Farog’at qasri (http://www.ziyouz.com/index.php?option=com_content&task=view&id=3875&Itemid=59)
Rivoyat qilishlaricha, Imomi A'zam Abu Hanifaning otalari Sobit bir kuni tahorat olmoqchi bo‘lib, ariq bo‘yiga kelibdilar. Shu payt ariqdan oqib kelayotgan bir qirmizi olmaga ko‘zlari tushibdi. Sobit olmani olib, bir tishlabdilar. Tishlabdilar-u, "Ie, bu qaysi bog‘ning olmasi ekan, egasini rozi qilmay yeb qo‘yibman-ku! Oxiratda buning javobini qanday beraman?" deya o‘ylanib qolibdilar.
Va olma oqib kelgan tomonga yuribdilar. Biroz yursalar, ro‘paradan bir bog‘ chiqibdi. Bog‘da suv tarab yurgan bog‘bondan so‘rabdilar:
- Mana shu olma sizning bog‘ingizdanmi?
- Ha, mening bog‘imning hosilidan.
- Unda yo olmaning haqini oling yoki rozi bo‘ling. Men olmani bilmasdan yeb qo‘yibman.
Bog‘bon ro‘parasida halol, odil va insofli yigit turganini sezibdi. Dilida tug‘ilgan niyati tiliga ko‘chibdi:
- Bitta shartim bor. Agar shu shartga ko‘nsangiz, men olma uchun rozi bo‘laman.
- Shartingizni ayting, - debdilar Sobit.
- Bir qizim bor: ikki ko‘zi ko‘r, tili gung, ikki oyog‘i va ikki qo‘li shol. O‘shani nikohingizga olasiz.
Sobitning ko‘ksidan "e, voh" degan nido otilib chiqibdi. Shartga ko‘nay, desalar, bir olmani deb hayotlarini bir umrga majruh qiz bilan bog‘lash og‘ir. Ko‘nmasalar, olma egasi rozi bo‘lmay, qiyomatda azobga qoladi. Sobit o‘ylab-o‘ylab, oxiri o‘sha qizga uylanishga rozilik beribdi. Oqshom guvohlar ishtirokida nikoh o‘qilib, kuyov qiz haramiga kiribdi. Ne ko‘z bilan ko‘rsinki, qarshisida bir parivash ta'zim bilan salom berib turibdi.
- Ey qiz, siz kimsiz? - so‘rabdilar Sobit.
- Men bog‘bonning qiziman, bugun sizga nikohlashdi-ku, - debdi sohibjamol qiz.
Voqea sababini bog‘bondan so‘rabdilar. U esa o‘z shartini shunday sharhlabdi: ko‘r deganim - esini taniganidan buyon harom ishlarni ko‘rmadi; gung, soqov deganim - hanuzgacha yomon va beodob so‘zlarni tilga olmadi; ikki qo‘li shol deganim - o‘zgalar haqqiga qo‘l uzatmadi; ikki oyog‘ining sholligi - ostona hatlab gunoh ishlarga qadam qo‘ymaganidir, debdi. Sobit bu baxtdan xursand bo‘lib, o‘ziga bunday pokdomon, halol juftni ro‘para qilgani uchun Alloh taologa beadad shukronalar aytibdi. Ana shu ikki pokiza va halol insonlardan Imomi A'zam rahmatullohi alayÂhidek buyuk zot dunyoga kelgan ekan.
Keyingi paytlarda nikohsiz yashash g‘arb jamiyati uchun tabiiy holga aylanib bormoqda. Masalan, Shvetsiya, Germaniya kabi mamlakatlarda yoshlarning nikohga kirmay birga yashashlarini tabiiy qabul qilishadi. Bunday "oila"lar soni Buyuk Britaniyada o‘tgan asrning 70-yillarida 300 foizga o‘sgan.
Hozirgi Buyuk Britaniyada "birga yashash" nikohga kirishdan oldingi «tajriba» bosqichi hisoblanadi.
Oilaviy hayotning bunday tarzda o‘zgarib borishi ongli insonlarni o‘sha davrlardayoq jiddiy tashvishga solgan. Masalan, 1859 yilda "Boston Kuarterli Revyu" jurnali xodimlaridan biri shunday deb yozadi: "Eski ma'nodagi oila hayotimizdan yo‘qolmoqda va bu nafaqat institutlarimizning erkin xarakteriga xavf soladi, balki jamiyatimizning mavjudligini ham xavf ostida qoldiradi". Shuningdek, 1980 yili Buyuk Britaniyada Konservatorlar partiyasi oila tushunchasini siyosat darajasida muhokama qilgan. 1986 yilda Bosh vazir Margaret Tetcher xonim xotin-qiz konservatorlar konferentsiyasida: "Bizning siyosatimiz oiladan, uning erkinligidan va xotirjamligidan boshlanadi", deb hayqirgan edi.
Xullas, jamiyatning sog‘lom va yashovchan qolishi uchun oilaning qanchalik zarur ekanligini bugun adashgan insoniyatning o‘zi yana tan olmoqda. Lekin endi boy berilgan vaqtni ortga qaytarishning iloji yo‘q, bil'aks, yangi avlod ixtiyorida esa asl insoniy hayotdan og‘ishmaslik imkoniyati bus-butun turibdi. Zora, undan to‘g‘ri foydalansa...
Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.) shunday deganlar: "Qaysi qavmda zino tarqalsa, Alloh taolo ularni ota-bobolari bilmagan kasalliklarga mubtalo qiladi". Bugungi kundagi saraton, zahm, OITS kabi asrimiz vabolari ilgari bo‘lgan emas. Ularning hammasi bandalar qilayotgan qilmishlar uchun yuborayotgan ofatlari emasmikan? Ha, oiladek pok, muqaddas dargohni toptash, uni turli buzuq yo‘llarga almashtirish hech qaysi din, xalq, tuzum va falsafada oqlangan emas.
Biz muqaddas oila dargohini butun va pok saqlab, uning asl qadr-qimmatiga yetishimiz kerak. Shunda u biz uchun betakror, jozibali, mehru muhabbatga to‘la, fayziyob farog‘at qasriga aylanadi.
Behzod Mamadiyev
"œMa’rifat" gazetasidan olindi.