Tog'ay Murod. Bu dunyoda o'lib bo'lmaydi (roman)  ( 149166 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 19 ... 33 B


AbdulAziz  03 Dekabr 2006, 06:01:06

Shunday bo‘lsa-da, o‘z-o‘zidan ko‘ngli to‘ldi. O’z-o‘zidan minnatdor bo‘ldi. Ich-ichidan orom topdi. Ich-ichidan taskin topdi.
«Men o‘z partiyaviy burchimni bajardim, — dedi. — Bitta g‘alamislikni yo‘q qildim. Bitta fisq-fasodni tor-mor etdim. Hali yana... o‘n sakkiz million kommunist bor. Uch millionta gazeta o‘n sakkiz million kommunist oldida nima degan gap? Ishonamanki, mening o‘n sakkiz million kommunist safdoshlarim ana shu uch millionta gazetani... burda-burda qilib tashlaydi! Yashasin va yashnasin, Ulug‘ Oktyabr sotsialistik revolyutsiyasi!»
— Ura-a-a! — deya xitob etdi.
Xitobdan uy ichi zir-zir etdi. Deraza tokchasida turmish musicha pirillab uchdi.
Botir firqa bosib-bosib choy ichdi. O’zini bosib oldi.
Peshona terlarini arta-arta yotdi. Chalqancha yotdi. Dastro‘molini peshonasiga qo‘yib yotdi. Ko‘zlarini yumib yotdi.
U endi zamonaviy o‘yladi. Qayta quruvchilarcha o‘yladi. Demokratlarcha o‘yladi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  03 Dekabr 2006, 06:02:35

«Zamon senga boqmasa, sen zamonga boq, deydilar, — dedi. — Xo‘p, anavi qayta quruvchi shoirlarcha o‘ylaylik, deylik. Chin, Ulug‘ Oktyabr revolyutsiyasi... qaysi bir yurtlar uchun inqiroz bo‘ldi, qaysi bir xalqlar uchun fojia bo‘ldi. Masalan, Boltiqbo‘yi respublikalari uchun... inqiroz bo‘ldi. Boltiqbo‘yi xalqlari uchun... fojia bo‘ldi. Boisi, Boltiqbo‘yi yurtlari Yevropa mamlakatlari edi, tsivilizatsiya o‘lkalari edi. Litva nemisdan qolishmas edi. Latish inglizdan, eston frantsuzdan kam emas edi. Sovet tuzumi ana shu tsivilizatsiyali Boltiqbo‘yi respublikalarini... ko‘p qatori kilib qo‘ydi. Sovet tuzumi tsivilizatsiyali latish bilan... o‘z yozuvi yo‘q chukchani... bab-baravar etib qo‘ydi. Sovet tuzumi Sankt-Peterburgdan Saxalingacha yoyilgan mamlakatni... bir xil etib qo‘ydi. Sankt-Peterbugdan Saxalingacha yoyilgan turli darajadagi xalqlarni... tenglar ichra teng etib qo‘ydi. Vaholanki, Ulug‘ Oktyabr revolyutsiyasigacha yolg‘iz... Sankt-Peterburg Yevropa tsivilizatsiyasi darajasida edi. Sovet tuzumi kelgunicha O’zbekiston... feodal o‘lka edi, feodal! Sovet tuzumi o‘zbek xalqi turmushiga... tsivilizatsiya olib keldi! Chin, bizda oldinlari-da tsivilizatsiya bor edi. Buxoroda tsivilizatsiya bor edi. Samarqandda tsivilizatsiya bor edi. Xivada tsivilizatsiya bor edi! U... osiyocha tsivilizatsiya edi! Sovet tuzumi... yevropacha tsivilizatsiya olib keldi! Ilg‘or tsivilizatsiya olib keldi! O’zi, imperiya — tsivilizatsiya, demak! Imperiya azal-azaldan tsivilizatsiya tarqatadi. Imperiyani imperiya etib turuvchi qudratlardan biriyam — tsivilizatsiyadir. Shu bois, imperiyani qadami borgan joyga tsivilizatsiya-da boradi. Masalan, Iskandar Zulqarnayn zabt etgan el-yurt madaniyati gullab-yashnadi. Ikki-uch asr yashnadi! Ushbu barq urib gullagan davr tarihda ellinizm davri, deya nom oldi. Ana shu ellinizm davridan keyin Iskandar Zulqarnayn imperiyasi-da tugadi. Keyin, rimliklar Yevropaga yurish boshladi. Rimliklar... varvar Yevropani tsivilizatsiyaga da’vat etdi. Rimliklar varvar yevropaliklarga... varvarlarcha munosabatda bo‘ldi. Varvar yevropaliklarni... tsivilizatsiyalashtirdi! Ko‘p o‘tmadi, rimliklar imperiyasi-da barham topdi. Sovet imperiyasi-da... ana shunday bo‘ldi! Sovet imperiyasi... feodal o‘zbek xalqini tsivilizatsiyalashtirdi! Sovet imperiyasi... feodal o‘zbek xalqini... o‘ris xalqi saviyasiga ko‘tardi, ukrain xalqi saviyasiga ko‘tardi. Bilmadim, sovet imperiyasi bo‘lmasa... saviyamiz qanday bo‘lar edi...»
—    Yashasin sovet tuzumi! — dedi Botir firqa. — Sovet tuzumiga shon-sharaflar bo‘lsin!

