forum.ziyouz.com

Kutubxona => O'zbek adabiyoti => Mavzu boshlandi: Muhyiddin 21 Noyabr 2009, 19:54:32

Nom: Boborahimning sariq gullari. Ibrohim G'afurov (hikoya)
Yuborildi: Muhyiddin 21 Noyabr 2009, 19:54:32

Boborahimning sariq gullari


Ibrohim G'afurov

«Hayo - xaloskor» to'plamidan


Yozning boshlarida bog’ning ayog’dagi qizil janoqi olmalar pishdi. Xojam garchi nafsiga bandilikdan qutilgan bo’lsada, lekin bu qizil olmalarning pishishini sabirsizlik bilan kutadi. Nechukdir ularni yolg’iz Boborahimga terdiradi. Boborahimdan o’zganing qo’li tekkan olmani emaydi. Shuning uchun savr oyi o’tgach, Boborahimni yilqidan ozod qiladi va uni tahsilga o’tqazadi. Boborahim tahsil va zikirdan holi bo’lgan kezlari boqqa chiqib ketadi. Bog’ juda katta, poyoni yoq. Bog’ni bir qulochdan mo’lroq tezoqar ariq aylanib o’tadi. Bog’ning old tomonida ikki ulug’  ko’shk  va  ikki baland supa va supalar yonida ikki ko’k hovuz bor. Bog’ga xizmatkorlar, bog’bon, chopon-cho’liq turadigan ulkan hovlidan o’tib kiriladi. Hovli karvonsaroyga tutash.  Karvonsaroyning kunbotar tomoniga esa baland va ulug’ o’makor masjid tushgan. Masjidning ro’parasida oq toshlardan solingan ko’rkam xonaqoh. Xonaqohning kunchiqarga qaratilgan keng hovlisiga qator-qator qilib anor va anjirlar ekilgan. Anorlarning ham anjirlarning ham bargidan hosili ko’p. ana shu anjirzor bog’chaning etagida mullavachcha va shogirdlar pirdan tahsil oladilar. Tahsilhona deganimiz  baland bahavo ayvon va ayvonningichkarisida yuz chog’lik odam bemalol joylashadigan jamoathona, ya`ni bizningcha zal. Ayvonga ham , jamoathonaga ham bir necha qavatli qilib qip-qizil gilamlar to’shalgan. Bunda dunyoning turli chekkalaridan kelgan o’z ixtiyori bilan Xojamga muridlik yo’lini  tutgan yuzdan ortiq mullavachchalar tahsil ko’radilar. Ular fiqh , tasavvuf , falakkiyot va tibbiyotga oid bilimlarni mustaqil o’zlashtiradilar. Xojam har hafta uch kun shogirdlari bilan savol-javob qiladilar. Ikki kun savol-javoblardan so’ng suluk xususida vaz aytadilar.haftaning qolgan uch kuni muridlar qal`a va uning atroflaridagi uzoq-yaqin qishloqlarda qalandarlik qiladilar. Zikir tushib xalqni jqbbori olamning adolati va hukmidanogoh etadilar.
Nom: Re: Bobrahimning sariq gullari. Ibrohim G'afurov (hikoya)
Yuborildi: Muhyiddin 21 Noyabr 2009, 19:56:31
Bugun payshanba ertalabgi savol-javobdan so’ng Xojam Boborahimni imlab huzurlariga chorladilar-da , bog’dagi qizil olma etilgandir bo’tam , javzo zabtiga oladur. Terib chiqqil, - dedilar.
Boborahim ikki qo’lini qoshiga tekkizdi va qulliq qilib tashqariga chiqdi.
Boborahim bog’ga tutash solingan uydagi o’ziga ajratilgan alohida xujrasiga kirdi. Bir zum unutgan narsasini eslamoqchi bo’lganday uy o’rtasida serrayib turib qoldi. Yana qulog’gda o’sha sirli tovush: Ting! Ting! Icholing! Icholing! Icholing bodani gullar so’liyur... Umrimiz! Umrimiz! Umrimiz oqibat tuproq bo’lyur"¦ Kim, kim aytgan buni? Nega necha kundirki dilimni, tilimni yoqadi bu so’zlar?
