QASOS
Tohir Malik
Nomussizlik gar ilashsa nikoh ipiga Ayol qalbi shu qadar ham qonsiragayki, Topolmaysiz yer yuzidan bunaqasini!
Dugonasi xushxabar aytib, suyunchi so‘radi.
Latifa buni eshitib, quvonishi lozim edi. Chunki, shu hol yuz berishini istab, Xudoga necha bor munojot etdi. Allohga iltijolarim yetib borarmikin, niyatimga yetmay o‘lib ketmasmikinman, deb qo‘rqib yurgan kezlari ham bo‘ldi. Nihoyat... ohlari Yaratganga yetib boribdi. Shu hol yuz bersa armonim qolmaydi, quvonchlarim dunyoga sig‘may ketadi, deb o‘ylardi.
Xushxabarni eshitib nimaga quvonmadi? Vujudiga nima uchun afsus to‘r yoya boshladi? Ko‘ngilga shodlik baxsh etishi lozim bo‘lgan yangilikni yetkazgan dugonasiga nima uchun javob qaytarmay, jimib qoldi? Bu holati suyunchilab telefon qilgan dugonasigagina emas, hatto o‘ziga ham noma’lum edi.
-Latif, eshityapsanmi?-dugonasi go‘shakning garang qulog‘ini ochmoqchi bo‘lgandek, bir-ikki qattiq pufladi.
-Eshityapman,-dedi Latifa siniq ovozda.
-Ering qo‘l-oyoqsiz, shol bo‘lib qolibdi. Tili ham aylanmasmish. Xotini uyiga olib kelmay, kasalxonadan to‘ppa-to‘g‘ri qariyalar uyiga olib borib tashlabdi. Voy tavba-ya! O’ttiz besh yoshli yigitni ham qariyalar uyiga olaverishar ekanda-a? Eshityapsanmi?