forum.ziyouz.com

Umumiy bo'lim => Islom => Islomiy kitoblar => Mavzu boshlandi: Muslimaxon 16 Oktyabr 2006, 06:00:34

Nom: Ahmad Muhammad. Rasululloh (s.a.v.) qaytarganlar
Yuborildi: Muslimaxon 16 Oktyabr 2006, 06:00:34
RASULULLOH QAYTARGANLAR

Musannif: Ahmad MUHAMMAD

Toshkent «Movarounnahr» - 2004

MUNDARIJA

Muqaddima (http://forum.ziyouz.com/index.php?topic=839.msg25266#msg25266)
Axloq-odob sohasidagi qaytariqlar (http://forum.ziyouz.com/index.php?topic=839.msg25270#msg25270)
Ibodatga doir qaytariqlar (http://forum.ziyouz.com/index.php?topic=839.msg26387#msg26387)
Savdo-sotiqdagi qaytariqlar (http://forum.ziyouz.com/index.php?topic=839.msg27215#msg27215)
Fitratni o’zgartirishdan qaytariqlar (http://forum.ziyouz.com/index.php?topic=839.msg27228#msg27228)
Ichimliklarga oid qaytariqlar (http://forum.ziyouz.com/index.php?topic=839.msg27233#msg27233)
Ovqatlanishdagi qaytariqlar (http://forum.ziyouz.com/index.php?topic=839.msg27241#msg27241)
Kiyinishdagi qaytariqlar (http://forum.ziyouz.com/index.php?topic=839.msg28462#msg28462)
Nikohga doir qaytariqlar (http://forum.ziyouz.com/index.php?topic=839.msg28466#msg28466)
Hayvonlarga zulmdan qaytariqlar (http://forum.ziyouz.com/index.php?topic=839.msg28471#msg28471)
Nom: Re: RASULULLOH QAYTARGANLAR. Ahmad Muhammad
Yuborildi: Muslimaxon 16 Oktyabr 2006, 06:04:41
Payg‘ambar o‘zi sizlarga ato etgan narsani olinglar, u zot sizlarni qaytargan narsadan qaytinglar va Allohdan qo‘rqinglar! (Hashr surasi, 7-oyat).

Abu Hurayra (r.a.) rivoyat qiladilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deb aytdilar: «Sizlarni tark etib ketgan vaqtim davomida (ya’ni Qiyomatda uchrashgunimizga qadar) mening vasiyatlarimga amal qilinglar, chunki sizlardan oldingilar o‘z payg‘ambarlariga osiylik qilib halokatga uchraganlar! Men sizlarni nimadan qaytargan bo‘lsam, qilmanglar va nimani amr qilgan bo‘lsam, imkoningiz qadar ado etinglar!»
(Imom Buxoriy rivoyatlari)
Nom: Re: RASULULLOH QAYTARGANLAR. Ahmad Muhammad
Yuborildi: Muslimaxon 16 Oktyabr 2006, 06:06:25
MUQADDIMA
Bismillahir rohmanir rohiym

Barcha olamlarning Rabbi va Parvardigori Alloh taologa behisob hamdu sanolar bo‘lsin. Faxri Koinot - Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalomga, u zotning ashoblariga, ahli baytlariga salovotu-durudlar bo‘lsin.

Butun yer yuzidagi insoniyat, Sharqu G’arbdagi barcha qavm va millatlarga rasul qilib yuborilgan payg‘ambarlarning oxirgisi Muhammad mustafo sollallohu alayhi vasallam qiyomatga qadar odamzotni saodat va najotga yetaklovchi ulug‘ yo‘lboshchi bo‘lib qolaveradilar. Rasulullohning (sollallohu alayhi vasallam) shamoillari, xulq-odoblari har bir mo‘min-musulmon uchun katta ibrat, u zotning yashash tarzlari, ko‘rsatmalari, amr-qaytariqlari har birimiz uchun muhim dasturil-amaldir. Chunki Payg‘ambar alayhissalom yurish-turishda, muomala-muosharatda, holi hayotda va ibodatda, oilada va kishilar orasida, xullasi barcha sohada o‘z davrlarida ham, undan keyin Allohning rasuliga xos yuksak fazilatlar, oliy xulq sohibi bo‘lib qoldilar. Zotan, Nabiyning (sollallohu alayhi vasallam) o‘zlari ham: «Men yaxshi xulqlarni kamolga yetkazish uchun payg‘ambar bo‘lib keldim», deganlar. Yana bir hadisi sharifda: «Mo‘min kishiga berilgan narsalarning eng yaxshisi chiroyli xulqdir», deyilgan. Rasuli akram haqlarida so‘ragan kishilarga zavjalari hazrati Oisha: «Payg‘ambarimizning axloqlari Qur’on edi», deb javob berganlar. Haqiqatan Qur’onning barcha amrlari Rasulullohning (sollallohu alayhi vasallam) siyrat va suratlarida aks etgan.
Nom: Re: RASULULLOH QAYTARGANLAR. Ahmad Muhammad
Yuborildi: Muslimaxon 16 Oktyabr 2006, 06:06:57
Alloh taolo o‘z kitobida: «Payg‘ambar o‘zi sizlarga ato etgan narsani olinglar, u zot sizlarni qaytargan narsadan qaytinglar va Allohdan qo‘rqinglar» (Hashr, 7) deb marhamat etgan.

Ushbu kitobchaga janobi Rasulullohning musulmonlarni yaxshi xulqli bo‘lishga chorlovchi da’vatlari, u zot man etgan va ummatni qaytargan narsalar haqidagi hadislar jam etildi. Bizlarning burchimiz esa -ularni o‘qib, anglab, so‘ngra hayotda qo‘llash, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam nahiy qilgan, man etgan yomon illat-qusurlardan tiyilish. Zotan, janobi Rasulullohning o‘zlari ham: «Mening gapimni eshitib, yodlab, singdirib, so‘ngra ado etgan odamni Alloh ne’matlantirsin», deganlar. Alloh taolo barchalarimizga Payg‘ambar alayhissalomning axloqlari bilan xulqlanishni nasib aylasin!
Nom: Re: RASULULLOH QAYTARGANLAR. Ahmad Muhammad
Yuborildi: Muslimaxon 16 Oktyabr 2006, 06:07:16
AXLOQ-ODOB SOHASIDAGI QAYTARIQLAR

Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat qilinadi. «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Halokatga olib boruvchi yetti narsadan qochinglar!», dedilar. «Ular nima, ey Rasululloh?» deyishdi. Janobi Payg‘ambarimiz: «Alloh taologa shirk keltirmoq,  sehr-jodu qilmoq,  nohaq birovni o‘ldirmoq, sudxo‘rlik,  yetimning haqqini yemoq, jang maydonidan  qochmoq,  begunoh pokdomon mo‘mina ayollarga tuhmat qilmoq», dedilar». (Imom Buxoriy rivoyatlari)

Mug‘iyra ibn Shu’baning kotibi Varrod rivoyat qiladi. «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam mish-mish tarqatmoqni, ezmalik qilmoqni, mol-dunyoni isrof etmoqni, ochko‘zlik qilmoqni, onalarga itoatsizlik etmoqni va qizlarni tiriklayin ko‘mib tashlamoqni (Islomdan avval arablarda shunday odat bo‘lgan) man qilganlar».
(Imom Buxoriy rivoyatlari)
Nom: Re: RASULULLOH QAYTARGANLAR. Ahmad Muhammad
Yuborildi: Muslimaxon 16 Oktyabr 2006, 06:10:00
Abdulloh ibn Umar (r.a.) rivoyat qiladilar. «G’azotlardan birida Payg‘ambar alayhissalom o‘ldirilgan ayol kishini ko‘rib achindilar va ayol kishilarni va yosh bolalarni o‘ldirishni man qildilar».
(Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari)

Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat qilinadi. «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Badgumon bo‘lmanglar, badgumonlik eng yolg‘on so‘zdir, tirnoq ostidan kir qidirmanglar, bir-biringizga hasad qilmanglar, bir-biringizdan arazlamanglar va nafratlanmanglar, aka-uka tutinib, Allohning (solih) bandalari bo‘linglar», dedilar».
(Imom Buxoriy rivoyatlari)
Nom: Re: RASULULLOH QAYTARGANLAR. Ahmad Muhammad
Yuborildi: Muslimaxon 16 Oktyabr 2006, 06:11:37
Abu Said al-Xudriydan (r.a.) rivoyat qilinadi. «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Yo‘l bo‘yida o‘tirishdan saqlaninglar», dedilar. Shunda sahobalar: «Buning chorasi yo‘q, ey Rasululloh, chunki biz o‘tirib suhbatlashamiz», deyishdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Bunga ko‘nmasanglar, o‘tiringlaru faqat yo‘lning haqqini ado etinglar», dedilar. Sahobalar: «Ey Rasululloh, yo‘lning haqqi nima?», deyishganida Rasululloh: «Ko‘zni nomahramlarga qaratishdan tiyish, o‘tuvchilarga aziyat bermaslik, salomga alik olish, yaxshilikka buyurib, yomonliklardan qaytarish», dedilar».
(Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari)

Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat qilinadi. «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ikki zaifning - ayolning va yetimning molidan uzoq bo‘lishingizni vasiyat qilaman», dedilar».
(Imom ibn Moja rivoyatlari)
Nom: Re: RASULULLOH QAYTARGANLAR. Ahmad Muhammad
Yuborildi: Muslimaxon 16 Oktyabr 2006, 06:12:30
Jobirdan (r.a.) rivoyat qilinadi. «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Zulmdan saqlaninglar, chunki u Qiyomat kunida zulumot bo‘ladi. Va yana baxillik va xasislikdan saqlaninglar. Chunki u sizlardan avvalgi ummatlarning   halokatga   uchrashiga,    qon   to‘kishlariga   hamda   harom narsalarni halol qilib olishlariga sabab bo‘lgan edi», dedilar». (Imom Muslim rivoyatlari)

Abdulloh ibn Umardan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh: «Sizlarning holingizga  voy  bo‘lsin!  Yana sizlar  mendan  keyin  kofir bo‘lib,  bir-biringizning gardaningizga (qilich) urib yurmanglar», dedilar. (Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari)
Nom: Re: RASULULLOH QAYTARGANLAR. Ahmad Muhammad
Yuborildi: Muslimaxon 16 Oktyabr 2006, 06:13:00
Adiy   ibn  Umardan   (r.a.)   rivoyat   qilinadi.   Rasululloh  sollallohu alayhi vasallam: «Hozir yana qaytarib aytaman, kimni biror ishga boshliq qilsak, ozi va ko‘pini (yashirmay) olib kelsin. Nimani bersak, uni olsin. Nimadan qaytarsak, uni olishdan o‘zini tiysin», dedilar. (Imom Muslim rivoyatlari)

Rasululloh   sollallohu   alayhi   vasallam   ummatlarini   birovlarni yanglishtirishdan man etdilar. (Abu Dovud va Ahmad rivoyatlari)
Nom: Re: RASULULLOH QAYTARGANLAR. Ahmad Muhammad
Yuborildi: Muslimaxon 16 Oktyabr 2006, 06:14:58
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘zini odamlardan chetga olib, xilvatda zohidlik qilishdan man etganlar. (Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari)

Anas ibn Molik (r.a.) rivoyat qiladilar. «Biz hazrat Umarning huzurlarida o‘tirgan edik, u kishi: «Bizlar zimmamizga ortiqcha ish (vazifa) olmoqdan qaytarildik», dedilar».
(Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari)
Nom: Re: RASULULLOH QAYTARGANLAR. Ahmad Muhammad
Yuborildi: Muslimaxon 16 Oktyabr 2006, 06:17:24
Rasululloh   sollallohu   alayhi   vasallam   aytdilar:   «Alloh   taolo sizlarni otalaring nomi bilan qasam ichishdan qaytaradi». (Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari)

Abdulloh ibn Umar (r.a.) rivoyat qiladilar: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam bir odamning boshqa bir odamni turg‘izib, o‘rniga o‘zi o‘tirib olmog‘ini man qildilar. Ammo janob Rasululloh shunday dedilar: «Nariroq surilib joy bering va biroz siqilishib o‘tiring», denglar».
(Imom Buxoriy rivoyatlari)
Nom: Re: RASULULLOH QAYTARGANLAR. Ahmad Muhammad
Yuborildi: Muslimaxon 16 Oktyabr 2006, 06:17:55
Abdulloh ibn Yazid al-Ansoriy (r.a.) rivoyat qiladilar. «Nabiy sollallohu  alayhi   vasallam  birovning  molini  zo‘rlik  bilan  tortib olishdan va birovga vahshiyona (quloq, burun va boshqa a’zolarini qirqib) azob berishdan qaytardilar». (Imom Buxoriy rivoyatlari)

Abdulloh ibn Umar (r.a.) rivoyat qiladilar. «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam nazr qilmoqdan qaytardilar va: «U baloning oldini ololmaydi, u orqali baxildan biror narsa undirib olingaydir, xolos», dedilar».
(Imom Buxoriy rivoyatlari)
Nom: Re: RASULULLOH QAYTARGANLAR. Ahmad Muhammad
Yuborildi: Muslimaxon 16 Oktyabr 2006, 06:20:04
Jobir ibn Abdullohdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qilichni yalang‘ochlab yurishga odatlanishdan qaytarganlar».
(Imom Termiziy rivoyatlari)

Abdulloh ibn Abbosdan (r.a.) rivoyat qilinadi. «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ayollarga taqlid qiluvchi erkaklarni va erkaklarga taqlid qiluvchi ayollarni la’natladilar».
(Imom Buxoriy rivoyatlari)
Nom: Re: RASULULLOH QAYTARGANLAR. Ahmad Muhammad
Yuborildi: Muslimaxon 16 Oktyabr 2006, 06:21:29
Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat qilinadi. «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam cho‘rilarning badanini pullab, tirikchilik qilishni man etdilar».
(Imom Buxoriy rivoyatlari)

Abdulloh ibn Umardan (r.a.) rivoyat qilinadi. «Nabiy sollallohu alayhi vasallam er kishini ikki ayolning orasida yurishidan qaytardilar».
(Abu Dovud rivoyatlari)
Nom: Re: RASULULLOH QAYTARGANLAR. Ahmad Muhammad
Yuborildi: Muslimaxon 16 Oktyabr 2006, 06:22:02
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: «Musibat yetganida yuzlarini yuladigan, yoqasini yirtadigan va o‘zini qarg‘ab yig‘laydiganlarni Alloh taolo la’natlasin».
(Ibn Moja rivoyatlari)

Rasululloh    sollallohu   alayhi    vasallam    mehmon    uchun    ortiqcha takallufni (ziyofat uchun haddan tashqari urinishni) man etganlar. (Hokim rivoyatlari)
Nom: Re: RASULULLOH QAYTARGANLAR. Ahmad Muhammad
Yuborildi: Muslimaxon 16 Oktyabr 2006, 06:23:23
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bir uyda yakka uxlashni man etganlar. (Imom Ahmad rivoyatlari)

Abu Hurayradan  va Abdulloh  ibn Abbosdan  (r.a.)  rivoyat qilinadi: «Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: «Hech bir banda: «Men Yunus ibn Mattodan yaxshiroqman», demasligi lozim», dedilar». (Imom Buxoriy rivoyatlari)
Nom: Re: RASULULLOH QAYTARGANLAR. Ahmad Muhammad
Yuborildi: Muslimaxon 16 Oktyabr 2006, 06:24:48
Abdulloh ibn Zam’adan (r.a.) rivoyat qilinadi. «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam odam ichidan chiqadigan narsa (el)ga kulmoqdan qaytardilar».
(Imom Buxoriy rivoyatlari)

