— Imoningiz pok bo‘lsa bo‘pti-da, rais bova.
— Shunday, shunday. Hamma gap — imonda! Insonni inson etuvchi — imon. Dunyoni dunyo etuvchi — imon. Bir so‘z bilan aytsak, imon bilan yashash kerak! Zamon bo‘lsa — teskari ketyapti. Mana, hamma xudoga sig‘inib boshladi. Buni oqibati yaxshi bo‘lmaydi. Xudoga sig‘inish bora-bora nimalarga olib keladi, bilasanmi? Xudoga sig‘inish... shaxsga sig‘inishga olib boradi! Ishonchim komil, xudoga sig‘inish... shaxsga sig‘inishga olib boradi.
— Shular xudoni biladimi? Ishi yo‘q namoz o‘qiydi, noni yo‘q ro‘za tutadi, deydilar. Ana, bular kimlar.
Chin, har bir musulmon farzandi uchun Qur’on tabarruk kitob. Aytishlaricha, Qur’on yettinchi asrda nozil bo‘lgan. Ammo-lekin hozir yigirmanchi asr yakunlanyapti, yigirmanchi asr! Yettinchi asr gapi tugul, mana shu yigirmanchi asr boshidagi gaplar bugungi kunga to‘g‘ri kelmay qoldi. Yigirmanchi asr shunday bir nuqtaga keldi... O’tgan yilgi gap bu yilga to‘g‘ri kelmay qoldi. Kechagi gap bugunga to‘g‘ri kelmay qoldi! Masalan, Qur’on ham Hadislarda... otangni o‘ldirganga... onangni ber, deydi. Dushmaning chap yuzingga ursa, sen... o‘ng yuzingni tutib ber, deydi. Ushbu pand-nasihatlarni qanday tushunsa bo‘ladi? Kim qanday tushunadi — o‘zi biladi. Ammo-lekin ushbu pand-nasihatlarni men mana bunday tushunaman: ey xalq, qo‘ymijoz bo‘l! Ey xalq, poda bo‘l! Bizni baran-baran deydilar. Afsuski, shu gapda jon bor. Asrlar mobaynida miyamizga singdirib kelinmish mazkur pand-nasihatlar... baranligamizni tamal toshi emasmikin? Yillar mobaynida qulog‘imizga quyib kelinmish ushbu pand-nasihatlar bizni... qo‘ymijoz qilib qo‘ymadimikin? Ertadan-kechgacha qulogimiz ostida jaranglab turmish pand-nasihatlaridan... qo‘ymijoz bo‘lib qolmadikmikin? Xudoga shukur, biz ham musulmon farzandimiz. Xudoni o‘zi kechirsin. Ammo-lekin shu haqda bir o‘ylab ko‘rishimiz kerak...