko‘rib esa dod deb yuboray dedim. Soch yulib o‘tirib topgan o‘xshatishu sifatlashlarim, majoziy iboralarim... qani?! «Falon kuni falon joyda falon mavzuga bag‘ishlangan falonday majlis bo‘ldi. Yig‘ilishda falonchi-falonchilar so‘zga chiqib, falon-pismadon dedilar. Majlis ahli falonday qaror qabul qildi. Bu — jonajon partiya-hukumatimizning tarixiy qarorlariga to‘liq hamohangdir». Qolgan gap shu. Xuddi bir dasta gulni silkib-silkib bargini to‘kib tashlagandek. Ayniqsa, ilova qilib qo‘ygan so‘nggi jumlasini o‘qib jonim chiqqudek bo‘laman: shugina majlis ahliki «hamohang qaror» qabul qilgan ekan, yuqorida o‘tirgan partiya-hukumatning nima keragi bor?! Hamonki, qaror «hamohang» bo‘lmoga oldindan ma’lum ekan, shuncha odamni ovora qilib majlis chaqirishdan murod nima?!
Muharrirga arz qilib kirgan edim, Juma aka: «Nichevo, partiyaviy uslub shunaqa bo‘ladi, o‘rgan», deya yuzimga suv sepib chiqarib yubordi. Qo‘limdan kelgani shu bo‘ldiki, kechqurun yashirincha bosmaxonaga tushib, nomimni oldirib tashladim. Axir, buni ko‘rgan birov-yarim: «Yozganing-ku Salim Qarornikidan farqi yo‘q ekan, Toshkentda pashsha qo‘rib nima qilasan?», demaydimi?!

Asta-sekin yuksak she’riyatu badiiy vositalar xayolimdan ko‘tarilib, bor muhitga moslasha boshladim. nsof bilan aytish kerak: yaxshimi, yomonmi, ustozimdan ul-bulni ham o‘rgandim.
Ana shunday saboqardan birini eslasam, hamon o‘zimni kulgidan tiyolmayman. Salim Qaror qayoqqadir ketganida bir maqola tayyorlab, bosmaga topshirdim. Ertasi uni ro‘znomada o‘qib, vahimaga tushib qolmaydimi ustozi!

—    Siyosiy xato, siyosiy xato! — derdi u boshini changallab. — Kapamiz kuydi, jiyanjon! Endi nima qildik? Kelib-kelib Juma Turdievich betobliklarida... «Partiya qarorlari» debsiz. Qaysi partiya: sotsial-demokratlar partiyasimi, eserlar partiyasimi yo kadetlar?! «Jonajon Kommunistik partiyamiz» deb yozishimiz kerak, bildingiz! Buni rayqo‘m o‘qisa-a, ikkovimiz ham, Juma Turdievich ham!.;

Tushlik chog‘i bu noxushlikni Nazir akaga bildirgan edim, u kulib yubordi:
—    Chepuxa! Bor-e, enag‘ar, demaysanmi! Bu devoriy gazetangni kim o‘qirdi? O’qisa ham — chepuxa!
Xayriyat, rayqo‘m bizni chaqirmadi. Yo, u yerdagilar ham Juma Turdievichga o‘xshab o‘sha kunlar betobmikan...

Salim Qaror bilan korrektura o‘qishganimiz bundan ham qiziq. Korrektor qizimizning to‘yi bo‘lib, bir oqshom ro‘znomaga navbatchilik qilgan mudirimga ko‘maklashgani qoldim. Men qo‘lyozmani kuzatib boraman, u kishi bosmaxonadan kelgan nusxasini ovoz chiqarib o‘qiydi. Solishtiramiz. Ustoz hij-hij- o‘qiyapti-yu, men kulib yubormaslik uchun sonimni chimchilab o‘tiribman.

—    «Jo-na-jon Kom-mu-nis-tik... bosh harf bilan, ikkita «m»... par-ti-yamiz-ning ta-ri-xiy...iy... qa-ror-la-ri-dan ruh-la-nib, vergul... a-za-mat par-ran-da-bo-qar-lar yuk-sak zafar quchdilar... «Quchdilar»mi? Ha-a, ana shunday. Sergak bo‘ling-a, jiyanjon...
Nom: Re: Ta'ziya. Erkin A'zam
Yuborildi: Robiya 27 Mart 2009, 15:04:15
Kayvoni jiyan mendan qachon kelganimu necha kunga kelganimni so‘radi.