Boborahimning xayoli birdan yorishdi. Unitgan narsasini esladi. Boqqa tanburni olib chiqmoqchi edi. U savat va tanburni ko’tarib hujradan chiqdi.
Nom: Re: Bobrahimning sariq gullari. Ibrohim G'afurov (hikoya)
Yuborildi: Muhyiddin 21 Noyabr 2009, 19:57:13
Ariq yoqalab ancha yurgach , bog’ etagiga tushdi. Bu er hilvat va g’oyat so’lim. Ariq labidagi qator janoqi olmalar haqiqatan ham qizarib pishgan , hatto tagiga ham tusha boshlagan edi. Atrofni juda nafis olma hidi tutib ketgandi. Bir zumda bu muattar hid Boborahimni mast qildi. Uning boshi aylanib ketdi. U holsizlanib ariq bo’yiga olma tupiga yelkasini suyab o’tirdi. Olmazorning pasti jiydazor keta-ketguncha. Jiydazor esa ko’z ilg’amas olislarda oq teraklarga ulanib ketadi. Jiydazor va oq teraklar shunchalar quyuqki, ulardan atrofga allaqanday ifodalab bo’lmaydiganbir yog’du taraladi. Balki shuning uchun bu erni Yog’adu deydilar! — xayolidan o’tkazdi Boborahim. Yog’adu! Yog’adu! Yog’adu! Hoy, Yog’adu! Voy, Yog’adu - deb takrorlay boshladi u tili va tanglayiga bu so’z juda tatti tuyulib. U hayron bo’ladi: doim tilga tong azondan qandaydir bir so’z, ibora yoki jumla shunday o’rnashib keladi-da, so’ng xaftalar bu so’z yoki jumlani to’xtovsiz va duch kelgan yerda takrorlayveradi. Biron haftalar bu so’z uni holi-joniga qo’ymaydi. Tinmay tiliga qalqib chiqadi. Ma’lum bir ohangda takrorlanaveradi. Ba’zan pir bilan savol javob kezlari ular beixtiyor og’izdan chiqib ketadi. Barcha uning og’ziga hayron bo’lib tikiladi. Hojam o’ziga xos yumshoqlik bilan:
— Bo’tam?.. — deydi savolomuz.
— Hech"¦ — deydi hijolat chekib  Boborahim. — Ma’zur ko’ringiz, tahsir, bexoslik"¦
— Bexos narsalar ham o’z o’rnida xosdur! — deydi Xojam. Bobrahim boshini egadi. Xojam yana Abulhamid G’azzoliyning Bayonlarini sharhlashga tushadilar.
Nom: Re: Bobrahimning sariq gullari. Ibrohim G'afurov (hikoya)
Yuborildi: Muhyiddin 21 Noyabr 2009, 19:57:45
Abulhamid G’azzoliy haqida Boborahim ilk bora marhamatli piri Bozor oxunddan Namanganda eshitgan. Bozor ohundni eslab Boborahimning ko’ngli buzildi. Namangan, Qo’qon, ota qishlog’i Andugonni esladi. Qaydaxovv? Qayda, u ota yurtlar! Negadir yuragi qattiq siqildi. Bir oydan beri bu yerda o’zini qo’ygani joy topaolmaydi. U o’zining bir erda uzoq turolmasligini biladi. Jannat bo’lsin, Makka bo’lsin, Madina bo’lsin, Quddus bo’lsin, yo’q, uzoq turolmaydi. Uning yuragining rishtalari bir joyga bog’langan emas. Uning yuragining rishtalari butun olamga, rub’yi maskuning barcha nuqtalariga tortilgan. Rishtalar tortilgan yerlarga bormaguncha va u yerlarda Adolatning kalomini aytmaguncha, u yerlardan o’tgan ulug’larni yod etmaguncha uning yuragi tinchimaydi, joni oram istamaydi. Bo’lmasa, Xojamning bog’u bog’otlari, Qashqar, Yorkand, o, Xo’tanning qiru adirlari jannatdan kammi? Jannat shu! Jannat shu! Lekin menga jannat kerakmi? Men jannat qidiraymi? Dardmanlardan yuz o’girib xonaqohning salqin puchmoqlarida tilovatga berilib o’tiraymi? Aytmoqchi, Bozor pirim "¦Ko’zlari yoshli Bozor pirim"¦ Boborahimning xayolhonasida shu top bir voqea yarq etib ko’rindi.
