forum.ziyouz.com

Kutubxona => Boshqa kitoblar => Mavzu boshlandi: Fatima 02 Aprel 2009, 14:38:52

Nom: AMIR TEMUR O`GITLARI.
Yuborildi: Fatima 02 Aprel 2009, 14:38:52
                                   AMIR TEMUR O’GITLARI

                                         Toshkent
                                         «O’zbekiston»
                                          2007

Qo‘lingizdagi ushbu kitob O’zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining a’zosi, yirik sharqshunos olim Bo‘riboy Ahmedov (1924—2002) va jurnalist Akrom Aminov tomonidan 1992 yilda nashrga tayyorlangan edi. O’tgan yillar davomida mamlakatimizda sohibqiron Amir Temur bobomizning o‘lmas xotirasini tiklash, beqiyos hayoti va faoliyati hamda boy merosini o‘rganish borasida juda katta ishlar amalga oshirilayotganidan jamoatchiligimiz yaxshi xabardor.
Mazkur kitob ko‘p sonli o‘quvchilarning istaklarini inobatga olib qayta nashr etilmokda.
Nom: Re: AMIR TEMUR O`GITLARI.
Yuborildi: Fatima 02 Aprel 2009, 14:40:22
                           BUYUK SHAXSNING DONO O’GITLARI

Amir Temur — buyuk shaxs: kuragi yerga tegmagan sarkarda, yirik davlat arbobi, qonunshunos, talantli me’mor, notiq, ruhshunos, shu bilan birga, el-yurtini sevgan va uni mashhuri jahon qilgan inson. U Buyuk insonning murakkab va tashvishlar bilan to‘lib-toshgan hayoti va faoliyatini kichik bir maqolada, hatto juda qisqa va umumiy tarzda bo‘lsa-da, bayon qilib bo‘lmaydi. Amir Temurning tarixi ko‘p jilddik kitoblar yozishga arziydi. Lekin ming afsuski, bizlar — buyuk amirning vatandoshlari, bu ishni hozirgacha eplolmadik. To‘g‘risi, buni qilish imkoniga ega bo‘lmadik, chunki ko‘hna tariximiz, ulug‘ ota-bobolarimiz haqida bizlarni churq ettirmay qo‘ygan kommunistik g‘oya bunga yo‘l bermadi. Amir Temurning o‘zi esa tahqirlandi, tuhmatu malomatlarga qoldi. Vaholanki, Angliya, Frantsiya, Germaniya, Amerika Qo‘shma Shtatlaridagi hamkasblarimiz uning hayoti va faoliyatiga bag‘ishlab juda ko‘p ko‘lamdor kitoblar yozib, o‘z tillarida chop etdilar. Angliyalik sharqshunos olima Hilda Hukhem, germaniyalik Gans Robert Ryomer, frantsuz Jan Pol Roks, amerikalik Jon Vuds va Beatrisa Mans shular jumlasidan. Xorijlik dramaturg va artistlar o‘z teatrlarining sahnalarida Amir Temurning yorqin obrazini yaratdilar. Frantsiyalik haykaltaroshlar uning haykalini oltindan quyib, muzeylarda namoyish qildilar. Biz-chi?..
Tangri taologa shukrlar bo‘lsinki, shu kunlarga kelib ko‘p ming yillik boy tariximizni surishtirish va o‘rganish imkoniyatiga endi ega bo‘lyapmiz. Biz keksa tarixchilar bu ishni umr yetganicha qilarmiz. Biz ulgurmasak, buni shogirdlarimiz davom ettirishar. Har holda shuni unutmaslik kerakki, bizlar nafaqat Amir Temur to‘g‘risida, balki ota-bobolarimiz tarixi borasida ham xalqimiz oldida qarzdormiz.
Amir Temur 1336 yilning 9 aprelida o‘sha paytlarda Kesh (Shahrisabz)ga qarashli Xo‘ja Ilg‘or (bu qishloq hozir Yakkabog‘ tumaniga qaraydi) qishlog‘ida tavallud topdi. Otasi Amir Tarag‘ay — o‘ziga to‘q, badavlat kishi edi. Temur tug‘ilgan paytda u Qozonxon (1333—1346) huzurida mas’ul bir mansabda turardi. Kesh va unga tobe’ yerlarning bekligi esa Amir Tarag‘ayning og‘asi Hoji barlosning qo‘lida edi.
Temurning yoshligi va yigitlik yillari Chig‘atoy ulusi og‘ir ijtimoiy-siyosiy bo‘hron iskanjasiga tushib qolgan bir davrda kechdi. Ulus ichidagi notinchlik Qozonxon davriga kelib o‘zaro feodal urushlarning avj olib ketishiga sabab bo‘ldi. Hokimiyat uchun kurash ayniqsa xon bilan uning bosh amiri (amir ul-umarosi) Qazag‘an o‘rtasida kuchli bo‘ldi. O’zaro nifoq va kelishmovchilik urushga aylandi. Mamlakat mo‘g‘ullar istilosi ostida qolgan o‘sha og‘ir sharoit ikki iste’dodli amirni — amir Temur bilan amir Husaynni bir qadar yaqinlashtirdi. Lekin amir Husayn mamlakatda feodal tarqoqlikka barham berish, raiyatni chet el bosqinchilaridan himoya qilish xususida Amir Temur bilan yakdil bo‘la olmadi. Oqibatda yurt ozodligi uchun kurash bevosita Amir Temur zimmasiga tushdi.
Nom: Re: AMIR TEMUR O`GITLARI.
Yuborildi: Fatima 02 Aprel 2009, 14:44:04
Amir Temurning tarix oldidagi xizmati benihoyat katta.
Birinchidan, u mamlakatda kuchayib ketgan feodal tarqoqlikka barham berib, el-yurtni o‘z tug‘i ostiga birlashtira oldi, markazlashgan yirik davlatga asos soldi. Bu bilan ziroatchilik, hunarmandchilik, savdo-sotiq va madaniyat rivojiga mustahkam zamin yaratib berdi. Bugun «Temur va temuriylar davlati», «temuriylar madaniyati», «Ulug‘bek va Samarqand astronomiya maktabi», «Navoiy» va «Bobur» kabi qutlug‘ so‘zlarni nafaqat o‘zbeklarning, balki butun dunyo xalqlarining tarixi sahifalarida uchratar ekanmiz, ularning zaminida Amir Temurning ulkan xizmatlari yotishini nazarda tutishimiz lozim.
Ikkinchidan, Amir Temur, taqdir taqozosi bilan bir qator xalqlar va yurtlarga mustamlakalikdan ozod bo‘lishda yordam berdi. Masalan, o‘sha davrning eng qudratli podshohlaridan hisoblangan Boyazid Ildirimni (1389—1402) tor-mor keltirishi natijasida (1402 y.), bir qator Yevropa xalqlari ozodlikka erishdi; Oltin O’rda xoni To‘xtamishni (1376—1395) ikki marta (1391 va 1395 y.) tor-mor keltirib, Rossiyaning mo‘g‘ullar hukmronligidan qutulishini tezlashtirdi.
Uchinchidan, Turkiston zaminini ziroatchilik, hunarmandchilik, ilm-fan va madaniyat rivojlangan ilg‘or mamlakatga aylantirdi. Amir Temurning sa’y-harakati bilan obod etilgan shaharlar, qasabalar, qishloqlarni, Shahrisabz, Samarqand, Buxoro, Yassi (Turkiston) singari shaharlarda qad ko‘targan oliy imoratlarni aytmaysizmi?! Ularning ba’zilari hozir ham shaharlarimizga ko‘rk bo‘lib turibdi. Ta’bir joiz bo‘lsa, shu yerda yana bir gapni aytmoqchiman. Amir Temur o‘z yurti Turkistonnigina emas, balki qo‘shib olingan yurtlarni ham obod qildi.
Amir Temur zamonida yozilgan asarlarni qunt bilan mutolaa qilsangiz, uning ko‘p yaxshi sifatlari (to‘g‘rilik, muruvvatlilik, el-yurtga mehr-muhabbat va b.) bilan tanishasiz. Uning saxovatli, bag‘ri keng va donishmand odam bo‘lganini payqab olasiz. «Temur tuzuklari», Nizomuddin Shomiy (tug‘ilgan va vafot qilgan yili ma’lum emas) va Sharofuddin Ali Yazdiyning (1454 yilda vafot etgan) «Zafarnoma»larida, Ibn Arabshohning (1389—1450) «Ajoyib ul-maqdur fi axbori Temur» («Amir Temur haqidagi xabarlarda taqdir ajoyibotlari») va boshqa asarlarda keltirilgan sohibqironning ibratli pand-nasihatlari va o‘gitlaridan ham uning kimligini bilib olsa bo‘ladi. Bular el-yurt va fuqaroning tashvishi, raiyatparvarlik, mehr-muruvvat, qo‘shnichilik aqoidlariga rioya qilish va nihoyat, mardlik va qahramonlik haqidagi hayotiy o‘gitlaridir.
Nom: Re: AMIR TEMUR O`GITLARI.
Yuborildi: Fatima 02 Aprel 2009, 14:46:13
Qo‘lingizdagi ushbu kitobcha shu haqda: uning birinchi qismini yuqorida zikr etilgan asarlardan olingan ana shunday hikmatlar tashkil etgan. Kitobchaning ikkinchi qismiga esa Amir Temur nomidan aytilgan naql-rivoyatlar kiritildi. Bular Hazrati sohibqiron haqidagi xalq orasida mashhur bo‘lgan naql-rivoyatlar bo‘lib, ularning ayrimlari 1991 yilning avgust oyida professor Malik Murodov boshchiligida O’zbekistonning janubiy viloyatlari bo‘ylab Amir Temurning qadamjolariga qilingan sayohat chog‘ida yozib olingan.
Amir Temurning pand-nasihatlari, o‘gitlari, uning haqidagi naql-rivoyatlar juda ko‘p. Biz ulardan faqat bir qisminigina ushbu kitobga kiritdik. Amir Temurning hayoti va ijtimoiy-siyosiy faoliyatini astoydil o‘rganish bizda endi boshlandi. Shuning uchun ham mazkur kitobcha bu yo‘lda qo‘yilgan dastlabki qadam, dengizdan bir tomchi, xolos.
Aziz kitobxon! Buyuk shaxsning dono o‘gitlarini o‘rganing. Bu yo‘lda hamisha sizni ulug‘ bobokolonimizning ruhi qo‘llab-quvvatlasin.

Bo‘riboy AHMYeDOV,
O’zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining muxbir a’zosi, 1992 y.
Nom: Re: AMIR TEMUR O`GITLARI.
Yuborildi: Fatima 02 Aprel 2009, 14:52:52
                       MILLATNING DARDLARIGA
                          DARMON BO’L...