—    Ukaning shu odatlari ma’qul-da, — dedi so‘ng otamga yuzlanib. — Kelasolib darrov el-ulusning mavlid-ma’rakasini ko‘zlaydilar. Uzim ko‘rganman-da bir-ikkida. Sog‘ bo‘lsinlar. Rahmat. Savob. — Keyin, bir zum tin olgach, marhumning egasi sifatida, bu yerda o‘tirganlar necha bor eshitgan, yana eshitajak, o‘zi ham necha bor takrorlagan, tag‘in takrorlayajak o‘lim tafsilotini, taomil bo‘yicha, endi bizga so‘zlay boshladi: — Bilmadim, bippa-binoyi yurgan edilar. O’sha kuni deng, bir-ikki joyga ta’ziyaga ham boribdilar, qaytishda bozor-o‘char qilib keptilar ro‘zg‘orga. Baloday. Hech kimning xayoliga kelmagan. So‘ngra deng, bu endi peshin namozidan keyingi gap — Samievning oldiga jo‘nabdilar, direktorning. Shundan shu yoqqa. Piyoda. Oyoqlarida bodlari bor edi, keksa odam. Samiev bir vaqtlar qo‘llarida traktorchilik qilgan ekan, shuni orqa qilganlar chog‘i-da. Mana, o‘zlaring ko‘rib turibsizlar: hovli katalakday, boz ustiga, yarimchasi yo‘lga tushmoqchi. Gap o‘zimizniki-yu, qaynona-kelinning ham sobiqasi kelishmayroq qolgan. Shunga, ullariga bir parcha yer so‘ramoqchi bo‘lganlar-da, yangamizning aytishicha. Samiev nima depti deng: «NKVDda ishlaganingizda otamni qamatgansiz, sizga yer yo‘q». Nokasning gapini qarang! Shuncha zamon o‘tib, eski alaming endi, sovxozga direktor bo‘lganingda esingga tushdimi, nomard! Qamatgan bo‘lsa, otang biron ayb qilgandirki, qamatgan-da. Qolaversa, amakimiz milisada ozroq ishlaganlaridan xabarim bor edi-yu, — eski shapkalarini ho‘v yillari, bolalik-da, biz kiyib yurgich edik, — lekin NKVD-pnkvdsini eshitganimiz yo‘q.

Mudrab yotgan ko‘hna chol daf’atan jonlanib, luqma soldi:
—    E, o‘ vaqtlar o‘ning bari bir edi.
—    Birmidi, bir emasmidi, otasini tus amakim qamatganini kim isbotlaydi, bobo, qani?! — dedi tarafgir jiyan cholga «hujum» qilib. — Samievingiz u vaqtlar enasining qornidayam bo‘lmagandir. Hay, mayli, nimayam derdik endi! — So‘ng bizga o‘girilib, uzr so‘ragandek, gapini aybdorona ohangda davom ettirdi:— Amakimizni bilasizlar: sal haligiday, qizilroq edilar. Boz ustiga deng, keyingi vaqtda bu yerdagi g‘urbatlardan siqilibroq yurgan ekanlarmi, otashin bo‘lib, anovi gaplarini aytibdilar: «O’n to‘rt yoshimdan marksistman». «Bor, o‘sha Marksingga bor, Marksing yer bersin!» debdi-ya enag‘ar Samiev. Bo‘lgan gap shu. Qaytib keptilar, yangamizga picha hasrat qilgan bo‘lib, anovi supaga yonboshlabdilaru jonlari chiqibdi...

Xuddi shuni kutib turgandek, alhol qiziq ish bo‘ddi. G’ir-g‘ir esayotgan beozor shabada to‘zonga o‘xshab bir guvrandiyu girillab uchib kelgan qandaydir do‘ppi tepamizdagi olma shoxiga ilinib qoldi. Shamol tag‘in bir g‘ayrat ko‘rsatgan edi, shohdan uzilib, pastak devor osha qo‘shni hovli tomon parvoz qiddi.
Irg‘ib turib devor sari taYapingan jiyanni beri-roqda o‘tirgan qariya to‘xtatdi:
—    Hah, qo‘ying endi, Mardonboy, halizamon bolalaringiz ko‘tarib chiqadi. — Keyin miyig‘ida kulimsiragan bo‘lib dedi: — Rahmatlining boshida do‘ppi ko‘rganimiz yo‘q edi o‘zi.
Jiyan qaytib joyiga cho‘kkalarkan, xijolatomuz il-jaydi:
—    Yangigina edi. Hali kiyilmagan. Amakim shapka kiyardilar. Rasmiga deb osib qo‘ygan edik-da.

Shundagina ayvondagi dorga tashlab qo‘yilgan ki-yim-kechakka diqqat qildim. Marhumning usti-boshi. O’sha, ko‘zga tanish moshrang liboslar. O’sha kattakon bloknot, o‘sha rang-barang avtoruchkalar.

Chekkarokda, ustun qozig‘ida shumshayibgina bir dona oq yaktak osilib turibdi. Chamasi, do‘ppi shuning tepasida bo‘lgan. Omonatroq ilingan ekanmi qoziqqa...