Nom: Re: Bobrahimning sariq gullari. Ibrohim G'afurov (hikoya)
Yuborildi: Muhyiddin 21 Noyabr 2009, 19:58:19
   O’sha kuni Bozor pirimni G’azzoliy «Ihyo»sining Muhabbat, mahzunlik, shodlik va barokat bobini uzoq tushuntirdilar. Muhabbat faqat Hudoga chindur, dedilar va G’azzoliy Bayonidan bir rivoyat keltirdilar. Parvardigori olam Musoga qarab aytdi: «Men kasal bo’ldim, sen kelib meni ko’rmading». Muso dedi: «Qanday qilib, yo Rahmon?»  Parvardigori olam aytdi: «Mening bandam falon kas og’ir yotib qoldi, sen esa uni borib ko’rmading. Agar uni borib ko’rganingda, meni o’sha yerdan topgan bo’larding»"¦ Bozor pirim rivoyatning ohirini aytdi-yu, oh deb o’tirgan erida yoniga qulaqdi. Barcha shogirdlar avval angrayib qoldilar. So’ng uch kishi saht o’rnidan turdi. Pirimni suyab o’tirdilar. Kimdir muzday suv keltirdi. Ro’molni ho’llab uning boshiga bostirdilar. Bozor  ohund bir oz o’tgach, o’ziga kelib ko’zini ochdi:   
—  Ana jamol! Ana jamol, bolalarim! — dedi u.
So’ng aytgan so’zidan quvvat oldimi, turib o’tirdi. Qaddini rostladi. Ko’zyoshlarini artdi.
—  Boborahim! — dedi. — Kel, munda o’ltir! — u Boborahimni yoniga chaqirdi. Boborahimdan o’zga hech kimga u bunday iltifot ko’rsatmas edi. Boborahim oldingi qatordan turib pirining yoniga ohista cho’kdi. — O’qi! — dedi pir.
Nom: Re: Bobrahimning sariq gullari. Ibrohim G'afurov (hikoya)
Yuborildi: Muhyiddin 21 Noyabr 2009, 19:58:42
Boborahim ikki qo’lini ikki qoshiga qo’ydi. O’rnidan turib piriga ta’zim qildi, so’ng o’zi kabi mullavachchalarga yengil egilib qulluq ado etdi. So’ng pir ko’rsatgan yerga yana cho’kdi. Ko’zlarini yumdi va boshladi.
Boborahim bir o’qishga tushsa, to’xtatmasdan soatlab o’qirdi. Hazrat Navoiydan boshlab, Lutfiyga, undan hazrat Atoyi va Sakkokiyga, ulardan Oq saroy va Ko’k saroy shoirlariga, ulardan Rumiy, Nasimiy, Jomiy, Dehlaviyga o’tardi. Sa’diy va Hofiz devonlarini, «Shohnoma», Navoiy Xamsasini yoddan bilardi va hech tutilmay yod aytardi. U o’qiganda hamma tang qotib qolardi. Ovozida allaqanday kishi ruhini butunlay rom qiladigan shira paydo bo’lardi. Lekin odatiy so’zlashganda, juda oddiy, g’oyat ohista so’ylar, lekin so’zlarni dona-dona qilib, chertib aytar va shuning uchun har qancha sekin so’ylaganda ham albatta, tinglovchi uni aniq-ravshan eshitardi.