                   BISMILLAHIR ROHMANIR RAHIYM

                                      1


Saltanat ishlarida to‘rt narsaga amal qilgin, ya’ni: 1) kengash; 2) mashvaratu maslahat; 3) qat’iy qaror, tadbirkorlik, hushyorlik; 4) ehtiyotkorlik. Chunki kengash va mashvaratsiz saltanatni barcha qilgan ishlari va aytgan gaplari noto‘g‘ri bo‘lgan johil odamga qiyos qilish mumkin; uning aytgan so‘zlari va qilgan ishlari boshga pushaymonlik va nadomat keltirgay. Shunday ekan, saltanatni boshqarishda mashvaratu maslahat va tadbirkorlik bilan ish yuritgin, toki oqibatda nadomat chekib, pushaymon bo‘lmagaysan. Shuni ham bilishing kerakkim, saltanat ishlarining bir qismi sabru toqat bilan bo‘lgay, yana bir qismi esa bilib bilmaslikka, ko‘rib ko‘rmaslikka solish bilan bitur. Xullas, bajarilishi shart bo‘lgan tadbirlarning ta’rifidan va zikridan so‘ng shuni ta’kidlash lozimki qat’iylik, sabr, chidamlilik, sog‘ligu sergaklik, ehtiyotkorlik va shijoat bilan barcha ishlar amalga oshirilur.

                                   2

Davlat ishlarining to‘qqiz ulushi kengash, tadbir va mashvarat, qolgan bir ulushi esa qilich bilan bajo keltirilur.

                                   3

Ishbilarmon mardlik va shijoat sohibi, azmi qat’iy, tadbirkor va hushyor bir kishi ming-minglab tadbirsiz, loqayd kishilardan yaxshidir.

                                   4

G’anim lashkarini yengish qo‘shinning ko‘pligidan, mag‘lub bo‘lish esa sipohning kamligidan bo‘lmaydi. Balki g‘olib bo‘lmokdik Tangrining madadi va bandasining tadbiri bilandir.

                                   5

Garchi ishning qanday yakunlanishi takdir pardasi ortida yashirin bo‘lsa ham, aqli raso va hushyor kishilardan kengashu tadbir istab, fikrlarini bilmoq lozimdir.

                                   6

Agar ikki xatarlik yoki bir xatarlik ishni qilishga to‘g‘ri kelgudek bo‘lsa, ikkovidan barobar qutulish chorasi topilmagach, bir xatarini ixtiyor etmoq kerak.

                                   7

Bir ishga kirishmay turib, undan qutulib chiqish yo‘llarini mo‘l qo‘y.
Nom: Re: AMIR TEMUR O`GITLARI.
Yuborildi: Fatima 02 Aprel 2009, 14:59:27
                                      8

Qilmoqchi bo‘lgan ishlarini qilmasdan qoldirmasinlar. Agar biror ishni qilmaslikka so‘z berar ekanlar, yaqiniga ham yo‘lamasinlar. Xotirdan chiqmasinkim, Tangri taolo jasur kishilarni ardoqlaydi.

                                       9

Kengash ikki turli bo‘lur: biri — til uchida aytilgani, ikkinchisi — yurakdan chiqqani. Til uchida aytilganini shunchaki eshitardim. Yurakdan aytilgan maslahatni esa qalbim qulog‘iga quyardim va dilimga joylardim.

                                     10

Amirlarim agar yarashdan so‘z ochsalar, buning foydasini urush ziyoniga solishtirib ko‘rardim, agar urushga moyil bo‘lsalar, uning naf’ va foydasini yarash ziyoniga taqqoslab ko‘rardim, qaysi biri foydaliroq bo‘lsa, shuni ixtiyor qilardim. Sipohni ikkilantiradigan [turumsiz] kengashni eshitishdan saqlanardim. Qaysi kishi aqlga siqqan bir ishni kuyinib gapirsa, suyib eshitar edim. Kimki oqilona gaplarni erlarcha keskinlik bilan so‘zlasa, unga ham quloq solardim. Har kimdan so‘z olib kengash so‘rar edim. Lekin aytilgan har bir maslahatning yaxshi va yomon tomonlari haqida o‘ylab ko‘rgach, to‘g‘ri va savoblirog‘ini tanlab olardim.

                                      11

Biron ishni qilmoqchi bo‘lsam, kengashib olib, keyin Qur’ondan fol ochardim va Qur’on hukmi bilan ish qilur edim.

                                      12

Yuz ming otliq askar qila olmagan ishni bir to‘g‘ri tadbir bilan amalga oshirish mumkin.

                                     13

Xudo bitta, uning sherigi yo‘qdir. Shunday bo‘lgach, Alloh taoloning muqaddas mulki — yer yuziga egalik qiladigan (kadxudo) kishi ham bitta bo‘lishi kerak.
Nom: Re: AMIR TEMUR O`GITLARI.
Yuborildi: Fatima 02 Aprel 2009, 15:06:58
                                      14

Agar yerda va ko‘kda ikki xudo bo‘lsa, jahonning ishi buzilur.

                                      15

Yorga yetkur sabo, kim makr qilmishdir mang‘a,
Qildi ersa kimga makrin, qaytadur bir kun ang‘a.
(Amir Husaynga Amir Temurbek yozgan turkiy bayt)

                                     16

Kimki menga kelib qo‘shilsa ulug‘lanadi, kimki men bilan kurashmoqchi bo‘lsa yiqiladi.

                                     17

Jangda yengish-engilish ishi taqdir pardasi ostida yashirin.

                                     18

Jahonni idora etguvchi qudratli nabiralarimga ma’lum bo‘lsinkim, Tangri taolo dargohidan umidim shulki, ko‘plab farzanddarim, avlodim saltanat taxtiga o‘tirib, mamlakatlarni idora etgay. Shuning uchun saltanat qurish, davlat tutish ishlarini bir necha tuzukka bog‘ladim va saltanat boshqarish haqida qo‘llanma (dasturilamal) yozib qoldirdim, toki farzandlarim va avlodimdan bo‘lganlarning har biri unga muvofiq ish yuritsin... tole’i baland millatining sharofatini, muhabbat va do‘stligim orqali qo‘lga kiritgan davlat va saltanatni saqlagaylar. Bu tuzuklardan o‘z saltanat ishlarini boshqarishda qo‘llanma sifatida foydalangaylar, toki mendan ularga yetadigan davlat va saltanat zararu tanazzuldan omon bo‘lgay.

                                     19

Do‘stu dushman bilan murosayu madora qildim.

                                     20

Har mamlakatga shayxulislom yubordimki, toki musulmonlarni gunoh ishlardan qaytarib, ularni yaxshi va savob ishlarga undasin.

                                     21

Adolat va insof bilan Tangrining yaratgan bandalarini o‘zimdan rozi qildim. Gunohkorga ham, begunohga ham rahm qilib, haqqoniyat yuzasidan hukm chiqardim. Xayr-ehson ishlarim bilan odamlar ko‘nglidan joy oldim.

                                     22

Zolimlardan mazlumlar haqqini oldim. Zolimlar yetkazgan ashyoviy va jismoniy zararlarni isbotlaganimdan keyin, ularni shariatga muvofiq odamlar o‘rtasida muhokama qildim va bir gunohkorning o‘rniga boshqasiga jabr-zulm o‘tkazma.
Nom: Re: AMIR TEMUR O`GITLARI.
Yuborildi: Fatima 02 Aprel 2009, 15:15:28
                                      23

Menga yomonlik qilib, boshim uzra shamshir ko‘tarib, ishimga ko‘p ziyon yetkazganlarni ham iltijo bilan tavba-tazarru qilib kelgach, hurmatlab yomon qilmishlarini xotiramdan o‘chirdim. Martabalarini oshirdim. Ular bilan muomalada shunday yo‘l tutdimki, agar xotiralarida menga nisbatan shubhayu qo‘rquv bo‘lsa, unut bo‘lardi.

                                      24

Shijoatli kishilarni do‘st tut, chunki Tangri taolo jasur kishilarni ardoqlaydi.

                                      25

Ulamo bilan suhbatda bo‘l va pok niyatli, toza qalbli kishilarga talpin. Bularning himmatlaridan ulush tilanib, muborak nafaslari bilan duo-fotiha berishlarini iltimos qil.

                                      26

Azmu jazm bilan ish tutdim. Biron ishni qilish-ga qasd qilgan bo‘lsam, butun zehnim, vujudim bilan bog‘lanib, bitirmagunimcha undan qo‘limni tortmadim.

                                      27

Hech kimga g‘azab bilan qattiq muomala qilmadim va hech bir ishda tanglik qilmadim, toki Tangri taoloning g‘azabiga duchor bo‘lmayin va ishimni buzib, holimni tang aylamasin deb.

                                     28

Hozirgi damgacha o‘tgan sultonlarning qonunlari va turish-turmushlarini donolardan so‘rab-surishtirdim. Har qaysilarining yo‘l-yo‘riqlari, turish-turmushlari, qilish-qilmishlari, aytgan gaplarini xotiramda saqladim va xush axloqlari, ma’qul sifatlaridan namuna olib, unga amal qildim. Davlatlarining tanazzulga uchrashi sabablarini surishtirdim va davlatu saltanat zavoliga sabab bo‘luvchi ishlardan saqlandim. Naslni buzuvchi, ocharchilik va vabo kasali keltiruvchi zulm va buzuqchilikdan saqlanishni o‘zimga lozim bildim.

                                     29

Raiyat ahvolidan ogoh bo‘ldim, ulug‘larini og‘a qatorida, kichiklarini farzand o‘rnida ko‘rdim.

                                     30

Har bir o‘lka va shahar aholisining ashrof-ulug‘lari va buzurglari bilan oshna tutindim. Ularning mijozlariga, tabiatiga to‘g‘ri kelgan, o‘zlari tilagan odamlarini ularga hokim qilib tayinladim.

                                     31

Hokimlar, sipoh va raiyatdan qaysi birining xalqqa jabr-zulm yetkazganini eshitsam, ularga nisbatan darhol adolatu insof yuzasidan chora ko‘rdim.

                                     32

Yaxshilarga — yaxshilik qildim, yomonlarni esa o‘z yomonliklariga topshirdim. Kim menga do‘stlik qilgan bo‘lsa, do‘stligi qadrini unutmadim va unga muruvvat, ehson, izzatu ikrom ko‘rsatdim.
Nom: Re: AMIR TEMUR O`GITLARI.
Yuborildi: Fatima 02 Aprel 2009, 15:22:50
                                     33

Farzandlar, qarindoshlar, oshna-og‘ayni, qo‘shnilar va men bilan bir vaqtlar do‘stlik qilgan barcha odamlarni davlatu ne’mat martabasiga erishganimda unutmadim, haqlarini ado etdim.