Qayd etilgan


AbdulAziz  03 Dekabr 2006, 06:02:44

39


U darvozadan inqillab kirdi. Tokso‘ri ostida cho‘kdi. Dami chiqmish koptok misol o‘tirdi.
Kampiri oshxona derazasidan yuz ko‘rsatdi.
—    Keldingizmi, rais bova? — dedi.
—    Charchadim, itday charchadim.
—    Yig‘ilish yaxshi o‘tdimi?
—    Dunyoni... surbet bosib ketibdi, kampir. Kechagina tug‘ilgan bolalar... shunday surbet, shunday bezbet! Oldi-ketiga qaramay, akillaydi. Bugunni ertasi bor, demay akillaydi.
—    Esi kirib qoladi. Bir to‘xtamga kelib qoladi. Oshkoralik bo‘lib, bolalar o‘zvdan ketib qoldi. Oshkoralik — yangilik. Odamzot yangilikni ko‘rsa, bosar-tusarini bilmay qoladi.
—    Chin, oshkoralik — yangilik. Ammo-lekin oshkoralik — shallaqilik emas. Oshkoralik — bezbetlik emas.
—    Zamon senga boqmasa, sen zamonga boq, deydilar. Siz zamongayam... bunday bir qarang-da, rais bova. Hozir hammayoq... oti nima edi?
—    Demokratiya!

Qayd etilgan


AbdulAziz  03 Dekabr 2006, 06:02:53

—    Hammayoq... ana o‘shanaqa bo‘lib ketdi!
—    Kampir, demokratiya — konstitutsiyaga amal qilish, demakdir. Demokratiya — konstitutsiyaviy yashash, demaqdir. Demokratiya — qonun-qoidalarni to‘la-to‘kis bajarish demakdir, qonun-qoidalar chegarasidan chiqmaslik, demakdir. Bu demokratlar konstitutsiyani oyoqosti qilmoqda, qonun-qoidalarni yer tepkilamoqda.
—    Hali, demokratiyani... aql tishi chiqib qoladi.
—    Sen qaerdan bilasan?
—    Itga bitgan-bitga bitgan aql tishi... demokratiya-ga bitmaydimi? Bitadi, demokratiyani-da... esi kirib qoladi.
—    Nima ovqat qilyapsan?
—    Jiyaningiz qishloqdan zig‘ir moy olib keldi. Shuni chuchityapman.
Shu vaqt ayvonda telefon jiringlab qoldi. Kampiri oshxonadan hadahalab keldi. Botir firqani qo‘ltig‘idan oldi.
—    Moyimga qarab turing, rais bova, — dedi. — Bo‘ling-bo‘ling! Men telefonni olay. Turing-turing!
—    He...
Botir firqa so‘kinib-so‘kinib qimirladi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  03 Dekabr 2006, 06:03:01

