Onamning ovozi edi. Ichkariga yurdim. Ko‘rgan manzaram shunday edi: onam o‘rinda, ustiga ko‘rpani tortgan, orqasini eshikka o‘girib o‘tirar edi. Ko‘rpa-to‘shak zo‘rg‘a sig‘adigan joy naridan-beri tozalangan, singan ashqol-dashqollar bir tomonga surib qo‘yilgan, atrofi changligidan oyoq bosib bo‘lmaydigan holga kelgan bu iflos yer onam uchun yotoqxona, xotinimning ta’biri bilan aytganda, munosib xona bo‘lgan edi.
Turganida boshini egmasa shiftga tegar, yillar bo‘yi yig‘ilgan chang va mog‘ordan boshqa fazilati bo‘lmagan chordoq edi onamga loyiq ko‘rilgan joy. Ko‘zlarimdan qo‘yilgan yoshlarni artib:
— Ona, bu yerda nima qilayapsiz? Qani, pastga tushaylik, — dedim. Boshini ham burmasdan:
— Sizlar pastda yashayveringlar. Bu yerda bemalolroqman, menga shu yer qulay, — dedi. Ovozi siniq edi.
— Nega menga aytmadingiz, ona? "Menga shu yerda yot deyapti", deb nega aytmadingiz?
— Nega aytay, o‘g‘lim. O’zing: "Men aytsam yaxshi bo‘lmaydi. Sen ayt, onam ovqatini alohida yesin, pastda ham yotmasin. Mening xabarim yo‘qdek chiqaversin. Mehmon kelganda siqilishib qolamiz. Men aytsam xafa bo‘ladi", debsan-ku, — dedi.
Keyin chuqur xo‘rsinib:
— Shunaqa, o‘g‘lim, — dedi. — Bir paytlar jajjigina go‘dak bo‘lganing, meni tong sahargacha uxlatmaganlaring, yuzingga birorta pashsha qo‘nmasin deb soatlab qo‘riganlarimni bilmaganliging uchun shunday qilsang ranjimayman. Shu yoshga kelguningcha bir og‘iz yomon so‘z aytdimmi? Seni o‘rtoqlaringdan uyaladigan axloq bilan ulg‘aytirdimmi? Yoki jomelarda domlalar onangizni shu kuyga soling, deb nasihat beradimi?