                                     34

Do‘st-dushmanligiga qaramay, har joyda sipohiylarni hurmat qildim, chunki ular boqiy mato bo‘lgan jonlarini foniy dunyo moli uchun sotadilar. O’zlarini ma’raka-maydon, halokatga otib, jonlarini qurbon qiladilar. Agar g‘anim sipohidan biror odam o‘z valine’matiga sidqidildan xizmat qilib urush kunlarida menga qarshi qilich ko‘targan bo‘lsa ham, unday odamga nisbatan lutf-marhamatlar ko‘rsatdim, qoshimga panoh istab kelganda, uni qadrlab, haqiqat bilan xizmat qilishiga ishondim.

                                     35

Qaysi bir sipohiy tuz haqi va vafodorlikni unutib, xizmat vaqtida o‘z sohibidan yuz o‘girib, mening oldimga kelgan bo‘lsa, unday odamni o‘zimga eng yomon dushman deb bildim.

                                     36

Davlat agar dinu oyin asosida qurilmas ekan, to‘ra-tuzukka bog‘lanmas ekan, unday saltanatning shukuhi, qudrati va tartibi yo‘qoladi. Bunday saltanat yalang‘och odamga o‘xsharkim, uni ko‘rgan har kimsa, nazarini olib qochadi. Yoxud kasu nokas tap tortmay kirib chiqadigan tomsiz, eshigi-to‘sig‘i yo‘q uyga o‘xshaydi.

                                     37

Men o‘z saltanatimni dini islom, to‘ra va tuzuk asosida mustahkamladim. Saltanatni boshqarishda uchragan har qanday voqea va ishni tuzuk asosida bajardim.

                                     38

Har bir shaharda masjidlar, madrasalar, xonaqohlar qurishni, musofir yo‘lovchilar uchun yo‘l ustiga rabotlar bino qilishni, daryolar ustiga ko‘priklar qurishni buyurdim.

                                     39

Musulmonlarga diniy masalalardan ta’lim berib, shariat aqidalari va islom dini ilmlari: tafsir, hadis, fiqhdan dars bersinlar deb, har bir shaharga olimlar va mudarrislar tayin qildim.

                                     40

Kimki Muhammad dinini qo‘llab-quvvatlasa, sen ham uni qo‘llagil, kimki, Muhammad dinini xor qilsa, sen ham uni xor tutgil.

                                     41

Saltanatim qonun-qoidalarini islom dini va kishilarning eng xayrlisi hazrati Muhammadning shariatiga bog‘lab, izzatu hurmatlash vojib bo‘lgan onhazratning avlodi va sahobalariga muhabbat bildirgan holda ularni mustahkamladim. Saltanatim martabasini qonun-qoidalar asosida shunday saqladimki, saltanatim ishlariga aralashib, ziyon yetkazishga hech bir kimsaning qurbi yetmasdi.

                                     42

Do‘st-dushmandan kimki menga iltijo qilib kelgudek bo‘lsa, do‘stlarga shunday muomala qildimki, do‘stligi yanada ortdi, dushmanlarga esa shunday munosabatda bo‘ldimki, ularning dushmanligi do‘stlikka aylandi.
Nom: Re: AMIR TEMUR O`GITLARI.
Yuborildi: Fatima 10 Aprel 2009, 11:15:24
                                     43

Menda biron kimsaning haqi bo‘lsa, haqini hech vaqt unutmadim. Biron kimsa bilan tanishgan bo‘lsam, uni hech vaqt nazarimdan qoldirmadim.

                                     44

Ochiq yuzlilik, rahm-shafqat bilan xalqni o‘zimga rom qildim. Adolat bilan ish yuritib, jabr-zulmdan uzoqroqda bo‘lishga intildim.

                                     45

Menga iltijo qilib kelgan badkirdor odamlar, xoh menga yaxshilik qilgan bo‘lsinlar, xoh yomonlik, saltanat taxtiga o‘tirganimdan keyin ularni xayr-ehsonlarim bilan xijolatga qo‘ydim. Menga qilgan yomonliklarini qilmagandek ko‘rib, ularni yomon qilmishlari daftari ustiga afv qalamini tortdim.

                                   46

Hech kimdan o‘ch olish payida bo‘lmadim. Tuzimni totib, menga yomonlik qilganlarni parvardigori olamga topshirdim. Sofdil kishilar, sayyidlar, olimlar va fozillarga dargohim doim ochiq edi. Nafsi yomon himmatsizlarni, ko‘ngli buzuq qo‘rqoqlarni majlisimdan quvib yubordim.

                                   47

Har kimning qadr-qimmatini, tutgan mavqeini va har narsaning o‘lchovini belgilab olishing va shunga muvofiq ish yuritishing kerak.

                                   48

Kimning aqli va shijoatini sinov tarozusida tortib ko‘rib, boshqalarnikidan ortiqroq ko‘rsam, uni tarbiya qilib, amirlik darajasiga ko‘tarar edim. So‘ngra ko‘rsatgan xizmatiga yarasha martabasini yana-da oshirar edim.

                                    49

Har mamlakat va diyor sayohatchilariyu musofirlarining boshini siladimki, turli mamlakatlardan menga xabar keltirib turdilar. Har bir mamlakatga va diyorga borib turish uchun savdogarlar va karvonboshilar tayinladimki, ular o‘shal mamlakatlarda yashovchi kishilarning hol-ahvoli, turish-turmushlari haqida menga xabar olib kelsinlar. Har bir mamlakat hukmdorining o‘z raiyatiga qanday muomalayu munosabatda ekanligini aniqlasinlar.

                                    50

Uzoq-yaqindan biron kishi kelib, mening majlisimga kirar ekan, qaysi toifadan bo‘lsa ham, davlatim dasturxoni ne’matidan uni quruq qaytarmasinlar.
Nom: Re: AMIR TEMUR O`GITLARI.
Yuborildi: Fatima 10 Aprel 2009, 11:20:05

                                    51

Sarmoyasi qo‘lidan ketib qolgan savdogarga o‘z sarmoyasini qaytadan tiklab olishi uchun xazinadan yetarli mikdorda oltin berilsin. Dehqonlar va raiyatdan qaysi birining dehqonchilik qilishga qurbi yetmay qolgan bo‘lsa, unga ekin-tikin uchun zarur urug‘ va asbob tayyorlab berilsin. Agar fuqarodan birining uy-imorati buzilib, tuzatishga qurbi yetmasa, kerakli uskunalarni yetkazib berib, unga yordam berilsin.

                                    52

Garchi yaxshi so‘zni hammadan eshitish zarur bo‘lsa ham, lekin boshqalar so‘zda, saltanat ishlarida podshohga sherik, yoxud undan ustun bo‘lmasliklari shart.

                                     53

Sulton har narsada adolatpesha bo‘lsin, qoshida insofli, adolatli vazirlar saqlasin, toki podshoh zulm qilgudek bo‘lsa, odil vazir uning chorasini topsin. Agarda vazir zolim bo‘lsa, ko‘p vaqt o‘tmay saltanat uyi qulaydi.

                                    54

Podshoh har ishda o‘zi hukm chiqarsin, toki hech kim uning hukmiga aralashib, o‘zgartira olmasin.

                                    55

Podshoh har ishda qarorida qat’iy bo‘lsin, ya’ni har qanday ishni qilishga qasd qilar ekan, to bi-tirmagunicha undan qo‘l tortmasin.

                                    56

Podshoh hukmi joriy etilishi darkor. Biron kimsa garchi hukmni zararli deb bilgan bo‘lsa ham, unga monelik qilolmasin.

                                    57

Podsholik ishlarini tamoman boshqaga topshirib, erkni unga berib qo‘ymasinkim, dunyo — xiyonatchi xotin singari, uning xushtori ko‘pdir. Agar shunday qilar ekan, o‘zganing nafsi tez orada podshoh bo‘lishni tilab, saltanat taxtini o‘zi egallashga kirishadi.

                                    58

Podsho saltanat ishlarida har kimning so‘zini eshitsin, har kimdan fikr olsin. Qaysi biri foydaliroq bo‘lsa, uni ko‘ngil xazinasida saqlab vaqtida ishlatsin.

                                    59

Vazirlar, amirlar biron kimsa haqida yaxshi-yomon so‘z qilar ekanlar, podsho eshitsin. Lekin uni amalga oshirishda butun haqiqat ayon bo‘lmagunicha shoshmay, mulohaza bilan ish tutsin.

                                    60

Podsho majlis axdidan ogoh va hushyor bo‘lsinkim, ular ko‘pincha ayb axtarib, uni tashqariga tashiydilar. Podshohning so‘zidan, ishidan vazirlarga, amirlarga xabar berib turadilar.
Nom: Re: AMIR TEMUR O`GITLARI.
Yuborildi: Fatima 10 Aprel 2009, 11:26:15
                                    61

Qaysi hokim hukmining ta’siri cho‘p bilan kaltaklash ta’siridan kamroq bo‘lsa, unday hokim hukumat yurgizishga yaroqsizdir.

                                    62

Agar o‘g‘illarimdan qaysi birovi saltanat martabasiga da’vogarlik qilib bosh ko‘tarar ekan, uni urib-so‘kib, o‘ldirishga yoki muchasidan biron joyini kamaytirishga hech kim jur’at qilmasin, lekin uni ko‘z tagida saqlasinlarki, toki o‘z da’vosidan qaytsin va Tangri taoloning mulkida fasod chiqmasin.

                                    63

Davlat ichida talay olchoq, yomon odamlar bordirki, davlat dushmanlarini yaxshilab, uning jon fidolarini turli makr-hiylalar bilan xarob qiladilar. Bularning maqsadlari saltanat qo‘rg‘oniga raxna solishdir.

                                     64

G’arazgo‘y, buzuqi va hasadgo‘y odamlarning vazirlar haqidagi uydirmalarini eshitmasinlar, chunki bu tabaqadagi kishilarning dushmani ko‘p bo‘ladi, negaki, olam ahlining barchasi dunyotalabdir. Agar vazirlar bunday odamlarning ko‘ngliga qarasalar, davlatga xiyonat qilgan bo‘lurlar, qaramasalar, ular vazirlarga dushmanlik qilurlar.