Oshxonadan... dimog‘ini zig‘ir moy isi oldi. Horg‘in tani tetik bo‘ldi. So‘lg‘in ruhi quvvat oldi.
Qozon boshida tik turay dedi. Bo‘lmadi — oyoqlari holsizlandi.
Osma radio osti stulchaga o‘tirdi. Devorga suyandi. Devorga boshini qo‘ydi.
Nutq so‘zlovchi radio birdan tindi. Birdan gulduros qarsaklar bo‘ldi. Sovet Ittifoqi gimni yangradi.   
Botir firqa... lik etib turdi. Yoqalarini tuzatdi. O’ngirlarini tortib qo‘ydi. Qo‘llarini yonlariga bosdi. Qomatini rostladi. Boshini tik-tik tutdi. Shiftga tikilib... qotib qoldi.
Oshxonani tutun oldi. Oshxonani moy isi oldi. Moy isi... dimoqni quydirdi.
Kampiri shang‘illab kirib keldi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  03 Dekabr 2006, 06:03:13

—    Voy o‘ldim, voy o‘libgina qoldim, — deya shang‘illadi.
Kampiri pitir-pitir etib, gazni o‘chirdi. Sovet Ittifoqi gimni-da sob bo‘ldi, qozon to‘la zig‘ir moy-da sob bo‘ldi.
—    Qozon shunday qoshingizda edi-ku, rais bova. Shunday kelib, qarasangiz... qadamingiz kira tilaydimi?
—    SSSR gimni yangraganda... qozonga balo bor-mi?
—    Zig‘ir moyim kuyib ketdi-ya, zig‘irgina moyim kuyib, ado bo‘ldi-ya! Ha, o‘sha ashulangizga kuydirgi chiqsin, ashulaginangizga kuydirgigina chiqsin!
—    Men masalaga partiyaviy yondashaman, partiyaviy!

Qayd etilgan


AbdulAziz  03 Dekabr 2006, 06:03:22

40


Botir firqa... o‘ziga-o‘zi gapirgich odat chiqardi. O’zi gapirib-o‘zi eshitgich odat chiqardi. Uzi gapirib-o‘zi kulgich odat chiqardi.
Bu odatini oldin o‘ziyam bilmadi. O’ylab ko‘rmadi. E’tibor bermadi. Keyin bilib qoldi. Biddi-yu... vos-vos kunda qoldi.
—    Tentak-pentak bo‘lib qolgan bo‘lsam-a? — dedi. —
Bo‘lmasa, odam o‘ziga-o‘ziyam... gapiradimi?
Botir firqa tevarak-atrofiga alang-jalang bo‘ldi. Tevaraqda odamzot yo‘q bo‘ldi.
—    Xayriyat, birov yo‘q. Bo‘lmasa, bechora partiya ishida ishlab-ishlab, esini... yeb qo‘yibdi, der edi. Xudoni o‘zi ko‘rsatibdi, der edi, — dedi. — Baribir, esimni... yeb qo‘yganimni hech kim isbot qilolmaydi. Kimda-kim og‘zini ochsa... men senga gapirganim yo‘q, deyman...
Botir firqani bir ko‘ngli, do‘xtirga bor, dedi. Ammo bu fikridan qaytdi. Do‘xtir xalqini og‘zi bo‘sh bo‘ladi. Birovga aytib qo‘yadi. Oqibati yomon bo‘ladi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  03 Dekabr 2006, 06:03:32