Abu Said Abdulloh ibn Mug‘affaldan (r.a.) rivoyat qilinadi. «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam (qo‘l bilan) mayda toshlarni otib o‘ynashdan man qildilar va: «Bu bilan ov ham qilib bo‘lmaydi, dushmanni ham o‘ldirib bo‘lmaydi, faqat u ko‘zni chiqarib, tishni sindiradi, xolos», dedilar».
(Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari)
Nom: Re: RASULULLOH QAYTARGANLAR. Ahmad Muhammad
Yuborildi: Muslimaxon 16 Oktyabr 2006, 06:25:08
Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat qilinadi. «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam hukm chiqarishda rishva (pora) beruvchini va uni oluvchini la’natlaganlar».
(Imom Termiziy rivoyatlari)

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam marhumlar sha’niga mubolag‘a bilan madhiya va marsiya aytishni man etganlar.
(Ibn Moja va Hokim rivoyatlari)
Nom: Re: RASULULLOH QAYTARGANLAR. Ahmad Muhammad
Yuborildi: Muslimaxon 16 Oktyabr 2006, 06:26:19
Usoma ibn Zayddan (r.a.) rivoyat qilinadi. «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam biror joyda vabo borligi bilinsa u yerga kirishdan, biror joyda turilganda vabo boshlangani eshitilsa, o‘sha joydan chiqishdan qaytarganlar».
(Imom Buxoriy rivoyatlari)

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Qabriston ziyoratiga boruvchi ayollarni, qabriston ustiga masjid quruvchi yoki chiroq yoquvchilarni Alloh taolo la’natlasin!».
(Hokim rivoyatlari)
Nom: Re: RASULULLOH QAYTARGANLAR. Ahmad Muhammad
Yuborildi: Muslimaxon 16 Oktyabr 2006, 06:27:08
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qabr ustiga o‘tirishni, qabr ustini butunlay tekislab tashlashni yoki ustiga turli baland qubbalar qurishni man etganlar.
(Imom Muslim, Abu Dovud va Nasaiy rivoyatlari)

Rasululloh sollallohu alayhi  vasallam  safardan  o‘z uyiga  kechasi bemahal kirib kelishni man qilganlar. (Imom Buxoriy va muslim rivoyatlari)
Nom: Re: RASULULLOH QAYTARGANLAR. Ahmad Muhammad
Yuborildi: Muslimaxon 16 Oktyabr 2006, 06:28:55
Abdulloh ibn Umardan (r.a.) rivoyat qilinadi. «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam musulmonlarni Qur’on (ya’ni Mushaf) bilan dushman yeriga safar qilmoqdan qaytardilar». (Bu yerda Qur’on deyilgani bilan Mushaf deb tushunmoq kerak. Chunki Qur’on og‘zaki tarzda nozil qilingan bo‘lib, dushman uni qalblardan tortib olib, oyoqosti qilolmaydi).
(Imom Buxoriy rivoyatlari)

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam to‘xtab turgan ko‘lmak suvga siyishni man etganlar.
(Imom Muslim, Nasaiy, Ibn Moja rivoyatlari)
Nom: Re: RASULULLOH QAYTARGANLAR. Ahmad Muhammad
Yuborildi: Muslimaxon 16 Oktyabr 2006, 06:29:35
Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat qilinadi. «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam (biror narsaning baxtsizlik keltirishiga ishonib) irim-sirim qilishdan qaytarganlar». (Imom Buxoriy rivoyatlari)

Ummu Atiyya rivoyat qiladilar: «Biz ayollar o‘likka uch kundan ortiq aza tutmoqdan  qaytarilgan edik, er o‘lsagina to‘rt oyu o‘n  kun aza tutmoq mumkin edi... Biz ayollar janozaga ergashmoqdan ham qaytarilgan edik». (Imom Buxoriy rivoyatlari)
Nom: Re: RASULULLOH QAYTARGANLAR. Ahmad Muhammad
Yuborildi: Muslimaxon 16 Oktyabr 2006, 06:30:32
Oisha (r.anho) rivoyat qiladilar: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Mayitlarni haqorat qilmanglar, chunki ular keladigan joylariga kelib bo‘ldilar», deganlar».
(Imom Buxoriy rivoyatlari)

Anas ibn Molik (r.a.) rivoyat qiladilar. «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam (sahobalarga qarata): «Birontangiz uzoq xastalanib yotib qolsangiz, (bezor bo‘lganingizdan) o‘zingizga o‘lim tilamang! Basharti shunday qilish zarur bo‘lsa: «Ey Parvardigorim, agar (bundan keyingi) yashamog‘imning menga nafi bo‘lsa, meni tirik qoldirgin, mabodo o‘lmog‘im afzal bo‘lsa, omonatingni olg‘il, deb aytingiz», dedilar». (Imom Buxoriy rivoyatlari)
Nom: Re: RASULULLOH QAYTARGANLAR. Ahmad Muhammad
Yuborildi: Muslimaxon 18 Oktyabr 2006, 19:50:36
IBODATGA DOIR QAYTARIQLAR

Abdulloh ibn Umardan (r.a.) rivoyat qilinadi. «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yetti joyda: axlat tashlangan yerda, hayvon so‘yiladigan joyda, qabristonda, yo‘l o‘rtasida, hammomda, tuya yotgan yerda va Ka’ba tomi ustida namoz o‘qishdan qaytardilar». (Imom Termiziy rivoyatlari)

Amr ibn Shuayb otasidan, u esa bobosidan rivoyat qiladilar. «Janob Rasululloh sollallohu alayhi vasallam masjidda she’r aytish va savdo-sotiq qilishdan qaytardilar».
(Imom Termiziy rivoyatlari)
Nom: Re: RASULULLOH QAYTARGANLAR. Ahmad Muhammad
Yuborildi: Muslimaxon 18 Oktyabr 2006, 19:50:47
Hazrati Oishadan (r.anho) rivoyat qilinadi. «Rasululloh sahobalarga rahm qilib, ro‘zani bir-biriga bog‘lashdan (ya’ni ikki ro‘zaning o‘rtasida iftorlik qilmaslikdan) man etganlar».
(Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari)

Muozdan (r.a.) rivoyat qilinadi. «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam hajda ne’matlarni ko‘z-ko‘z qilish va maishatparastlikdan qaytarganlar».
(Imom Ahmad rivoyatlari)
Nom: Re: RASULULLOH QAYTARGANLAR. Ahmad Muhammad
Yuborildi: Muslimaxon 18 Oktyabr 2006, 19:50:57
Abdulloh ibn Umar (r.a.) rivoyat qiladilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam haj va umra uchun ehrom bog‘lagan kishini ko‘ylak ham, salla ham, cholvor ham, burnus ham, mahsi ham kiymoqdan qaytardilar (Kavush topmagan kishi mahsi qo‘njini to‘pig‘idan past qilib kesib tashlab kiysa bo‘ladi).
(Imom Buxoriy rivoyatlari)

Abdulloh ibn Umar (r.a.) rivoyat qiladilar. «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ehrom bog‘lagan odamning vars yoki za’faron bilan bo‘yalgan kiyim kiymog‘ini man qildilar».
(Imom Buxoriy rivoyatlari)
Nom: Re: RASULULLOH QAYTARGANLAR. Ahmad Muhammad
Yuborildi: Muslimaxon 18 Oktyabr 2006, 19:51:07
Abdulloh ibn Abbosdan (r.a.) rivoyat qilinadi. «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Ka’bani tavof qilayotib bir odamning ikkinchi bir odamni tasma bilan yetaklab ketayotganini ko‘rib qoldilar-da, tasmani o‘z qo‘llari bilan qirqib tashladilar».
(Imom Buxoriy rivoyatlari)

