- Turk hikoyalari durdonalaridan -
Omer Seyfettin
FORSA*
O’rta yer dengizining qahramonlarga makon bo’lgan so’ngsiz ufqlariga qaragan kichik bir tepa mittigina gul bog’chasi kabi edi. Nozik, uzun shoxli bodom daraxtlarining turfa soyalari sohil tomon tushar, erta bahorning mayin shamollariga sarxush bo’lgan baliqchi qushlarning savdoyi shovqin-suroni havoda jarang sochardi. Bodomzorning yoni keng bir bog’ edi. Oq toshlardan tiklangan qisqa devorning o’rtasidagi xaroba vodiyga qadar tushardi. Bog’ning o’rtasidagi buzilgan kulbaning eshiksiz kirish joyidan bir qariya chiqdi. Go’yo bukchaygan belini to’g’rilagan kabi kerishdi. Soch-soqoli oppoq mo`ysafidning qo’llari, oyoqlari titrar edi. Osmon qadar bo’sh, ko’k qadar sokin turgan dengizga uzoq boqdi.
- Xayrlidir, inshaalloh — dedi o`z-o`ziga.
Devor ostiga to`shalgan toshlarga cho’kdi. Qo’llarini boshining orqasiga oldi. Qariyaning egnida yirtiq bo’z kiyim bor edi. Yalang’och oyoqlari tuproqqa qorilgan, zaif qo’llari esa kirlangan bronza rangiga kirgan edi. U boshini ko’tardi. Ko’k bilan dengizni birlashtirgan tuman chegarasiga diqqat bilan boqdi - ammo ko’rinadigan hech narsa yo’q edi.
Mo`ysafid har kecha uyqusida bir qancha yelkanli kemaning uni qutqarish uchun kelayotganini ko’radigan eshkakchi edi. Bir zamonlar eski bir turk kemasida eshkakchilik qilgan qariyaning qirq yillik umri asirlikda o’tgandi. O’ttiz yoshida kuchli matros, chayir qahramon bo’lgan holida Malta qaroqchilarining qo’liga tushgan edi. Yigirma yil ularning kemalarida eshkak eshdi. Yigirma yil ikki oyog’i zanjirlar bilan bog’lanib, kema ostidagi rutubatli xonada yashadi. Yigirma yilning yozlari, qishlari, shamollari, bo’ronlari, quyoshlari uning po`latdek vujudini eritolmadi. Zanjirlari mog’orlashdi, chiridi, uzildi. Yigirma yil ichida bir necha marta xalqalari, mixlarini almashtirdilar. Ammo uning chinor-da mustahkam oyoqlariga hech nima kor qilmadi. U faqatgina tahorat ololmagani uchun xafa bo’lardi. Har namoz vaqtida ko’zlarini qibla tomonga burar, besh vaqt ibodatni ishorat bilan o’qir edi.
_______________
Forsa — kemada eshkakchilikka mahkum qilingan qul.
OMER SEYFETTIN HAQIDA
(http://davronbek.ziyouz.com/wp-content/uploads/2009/02/omerseyfettin.jpg)
Turk hikoyachiligining mumtoz vakili, jurnalist va zobit Omer Seyfettin 1884-yili Turkiyaning Belikesir shahrida dunyoga keldi. Avval Usmoniya maktabida, so’ngra harbiy bilim yurtlarida o’qigan Omerning ilk ijod mahsuli 1900-yili “Majmuai adabiyya”da chop etildi. 1906-yili Izmirdagi jandarm maktabiga o’qituvchi bo’lib ishga kirdi. Shu yillarda Izmirda chop etiladigan “Sebat”, “Xizmat”, “Sarbast” kabi gazetalarga maqolalar yozdi.
Omer Seyfettin harbiy harakatlarda ishtirok etarkan, ijodni ham tark etmadi. 1911-yili “Yosh qalamkashlar” jurnalida uning “Yangi lison” nomli katta maqolasi imzosiz chop etildi. Maqolada milliy tilni asrab qolish, boshqa tillardan so’z olgandan ko’ra, uning milliy muqobillarini topish, adabiyotni xalq tiliga yaqinlashtirish kabi jiddiy masalalar ko`tarilgan edi. Uning “Bahor va qaldirg’ochlar”, “Qo’zg’olish xabari”, “Primo Turk bolasi”, “Ont” va “Ishq to’lqini” kabi hikoyalari ham ayni shu jurnalda bosildi.
Leytenant Omer Seyfettin 1912-yilda Bolqon urushida qatnashdi va Yanya yaqinida yunon armiyasiga asirga tushdi. “Pastkash”, “Mahdiy”, “Hurriyat Bayroqları” nomlı hikoyalarida asirlikdagi hayotini qalamga oldi. Bu hikoyalar “Xalqqa to’g’ri”, “Turk yurti” va “Zako” kabi jurnallarda nashr etildi.
Bir yillik asirlikdan so’ng, 1913-yili Istanbulga qaytdi va harbiylikni tashlab, “Turk So’zi” jurnaliga muharrirlik qila boshladi. 1914-yildan umrining oxirigacha Kabatash maktabida adabiyotdan dars berdi.
Omer Seyfettin 1920-yili 36 yoshida qand kasalidan vafot etdi.
Asarlari: “Tarix azaliy takrordir” (1910), “Haram” (1918), “Efruz Bey” (1919), “Qahramonlar”, “Bomba”, “Haram”, “Uzun poshnalar”, “Halollik”, “Yolg’iz bahodir”, “Iskanja”, “Ishq to’lqini”, “Oq Lola”, “Sirli amaliyot”, “Forsa”, “Badal”, “Pushti durli yoqa”.