Nom: Re: Bobrahimning sariq gullari. Ibrohim G'afurov (hikoya)
Yuborildi: Muhyiddin 21 Noyabr 2009, 19:59:07
Boborahim o’zi bilmasdi. Lekin har bir shoirning g’azalini alohida faqat shu g’azalga yarashadigan va shu g’azalning yashirin mohiyatini ochadigan bir ohang bilan o’qirdi. Ayniqsa, Navoiy va Sa’diy g’azallarini o’qiganda, uning tovushi favqulodda sehrli unga aylanardi. Odamlar oh-voh qilib o’rinlaridan tura boshlar, boshlari, yelkalari, butun vujudlarini shu g’alati ohang yo’liga solib tebrana ketardilar. Boborahim oxirida o’z g’azallarini o’qirdi. Daryo daryoga qo’shilganday uning g’azallari ulug’larning abyotlariga uyg’un va teran bir oqimda qo’shilib ketar, nimasi bilandir ularni to’ldirar va nimalari bilandir ularni davom ettirar, allaqaysi tomonlari bilan ularning barchalaridan ajralib turardi. U paytlar hali Boborahim g’azallariga ismini qo’ymasdi. Lekin tinglovchilar baribir allaqanday o’ziga xoslikdan Boborahimning she’rini ajratib olardilar.
Nom: Re: Bobrahimning sariq gullari. Ibrohim G'afurov (hikoya)
Yuborildi: Muhyiddin 21 Noyabr 2009, 19:59:27
Bu g’azallarning ko’pini u otasi bilan uzoq qish kechalari issiq tancha chetida o’tirib yod olgan edi. Otasi eski devonlarni avaylab varaqlab xasta tovushda o’qirkan, Boborahim ro’baro’sida o’tirgan onasining chehrasiga tikilar, onasining g’oyat nafis yuz chiziqlariga mahliyo bo’lar, bu go’zal chiziqlar g’azalning shikasta ohanglariga qo’shilib uning behad o’tkir hofizasiga beto’xtov naqshlanib borardi. Nazarida bu g’azallarning bari onasi haqida aytilganday edi. Boborahim onasining chehrasiga suyub qarab, unda juda ko’p g’alati kashfiyotlar qilardi. Onasining ikki yonog’i shunchalar chiroyli ediki, ular xuddi behad nozik ishlangan chiniy ko’zachalarga o’xshab ketardi. Bu ko’zachalar doim ko’z degan buloqning yonida turardi va u ko’zlarga tengsiz bir tilsim bag’ishlardi. Onasining juda nozik sarg’ish oppoq yuzini u sariq sadbarg gulga o’xshatardi. U har qachon va har qayda g’azal o’qisa, virdi zabon qilsa, ko’z o’ngiga onasini, onasining yonog’idagi ikki nafis ko’zachani keltirar va shundan dilining tubida ifoda qilib bo’lmas bir sehrli ovoz dunyoga kelardi.
Nom: Re: Bobrahimning sariq gullari. Ibrohim G'afurov (hikoya)
Yuborildi: Muhyiddin 21 Noyabr 2009, 20:00:40
— Jadiy oxirlab, Dalv kira boshlagan qish chog’larida kechasi bilan gupillatib qor yog’adi. Atrof qor yog’dulariga to’ladi. Qor to’piqdan ko’tarilgach, u tinadi. Osmon charaqlab ochiladi. Yulduzlar tiniq porlaydi. Mana shunday yulduz porlagan Jadiy kechalarida ko’kka o’ynagani parilar chiqishadi, — deb ertak aytardi unga onasi. — Ular yulduzlarning shu’lalariga qarab tinimsiz xandon otib kuladilar. Shunda ularning ko’krak-laridan jaranglab durlar sochiladi. Bu durlar yerga to’kilmaydi. Balki odam bo’yi baravar ko’kda muallaq osilib qoladi. U durlar ko’zga ko’rinmaydi. Faqat ko’zi va dili eng toza odamgina u durlarni payqaydi. Ko’zing va dilingni doim toza tut. Rahimjon, o’g’lim. Ko’kdan yog’ilgan pari durlarni ko’rish senga nasib bo’lgay. Ular dilingga o’rnashgay.