                                    65

Agar dorug‘alar va hakamlar xalqqa zulm qilib, ularni xarob  qilgan bo‘lsalar, qilgan ishlariga loyiq jazo berilsin. Agar biror kimsaning gunohi isbotlangandan so‘ng undan jarima olsalar, boshqa yana darra bilan urmasinlar. Agar darra urish bi-lan jazolasalar, undan jarima olmasinlar.

                                     66

Kimki birovning molini zo‘rlik bilan tortib olgan bo‘lsa, mazlumning molini zolimdan qaytarib olib, egasiga topshirsinlar. Agar kimda-kim tish sindirsa, ko‘zni ko‘r qilsa, quloq va burun kessa, sharob ichsa, zino ishlar qilsa, uni devondagi shariat qozisi yoki ahdos qozisiga olib borib topshirsinlar.

                                     67

Vazirlar ushbu to‘rt sifatga ega bo‘lgan kishilardan bo‘lishlari lozim: birinchisi — asillik, toza nasllilik; ikkinchisi — aql-farosatlilik, uchinchi-si — sipohu raiyat ahvolidan xabardorlik, ularga nisbatan xushmuomalada bo‘lish; to‘rtinchisi — sabr-chidamlilik va tinchliksevarlik. Kimki shu to‘rt sifatga ega bo‘lsa, unday odamni vazirlik martabasiga loyiq kishi deb bilsinlar. Uni vazir yoki mas-lahatchi etib tayinlasinlar. Bunday vazirga to‘rt imtiyoz: ishonch, e’tibor, ixtiyor va iqtidor berilsin. Kamolotga erishgan vazir ulkim, davlat muomalalarini tartibga keltirib, mulkiy va moliyaviy ishlarni to‘g‘rilik bilan, asli-nasli tozaligini ko‘rsatib, ajoyib tarzda bajaradi.

                                    68

Qaysi vazir g‘iybat gaplarni aytsa, uydirma gaplarga quloq solsa, jabr-zulm qilsa, o‘ziga yoqmagan kishilarni yo‘qotish payiga tushsa, uni vazirlikdan tushirish lozim. Nasliyu zoti yomon, hasadchi, gina-kek saqlovchi, qora ko‘ngilli kishilarga zinhor vazirlik lavozimi berilmasin. Buzuqi, qora ko‘ngilli, zoti past odam vazirlik qilsa, davlatu saltanat tez orada qulaydi.

                                    69
 
Ruxsat etuvchi va taqiqlovchi buyruqlarida vazirning asilligi va toza naslligi ko‘rinib turadi. Dushmanlik va jabr-zulm qilmaydi. Xoh sipohdan, xoh raiyatdan bo‘lsin, har kimning nomini yaxshi so‘zlar bilan tilga oladi. Birovdan yomonlik axtarmaydi, aytsalar eshitmaydi. Agar birovdan yomonlik ko‘rgan bo‘lsa, unga nisbatan shunday muomala qiladiki, u shaxs oxiri yomonligidan qaytadi. O’ziga yomonlik qilgan odamga nisbatan shunday yaxshilik qiladiki, u oldiga bosh egib keladi.

                                    70

Asli toza, nasli pok, ulug‘ zotlardan bo‘lgan, yaxshi ravishli kishilardan topib, vazir qilinglar. Chunki asli toza kishi xatolikka yo‘l qo‘ymaydi, badasl esa vafo qilmaydi.

Nom: Re: AMIR TEMUR O`GITLARI.
Yuborildi: Fatima 10 Aprel 2009, 11:29:55
                                     71

Qaysi vazir soflik, to‘g‘rilik bilan vazirlik ishiga kirishib, davlatning moliya-mulkiya ishlarini diyonat, savob bilan, nafsi buzuqlik qilmay, omonatga xiyonat etmay bajarar ekan, unday vazirni eng oliy martabalarga yetkazsinlar. Qaysi vazir buzuqlik qilib, yomonlik yo‘li bilan mamlakat ishlarini yurgizar ekan, ko‘p o‘tmay saltanatdan xayru barakat ko‘tariladi.

                                     72

Dono vazir shuddirki, o‘z o‘rniga qarab, goh qattiqqo‘llik, gohida esa muloyimlik bilan ish yuritadi. Bunday vazir ortiqcha qattiqqo‘llik ham qilmaydi, ko‘p muloyimlik bilan yumshab ham ketmaydi. Agar ko‘p muloyimlik qilsa, dunyotalab, ta’magir odamlar uni yutib yuboradilar. Agar ortiqcha qattiqlik ishlatsa, undan qochadilar va unga boshqa murojaat qilmaydilar. Demak, dono vazir shuldirki, saltanat korxonasining ishlarini eng to‘g‘ri chorayu tadbirlar qo‘llab, yaxshi anglagan holda amalga oshirib, davlatni tartib-intizomga keltiradi.

                                     73

Davlatu saltanat uch narsa bilan: mulk, xazina va lashkar bilan tikdir. Dono vazir bularning har uchalasini tadbirkorlik bilan yaxshi ahvolda, saranjom tutadi.

                                    74

Aqlli, bilimdon va hushyor vazir shunday bo‘lurki, bir to‘g‘ri tadbir qo‘llab g‘anim qo‘shinini parokanda qilib yubora oladi. Bunday vazir valine’matining soqchisi bo‘lib, podshosining boshiga tushgan muhim va mushkul ishlarini tadbirkorlik bilan va uzoqni ko‘ra bilishi bilan osonlashtiradi. Agar saltanat ishlarida jumboq uchrasa, aqlu farosatini ishlatib, uni yechadi.

                                    75

Agar podshoh zolim bo‘lib, vaziri odil bo‘lsa, podshohning jabr-zulmini to‘xtatish chora-tadbirini ko‘radi. Lekin vazir zolim bo‘lsa, saltanat ishlari tez muddatda parokandalikka uchraydi.

                                    76

Uch yuz o‘n uch amirimning barisi aql-hush egalari, bazmu razm sherlari, mahoratli sarkarda, g‘anim lashkar to‘pini buzib, uni mag‘lub etuvchi kishilar edi. Jangning sir-asrorini, g‘anim askarlarini sindirish yo‘lini bilgan, urush qiziganda o‘zini yo‘qotmasdan, qo‘l-oyog‘i bo‘shashmasdan, lashkar favjlarini jangga boshlay oladigan, agar qo‘shin safiga raxna tushsa, uni tezda tuzata oladigan kishigina amirlik va hukmronlikka loyiq hisoblanadi. Amirlardan qaysi biri o‘zi qiziqib ish so‘rar ekan, unga buyursa bo‘lur.

                                    77

Qilich chopishda o‘zini ko‘rsatgan bahodirlarni birinchi martaba bo‘lsa — o‘nboshi, ikkinchi martaba botirlik qilsa — yuzboshi, uchinchi martabasida esa — mingboshi qilib tayinlasinlar.

                                    78

Hech bir sipohiyning xizmati nazardan chetda qolmasin, chunki ular davlat xizmatida bo‘lib, boqiy hayotlarini foniy dunyo naqdi uchun ayamaganliklarining o‘zigagina ham in’omga va moddiy ta’minotda bo‘lishga haqli va loyiqdirlar. Uni in’omidan mahrum qilib, xizmatlarini ko‘rsatmasalar insofsizlik qilgan bo‘lurlar.

                                     79

Yoshi ulug‘, keksa sipohiylarni hurmatlab, aziz tutsinlar. Ulardan foydali maslahatlar olsinlar, chunki ular aytadigan gaplar o‘z tajribalarida ko‘rib, bilganlaridir. Ularni saltanat korxonasining ustunlari deb bilsinlar. Ulardan keyin o‘g‘illarini o‘rinlariga o‘tqazsinlar.

                                    80

G’anim tomonidan bizning qo‘limizga har qanday sipohiy asir bo‘lib tushsa, uni o‘ldirmasinlar. Unga ixtiyor berilsin. Agar navkarlikni qabul qilsa, navkar qilsinlar, yo‘q esa uni ozod etsinlar.

Nom: Re: AMIR TEMUR O`GITLARI.
Yuborildi: Fatima 10 Aprel 2009, 11:34:08
                                     81

G’anim sipohiylaridan qaysi biri o‘z davlatining tuzini oqlab, bizga qarshi qilich chopgan, so‘ngra ixtiyoriy ravishda yoki majbur bo‘lib panohimizga kelsa, bunday askarga ishonib, uni aziz tutsinlar. Chunki u o‘z sohibiga vafodorlik qilib, yegan tuz-namagi haqini saqlagan.

                                     82

Haqiqiy podsholarga lozimdirki, qaysi navkarni o‘zlari ulug‘lab ko‘targan bo‘lsalar, tezda uni xorlab tuban qilmasinlar. O’zlari ko‘targan kishilarni tashlamasinlar. Kimni bilgan va tanigan bo‘lsalar, unutmasinlar. Agar ahyon-ahyonda uning izzat-nafsiga tegib xo‘rlagan bo‘lsalar, evaziga ilgarigidan ikki barobar ortiq izzatini oshirsinlar.

                                     83

Qaysi bir navkar o‘z ixtiyori bilanmi yoki ixtiyorsizmi begidan ajrab ketgan bo‘lsa-yu, keyinroq yana qaytib kelsa, uni hurmatlasinlar, chunki u ajralib ketganidan pushaymon bo‘lgani uchun ham qaytib kelgan.

                                    84

G’anim tomonidan bo‘lgan navkar bizga qarshi qilich ko‘targan bo‘lsa, o‘z yurtining tuz haqini halollagan bo‘ladi.

                                    85

Har bir navkar g‘anim nazdida hurmat-e’tiborga ega bo‘lib qadrlansa-yu, biroq jangu jadal vaqtida o‘z begiga xiyonat qilib, uning dushmaniga do‘stlik qilsa, tuz haqini, bek hurmatini unutsa, o‘z begining dushmaniga yon bosib, uni o‘z begidan ustun qo‘ysa, bunday kimsani xizmatga yo‘latmasinlar.

                                     86

Agar navkarlardan biri qilich chopishib, g‘animni sindirar ekan, g‘arazgo‘y odamlarning uning haqida aytgan gaplariga quloq solmasinlar. Uning qilgan xizmatlarini yashirmaslik lozim, aksincha, bir xizmatini o‘nga yo‘ysinlar, martabasini oshirsinlar, toki boshqa navkarlar buni ko‘rib jonbozlik qilishga rag‘batlansinlar.

                                     87

Agar navkarni biron mamlakatga hokim qilgan bo‘lsalar-u, u bevafoligidan dushman bilan kelishib, mulkni unga taslim qilsa, o‘lim jazosiga mahkum qilsinlar. Mamlakatni himoya qilib, dushmanni yo‘latmagan navkarni yuqori martabaga ko‘tarib, hurmatlasinlar.