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kimki yolg‘on so‘zlash odatini tashlamasa va Alloh qaytargan narsalardan qaytmasa, ro‘za tutgani bilan ro‘zasi qabul bo‘lmaydi, Alloh unga rahmat nazarini tashlamaydi».
(Imom Buxoriy rivoyatlari)
Nom: Re: RASULULLOH QAYTARGANLAR. Ahmad Muhammad
Yuborildi: Muslimaxon 18 Oktyabr 2006, 19:51:14
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam kishilarga rahm-shafqat qilib, ularning salomatliklarini o‘ylab, uzluksiz ro‘za tutmoqdan qaytarganlar va «dinda buyurilmagan narsalarni qilaman, deb o‘zini qiynamoqlik durust emas», deganlar.
(Imom Buxoriy rivoyatlari)
Nom: Re: RASULULLOH QAYTARGANLAR. Ahmad Muhammad
Yuborildi: Muslimaxon 20 Oktyabr 2006, 07:39:13
SAVDO - SOTIQDAGI QAYTARIQLAR


Jobirdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Payg‘ambar alayhissalom shunday deganlar: «Bir kishi biron-bir xurmozor yoki mevazor boqqa boshqa bir kishi bilan sherik holda egalik qilayotgan bo‘lsa, uni sotishda sherigining roziligini so‘rasin, rozilik bersa, sotsin, rozilik bermasa, savdodan qaytsin».
(Imom Muslim rivoyatlari)

Abdulloh ibn Umar (r.a.) rivoyat qiladilar. «Rasululloh sollallohu alayhi   vasallam   ozod   qilingan   qulga   homiylik   qilmoq   huquqini sotmoqdan va undan voz kechmoqdan qaytardilar». (Imom Buxoriy rivoyatlari)
Nom: Re: RASULULLOH QAYTARGANLAR. Ahmad Muhammad
Yuborildi: Muslimaxon 20 Oktyabr 2006, 07:39:24
Jobir ibn Abdulloh (r.a.) Payg‘ambar alayhissalomdan Makka fath qilingan yili o‘sha yerda turib: «Alloh va Uning elchisi xamr (aroq), cho‘chqa go‘shti, o‘limtik va sanamlarni sotishni harom, deb e’lon qildi», deganlarini eshitgan ekanlar. Shunda odamlar: «Ey Rasululloh, axir o‘limtik moyidan kemalarni moylashda, terilarni bo‘yashda, undan chiroq yasab uylarni yoritishda foydalaniladi-ku», deyishdi. Bunga Nabiy alayhissalom: «Yo‘q, u harom!», deb qat’iy javob berdilar.
(Imom Muslim rivoyatlari)

Abdulloh ibn Umar (r.a.) dedilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam birovning bozorini kasod qilmoq niyatida ataylab narx-navoni oshirmoqni man etdilar».
(Imom Buxoriy rivoyatlari)
Nom: Re: RASULULLOH QAYTARGANLAR. Ahmad Muhammad
Yuborildi: Muslimaxon 20 Oktyabr 2006, 07:39:35
Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Bir-birlaringizga hasadlashmang. O’zaro narxlarni oshirib yubormang (ya’ni sotib olish niyati bo‘lmasa-da narxini oshirish uchun yolg‘ondan baholashmang). Bir-birlaringizga g‘azab qilmang hamda orqa o‘girib munosabatlarni buzmang. Ba’zilaringiz ba’zilaringiz savdosi ustiga savdo qilmasin», dedilar.
(Imom Muslim rivoyatlari)

Abu Hurayra (r.a.) rivoyat qiladilar. «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam peshvoz chiqmoqdan (shaharga mol olib kelayotganlar bozorlarga yetib kelib, narx-navoni bilib olmaslaridan burun ularning mollarini arzon narxda sotib olib, qimmatga sotish uchun yo‘llariga peshvoz chiqmoqdan), muhojirning (ya’ni o‘troq kishining) ko‘chmanchi (molini olib qolib, qimmatga) sotib bermog‘idan, ayolning o‘z (muslima) singlisining taloq qilinmog‘ini shart qilib qo‘ymog‘idan, kishining o‘z (musulmon) birodari savdosi ustiga savdo qilmog‘idan (ya’ni o‘z molini sotish uchun birovning xaridorini aynitmog‘idan) hamda (o‘zgani aldash niyatida narxni) oshirishdan va sog‘maslikdan (ya’ni «sutga to‘lib tursa, xaridor sersut ekan, deb o‘ylaydi» degan maqsadda ataylab sog‘maslikdan yoki shu niyatda hayvon yelinini bog‘lab qo‘ymoqdan) qaytardilar». (Imom Buxoriy rivoyatlari)
Nom: Re: RASULULLOH QAYTARGANLAR. Ahmad Muhammad
Yuborildi: Muslimaxon 20 Oktyabr 2006, 07:39:43
Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat qilinadi. «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bozorga mol olib kelayotganlarning yo‘llarini to‘sib chiqib, ulardan ko‘tarasiga mol sotib olmoqni va u molni turgan yerida qayta sotib yubormoqni hamda o‘troq (ya’ni shaharlik) odamning ko‘chmanchi (ya’ni shaharlik bo‘lmagan) odam molini (biror haq evaziga dallollik qilib) sotib bermog‘ini man etdilar».
(Imom Buxoriy rivoyatlari)

Abu Said al-Xudriy (r.a.) rivoyat qiladilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam munobazadan qaytardilar (Munobaza - kishining o‘z matosini birovga ushlab ko‘rmaslik va taxini ochib qaramaslik sharti bilan sotmog‘i). Shuningdek u zot mulomasadan ham qaytardilar (Mulomasa - matoni taxini ochib ko‘rmay, faqat ushlab ko‘rish sharti bilan sotish)
(Imom Buxoriy rivoyatlari)
Nom: Re: RASULULLOH QAYTARGANLAR. Ahmad Muhammad
Yuborildi: Muslimaxon 20 Oktyabr 2006, 07:39:53
Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat qiladilar. «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam mulomasa va munobaza qilmoqdan, tongdan so‘ng quyosh chiqqunga qadar va asrdan so‘ng quyosh botgunga qadar namoz o‘qimoqdan (farzdan tashqari), avrati ochilib qoladigan darajada kalta kiyim kiymoqdan hamda bir yelkasini mato bilan o‘rab, ikkinchisini ochib yurmoqdan qaytardilar».
(Imom Buxoriy rivoyatlari)

Jobirdan   (r.a.)   rivoyat   qilinadi.   «Rasululloh   sollallohu  alayhi vasallam to‘ng‘iz (cho‘chqa) sotishni harom qilganlar». (Imom Buxoriy rivoyatlari)
Nom: Re: RASULULLOH QAYTARGANLAR. Ahmad Muhammad
Yuborildi: Muslimaxon 20 Oktyabr 2006, 07:40:00
Oishadan (r.anho) rivoyat qilinadi. «Baqara» surasining oxirgi oyati nozil bo‘lganida janob Rasululloh mast qiluvchi ichimliklar sotishni man qildilar».
(Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari)

Abu Minhol Barro ibn Ozib va Zayd ibn Arqamdan rivoyat qiladilar. «Nabiy alayhissalom oltinni kumushga qarzga (nasiyaga) sotishni taqiqladilar».
(Imom Buxoriy rivoyatlari)
Nom: Re: RASULULLOH QAYTARGANLAR. Ahmad Muhammad
Yuborildi: Muslimaxon 20 Oktyabr 2006, 07:40:09
Abu Bakra rivoyat qiladilar. «Nabiy alayhissalom kumushni kumushga, oltinni oltinga, agar qiymati va vazni bir-biriga teng bo‘lmasa, sotishni man qildilar».
(Imom Buxoriy rivoyatlari)