Nom: Re: Bobrahimning sariq gullari. Ibrohim G'afurov (hikoya)
Yuborildi: Muhyiddin 21 Noyabr 2009, 20:02:51
Bir kuni Bozor oxund qoshida ilk marotaba «Birodarlar, men ushbu kecha Majnundin nazar topdim» deb boshlanadigan g’azalini o’qidi.
G’azal oxiriga yetganda Bozor oxund xo’ng-ho’ng yig’ladi. To’ni qo’ynidan katta qiyiqchasini chiqarib, yuz-ko’zla-rini uzoq artdi.
— Boborahim, - dedi nihoyat yig’lamsiragan tovushda. — Senga endi o’zga rahbar kerak. Qani, oxirgi baytingni yana bir qaytar-chi, bo’tam.
Boborahim o’qidi:

—  Netay, zebo sanam, jonoki,
                 hech kim rahbar bo’lmas,
Adashtim, yo’l yitirdim, ne payomu
                 ne xabar topdim...


— Ana! Ana! — dedi uzun qo’llarini oldinga cho’zib Bozor oxund. — Yolg’iz rahbar Yaratganning o’zidir. Lekin G’azzoliy rivoyatida aytilganday Yaratganning yo’li bandalarining ko’ngillaridan o’tadi: bo’tam, Boborahim! Sen emdi bizning qo’limizdan va ixtiyorimizdan chiqding. Sen emdi dunyoga sig’maysan. Bo’tam, sening ramuzing yo’ldir. Yana Majnundir. Yana valiy Mansurdir... Sen doim yo’llar va manzillarni qidirib o’tasan. Sen Yaratganning haqiqatini qidirasan. Uni qidirib sen olamning xastaligini o’z bo’yningga olajaksan. O’zingni dardmandlarcha balogardon qilursan. Lekin ungacha hali ancha vaqt bor. Ko’p o’tmay Savr kirar. Mulki Kashqarga karvon borajak. Sen shu karvon bila jo’naysan, bo’tam. Emdi Oppoq Xojam hazratiga yukinursan. Dardingga shoyad ul zoti bobarakotdin chora topursan. Lekin... boya-gina abyotda ushbu kecha Majnundin nazar topdim, dedingkim, ul nedir?
Nom: Re: Bobrahimning sariq gullari. Ibrohim G'afurov (hikoya)
Yuborildi: Muhyiddin 21 Noyabr 2009, 20:03:11
Boborahim so’ylagali og’iz juftladi. Lekin pirga shogirdlar oldida tush aytib o’tirish bolalikday tuyulishini angladi.
— Majnun xayoli meni ta’qib etayotir, pirim, — deya oldi u.
O’sha yili Savr oyi u katta karvon bilan Qo’qon, Andijon, O’sh, Saritosh orqali Ulug’chot dovonidan o’tib Qashqarga keldi. Muzli tog’larning buyuk haybatini ko’rdi. Boborahim qo’rquv hissi nimaligini bilmasdi. G’oyatda chayir, kuchli yigit bo’la boshlagan edi. Ulug’chot-ga ne mashaqqat bilan ko’tarilganlarida Boborahim bu aql bovar qilmas haybat o’trusida birdan o’zini ovozi butun turkiy ellarni tutgan sarbaland shoir deb tasavvur qildi.
Nom: Re: Bobrahimning sariq gullari. Ibrohim G'afurov (hikoya)
Yuborildi: Muhyiddin 21 Noyabr 2009, 20:04:33
Mana, ikkinchi yilga qarab tortdi uning Qashqar tahsili. Pir goh hud, goh behud. Zamonning o’tkinchi ishlariga ko’p bosh qo’shadir. Muridlarni hali yosh deb yilqiga jo’natadir. Lekin nazari o’tkir. Uning ko’zidan hech narsa qochib qutulmaydi. Boborahimga ko’p iltifotlar qiladir. Uning abyotlarin savol-javob kezlari atay o’qittirib, mung ila quloq osadir.
— Bo’tam, abyotlaringni sho’x va munglig’ yozasan. Bitiklaringda Xudoning to’g’ri yo’lini kidirasan. Faqat ko’rqamenki, isyonlaringda ifrot jo’shqinlik bor. Andin o’zingni bark tutgil.