                                    88

Menga hasad qilib, o‘ldirishga qasd qilgan kishilarga shunchalik sovg‘a-in’omlar berib, muruvvatu ehson ko‘rsatdimki, bu yaxshiliklarni ko‘rib, xijolat teriga g‘arq bo‘ldilar. Hamisha mening roziligimni olib ish tutgan do‘stlarim oldimga panoh tilab kelganlarida, ularni o‘zimning baxtu davlatimga sherik bilib, hech qachon ulardan mol-mulk va tirikchilik ashyolarini ayamadim.

                                     89

Sodiq va vafodor do‘st ulkim, o‘z do‘stidan ranjimaydi, do‘stining dushmanini o‘z dushmani deb biladi. Agar kerak bo‘lsa, do‘sti uchun jonini ham ayamadi.

                                    90

Aqlli dushman johilu nodon do‘stdan yaxshiroq.

Nom: Re: AMIR TEMUR O`GITLARI.
Yuborildi: Fatima 10 Aprel 2009, 11:37:46
                                    91

Agar dushmaning bosh urib panohingga kelsa, rahm qilib yaxshilik va muruvvat ko‘rsat.

                                    92

Dushman sendan muruvvat va xayr-ehson ko‘rsayu yana qaytadan dushmanlik yo‘lini tutsa, uni parvardigorning hukmiga topshir.

                                    93

Chin do‘st uldirki, do‘stidan hech qachon ranjimaydi, agar ranjisa ham, uzrini qabul qiladi.

                                    94

Qaysi mamlakatda dindan qaytish (ilhod) va zindiqlik kuchaysa va u diyorning aholisi, sipohu raiyat turli maslakka kirib ittifoqlari buzilsa, u mamlakatning halokati yaqindir.

                                    95

Bugungi ishni ertaga qoldirma.

                                    96

Yumshoqlik qilishga to‘g‘ri kelsa, muloyimlik qildim qattiqqo‘llik ishlatish vaqti yetsa, qat’iy choralar ko‘rdim. Shoshmaslik kerak yerda shoshilmadim, shoshilarli ishlarni kechiktirmadim. Qaysi ishni chorayu tadbir bilan bitirishning iloji bo‘lsa unda qilich ishlatmadim.

                                    97

Zinodan tug‘ilgan kishi o‘ziga yaxshilik qilgan odamga yomonlik qilmaguncha dunyodan ketmaydi.

                                    98

To‘qayga o‘t tushsa, ho‘lu quruqqa qaramay barchasini kuydiradi.

                                    99

Qaysi mamlakatni zabt etgan yoki qo‘shib olgan bo‘lsam, o‘sha yerning obro‘-e’tiborli kishilarini aziz tutdim; sayyidlari, ulamolari, fuzalo va mashoyixiga ta’zim bajo keltirdim va hurmatladim, ularga suyurg‘ol, vazifalar berib, maoshlarini belgiladim; o‘sha viloyatning ulug‘larini og‘a-inilarimdek, yoshlari va bolalarini bo‘lsa o‘z farzandlarimdek ko‘rdim.

                                    100

Har mamlakatda adolat eshigini ochdim, zulmu sitam yo‘lini to‘sdim.

Nom: Re: AMIR TEMUR O`GITLARI.
Yuborildi: Fatima 10 Aprel 2009, 11:41:47
                                    101

Sipohiylardan biron kishi raiyatning xonadoniga zo‘rlik bilan kelib tushmasin, raiyatning ot-ulovlarini tortib olmasin.

                                    102

Buyurdimki, har mamlakatning gadolariga vazifa yuklab ish bersinlar, toki shu yo‘l bilan gadolik rasmi yo‘qotilsin.

                                    103

Avliyolar, din peshvolarining mozorlari va maqbaralariga vaqfdan mablag‘ ajratsinlar. U yerlarni gilam, taom va chiroq bilan ta’minlasinlar.

                                   104

Har bir mamlakat fath etilgach, u yerning gadolarini to‘plab, kundalik yemish-ichmishlarini berib, ularga biron vazifa belgilasinlar. Hamda barchasin tamg‘olasinlar, toki boshqa gadolik qilmasinlar. Agar tamg‘odan keyin ham gadolik qilgudek bo‘lsalar, ularni uzoq mamlakatlarga sotib yuborsinlar yoki haydasinlar. Shundagina gado zoti mamlakatda yo‘qoladi.

                                   105

Har bir mamlakat fath etilgach yoki qo‘shib olingach, turli ko‘ngilsiz hodisalardan emnu omonlikda bo‘lsin, uning hosil va daromadlarini hisobga olib ish tutsinlar. Agar yerlik fuqaro azaldan berib kelgan xiroj miqdoriga rozi bo‘lsa, ularning ro-ziligi bilan ish ko‘rsinlar.

                                    106

Kimki biron sahroni obod qilsa, yoki koriz qursa yo biron bog‘ ko‘kartirsa, yoxud biron xarob bo‘lib yotgan yerni obod qilsa, birinchi yili undan hech narsa olmasinlar, uchinchi yili esa oliq-soliq qonun-qoidaga muvofiq xiroj yig‘ilsin.

                                   107

Xarob bo‘lib yotgan yerlar egasiz bo‘lsa, xolisa tarafidan obod qilinsin. Agar egasi bo‘lsa-yu, lekin obod qilishga qurbi yetmasa, unga turli asboblar va kerakli narsalar bersinlar, toki o‘z yerini obod qilib olsin.

                                   108

Xarob bo‘lib yotgan yerlarda korizlar qursinlar, buzilgan ko‘priklarni tuzatsinlar, ariqlar va daryolar ustiga yangi ko‘priklar qursinlar, yo‘l ustida har manzilgohga rabotlar qursinlar. Yo‘llarga kuzatuvchi va soqchilar qo‘ysinlar, har bir rabotga bir nechta odamni joylashtirsinlarki, yo‘llarni kuzatish va saqlash ishlari shularga tegishli bo‘lsin. Yo‘lovchilar mollarini g‘aflat bosib, o‘g‘irlatib qo‘ymasliklarining vazifasi ham o‘shalarning zimmasida bo‘lsin.

                                    109

Katta-kichik har bir shahar, har bir qishloqda masjid, madrasa va xonaqohlar bino qilsinlar, faqiru miskinlarga langarxona solsinlar, kasallar uchun shifoxona qurdirsinlar va ularda ishlash uchun tabiblar tayinlasinlar. Har bir shaharda dor ul-amorat va dor ul-adolat qursinlar. Raiyatu ziroatni qo‘riqlovchi qo‘rchilar ham tayinlasinlar.

                                    110

O’lganlarning mollarini o‘z vorislariga yetkazsinlar. Agar vorisi yo‘q bo‘lsa, uni xayrli ishlarga sarf qilsinlar yoki Makkayi muazzamaga yuborsinlar.

Nom: Re: AMIR TEMUR O`GITLARI.
Yuborildi: Fatima 10 Aprel 2009, 11:47:18
                                  111

Chorasi bo‘lmagan ishga kirishma, chunki undan qutulib bo‘lmaydi.

                                  112

Kuch — adolatdadir.

                                  113

Bir kunlik adolat — yuz kunlik toat-ibodatdan afzal.

                                  114

Birni ko‘rib fikr qil, birni ko‘rib — shukr.

                                  115

Ilm va dinning mashhur kishilari o‘z maslahatlari bilan podshohlarga yordam berib kelganlar. Sizlar esa menga nisbatan bunday qilmayapsizlar. Mening maqsadim — mamlakatda adolat o‘rnatish, tartib va tinchlikni mustahkamlash, fuqaroning turmushini yaxshilash, yurtimizda qurilishni kuchaytirish, davlatimizni rivojlantirishdir. Sizlar bu ishlarni amalga oshirishda menga o‘z maslahatlaringiz bilan ko‘maklashishingiz kerak. Mamlakatning ahvoli, devonning suiiste’mol qilinganligi va qilinmayotganligi, oddiy odamlarning joylardagi hokimlar tomonidan ezilayotgani mendan ko‘ra sizlarga ayondir. Shular haqida ma’lumot beringiz, bu kabi adolatsiz ishlarni bartaraf etuvchi hamda shariat va qonunlarga muvofiq chora-tadbirlarni aytsangizlar yaxshi bo‘lurdi.
(Amir Temurning olim-ulamolar oldida aytgan nutqidan).

                                    116

Agar mamlakat hokimsiz qolsa unga xalal yetadi, hol-ahvolida fahsh yuz ko‘rsatadi, xalqi baxtsizlik qahri va dushmanning xiyonatkorligi tufayli tamom qirilib ketadi.

                                   117

Boshsiz mamlakat jonsiz tanga o‘xshaydi. Bejon tanning ahvoli vayronalikka yaqindir.

                                   118

Ma’quli shulkim, Siz (amakisi Hoji barlos) Xurosonga ketmoqchisiz, men bo‘lsam Kesh tarafga qaytaman. Ulusni o‘zimga moyil qilib olaman-u, so‘ng Ilyosxo‘ja xonning xizmatiga kiraman, umaro va arkoni davlatdan ko‘z-quloq bo‘lib turaman, toki viloyat xarob bo‘lmasin, Tangri taoloning duogo‘yi bo‘lgan raiyat zahmatu tashvishga qolmasin.

                                    119

To‘rt qo‘shin bo‘lishsin va har bir suvoriy ikki bog‘dan uzun shox-shabbani otining ikki biqiniga bog‘lab shunday chopdirsinlarki, changu g‘uborni osmonu falakka ko‘tarsin va o‘sha taraflarning dorug‘alari katta qo‘shinni mushohada qilib, qochib qolishsin.