Harchand urinmayin, rahmatlini bu yaktak, bu do‘ppida tasavvur qilolmadim. O’ ko‘proq anovi liboslarga loyiq edi. Galife bobo...

Keyin — xayr-xo‘sh. Xudo rahmat qilsin. Joylari jannatda bo‘lsin. Qolgan umrlari bizlarga — tiriklarga nasib etsin...
Kayvoni jiyan kuzatuvida ota-bola hovlidan chiqdik.

Qaytyapmiz.

—    Endi Bog‘bologa, — dedilar otam mashinani markazga yetmay yuqoriga burib. — Xalilovnikiga. Yaqinda ukasi mototsikddan uchib o‘ldi. Alomat yigit edi, qo‘li gul. Xalilovning uyini bilarsan, ho‘-o‘ terakzorning orqasida. Asom zo‘rga hamsoya-da.
—    Qaysi Asomni aytyapsiz? — deb so‘radim pari-shonhol. — Asom degan sinfdoshim bo‘lardi...
—    Ko‘nglingga olmagin-u, ulim, Asom zo‘rniki unutgan bo‘lsang, ancha begonalashib qolibsan.

Ko‘nglimga olmadim. To‘g‘ri-da, balki o‘sha men aytgan Asomdir. U ham bolaligida o‘lgudek zo‘mu zo‘ravon edi.
Yo‘dda gap aylanib, tag‘in Salim Qarorga ko‘chdi.

—    Boya shu odamni e’tiqodli edi, deb ta’rifladik, ota. Menimcha, u bor-yo‘ga oddiygina qo‘rqoq bo‘lgan, xolos.
—    Gapingda jon bor, ulim, — dedilar otam. — Stalin zamonida yurak oldirib qo‘ygani rost. Uni Termiz turmasida bir hafta kigizga o‘rab jabrlaganlar. «Kigiz jazosi» degan shunday bir qiynoq usuli bo‘lar ekan. O’z og‘zidan eshitganman. Kolxoz davrida bir kecha xirmonjoyda yotib qolib, mastlik bilan yig‘lab hasrat qilgan edi. Bilasanmi, uni nimada ayblaganlar? «Stalin»ga «betayin»ni qofiya qilgani uchun. Salim Qaror shoir edi-da, o‘-o‘, qanday shoir! G’azal yozardi, keyin shuni o‘zi qo‘shiqqa solib aytardi. Eshitganmiz-da. Biz unda bola edik.

Salim Qarorning «Biz ham yoshlikda yozar edik. Keyin, qofiyasini to‘g‘ri keltirolmay...» degan armonli so‘zlarini xotirladim. Gap bu yoqda ekan-da.

—    Ehtimol, o‘shanda, kigizga solib kiynaganlari-da, chidayolmay ayg‘oqchilikni zimmasiga olgandir? Haligi bobo bir nimaga sha’ma qilganday bo‘ldi-ku?

—    Bo‘lsa bordir, ulim. Neki sir-asrori bo‘lsa, o‘zi bilan olib ketdi endi. Narigi dunyosi obod bo‘lsin, deymiz-da, boshqa nimayam derdik? Rasmi, o‘lganning orqasidan bunday gaplar gapirilmaydi. Ikkovimiz ham gunohga botib bo‘ldik. O’zi qiziq-da: shularni naql qilmasang, yaxshi-yomonni qanday farqlaysan? Tiriklardan gapiray desang — ig‘vo, g‘iybat sanalsa... E-e, ulim, zamonasi ne-ne vallomatlarni mayib qilmadi! Mana shu Asom zo‘rni olaylik...

Xayolim chuvalashib ketdi.
Nom: Re: Ta'ziya. Erkin A'zam
Yuborildi: Robiya 27 Mart 2009, 15:07:49
Bog‘boloning dong‘i ketgan sarv teraklari bo‘y ko‘rsatib qolgan edi.

Otamning naqllari qulog‘imga uzuq-yuluq chalinadi:

—...NKVDning odamlari eshikda poylab turibdi. Qayoqdandir buni sezadi. Jon vahmi mansabning mazasiga qo‘shilib, g‘aladondan dumaloq muhrni oladiyu ko‘zini chirt yumib yutib yuboradi. Keyin shartta orqa derazadan tashlab qochadi. Shu ketganicha o‘n besh yillar deganda qaytib keldi. Qanday de? Kapitan libosida. Ko‘kraklarida turli-tuman nishon... Ukasini, o‘z ukasini qamatib yuborib, o‘rniga o‘tirdi. Uning xotiniga uylandi. Ko‘p xushro‘y juvon edi, Zaynab degich. Raislik qildi. Ho‘-o‘v yaqin yillarga dovur. Uka qaytib keldi.. Abgor... O’n yilcha oyoq-qo‘lidan ajralib, shol bo‘lib yotdi. Qilma — toparsan, deganlari shu-da.