Bir kez Xojam iltifot aylab, Boborahim bir tur yangi bitgan g’azallaridan o’qiganda, unga yangi chakmon to’n, bir xachir va bir g’oyatda nafis yasalgan tanbur tortiq qildi.
— Haqiqat mayidan doim mastu mustag’riq bo’lib yurgaysan. Abyotingni emdi Mashrab ismi birlan bitgil, — deb oq fotiha bergan va barcha muridu ulamolar bunga omin degan edilar.
Nom: Re: Bobrahimning sariq gullari. Ibrohim G'afurov (hikoya)
Yuborildi: Muhyiddin 21 Noyabr 2009, 20:04:59
O’shandan beri Boborahim tahsildan ozod chog’lari Qashqarning mashhur sozandalariga qo’shilib maqom yo’llarini o’rgandi. Ajabki, u maqomlarni juda tez o’zlashtirib oldi. Maqom kuylarini qancha sevib chalsa, dilida g’azallar shuncha jo’shib, lazzatli titroqlar ichida quyulib kelardi. U oz vaqt ichida nay va ud chalishni ham xo’b o’rganib oldi. Sozandalar uning ko’p g’azallari, muxammaslari, mustazodlarini maqom kuylariga solib ayta boshladilar. Bu otashin g’azallar sho’x-shan Qashqar elida va undan o’tib butun Farg’onayu Shoshda shuhrat tutdi.
Boborahim qizil olma tagida tanburni olma shoxiga ilib qo’ygancha uzoq xayolga tolib o’tirdi.
Nom: Re: Bobrahimning sariq gullari. Ibrohim G'afurov (hikoya)
Yuborildi: Muhyiddin 21 Noyabr 2009, 20:06:10
So’ng olmalarni to’kib yubormaslik uchun shoxlarga avaylab oyoq qo’yib, daraxt tepasiga ko’tarildi. Eng yuqori ayri shoxga o’rnashib, tepadagi baayni loladay qizarib pishgan naqsh olmalarni savatga tera boshladi. Birpasda savat qizil olmalarga to’ldi. Daraxt ustida olmaning hidi yanada o’tkirroq, yanada muattarroq edi. U pastga tushmoqchi bo’lib turgan edi, shu tob yaqin o’rtada jiydazor va terakzor tomondan bulbulning jarangdor chaxchaxlagan ovozi eshitildi. Boborahim o’zicha maqomlarni bulbul yaratgan, odamga ularni chalishni bulbul o’rgatgan deb yurardi. Bog’ning jimjitligida bulbulning xonishi shu qadar teran yangrar ediki, go’yo olamda shu jigarso’xta kuydan o’zga g’am, o’zga shodlik, o’zga o’yin yo’qday edi. Boborahim ko’zlarini yumdi va asta oyog’i turgan ayri shoxga o’tirdi. Shoxlar orasiga yaxshilab o’rnashgach, u ko’zini chirt yumgan ko’yi o’zini sayrayotgan bulbul o’rnida tasavvur qila boshladi. Boborahim o’zini o’zi sevgan narsalar ichida yoki o’zini ularning o’rniga qo’yib tasavvur qilish va xayolida tasavvurining suvratlarini chizishni juda yoqtirardi. U shu tobda dilini bulbulga ko’chirdiyu, shu bilan bor dunyoni unutdi. Bilmaydi shu alfozda daraxt tepasida qancha o’tirdi. Bir zamon oyog’i ostida olma tagida nedir tingir-tingir qilayotganini va bu tovush borgan sayin bulbul sayrog’ini bosib ketayotganligini his qildi. Boborahim hushi o’ziga kelib pastga qaradi. Pastda qizil ro’mol o’ragan, qizil nimcha va qizil ko’ylak kiygan o’n besh yoshlardagi bir qiz uning tanburini shoxdan olib havas bilan ohista chertardi. Boborahim sharpa berdi. Qiz uning sharpasini darhol sezdi. Boshini ko’tarib shoxlar oralab daraxt tepasiga qaradi. Uning katta-katta qora qiyiq ko’zlarida allanima yilt etib ketdi.