Boisi, zamon yomon: sovet tuzumida kim amaldor bo‘lsa — o‘sha odam maraz. Sovet tuzumida kim mansabdor bo‘lsa — o‘sha odam mal’un. Sovet tuzumi raisi — muttaham. Sovet tuzumi direktori — ablah.
Kechagina tuxumdan chiqqan zumrashalar... sovet tuzumi arboblari tagini kovlaydi. Hali burniniyam artib olmagan jinqarchalar... sovet tuzumi rahbarlari tagini kovlaydi.
Bu jo‘jalar Botir firqani mazkur qiliqlarini bilib qolsa... olamga doston qiladi! Mayna qilib kuladi. Barmoqlarini chakkalariga nuqib-nuqib kuladi. Anavi... ana shunaqa, deya kuladi. El-yurt ichida yuruvsiz kuladi.
Yo‘q, do‘xtirga borib bo‘lmaydi. Birovga-da aytib bo‘lmaydi. Ammo kampiriga aytsa bo‘ladi. Kampiri davosini topadi.
Botir firqa tortina-qimtina dardini aytdi. Keyin, kampiriga ko‘z ostidan qarab-qarab oldi. Ko‘zlarini pirpiratib-pirpiratib qarab oldi.
Kampiri pinak buzmadi. O’zini sokin tutdi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  03 Dekabr 2006, 06:03:42

—    Bilaman, bilaman... — deya ming‘illadi.
—    Nimani bilasan, nimani bilasan? — deya bidilladi Botir firqa.
—    S privetom... anaqaroq bo‘lib qolganingizni.
—    He, enangni... — deya o‘dag‘ayladi Botir firqa.
Kampiri hovliga yugurgilab chiqdi. Hovli o‘rtasida kaftini og‘ziga qo‘yib kuldi. Ko‘zlarini artib-artib kuldi.
—    Rais bova, nima, umr bo‘yi qirchillama yigit
bo‘lib o‘taman, deb edingizmi? — dedi. — Qarilik
qariligini qiladi-da. Starost — ne radost, deydilar. Hammasi yoshdan, rais bova, umrdan...
Kampiri deraza oynasidan ko‘rib turdi: Botir firqa bolishga yonboshladi.
Ana shundan keyin ichkariladi. Yana qochib chiqish qulay bo‘lsin uchun... eshik oldirog‘idan joy oldi. Tizzalariga yig‘ilib qolmish etaklarini tortib-tortib tekisladi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  03 Dekabr 2006, 06:03:52

—    Siz, o‘zi... kim ekanligingizni bilasizmi, rais bova? — dedi.
Botir firqa teskari o‘girilib yotib oldi. Zarda bilan yotib oldi.
—    Bilmayman! — deya to‘ng‘illadi.
—    Siz, respublika yaratgan odamsiz, rais bova, siz respublika qurgan odamsiz! Siz bo‘lmaganingizda... bunday respublika qaerda edi, bunday kunlar qaerda edi?
—    Qanday respublika? — tag‘in to‘ng‘illadi. — Qanaqa respublika?
—    Qanaqa respublika bo‘lardi — mustaqil O’zbekiston Respublikasi!
Botir firqa o‘ngiga ag‘darildi. Kampiriga qarab yotdi.
—    O’zbekiston-a? — dedi. — Mustaqil O’zbekiston-a?
—    Albatta-da, rais bova. Siz bo‘lmaganingizda... bu imoratlar qaerda edi, bu yurtlar qaerda edi?
Botir firqaga... jon kirdi! Qimir-qimir to‘lg‘ondi. Ohista-ohista turdi. Kampiriga qarab o‘tirdi.
—    Ko‘p gapirma-da, achchiq choy damlab kel, — dedi.
Kampiri darrov turdi. Kalishlarini oyokdariga ila-ila yugurgiladi. Choy damlab keldi. Dasturxon yozdi.

Qayd etilgan