                                   120

Firuzi asar lashkardan qochgan rumliklarni ta’qib qilib borganlar orasida bo‘lgan Sulton Mahmudxon Boyazid Ildirimga yetib keldi va uni tutib, shu ondayoq jahongir sohibqironning huzuriga jo‘natdi. Davlat do‘stlari vaqt taqozosi bilan qaysari Rumning qo‘llarini bog‘lab xuftonda olam podshosining dargohiga olib keldilar. Sohibqironning xush tabiati podshohona jo‘sh urdi va homiylarcha otifat qilib, uning qo‘llarini yechib, hurmat bilan oliy dargohga olib kirishlarini buyurdi. Izzat-hurmat bilan uchrashganlaridan keyin, sohib-qiron hurmat-ehtirom ko‘rgazib, yonidan joy ko‘rsatdi. So‘nggina o‘rniga yaxshilikni so‘zlovchi, nodir narsalarni bayon etuvchi va gavhar sochuvchi og‘izlarini so‘zga ochib dedilarki; «Qanday bo‘lmasin olam ahvoli tamoman parvardigorning irodasi va qudratiga bog‘liqdir, hech kimsaning buni tahqiq etishga ixtiyor va qudrati yetmaydur. Lekin, insof bilan rostini aytish kerakki, sen o‘zingdan boshqani ko‘rmaydigan bo‘lib qolgansan... ko‘p vaqtlardan beri bosar-tusaringni bilmay qolding, meni o‘zingga intiqom uchun gina-kudurat saqlab yuribdi, deb o‘ylading. Shu diyorda istiqomat qilib turgan kofirlarni g‘azo qilish maslahatida edim, musulmonlik va xush andishalik borasida nimaiki lozim bo‘lsa, sen bilan murosayu madora va murosasozlik qilib keldim. Va o‘yladimki, maslahatlarimga quloq osasan...»

Nom: Re: AMIR TEMUR O`GITLARI.
Yuborildi: Fatima 24 Aprel 2009, 16:18:15
                                    121

Ildirim Boyazid xijolat va uyat maqomida qolib va xato-kamchiliklarini e’tirof etib dedi: «Darhaqiqat xato qildim, hazrati Sohibqironning so‘zlariga quloq solmadim, shuning uchun jazoimni tortib turibman. Agar podshohona inoyat qilib, gunohimni kechsalar, o‘zimu farzandlarim to hayot ekanmiz oyog‘imizni farmonbardonlik va xizmatkorlik tariqidan boshqa yo‘lga qo‘ymagaymiz». Oliyhimmat sohibqiron uning yelkasiga podshohlarga munosib chopon tashladi, uni turli-tuman siylov va navozishlar bilan siyladi. Qaysar hazrati sohibqironning xush axloqini mushohada qilib, duoyi sanodan so‘ng, arz qildi: «Farzandlarim Muso bilan Mustafo jang chog‘ida yonimda edilar, yo‘qolib qolishdi. Agar ularning hol-ahvolini taftish qilish, tirik bo‘lsalar huzurimga olib kelishlari haqida farmoni oliy bersalar, bu avval ko‘rgizgan iltifotlariga qo‘shimcha bo‘lur edi.» Farmoni oliy berildi va tavochilar shu zahotiyoq ularni qidirib ketdilar. Bir necha kundan keyin Musoni topib, hazrati sohibqironning huzuriga olib keldilar. Hazrati sohibqiron unga podshohona marhamatlar ko‘rsatib, uni xos chopon bilan siyladi va otasining qoshiga jo‘natdi.

                                   122

Adlu ehson bilan jahon gulshani obod bo‘ladi.

                                   123

Baxtu saodat va molu mulk eshiklarining menga ochilishi, fath qilingan dunyo kelinchaklarining menga kulib boqishi faqatgina Seiston o‘qlari sababidan bo‘ldi. O’sha vaqtdan, ya’ni dushman o‘qlari meni majruh etganlaridan beri to shu kunlarga qadar men faqat ravnaq topishda davom etaman.

                                   124

Mana shunday janglarda er kishi imtihon qilinib, sinaladi.

                                   125

Bir kun keladiki, zolim o‘z barmoqlarini tishlaydi.

                                   126

Kurashib erishilmagan g‘alaba g‘alaba emas.

                                   127

Davlat — lashkarlaru fuqarolarning sadoqati va fidoyiligi-la qudratlidir.

                                   128

Yozilgan narsa avlodlar xotirasida qilingan ishdan ham uzoqroq yashaydi.

                                   129

Qudratimizga shak-shubhangiz bo‘lsa, biz qurdirgan binolarga boqing.

                                   130

Ulkan meros doimo ulkan muxoliflik tug‘diradi.

                                   131

Adovat emas — adolat yengadi.

                                   132

Avval yo‘ldosh — keyin yo‘l.
Nom: Re: AMIR TEMUR O`GITLARI.
Yuborildi: Fatima 24 Aprel 2009, 16:25:12
                                    133

Betkay ketar, bel qolar,
Beklar ketar, el qolar.

                                    134

Bilagi zo‘r — birni yiqar, bilimi zo‘r — mingni.

                                    135

Bir kalima shirin so‘z qilichni qinga kiritar.

                                    136

Bir tayoqni sindirmoq mumkin, Ko‘p tayoqni bukib ham bo‘lmas.

                                    137

Bir qinga ikki qilich sig‘mas.

                                    138

Botir jangda bilinar, Dono — mashvaratda.

                                    139

Botirlik — qal’a oladi.

                                    140

Boshga qilich kelsa-da rost so‘zla.

                                    141

Bo‘ridan qo‘rqqan o‘rmonga kirmaydi.

                                   142

Vaqt o‘tgandan keyin qilichingni toshga chop

                                   143

Vahima — dushmanning yo‘ldoshi.
Nom: Re: AMIR TEMUR O`GITLARI.
Yuborildi: Fatima 24 Aprel 2009, 16:29:55
                                   144

Dushmanning kulgani — siringni bilgani.

                                   145

Dushmandan qo‘rqma, munofiqdan qo‘rq.

                                   146

Yemsiz ot dovon osholmaydi.

                                   147

Mergan ovda bilinar, botir — yovda.

                                   148

Nomussiz hayotdan, nomusli o‘lim yaxshi.

                                   149

Oltmishga kirgan otadan osh so‘rama.

                                   150

Ot mingan otasini unutadi.

                                   151

Ota bo‘lmagan ota qadrini bilmas.

                                   152

Og‘zingga qon to‘lsa ham dushman oldida tupurma.

                                   153

Qilich o‘tkir bo‘lsa-da o‘z sopini kesmagay.

                                   154

Sayyohda makr bo‘lmasa, domiga ov ilinmas.

                                   155

So‘zlaguvchi gar nodon erur, tinglaguvchi dono o‘lsin.

                                   156

Toy mingan — ot ham minadi.

                                   157

Tuya mingan odam qo‘y orasiga bekinmas.

Nom: Re: AMIR TEMUR O`GITLARI.
Yuborildi: Fatima 24 Aprel 2009, 16:32:20
                                   158

Qo‘liga qilich olgan bahona qidirmaydi.

                                   159

Kechira olishlik — mardlik, kechira bilmaslik nomardlik sanaladi.

                                   160

Qonni qon bilan emas, suv bilan yuvishni o‘rgan.

                                   161

Eng baland minora ham yerdan ko‘tarilgay.

                                   162

Yaxshi it o‘z o‘ligin ko‘rsatmagay.

                                   163

Yaxshi odam yurt tuzar, yomon odam yurt buzar.

Nom: Re: AMIR TEMUR O`GITLARI.
Yuborildi: Fatima 24 Aprel 2009, 16:42:54
                                      SOHIBQIRON  HIKOYATLARI

Bir kuni padari buzrukvorimiz — Amir Tarag‘ay bahodir ko‘p qo‘ylarni menga berib, Samarqand bozoriga savdoga yo‘lladilar. Qo‘ylarning hammasini ming oltinga sotib, pullarni belga bog‘lab sayr qilib yurur edim. Bir yerda xushovoz qalandar odamlarga so‘zlab turgon ekan: qo‘lida qog‘oz-she’r bitilgan, u der edi:
— Shul yozuvning qadriga yetib, kim ming oltunga olsa, dunyoning oxiriga yetadi...
Himmatim jo‘shib, ming oltunni qalandarga tutqazdim. U menga tikilib turdi-da, so‘ng nasl-nasabimni so‘radi. Aytdim. So‘ng tayin qildi:
— Otang oldiga borg‘il, buni otang oldida o‘qi, borg‘uncha ochma...
 Qog‘ozni keltirib, padari buzrukvorga berdim. chib o‘qidilar. Forscha ruboiy ekan — ma’nosi qo‘yidagicha: zulm bilan dunyoda nom qoldirib bo‘lmaydi. Jamshid, Sulaymon, Iskandarlar o‘tib ketdi, navbat senga ham yetishi tayin. Dunyoga keldingmi yaxshilik bilan nom qoldir...
Ruboyining muallifi — o‘shal qalandar-alloma shoir Kamol Xo‘jandiy erkan. Ul zotni padari buzrukvorimiz ko‘p hurmat qilar erkanlar.
— Barakallo, o‘g‘lim, ko‘p dono ishga oltunlarni sarf etibsan. Endi, ming oltung‘a olg‘on ushbu hikmatga qat’iy rioya qilmoq lozimdur...
Padari buzrukvorning aytqonlarini bosh ustida tutdim

                                                   * * *

Qarshi qal’asin zabt etolmay, dilga kadar tugib qaytmoqda edim. Qizildaryodan kechib, bir qishloqqa qo‘ndik. Men bir kulbani ixtiyor etdim. Unda ushoqqina kampir yashar, tirikchiligi yolg‘iz echkidan erkan. Momodan biror ovqat qilib bermoqni o‘tindim. Ko‘p o‘tmay og‘och tovoqqa suzilgan atala dasturxonda paydo bo‘ldi. Och erdim. Og‘och qoshiqni tovoqdagi atalaga mo‘ldirib, yutoqib yegan edim, og‘zi-tilim kuygandan-kuydi. Shunda momo dedi:
— Sen-da Amir Temurga o‘xshash shoshqoloqlardan ekansan.
— Temurbekning shoshqoloqligini qaydin bildingiz, momo, — so‘radim.
— Eshitishimcha, Amir Temur Qarshi qal’asiga tik borib, uni ololmabdi. Magarki, avval qal’a atrofidagi kichik-kichik qishloq va mahallalarni egallab, kuch to‘plab, so‘ng qal’aga hujum qilmoq lozim edi. U esa bir yo‘la beklikni olmoqchi bo‘ldiyu, shashti sindi... Shunga o‘xshash sen ham shoshding va og‘zingni kuydirding. Atalani avval tovoqning girdidan olib, sekin-sekin yalab ko‘radi, sovuganini bilgach, so‘ngra qoshiqni to‘ldirib yeydi-da...
Shunda xatoyimni anglaganday bo‘ldim. Va dedim:
— Darxon momo, o‘shal shoshgich Amir Temur mendirman. Tanbehingizni bosh ustiga oddim. Tilang tilagingizni...
Darxon momo odamlar uchun ariq qazib, suv chiqarib berishni so‘radi. Oradan ko‘p o‘tmay Tanqos daryosidan ariq qazib, suv chiqarib berdim.