Nom: Re: Bobrahimning sariq gullari. Ibrohim G'afurov (hikoya)
Yuborildi: Muhyiddin 21 Noyabr 2009, 20:06:41
— Mullaka, bizning savatimizni ham qizil olmangizga to’ldirib bermaysizmi? Oyimlar olma tilashyaptu.
— Hozir, hozir, bosh ustiga, — dedi Boborahim va o’ng qo’lini qoshi ustiga qo’ydi. So’ng olma shoxlarini larzon qilmaslik uchun ohista pastga tushdi. Qo’lidagi olma to’la savatni yerga qo’ydi va qizning rangin cho’plardan chiroyli yasalgan savatini olib yana olma ustiga ko’tarildi. Savatni bir zumda sara olmalarga to’ldirdi.
— Bu tanbur siznikimi, mullaka? Tanburingiz chiroyli ekan. Qiz yigitning javobini kutmay savatni qo’liga oldi va asta ariq bo’ylab yura boshladi. Savatni eshikkacha eltib beray, qiynaladi, — deb o’yladi Boborahim va qanchalik qisinmasin, qiz ortidan yurib savatni uning qo’lidan oldi. Qiz ortiqcha e’tiroz bildirib o’tirmadi.
— Mullaka, sizni Namangandan kelgan deyishadi, to’g’rimi? — u yana savoliga javob kutib o’tirmay so’zlay boshladi: — Men esa O’shdan kelganman. Otam meni pirimga nazir qilgan. Ikki yildan oshdi bu dargohga kelganimga... Sizni qirda lola saylida ko’rganman. Ko’p g’azal aytishgan edingiz.
Nom: Re: Bobrahimning sariq gullari. Ibrohim G'afurov (hikoya)
Yuborildi: Muhyiddin 21 Noyabr 2009, 20:07:53
Boborahim qizlar bilan sira gaplashib o’rganmagan. Lekin pirining cho’ri va kanizaklari bemalol, erkin yurishadi. Ularni har kuni yumush yuzasidan ko’radi. Lekin bu shu qadar odamga yoqadigan savollar beradigan shirin til qizni birinchi ko’rishi.
— Mullaka, nega sizni devona deb chaqirishadi? Hecham devonaga o’xshamaysiz-ku?
Boborahimning javobini kutib o’tirmay o’zi javob beradi:
— Devonalar yaxshimi? Devona emaslarmi? Yana o’zi javob beradi:
— Menga qolsa, devonalar yaxshi.
Ular kunjakdagi ahli ayol istiqomat qiladigan hashamatli imoratlar qator-qator joylashgan chiroyli hovliga qarata ochilgan bog’ eshikka yetib keldilar. Boborahim savatni qizning qo’liga tutqazdi. Shunda qo’li olovga noxos tegib ketganday jazilladi va darhol qo’lini tortib oldi. Va shitob bilan bog’ ichkarisiga kirib ketdi.
Boborahim dosh berolmadi.
Nom: Re: Bobrahimning sariq gullari. Ibrohim G'afurov (hikoya)
Yuborildi: Muhyiddin 21 Noyabr 2009, 20:08:50
Boya olma tepasida turib qizning yuzini ko’rganda, uning ikki yonog’i benihoya nafis yasalgan ko’zacha kabi o’ta nozik chiziqcha hosil qilganini ko’rgan va yuragi nogahon titrab ketgandi. Hozir, mana savatni uning qo’liga tutqazayotib yana nogoh uning chehrasiga ko’z qirini bir zum tashladi va bu oq-sariqqa moyil qirg’izcharoq chehra dunyodagi barcha eng nafis ko’zachalardan ham go’zalroq va otashinroq ekanligini ko’rdi. «Sadbarg... sariq sadbarg...» — xayolidan o’tkazdi u. Zumda onasini esladi va ko’z o’ngiga keltirdi. U qizni shu zahoti, shu tobda yana ko’rgisi keldi. Uning lolaruh yuziga to’yib-to’yib qaragisi keldi. «Onamning isi kelayotir, — deb o’yladi u. — Onamning isi kelayotir... O’zing kechir, rabbimo».