Abdulloh ibn Umar (r.a.) rivoyat qiladilar. «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tug‘ilmagan bo‘taloqni (tuya bolasini) sotishni man etdilar».
(Imom Buxoriy rivoyatlari)
Nom: Re: RASULULLOH QAYTARGANLAR. Ahmad Muhammad
Yuborildi: Muslimaxon 20 Oktyabr 2006, 07:40:18
Anas ibn  Molikdan (r.a.) rivoyat qilinadi.  «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam (qorong‘uda) matoni (taxini ochib ko‘rmay, faqat) ushlab ko‘rish sharti bilan savdo qilmoqdan qaytardilar». (Imom Buxoriy rivoyatlari)

Abdulloh ibn Umardan (r.a.) rivoyat qilinadi. «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sotib olingan oziq-ovqatlarni birmuncha vaqt o‘zida ushlab turmay va sotib olingan yeridan bo‘lak joyga olib bormay qayta sotishni man qildilar».
(Imom Buxoriy rivoyatlari)
Nom: Re: RASULULLOH QAYTARGANLAR. Ahmad Muhammad
Yuborildi: Muslimaxon 20 Oktyabr 2006, 07:40:27
Sulaymon   ibn   Abu   Muslim   bunday   dedilar:   «Janob   Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Nimaiki naqd bo‘lsa olinglar va nimaiki nasiyaga bo‘lsa, olmanglar», dedilar». (Imom Buxoriy rivoyatlari)

Umar ibn Xattob (r.a.) rivoyat qiladilar. Nabiy sollallohu alayhi vasallam hali daraxtdan uzib olinmagan ho‘l xurmoni xurmo qoqisiga va hali tokdan uzilmagan uzumni mayizga sotishni man qildilar (Chunki tupidan uzib olinmagan ho‘l mevaning vazni noma’lum bo‘lib, bunday savdoda bir tomonning haqi ikkinchisiga o‘tib ketadi).
(Imom Buxoriy rivoyatlari)
Nom: Re: RASULULLOH QAYTARGANLAR. Ahmad Muhammad
Yuborildi: Muslimaxon 20 Oktyabr 2006, 07:40:41
Abdulloh ibn Umardan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tupida turgan har qanday ho‘l mevani qoqisiga sotishni man etdilar. Ya’ni bu shunday savdo bo‘ladiki, bir kishi ikkinchi bir kishiga:  «Daraxtdagi mevalaringni turishicha menga sot, evaziga senga falon miqdorda qoqisidan beraman, agar mevani uzib olganimda ko‘p chiqsa-mayli, men foyda qilaman, basharti oz chiqsa, zarar qilsam ham mayliga», deydi».
(Imom Buxoriy rivoyatlari)

Anas ibn Molik (r.a.) rivoyat qiladilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam pishgan (daraxtdan uzib olingan) xurmoni (daraxtdagi) xom xurmoga, mayizni (yoki pishgan, tokdan uzib olingan uzumni tokdagi g‘o‘r) uzumga va (hali o‘rib olinmagan), boshog‘idan tozalanmagan bug‘doyni (o‘rib), boshog‘idan tozalab qo‘yilgan bug‘doyga sotishni man qildilar. (Imom Buxoriy rivoyatlari)
Nom: Re: RASULULLOH QAYTARGANLAR. Ahmad Muhammad
Yuborildi: Muslimaxon 20 Oktyabr 2006, 07:40:50
Abdulloh ibn Umar (r.a.) rivoyat qiladilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bog‘ning xom hosilini, agar u xurmo bo‘lsa - pishgan xurmoga, agar u uzum bo‘lsa - mayizga, agar u ekin bo‘lsa - biror oziq-ovqat mahsulotiga chamalab sotishdan qaytardilar.
(Imom Buxoriy rivoyatlari)

Jobir (r.a.) rivoyat qiladilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam (daraxtdagi xom) hosilni yaroqli bo‘lgani ko‘rinmay (ya’ni pishmay) turib sotmoqni man qildilar. (Bundan buyon) daraxtdagi xom hosil faqat dinoru dirhamga sotiladigan bo‘ldi, muhtoj kishiga vaqtincha berilgan daraxtdagi xom hosil bundan mustasnodir.
(Imom Buxoriy rivoyatlari)
Nom: Re: RASULULLOH QAYTARGANLAR. Ahmad Muhammad
Yuborildi: Muslimaxon 20 Oktyabr 2006, 07:40:58
Abu Hurayra (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam muhoqala (ekinzorni bug‘doyga sotish)ni va muzobana (daraxt tepasidagi pishmagan hurmoni quritilgan xurmoga almashtirish)ni man qildilar.
(Imom Termiziy rivoyatlari)

Abdulloh ibn Umardan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam don boshoqlari oqarmasdan va ofatdan omon qolgani bilinmasdan turib (daladagi hosilni) sotishni man qildilar, sotuvchini ham, oluvchini ham bundan qaytarganlar.
(Imom Termiziy rivoyatlari)
Nom: Re: RASULULLOH QAYTARGANLAR. Ahmad Muhammad
Yuborildi: Muslimaxon 20 Oktyabr 2006, 07:41:07
Anas ibn Molikdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uzumni qoraymagunicha va donni toki boshog‘ida qotmagunicha sotishdan qaytardilar.
(Imom Termiziy rivoyatlari)

Abu Mas’ud al-Ansoriy (r.a.) rivoyat qiladilar: «Nabiy alayhissalom it sotib, fohishalik hamda kohinlik (folbinlik) qilib topilgan pulni ishlatishdan qaytarganlar.
(Imom Buxoriy va Termiziy rivoyatlari)
Nom: Re: RASULULLOH QAYTARGANLAR. Ahmad Muhammad
Yuborildi: Muslimaxon 20 Oktyabr 2006, 07:41:19
FITRATNI O’ZGARTIRISHDAN QAYTARIQLAR

Abu Juhayfa (r.a.) rivoyat qiladilar. «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam it uchun va qon olganlik uchun haq olmoqdan, badanga igna bilan alomatlar chizdirish va chizishdan hamda sudxo‘rlikdan qaytardilar».
(Imom Buxoriy rivoyatlari)

Abdulloh ibn Dinor rivoyat qiladilar: «Abdulloh ibn Umar aytadilarki, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qaza’dan qaytaribdilar». (Qaza’ - o‘g‘il bolaning sochini olayotganda peshona tepasidagina soch qoldirib, boshqa joylarini olib tashlash).
(Imom Buxoriy rivoyatlari)
Nom: Re: RASULULLOH QAYTARGANLAR. Ahmad Muhammad
Yuborildi: Muslimaxon 20 Oktyabr 2006, 07:41:28
Asmo   binti   Abu   Bakr    (r.anho)    rivoyat    qiladilar:    «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ulama soch taqib qo‘yuvchi va ulama soch taquvchi ayollarni la’natladilar». (Imom Buxoriy rivoyatlari)

Alqamadan (r.a.) rivoyat qilinadi. «Abdulloh aytdiki, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam husn uchun igna bilan turli shakllar chizuvchi, qosh teruvchi va tishlar orasini kengaytiruvchi ayollarni, ya’ni Alloh taolo yaratgan a’zolarni o‘zgartiruvchi ayollarni la’natlaganlar».
(Imom Buxoriy rivoyatlari)
Nom: Re: RASULULLOH QAYTARGANLAR. Ahmad Muhammad
Yuborildi: Muslimaxon 20 Oktyabr 2006, 07:41:37
Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat qilinadi. «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ko‘z tegmog‘i haq narsadir», dedilar va igna bilan alomatlar chizmoqdan qaytardilar».
(Imom Buxoriy rivoyatlari)

