— Shunday zot... shu yerda yotibdimi-a? — dedi Bo-tir firqa.
— Ha, ichkarida yotibdi. Endi, Toshkent Kremldan yiroqroqda. Bu degan so‘z, general Grigorenko sovet xalqi nazaridan olisda, chet el matbuotidan olisda, jahon ommasi e’tiboridan olisda, degan so‘z.
— Ammo-lekin ana shu general halol kommunist, deyishadi. Beyoziqdan-beyoziq yotibdi, deyishadi.
— Bo‘lsa bordir. Lekin KPSS diagnoz qo‘ygan! O’rtoq Suslov: «Grigorenko jinni», deb aytgan! Ana, bizda kimlar davolanyapti! Siz bo‘lsa, shoir-shoir, deysiz. Shoiringiz kim bo‘pti?
— Davolash kerak, jamiyatimizga sog‘lom kommunistlar zarur, davolash kerak.
— Davolayapmiz, sovet meditsinasining so‘nggi yutuqlari asosida davolayapmiz.
Botir firqa kasalxonaga qaray-qaray yurdi. Kasalxonaga qaray-qaray mashinaga o‘tirdi.
«Qabriston, qabriston! — dedi Botir firqa. — Bu kasalxona emas, tirik insonlar qabristoni. Asl qabristonga o‘lik insonlarni ko‘madi, bu qabristonga... tirik insonlarni ko‘madi».