U go’zal narsalarni ko’rsa, titrab dunyoga sig’may ketardi.
Boborahim yana o’zining hech qayerga sig’may borayotganini his qildi. Bu tarovatli olmazor, bu qushlar xonishi, bu Kubro, G’azzoliy va Attor haqidagi savol-javoblar — hamma-hammasi hech narsaga keraksiz, arzimas aql o’yinlari bo’lib, injiqlik, soxtakorlik bo’lib tuyuldi unga.
Nom: Re: Bobrahimning sariq gullari. Ibrohim G'afurov (hikoya)
Yuborildi: Muhyiddin 21 Noyabr 2009, 20:09:53
Ertaga u pirning ko’ziga qarolmaydi. Nigohiga dosh berolmaydi. Ertaga u pirga bog’lanib o’tirolmaydi.
Yo’q-yo’q, ketmoq kerak. U yo’llarga g’azallar aytadi. Tunlar oq teraklarning ustiga chiqib to’lgan oyga qarab hech to’xtamay baytlar o’qiydi. Dunyoning barcha baytlarini oyga aytadi. Vayronalarga aytadi u g’azal-larini, vayronalarda «xiyp-xiyp» deb ulayotgan chug’zlar bilan baravar masnaviylar o’qiydi. U o’zi kabi dardmandlar va jigar-bag’ri kuyganlarni axtaradi. Ular bilan dunyo bog’ining yo’llarini kezadi. Uni bekor devona demaydilar. U yo’llarning devonasi. Yo’llarga, samolarga tinmay o’qilaturg’on masnaviylar — mungliq baytlar devonasi.
Boborahim shu kuni va yana bir necha kun o’zidan-o’zi «Ko’rdim yuzungni...» deb to’xtovsiz takrorlab yurdi. So’ng birdan qizilga burkangan va uning oldida birpas qizil kapalakday parvoz qilib borgan, havoyi, erkin qizning: «Devonamisiz?» — deb so’raganini esladi. «Ha, devonaman, devonaman, devonaman», deb qaytaraverdi. «Sen axir devonalarni yaxshi ko’rasan-ku...» So’ng tunda tanbur mashq qilib o’tirib, birdan so’zlar o’z-o’zidan quyulib keldi:

— Ko’rdum yuzungni devona bo’ldum...


Nom: Re: Bobrahimning sariq gullari. Ibrohim G'afurov (hikoya)
Yuborildi: Muhyiddin 21 Noyabr 2009, 20:11:33
Shu kecha Boborahim yana Majnunni tush ko’rdi. Majnunning yuzi ikki ko’zachaga o’xshardi. U ko’zalarga Majnun ko’zlaridan yosh quyulib oqar, ko’zachalar to’lib-toshib tinimsiz Majnun ko’ksiga shovullab oqardi. Majnun baland qir ustida o’tirar, uning orqasida xuddi Boborahimnikiga o’xshash yilqichilarning ko’k o’tovi qurilgan edi. Majnun o’tovga qaramas, oyog’idan ming teshik bo’lib ketgan chorig’ini yechib hadeb yerga urib qoqar-di. Choriq ichidan hech narsa tushmasdi. Lekin Majnun yirtiq choriq ichiga go’yo sahrolarning qumlari to’lganday uni to’xtovsiz yerga urib qoqardi. Yirtiq chorig’ini yerga urib qoqayotgan Majnun Boborahimning xayoliga qattiq o’rnashib qoldi. Keyin Boborahim yana bir tush ko’rdi. Unda Majnun o’sha yirtiq chorig’ini Boborahim-ga berdi. Boborahim shu zahoti uni cho’llarda yorilib ketgan oyog’iga kiyib oldi.
Necha zamonlar o’tib Boborahim bu choriqni Balxda dor tagida cho’nqayib yerga qoqib o’tirdi. Choriq endi ilma-teshik bo’lib ketgan, lekin hali kiysa bo’lardi...

Tamom.