Avn ibn Abu Juhayfa (r.a.) rivoyat qiladilar. «Ubayni ko‘rdim, u menga: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam (qortiq solib) qon olganlik uchun haq olmoqdan, it sotmoqdan, sudxo‘rlik va poraxo‘rlik qilmoqdan hamda bu ishlarda vositachi bo‘lmoqdan, igna bilan alomatlar chizmoq va chizdirmoqdan qaytardilar», dedi». (Imom Buxoriy rivoyatlari)
Nom: Re: RASULULLOH QAYTARGANLAR. Ahmad Muhammad
Yuborildi: Muslimaxon 20 Oktyabr 2006, 07:42:02
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam soch va soqolning oqlarini yulib tashlashni man etdilar.
(Imom Termiziy, Nasaiy, Ibn Moja rivoyatlari)

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Soch ulovchi va sochini ulatuvchi hamda yuzi va tishlarining rangi va shaklini o‘zgartiruvchi ayollarni Alloh taolo la’natlasin!»
(Imom Buxoriy, Muslim, Ahmad rivoyatlari)
Nom: Re: RASULULLOH QAYTARGANLAR. Ahmad Muhammad
Yuborildi: Muslimaxon 20 Oktyabr 2006, 07:42:09
Abdulloh ibn Abbosdan (r.a.) rivoyat qilinadi. «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Men ummatimga yaraga tamg‘a qizdirib bosmoqni man qilgayman», deganlar».
(Imom Buxoriy rivoyatlari)
Nom: Re: RASULULLOH QAYTARGANLAR. Ahmad Muhammad
Yuborildi: Muslimaxon 20 Oktyabr 2006, 07:42:22
 ICHIMLIKLARGA OID QAYTARIQLAR

Abu Qatoda (r.a.) otalaridan naql qiladilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deb aytdilar: «Birortangiz (suv yoki boshqa biror ichimlik) ichsangiz, idish ichiga nafasingizni chiqarmang va agar birortangiz peshob qilsangiz o‘ng qo‘lingiz bilan olatingizni poklamangiz».
(Imom Buxoriy rivoyatlari)

Abu Said al-Xudriydan (r.a.) rivoyat qilinadi. «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam meshlarning og‘zini buzib, ulardan suv ichmoqdan qaytardilar».
(Imom Buxoriy rivoyatlari)
Nom: Re: RASULULLOH QAYTARGANLAR. Ahmad Muhammad
Yuborildi: Muslimaxon 20 Oktyabr 2006, 07:42:33
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam oltin va kumush idishlarda, uchgan va darz ketgan idishlarda suv ichmoqdan qaytardilar. («Ming bir hadis»)

Abdulloh ibn Abu Avfo (r.a.) rivoyat qiladilar. «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ko‘k ko‘zadan foydalanmoqdan qaytardilar. Shunda men: «Oq chinni ko‘zada ichsak bo‘ladimi?», deb so‘radim. U zot: «Yo‘q!», dedilar». (Ko‘za hoh oq, hoh ko‘k bo‘lsin, undagi meva suvi achib, mast qiladigan bo‘lib qolsa, ichish mumkin emas).
(Imom Buxoriy rivoyatlari)
Nom: Re: RASULULLOH QAYTARGANLAR. Ahmad Muhammad
Yuborildi: Muslimaxon 20 Oktyabr 2006, 07:42:48
Ali ibn Abu Tolib (k.v.) rivoyat qiladilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qovoqdan yasalgan va mumlangan idishlardan foydalanmoqdan qaytardilar».
(Imom Buxoriy rivoyatlari)

Ibrohimning rivoyatlarida mo‘minlar onasi Oisha (r.anho) shunday dedilar: «Janob Rasululloh bizni, ya’ni barcha xonadon a’zolarini qovoq va mumlangan idishlarda sharob tayyorlamoqdan qaytarganlar».
(Imom Buxoriy rivoyatlari)
Nom: Re: RASULULLOH QAYTARGANLAR. Ahmad Muhammad
Yuborildi: Muslimaxon 20 Oktyabr 2006, 07:42:56
Jobirdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam mayizdan hamda quritilgan, xom va yangi uzilgan xurmolardan (sharob tayyorlamoqdan) qaytardilar».
(Imom Buxoriy rivoyatlari)

Rasululloh    sollallohu    alayhi    vasallam    aytdilar:    «Ko‘pi    mast qiladigan ichimlikning ozidan ham sizlarni qaytaraman». (Imom Nasaiy rivoyatlari)
Nom: Re: RASULULLOH QAYTARGANLAR. Ahmad Muhammad
Yuborildi: Muslimaxon 20 Oktyabr 2006, 07:43:04
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam har qanday mast qiluvchi va bo‘shashtiruvchi (giyohvand) narsalarni iste’mol qilishni man etganlar. (Abu Dovud va Ahmad rivoyatlari)

Abdulloh ibn Abu Qatoda otalaridan naql qiladilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam quritilgan xurmo bilan endigina rang kirgan xurmoni hamda quritilgan xurmo bilan mayizni bir-biriga qo‘shmoqdan qaytarganlar. Bularning har biridan alohida sharbat tayyorlanadi».
(Imom Buxoriy rivoyatlari)
Nom: Re: RASULULLOH QAYTARGANLAR. Ahmad Muhammad
Yuborildi: Muslimaxon 20 Oktyabr 2006, 07:43:15
Jobirdan (r.a.) rivoyat qilinadi. «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Kim Allohga va oxirat kuniga iymon keltirgan bo‘lsa hammomga ishtonsiz kirmasin. Kim Allohga va oxirat kuniga iymon keltirgan bo‘lsa, jufti halolini hammomga kiritmasin. Kim Allohga va oxirat kuniga iymon keltirgan bo‘lsa, xamr (aroq) aylantirib turilgan dasturxon atrofida o‘tirmasin», dedilar».
(Imom Termiziy va Hokim rivoyatlari)

Abdulloh ibn Abbos (r.a.) rivoyat qiladilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sut ichgach (suv bilan) og‘izlarini chayqab tashladilar va «sutda yog‘ bor», dedilar (ya’ni tahoratli kishi tarkibida yog‘ bo‘lgan biror ichimlik yoki taom iste’mol qilgach, og‘zini suv bilan chayqab tashlab, so‘ngra namoz o‘qishi kerak). (Imom Buxoriy rivoyatlari)
Nom: Re: RASULULLOH QAYTARGANLAR. Ahmad Muhammad
Yuborildi: Muslimaxon 20 Oktyabr 2006, 07:43:22
Zuhriy bunday deydilar: «Inson peshobini ichish qat’iyan man etiladi, chunki u nopokdir. Alloh taolo: «Sizlar uchun pokiza ne’matlar halol qilindi», deydi».
(Imom Buxoriy rivoyatlari)
Nom: Re: RASULULLOH QAYTARGANLAR. Ahmad Muhammad
Yuborildi: Muslimaxon 20 Oktyabr 2006, 07:43:35
 OVQATLANISHDAGI QAYTARIQLAR

Anas ibn Molik (r.a.) rivoyat qiladilar. «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam vafot etgunlariga qadar xontaxtada ovqatlanmadilar va yumshoq non tanovul qilmadilar».
(Imom Buxoriy rivoyatlari)

Jobir ibn Abdullohdan (r.a.) rivoyat qilinadi. «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Xaybar jangi kunida xonaki eshak, xachir, oziq tishli yirtqich hayvonlar va changak tirnoqli (yirtqich) qushlar go‘shtini iste’mol qilishdan qaytardilar».
(Imom Buxoriy va Termiziy rivoyatlari)
Nom: Re: RASULULLOH QAYTARGANLAR. Ahmad Muhammad
Yuborildi: Muslimaxon 20 Oktyabr 2006, 07:43:47
Jobir ibn Abdullohdan (r.a.)  rivoyat qilinadi.  «Rasululloh (s.a.v) bizga ot go‘shtini yedirdilar va eshak go‘shtini yeyishdan qaytardilar». (Imom Termiziy rivoyatlari)