Nom: Re: AMIR TEMUR O`GITLARI.
Yuborildi: Fatima 24 Aprel 2009, 16:44:35
                                                    * * *

Qarshi qal’asini zabt etib, muzaffarlik tug‘i birla qaytar edim. Kechda Ko‘kbuloqqa yetib, shu yerda tunamoqni ixtiyor etdik. Navkarlarni xonadonlarga taqsimlab, o‘zimiz soy bo‘yida yashil chodir tikdik.
Subhidam atrofga razm solmoqda edim, Ittifoqo, bir ayol kishining ot yetaklab, soy tomon ketmog‘iga nazarimiz tushdi. Shunda bizni o‘y cho‘lg‘adi. Mulozim yo‘llab, ul ojizaning erkagini topdirib keltirdik. Savol ayladik:
— Nechuk, zavjangizni ot sug‘org‘ali yo‘llaysiz ? "Ot sug‘ormoq erkak kishining xizmati-ku?!
 — Sohibqiron, — javob ayladi ul kishi, — ot boqish ham, ot sug‘orish ham erkakning yumushi ekonini bilaman. Ammo uyimga qoplonsifat to‘rt navkaring tushibdir. Ularning niyatin bilmasman. Shul boisdan ayolimni ot sug‘ormoqqa yo‘llab, uyda qolgan ikki bo‘ydor qizimni qo‘riqlamoq istadim... Biz mulohazaga berildik. Va o‘z xatoyimizni anglab, hamishaliqqa qaror berdik: bundan buyog‘inda navkarlar xonadonlarga joylashtirilmasin. Navkarlarim yalang o‘tloq va suvloq joylarda chodirlarda ; umrguzaronlik qilishsin.
Ko‘kbuloq qishlog‘iga quyosh mo‘ralamasdanoq navkarlarni xonadonlardan chiqarib, chodirlarga joyladim va shu tariqa el osoyishtaligini ta’min etdim...

                                                    * * *

Samarqand taxtini egallab, azim Movarounnahr bizning hukmimizga kirgach, yurtda adolat o‘rnatmoqqa ahd etdik. Arkonu davlat atrofinda ko‘p nobakor
mardumlar in qo‘ymoqchi erdi. Inchunin, ularning ,zamzamasidan xunob bo‘lib, bir tadbir buyurdim: «Musavvir kelgan arzigo‘yning suratin chizib, men-
ga kiritsin. Arzigo‘yning qiyofatiga boqib, qabulimni aytarmen...
Musavvirlar saroyga kelganlarning suvratin chizib, menga kiritishar, arzigo‘yning peshona, burun, dahan, ko‘z va boshqa sifatlariga qarab, uning maqsad va fe’lini oldindan bilib turardim. Badfe’l va xiyonatkorlarni qabulimga yo‘latmaslik harakatida bo‘ldim. Bunda pirim — shayx Shamsiddin Parrandadan «Ilmi qiyofa» — qiyofaga qarab baho berish va oldindan taqdirni bashorat etish ilmini mukammal egallaganligim g‘oyat qo‘l keldi. Ittifoqo, bir arzigo‘yning suvratin keltirish-di. Suvratga tikilib, aning g‘iybat va bo‘htonga ruju qo‘yganin angladim. Qabul buyurmadim. Ammo ul kishi mulozimlarga zo‘rlik bilan huzurimga g‘avg‘o solib kirdi.
— Sohibqiron, — derdi u kishi, — siz haqsiz. Keyingi umrimda men-da ko‘p qatori g‘iybat va bo‘htonga ruju qo‘ydim. Ammo ilgari chin ko‘ngil kishi erdim. Naylayki, zamon zayli meni shu ko‘yga soldi... Ortiq chidashim mushkul... Arzim ham zamona zayli-dandur. Fayz beruvchi suhbatingdan mahrum etma!..
Shundan so‘ng qabulga izn berdim. Mulozimlar bu kishini xos xonaga boshlashdi.

Nom: Re: AMIR TEMUR O`GITLARI.
Yuborildi: Fatima 24 Aprel 2009, 16:51:33
                                                   * * *

Qo‘l ostimizga o‘n to‘rt mamlakat raiyati jam bo‘lg‘onda, Samarqand kelib katta to‘yu tomoshalar berdik. Ziyofatlarga yaqin-yiroqdin barchani chorladik. Odamlar ko‘p kunlar to‘kin dasturxon atrofida bo‘lishib, to‘yg‘uncha yeb-ichishdi. Ziyofatga kelg‘onlarning barisi shodumon erdi, ziyofatlar tugadi. Kelg‘onlarni yanada xursand etmoq niyatida (ro‘zg‘origa, bola-baqrasiga yaratar degan umidda) har bir mehmonga bir boshdan hisori qo‘y tuhfa etmoqni buyurdim. Bakovullar har kishig‘a bittadan qo‘y tutqazib, jo‘nataverishdi... Bexos, xayol oldi: mehmonlarim rostdan-da mamnunmikan? Usti-boshimni o‘zgartirib, ziyofatdan qaytayotgan odamlar to‘dasiga kirdim. Chahor yo‘lda odamlar kuymanishar, dala-dashtda
 o‘sgan qo‘ylarni sudrab, uddasidan chiqolmas erdi. Ayniqsa, besh-olti puddi hisori qo‘chqorni yetaklab olgan kishi qo‘yni harchand tortmasin o‘rnidan qo‘zg‘a- tolmas erdi. Shunda ul kishi tutoqib dedi:
 — Qo‘yniku berishga berding, bir quloch arqonni qizg‘anib nima qilarding. Bir quloch arqon bilan boyib qolarmiding, ey podshohi ziqna...
Bu kishi fikriga qo‘shilg‘onlar bo‘ldi. Shunda el ko‘nglini, odamlar ko‘nglini olmoq naqadar mushkul kanini angladim. Keyin ushbu sabokdan xulosa olib, nuqsonlarga aslo yo‘l qo‘ymaslik tadorikini ko‘rdim.

                                                    * * *

Shom sari yurish oldidan Qorabog‘da chodir tikib uzoq turib qoldik. Harbu zarb mashkdarini puxtalamoq uchun qo‘shin ichinda bo‘lib, ochiq havoda tunadik. Ko‘p vaqt o‘tkazib, safar oldidan chodirga qaytsam, ajib manzaraning guvohi bo‘ldik. Bizning yo‘g‘imizda chodir to‘ynugidan ikki kabutar tushib, juftu halollik qilmishlar. Ular bizning xos o‘rindiqqa xas-xashak-la in qurib, biri tuxum bosib yotur edi Tangri taoloning bu beozor jonivorlariga xalal yetkazmaslik uchun chodirni o‘zga qildik. Ertasi kuni, safarga jo‘nar avvalida, to‘rt nafar navkarni mulozim birla qoldirdik. Ularga tayin etdikkim:
— Tangri taoloning beozor qushlari tuxum ochib, paloponlari uchurma bo‘lg‘uncha, shu yonda bo‘lursiz. Poloponlar uchib chiqqach, chodirni yig‘ib, ortimizdan yetib borg‘aysiz...
Shom safariga otlandik. Jonivorlar borasida tuzgan tadbirimiz Tangri taologa xush yoqib, zafar tug‘ini hilpiratdi..

                                                   * * *

Aziz avliyolar, sahobalar maqbaralarini, qutlug‘ qadamjolarni ziyorat etmoqni ham farz, ham qarz bilur edim. Qayda bo‘lmay, ziyoratgohlar oldida otdan tushib, tahorat olgach, yalang oyoq bilan borib, ziyoratni o‘rinlatdim. Arkonu davlat, barcha mulozimlarim ham ziyoratgohlarni ana shunday tavof etmoqni odat bilishdi.

                                                    * * *

Chaqaloqlarni yig‘latmang‘iz, bolalarga ozor bermangiz — bu gunohi azim erur. Bunday gunohni Olloh xush ko‘rmagay...

                                                    * * *

Hamishalig‘ ta’kid etur edim: xon bo‘lsang-da bog‘ yarat, gadoy bo‘lsang-da bog‘ yarat — bir kunmas bir kun mevasini tatirsan...

Nom: Re: AMIR TEMUR O`GITLARI.
Yuborildi: Fatima 24 Aprel 2009, 16:58:37
                                                   * * *

Cherik tuzib, navkar olmokda uch qoidaga amalqildim: birinchidan — yigitning kuch-quvvatiga, ikkinchidan — qilichni o‘ynata olishiga, uchinchidan aql-zakovati-yu kamolotiga e’tibor qildim. Shu uch fazilat jamuljam bo‘lsa, navkarlik xizmatiga oldim. Negakim, kuch-quvvatli yigit har qanday qiyinchiliklarga, azobu uqubatlarga chidamli bo‘ladi, qilich o‘ynata oladigan kishi raqibini mag‘lub eta oladi, oqil navkar har joyda aql-idrokini ishga solib, mushkulotni bartaraf etmog‘i mumkin.

                                                    * * *

Piru komil shayx Bahouddin Naqshbandiyning: «Kam yegin, kam uxla, kam gapir» degan pandu nasihatlariga amal qildim. Arkonu davlatga, barcha mulozimlarga ham aytar so‘zim shu bo‘ldi: «Kam yenglar — ocharchilik ko‘rmasdan boy-badavlat yashaysizlar, kam uxlanglar — mukammallikka erishasizlar, kam gapiringlar — dono bo‘lasizlar.»

                                                    * * *

O’g‘illarim, nabiralarim va yaqinlarimni uylantirmoq tashvishida kelin izlamoqqa e’tibor berdim. Bu ishni davlat yumushlari bilan teng ko‘rdim. Kelin bo‘lmishning nasl-nasabini, yetti pushtini surishtirdim. Xos odamlar orqali sog‘liq-salomatligini, jismonan kamolotini aniqladim. Kelinbo‘lmish nasli-nasabi, odob-axloqi, sog‘lom va baquvvatligi bilan barcha qusurlardan xoli bo‘lsagina el-yurtga katta to‘y-tomosha berib, kelin tushirdim.

                                                   * * *

O’g‘illarim, nabiralarim va yaqinlarimga biron tomchi sharob ichib, xotinlariga yaqinlashishni ma’n etdim. Zero, sharobning ta’sirida bunyodga kelgan farzand nasl-nasabining buzilishiga ta’sir etgay, debon shu pokiza yo‘lni tutdim.

                                                    * * *

Har kimdan kengash oldim, har kimdan fikr o‘rgandim, qaysi biri foydaliroq bo‘lsa, uni ko‘ngil xazinasida saqlab, ishlata bildim.