—    Kimni gapiryapsiz, ota?
—    Asom zo‘rni-da, Asom zo‘rni. Sulaymonga yazna-pochcha bo‘ladi. Sulaymon esingdami, uyimizga kelib turardi-ku?

Cho‘loq, yurganda bir oyog‘i g‘irchillaydigan? Senga yog‘och ot yasab bergan edi bolaligingda...

Asom zo‘r, Asom zo‘r... Ha-a, esladim, esladim... Keling, bunisi yanagi galga qolsin.


1991
Nom: Re: Muhammad Yusuf, Osmonning Oxiri va ko'ngilga yaqin she'rlar...
Yuborildi: JaviK 28 Noyabr 2009, 17:25:50
Assalomu Alaykum hozirgi yozadigon m`lumotim bu mavzuga mos yoki mosmas bilmadim lekin hamma narsa buyuk shoirimiz Muhammad Yusuf to`g`risidaligi uchun shu mavzuga yozishga qaror qildi.
Bu habarni eshitgan bo`lsangiz ham kerak eshitmaganlar uchun Muhammad Yusufning "Bobur" ismli o`g`li bor edi. Boburning o`lganiga ham 1 yildan oshdi. forumga kirib bu haqida ma`lumot yo`qligiga kiritishga qaror qildim. 
Nom: Re: Muhammad Yusuf, Osmonning Oxiri va ko'ngilga yaqin she'rlar...
Yuborildi: Ibrohim_jon 29 Noyabr 2009, 17:39:19
Assalomu Alaykum hozirgi yozadigon m`lumotim bu mavzuga mos yoki mosmas bilmadim lekin hamma narsa buyuk shoirimiz Muhammad Yusuf to`g`risidaligi uchun shu mavzuga yozishga qaror qildi.
Bu habarni eshitgan bo`lsangiz ham kerak eshitmaganlar uchun Muhammad Yusufning "Bobur" ismli o`g`li bor edi. Boburning o`lganiga ham 1 yildan oshdi. forumga kirib bu haqida ma`lumot yo`qligiga kiritishga qaror qildim. 
yaxshi yozibsiz. kopchilik muhammad yusifni bobur degan o'g'li borligini bilamsa kerak shu jumladan men ham bilmas edim lekin bu axboroni yozishga qaror qilgan ekansiz to'liqroq yozishingiz kerak edi. ha mayli bo'lar ish bo'libdi agar muhammad yusifni o'g'li bobur haqida yana to'liqroq malumotiz bo'lsa yozarsiz degan umidaman hurmat b\ilan biznes partnyoriz
Nom: Re: Muhammad Yusuf, Osmonning Oxiri va ko'ngilga yaqin she'rlar...
Yuborildi: Kumush 29 Noyabr 2009, 21:10:11
Менинг кимлигимни билмайди ҳеч ким.
Мен бир ғалатиман, мен алоҳида.
Гоҳи ксз ёшимни келади ичгим,
Тилимни чайнагим келар гоҳида...

(с) М.Юсуф
Nom: Re: Muhammad Yusuf, Osmonning Oxiri va ko'ngilga yaqin she'rlar...
Yuborildi: Sobir_n 01 Dekabr 2009, 14:57:00
Alloh go'zal

Orazi gul, husni hilol,
Alloh go'zal, Alloh go'zal.
Mutloq kamol, mutloq jamol,
Alloh go'zal, Alloh go'zal"¦

Arsh arkida sulton o'zi,
Beaybu benuqson o'zi.
Poyiga cho'k, ul Zuljalol,
Alloh go'zal, Alloh go'zal"¦

Diydori bir shirin umid,
Azal vujud, abad vujud.
Kimga ayon, kimga xayol,
Alloh go'zal, Alloh go'zal"¦

Nahri zilol, bag'ri bahor,
Gul chehra yor, nur chehra yor.
Oromijon, oshuftahol,
Alloh go'zal, Alloh go'zal"¦

Tuproqqa jon etmish ato
Momo havo, Odam Ato,
Loydan odam yasar kulol,
Alloh go'zal, Alloh go'zal"¦

Shoir tilak-ta’bim o'shal,
Ruhim o'shal, Rabbim o'shal,
Allohu akbar, ey Bilol,
Alloh go'zal, Alloh go'zal!.
Nom: Re: Axmad Yugnakiy
Yuborildi: Mashhura 04 Sentyabr 2010, 14:15:22
Assalomu alaykum! Iltimos kitobni Ahmad Yugnakiyning o`z tilida ham bering!!!
Nom: Re: Axmad Yugnakiy
Yuborildi: uyghur 28 Dekabr 2011, 11:12:24
Axmad yugnakiy uyg'ur kishisidur ....   Gap yo'q