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sabir (aloe) kabi zaharli giyohlarni ko‘p iste’mol qilib, xoh inson, xoh hayvonlarning o‘lib ketishini man etganlar.
(Abu Dovud rivoyatlari)
Nom: Re: RASULULLOH QAYTARGANLAR. Ahmad Muhammad
Yuborildi: Muslimaxon 20 Oktyabr 2006, 07:43:56
Jibilla (r.a.) rivoyat qiladilar: «Biz Madinada bir guruh iroqliklar orasida edik. Ibn Zubayr bizni xurmo bilan mehmon qilayotgan edi. Shu asnoda Ibn Umar yonimizdan o‘tib ketayotib: «Janobi Rasululloh juftlab yeyishdan qaytarganlar, ammo bunga egasi ruxsat etsa - joizdir», dedilar».
(Imom Buxoriy rivoyatlari)

Ibn Imron rivoyat qiladilar: «Payg‘ambar alayhissalom Xaybar kuni sarimsoq piyoz va eshak go‘shti yeyishdan qaytardilar».
(Imom Buxoriy rivoyatlari)
Nom: Re: RASULULLOH QAYTARGANLAR. Ahmad Muhammad
Yuborildi: Muslimaxon 20 Oktyabr 2006, 07:44:04
Zuhriy (r.a.) rivoyat qiladilar. «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qoziq tishli barcha hayvonlar (sher, bo‘ri, tulki, ayiq, yo‘lbars, fil, maymun va boshqalar) go‘shtini yemoqdan qaytardilar».
(Imom Buxoriy rivoyatlari)
Nom: Re: RASULULLOH QAYTARGANLAR. Ahmad Muhammad
Yuborildi: Muslimaxon 24 Oktyabr 2006, 13:38:35
 KIYINISHDAGI QAYTARIQLAR

Abu Umar Barro ibn Ozibdan (r.a.) rivoyat qilinadi. «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yetti narsaga buyurib, yetti narsadan qaytarganlar. Qaytarganlari: 1) tilla uzuk taqmoq, 2) kumush idishda ichmoq, 3) tuya egarlariga kimxob yoki ipakli mato to‘shamoq, 4) ipak va kanop aralashmasidan libos kiymoq, 5) ipak gazlama kiymoq, 6) qalin ipak kiymoq, 7) yupqa ipak kiymoq».
(Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari)

Barro ibn Ozib rivoyat qiladilar. «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bizni (ya’ni erkaklarni) yetti narsadan qaytarganlar: 1) kumush idish tutmoqdan, 2) tilla uzuk taqmoqdan, 3) ipakli kiyim kiymoqdan, 4) deboj (guldor ipakli kiyim) kiymoqdan, 5) qasiy (dag‘al matodan kiyim) kiymoqdan, 7) rivoyatda tushirib qoldirilgan.
(Imom Buxoriy rivoyatlari)
Nom: Re: RASULULLOH QAYTARGANLAR. Ahmad Muhammad
Yuborildi: Muslimaxon 24 Oktyabr 2006, 13:38:47
Abu Hurayra va Imron ibn Husayndan (r.a.) rivoyat qilinadi. «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam erkaklarni tilla uzuk taqishdan qaytardilar».
(Imom Buxoriy va Termiziy rivoyatlari)

Huzayfa ibn Yamon (r.a.) rivoyat qiladilar. «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam oltin va kumush idishda yeb-ichmoqni, harir (yupqa) deboj kiymoqni hamda bunday matolar ustida o‘tirmoqni bizga man qildilar».
(Imom Buxoriy rivoyatlari)
Nom: Re: RASULULLOH QAYTARGANLAR. Ahmad Muhammad
Yuborildi: Muslimaxon 24 Oktyabr 2006, 13:38:59
Barro ibn Ozib deydilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qizil maysara va qassiy kiymog‘imizdan qaytardilar».
(Imom Buxoriy rivoyatlari)

Abdulaziz Anas ibn Molikdan (r.a.) naql qilib deydilar: ««Rasululloh sollallohu alayhi vasallam erkaklarning za’faron ishlatmog‘ini man qildilar».
(Imom Buxoriy rivoyatlari)
Nom: Re: RASULULLOH QAYTARGANLAR. Ahmad Muhammad
Yuborildi: Muslimaxon 24 Oktyabr 2006, 13:39:14
Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat qilinadi. «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam kishining yalang qavat kiyim kiyib yurmog‘idan hamda uning etagini yelkasiga tashlab olmog‘idan qaytardilar (chunki u shunday qilsa, avrati ko‘rinib qoladi).
(Imom Buxoriy rivoyatlari)
 
Abu Said al-Xudriydan (r.a.) rivoyat qilinadi. «Janob Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yengi yo‘q va tor kiyim kiymoqni va tizzani quchoqlab, oldini ochib o‘tirmoqni qattiq qoraladilar».
(Imom Buxoriy rivoyatlari)
Nom: Re: RASULULLOH QAYTARGANLAR. Ahmad Muhammad
Yuborildi: Muslimaxon 24 Oktyabr 2006, 13:39:25
NIKOHGA DOIR QAYTARIQLAR

Samura ibn Jundubdan (r.a.) rivoyat qilinadi. «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uylanmaslikdan qaytardilar». (Imom Buxoriy rivoyatlari)

Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat qilinadi. «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bir musulmonning ikkinchi musulmon kishi savdosi ustiga savdo qilishdan va sovchi yuborganning ustidan sovchi yuborishdan qaytardilar». (Imom Termiziy rivoyatlari)
Nom: Re: RASULULLOH QAYTARGANLAR. Ahmad Muhammad
Yuborildi: Muslimaxon 24 Oktyabr 2006, 13:39:35
Ali ibn Abu Tolib rivoyat qiladilar. «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Xaybar kuni ayollarni mut’a qilishdan va eshak go‘shti yeyishdan qaytardilar». (Mut’a - biror ayolni ma’lum muddatga va kelishilgan mablag‘ evaziga muvaqqat nikohga olish. Keyinchalik buning makruhligiga fatvo berilgan bo‘lib, faqat shia mazhabida mavjud).
(Imom Buxoriy rivoyatlari)

Ali ibn Abu Tolib rivoyat qiladilar. «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Xaybar g‘azoti kuni muvaqqat (siyg‘a) nikohni bekor qilib, xonaki eshaklar go‘shtini yemoqdan qaytardilar».
(Imom Buxoriy rivoyatlari)
Nom: Re: RASULULLOH QAYTARGANLAR. Ahmad Muhammad
Yuborildi: Muslimaxon 24 Oktyabr 2006, 13:39:46
Jobir (r.a.) rivoyat qiladilar. «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ayolning o‘z ammasi yoki xolasining ustiga nikohlanmog‘ini man qildilar».
(Imom Buxoriy rivoyatlari)

Abdulloh ibn Umar (r.a.) rivoyat qiladilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam «shig‘or» dan qaytardilar». (Shig‘or - bir kishining o‘z qizini (yoki singlisini) birovga uning qiziga (yoki singlisiga) uylanish sharti bilan erga berishidir. Bunda har ikki tomon ham mahr bermaydi).
(Imom Buxoriy rivoyatlari)
Nom: Re: RASULULLOH QAYTARGANLAR. Ahmad Muhammad
Yuborildi: Muslimaxon 24 Oktyabr 2006, 13:40:01
Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Eri huzurida bo‘lgan ayolning erining iznisiz ro‘za tutmog‘i halol emas hamda ayol erining uyiga uning ruxsatisiz biror kishining kirmog‘iga   izn  bermasin   va  erining  buyrug‘isiz  biror  narsani  sarf  ilmasin,   chunki   o‘sha   sarf   qilingan   narsaning   yarmi   erinikidir», dedilar».
(Imom Buxoriy rivoyatlari)