                                                    * * *

Ulamo bilan suhbatda bo‘ldim va pok niyatli, toza qalbli kishilarga talpindim. Ularning himmatlaridan ulush tilanib, muborak nafaslari bilan duo-fotiha berishlarini o‘tindim. Darvesh, faqir va miskinlarni o‘zimga yaqin tutdim, ularning ko‘ngillarini og‘ritmadim va hech bir talablarini rad etmadim. Buzuqi va og‘zi shaloq g‘iybatchi odamlarni majlisimga yo‘latmadim, so‘zlariga amal qilmadim. Biror kimsaga tuhmatu g‘iybat qilsalar, quloq solmadim.

                                                   * * *

Qilichim o‘tkir bo‘lsa-da o‘ylab qinidan chiqardim, shirin so‘z aytib, g‘animning imon topmog‘iga yo‘l ochdim.

                                                    * * *

Men hayotim mobaynida besh narsaga qat’iy e’tiqod qo‘ydim va hamishalig‘ ularga amal qildim. Ular ushbulardir:
OLLOH— ul har narsaga qodir kuch, sidqidildan sig‘insang istagan murodu maqsudinga yetkazadi.
TAFAKKUR — fikrlash va mushohada qobiliyati, quvvai hafizasi kuchli inson har qanday mushkulu mushkulotni oson qilish yo‘lini topa oladi.
IMON — ul insonni barcha jonlilardan farqlantirib turguvchi xususiyatdir. Imonli odam xiyonat qilmaydi, qarindosh-urug‘lari, elu xalqning or-nomusini himoya qiladi, halollik va poklikni fazilat biladi.
KITOB (bitik) — barcha bunyodkorlik, yaratuvchilik va aql-idrokning, ilmu donishning asosidir, hayotni o‘rgatuvchi murabbiydir.
QILICh — ul yigitning yo‘ldoshi, el-yurt osoyishtaligining posboni, har qanday dushmanni mahv etish quroli, aning qudrati ila dinsizlarni dinga solmoq mumkin.
 
Nom: Re: AMIR TEMUR O`GITLARI.
Yuborildi: Fatima 24 Aprel 2009, 17:00:16
                                             AMIR TEMUR VASIYATI

Anglab turibmanki, ruh qushi qalb qafasidan parvoz qilmoqchi. Tangri taoloning dargohiga jonimni baxsh etayotibman. Sizlarni uning lutfu mar- hamatiga topshirdim. Obidida qilib o‘ltirmanglar, ohu nola chekmanglar, chunki bundan foyda yo‘q. Ruhimni fotiha va takbir bilan shod etinglar. Alhamdulilloh, Tangri taoloning yordami-la ma’murayi olamni shunday zabt etdimki, bugun tamom Eronu Turonda biron kishining boshqalarning ishiga aralashish yoki jabru bepok qo‘lini bechoralarga ozor berish uchun ko‘tarishga majoli yo‘kdir. Gunohim qancha ko‘p bo‘lsa ham kechiringlar deb, Tangri taoloning mulkini beqiyos saxiylik bilan qo‘riqladim, zolimlarning taaruzli qo‘lini mazlumlarning hayot etagidan yulib tashladim. Saltanat qurib o‘ltirganimda, eshitmagan yoki menga xabar qilmagan, yoxud dunyo sobit bo‘lmagan paytlardan boshqa vaqtda zo‘ravonning zaif ustidan zo‘ravonlik qilishiga yo‘l qo‘ymadim...
 — Shunday bo‘lsa-da, dunyo menga vafo qilmadi, sizlarga ham vafo qilmaydi.
 Lekin zo‘ravonlikka monelik qilish ishini kechiktirish mamlakatni xavfu g‘avg‘o ostida qoldiradi, jumlai xaloyiqning huzur-halovatini buzadi, maslagu tariqatning buzulishiga olib keladi. Qiyomat kuni buni bizdan so‘raydilar, surishtiradilar.
Shu kundan e’tiboran farzandimiz Pirmuhammad Jahongirni o‘zimizg‘a valiahd va toju taxt vorisi etib tayinladikkim, Samarqand taxti uning amr-farmonida bo‘lg‘ay, tamkinlik va istikdol bilan mulku millat, lashkar va raiyatning mu-him yumushlari bilan mashg‘ul bo‘lsin. Sizlar esa unga tobe’lik va bo‘ysunish marosimini o‘rniga qo‘yinglar, uni birgalikda qo‘llab-qo‘ltiqlanglar, toki olam buzilmasin...
O’g‘illarim! Millatning ulug‘ martabasini, saoda-tini saqlamoq uchun sizlarga qoldirayotgan vasiyat va tuzuklarni yaxshi o‘qing, aslo unutmang va tatbiq eting.
Millatning dardlariga darmon bo‘lmoq vazifan-gizdir. Zaifalarni qo‘ring, yo‘qsullarni boylar zulmiga tashlamang. Adolat va ozoddik — dasturingiz, rahbaringiz bo‘lsin. Men kibi uzun saltanat surmoq istasangiz qilichingizni yaxshi o‘ylab chekingiz. Bir da’fa chekkandan so‘ngra-da uni ustalik-la qo‘llangiz. Orangizga nifoq tuxumlari ekilmasligi uchun ko‘p diqqat bo‘ling. Ba’zi nodimlaringiz va dushmanlaringiz nifoq tuxumlari sochmoqqa, bundan foyda-lanmakka intilajakdurlar. Faqat vasiyatimda sizga idora shaklini, uning ilkularini ko‘rsatdim. Bularga sodiq qolsangiz, tosh boshingizga tushmas...
Mendan so‘ng xoqon Pirmuhammad Jahongir bo‘lajakdur. Unga menga itoat etar kibi itoat etajaksiz. Qo‘mondonlarim, hozir itoat oyinini ado etingiz...
(Barcha ko‘mondonlar. saroy odamlari yig‘layarak: «Omin» deb fotiha o‘qidilar. Amir Temur 1405 yil 18 fevral kuni vafot etdi. Sohibqironning so‘nggi so‘zi «Lo-iloha illolloh» bo‘ldi.)

Nom: Re: AMIR TEMUR O`GITLARI.
Yuborildi: Fatima 24 Aprel 2009, 17:04:29
                                       IZOHLAR

ANVAR — ravshan, eng nurli
AXDOS QOZISI — urf-odatlar va kundalik ishlarning bajarilishini nazorat qiluvchi
BARLOS — o‘zbek urug‘laridan biri
BETKAY — tog‘ va qirning kungay tomoni; quyosh nur sochgan tarafi
VALIAHD — toju taxt vorisi, o‘rinbosar
VALINE’MAT — hukmron, boshliq
VOLIY — hokim
GARDUN — falak, osmon
DOR UL-ADOLAT — adolat uyi, qozixona
DOR UL-AMORAT — amirlik uyi, hokim mahkamasi
DORUG’A — shahar hokimi
YOG’IY — dushman, yov
JAYHUN — Amudaryoning qadimgi nomi
JAHONGIR — jahonni bo‘ysundiruvchi, dunyoni oluvchi
JOHID — din yo‘lidagi urush, g‘azovot
ZAVJA — xotin, turmush o‘rtog‘i
ZINDIQLIK — xudosizlik, hurmatsizlik qilish
ZINO — g‘ayri qonuniy jinsiy aloqa; o‘zaro nikohda turmagan erkak va ayolning jinsiy aloqada bo‘lishi
ZIROAT — dehqonchilik, ekinzorlar
ISTIFODA — foydalanish
KADAR — g‘am, qayg‘u, alam, g‘urbat
KORIZ — yer ostidan o‘tkazilgan suv yo‘li
MASHVARAT — davlat arboblari bilan o‘tkaziladigan maslahat kengashi
MUDARRIS — madrasa o‘qituvchisi
MULK — podsholik yeri, davlat hududi, mamlakat
MUQARNAS — binoning qatma-qat uymasi, qabariq shakllar berib ishlangan qubba shaklidagi chiroyli naqshlar
OYIN — qoida, rasm, tartib, usul, odat, ravish
OTIFAT — shirinso‘zlik
PADARI BUZRUKVOR — otaga nisbatan ishlatiladigan hurmatli so‘z
RABOT — karvon qo‘nib o‘tadigan joy, karvonsaroy
RAIYAT — biror podsho yoki xonga qarashli aholi
SADR — urug‘, mansab
SEISTON — hozirgi Pokistondagi bir viloyat
SIPOH — otliq askar, otliq qo‘shin
SOHIB — ega, tasarruf etuvchi
SUYURG’OL — toju taxt oldida ko‘rsatilgan katta xizmatlar evaziga beriladigan yer in’omi
TARIQAT — islom dini oqimi
TAFSIR — Qur’oni karimni izohlash
TILOVAT — «Qur’onni qiroat bilan o‘qish
ULUS — el, xalq
FAVJ — qism, qo‘shin bo‘lagi
FIQH — musulmon huquqshunosligi
XOJA — ega, oila boshlig‘i, uy egasi
XOLISA — davlat daromadlari va yerlari bilan shug‘ullanuvchi mansabdorlardan iborat hay’at
XONAQOH — g‘arib-miskinlar, qalandarlar to‘xtaydigan, istiqomat qiladigan joy, g‘aribxona
XUTBA — juma kunlari va hayitlarda o‘qiladigan namoz (unga davlat boshlig‘i ismi qo‘shib o‘qilgan)
CHERIK — qo‘shin, harbiy tuzilma
SHAYXULISLOM — musulmon jamoasining boshlig‘i
SHAMS — quyosh
SHAHID — qurbon bo‘lish
QAVM — bir mahalla, qishloq kishilari, bir urug‘ vakillari
QAYSAR — Rum va yunon podshohlarining qadimiy laqabi
G’ADDOR — xiyonatchi, aldamchi
G’ANIM — qarshi tomon, dushman, yov
G’USL — cho‘milish
HADIS — Qur’ondan keyingi muqaddas manba
HISOR — qo‘rg‘on, qal’a, harbiy panohgoh
Nom: Re: AMIR TEMUR O`GITLARI.
Yuborildi: AbdulAziz 25 Aprel 2009, 21:20:27
Amir Temur o'gitlari

(http://www.ziyouz.com/images/books/temur_ugitlari.jpg) (http://www.ziyouz.com/index.php?option=com_remository&Itemid=57&func=fileinfo&id=365)

Nashrga tayyorlovchi: Bo'riboy Ahmedov
Hajmi: 231 Kb
Fayl tipi: pdf, zip
(http://www.ziyouz.com/components/com_remository/images/download_trans.gif) Saqlab olish (http://www.ziyouz.com/index.php?option=com_remository&Itemid=57&func=fileinfo&id=365)
Online o'qish (http://forum.ziyouz.com/index.php?topic=3515.0)