Ibn Shihob rivoyat qiladilar. Alloh taoloning «Ularga uylanishga rag‘bat qilasizlar», degan qavlidan murod shuki, Alloh taolo yetim qizlarga ularning moli va jamoli uchun uylanishni man qiladi, ya’ni yetim qizlar agar go‘zal bo‘lsalar, ularga shar’iy mahr bermasdan uylanishdan, agar xunuk bo‘lsalar, ularning moli qo‘ldan ketmasin, deb o‘zlari uylanmay, birovga ham erga bermay zulm qilishdan qaytaradi.
(Imom Buxoriy rivoyatlari)
Nom: Re: RASULULLOH QAYTARGANLAR. Ahmad Muhammad
Yuborildi: Muslimaxon 24 Oktyabr 2006, 13:40:12
Ibn Abbosning (r.a.) mavlosi Abu Ma’bud rivoyat qiladi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Ayol yonida mahrami bo‘lmasa safarga chiqmasin va yonida mahrami bo‘lmagan ayol oldiga nomahram kirmasin», dedilar».
(Imom Buxoriy rivoyatlari)
Nom: Re: RASULULLOH QAYTARGANLAR. Ahmad Muhammad
Yuborildi: Muslimaxon 24 Oktyabr 2006, 13:40:24
 HAYVONLARGA ZULMDAN QAYTARIQLAR

Abdulloh (r.a.) bunday deydilar: «Bir mahal men bir ilonni o‘ldirmoqchi bo‘lib ta’qib etayotgan edim. Abu Luboba menga: «Uni o‘ldirma», deb qichqirdi. Men «Axir Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ilonlarni o‘ldirmoqqa amr qilganlar-ku», dedim. U: «Shundan keyin u zot xonaki (oq) ilonlarni o‘ldirmoqdan qaytarganlar, ular uylarda yashovchi jinlardir», dedi».
(Imom Buxoriy rivoyatlari)

Hishom ibn Zayd rivoyat qiladilar: «Men Anas bilan birga Hakam ibn Ayyubning huzuriga kirdim. Anas bir guruh bolalarning bir tovuqni bog‘lab qo‘yib toshbo‘ron qilayotganlarini ko‘rib: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam jonivorlarni ushlab olib (qiynamoqdan) qaytarganlar», dedilar».
(Imom Buxoriy rivoyatlari)
Nom: Re: RASULULLOH QAYTARGANLAR. Ahmad Muhammad
Yuborildi: Muslimaxon 24 Oktyabr 2006, 13:40:35
Abdulloh ibn Yazid rivoyat qiladilar. «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam  birovning  molini  o‘g‘irlamoqdan     (tortib  olmoqdan)  hamda jonivorlarga azob bermoqdan qaytarganlar». (Imom Buxoriy rivoyatlari)

Abdulloh ibn Umar (r.a.) molning yuziga belgi qo‘ymoqlikni rad etib: «Janob Rasululloh molning yuziga tamg‘a bosmoqdan qaytarganlar», dedilar.
 (Imom Buxoriy rivoyatlari)
Nom: Re: RASULULLOH QAYTARGANLAR. Ahmad Muhammad
Yuborildi: Muslimaxon 24 Oktyabr 2006, 13:40:45
Jobir ibn Abdulloh (r.a.) rivoyat qiladilar. «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam maxluqlar yuziga tamg‘a bosishdan va yuziga urmoqdan qaytardilar».
(Imom Buxoriy rivoyatlari)

Abdulloh ibn Abbosdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam jonivorlarni (hayvon va qushlarni) nishon qilib o‘q otishdan qaytarganlar».
(Imom Termiziy rivoyatlari)
Nom: Re: RASULULLOH QAYTARGANLAR. Ahmad Muhammad
Yuborildi: Muslimaxon 24 Oktyabr 2006, 13:40:56
Abdulloh ibn Abbosdan (r.a.) rivoyat qilinadi. «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam hayvonlarni bir-biri bilan urishtirishdan qaytardilar».
(Imom Termiziy rivoyatlari)

Abdul Malih otasidan shunday rivoyat qiladi: «Rasululloh sollallohu alayhi  vasallam  yirtqich hayvonlar terisini  yerga to‘shashdan  va uni iste’mol qilishdan (ishlatishdan) qaytardilar». (Imom Termiziy rivoyatlari)
Nom: Re: RASULULLOH QAYTARGANLAR. Ahmad Muhammad
Yuborildi: Muslimaxon 24 Oktyabr 2006, 13:41:06
Abdulloh ibn Umardan (r.a.) rivoyat qilinadi. «Nabiy sollallohu alayhi vasallam erkak hayvonni (urg‘ochi hayvonni qochirib olish uchun) ijaraga berib haq olishdan qaytardilar».
(Imom Buxoriy rivoyatlari)

Abdulloh ibn Umardan (r.a.) rivoyat qilinadi. «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday dedilar: «Hech kim birovning sog‘in hayvonini egasining ruxsatisiz sog‘masin! Birontangiz ichimlik manbaingiz birovning qo‘liga o‘tmog‘ini, (ya’ni) xazinangiz (eshigi) sindirilib, boyligingiz olib ketilmog‘ini istaysizmi? Darhaqiqat, odamlarning sog‘in hayvonlari yelini ular uchun rizq-ro‘z manbaidir. Shu bois hech kim birovning sog‘in hayvonini egasining ruxsatisiz sog‘masin!»
(Imom Buxoriy rivoyatlari)
Nom: Re: RASULULLOH QAYTARGANLAR. Ahmad Muhammad
Yuborildi: Muslimaxon 24 Oktyabr 2006, 13:45:13
MUNDARIJA

Muqaddima (http://forum.ziyouz.com/index.php?topic=839.msg25266#msg25266)
Axloq-odob sohasidagi qaytariqlar (http://forum.ziyouz.com/index.php?topic=839.msg25270#msg25270)
Ibodatga doir qaytariqlar (http://forum.ziyouz.com/index.php?topic=839.msg26387#msg26387)
Savdo-sotiqdagi qaytariqlar (http://forum.ziyouz.com/index.php?topic=839.msg27215#msg27215)
Fitratni o’zgartirishdan qaytariqlar (http://forum.ziyouz.com/index.php?topic=839.msg27228#msg27228)
Ichimliklarga oid qaytariqlar (http://forum.ziyouz.com/index.php?topic=839.msg27233#msg27233)
Ovqatlanishdagi qaytariqlar (http://forum.ziyouz.com/index.php?topic=839.msg27241#msg27241)
Kiyinishdagi qaytariqlar (http://forum.ziyouz.com/index.php?topic=839.msg28462#msg28462)
Nikohga doir qaytariqlar (http://forum.ziyouz.com/index.php?topic=839.msg28466#msg28466)
Hayvonlarga zulmdan qaytariqlar (http://forum.ziyouz.com/index.php?topic=839.msg28471#msg28471)
Nom: Re: RASULULLOH QAYTARGANLAR. Ahmad Muhammad
Yuborildi: AbdulAziz 02 Dekabr 2007, 02:30:54
Rasululloh SAV qaytarganlar

(http://www.ziyouz.com/images/books/qaytargan.jpg) (http://www.ziyouz.com/index.php?option=com_remository&Itemid=57&func=fileinfo&id=69)

Muallif: Ahmad Muhammad

Hajmi: 89 Kb
Fayl tipi: PDF

Saqlab olish (http://www.ziyouz.com/index.php?option=com_remository&Itemid=57&func=fileinfo&id=69)

Online o'qish (http://forum.ziyouz.com/index.php?topic=839.0)