Tog'ay Murod. Bu dunyoda o'lib bo'lmaydi (roman)  ( 149164 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 10 11 12 13 14 15 16 17 18 19 20 ... 33 B


AbdulAziz  03 Dekabr 2006, 06:04:02

Botir firqa chordana qurib o‘tirdi. Chap qo‘lini tizzasiga tiradi. Baqaloq shishirdi. Tomoq qirdi. Qi-roat bilan yo‘taldi. Saltanat bilan yo‘taldi.
Amaldorona-amaldorona choy ho‘pladi. Mansabdorona-mansabdorona choy ho‘pladi. O’ziga-o‘zi haykal qo‘ydi: — Erkak... xudoni yerdagi payg‘ambari! — dedi.
Kampiri dasturxon bir burchida mung‘ayib-mung‘ayib qarab o‘tirdi. Cholini og‘ziga qaradi. Cholini peshonasiga qaradi. Cholini piyolasiga qaradi.
Kampiri amaldordan pensiya so‘rab kelgan mushtipar misoli... mo‘ltirab-mo‘ltirab qarab o‘tirdi.
Botir firqa ko‘rsatkich barmog‘ini kampiri tarafga nish etdi.
—    Mana, sen! — dedi. — Tiling bor-a?
—    Til? Til, bor, ha, til bor!
—    Tiling bo‘lsa, ayt: anovi Hamza kinoteatrini kim qurgan? Tiling bo‘lsa, ayt!

Qayd etilgan


AbdulAziz  03 Dekabr 2006, 06:04:13

—    Hamza kinoteatrinimi? Davlat qurgan, nima edi?
Botir firqa o‘ng kaftini kampiriga peshladi. Achchiq ham xunibiyron bobilladi:
—    Qanaqa davlat?! Qanday davlat?!
—    Siz qurgansiz, rais bova, siz qurgansiz! — bid-bid etdi kampiri. — Davlat degani siz, siz degani davlat, rais bova!
—    Shunday de! Davlat, davlat, deysan! — deya tinchlandi. — Ana shu kinoteatrni... machit qilibdilar! Ana, bo‘lmasa!
Kampiri bu gapni allaqachon eshitgan bo‘lsa-da — o‘zini endi eshitganga oldi. Mazkur kinoteatr allaqachon machit bo‘lganini bilsa-da — o‘zini endi bilganga oldi. Yoqalarini kampirona-kampirona ushlab-ushlab... ajablandi.
—    Yo tavba, kinoteatrni-ya? — dedi. — O’sha Hamza kinoteatrini-ya? Yo tavba, shunday bir madaniyat dargohini machitga aylantiribdilarmi-a? Bu tentaklik qaysi ahmoqtsan chiqibdi-a?

Qayd etilgan


AbdulAziz  03 Dekabr 2006, 06:04:23

—    Qaysi ahmoqdan bo‘lardi, anavi ko‘cha-ko‘yda akillab yurgan... muslim va muslimalardan chiqadi-da.
—    Endi nima bo‘ladi, rais bova?
—    Nima bo‘lardi, endi... kechayu kunduz namoz o‘kiydilar-da, qayta qurish qo‘lidan kelmagach... namoz o‘qiydilar-da. El-yurt uchun biror narsa yaratolmagach... besh vaqti namoz o‘qiydilar-da.
—    Esizgina kinoteatr-a? Yaxshi-yaxshy kinolar qo‘yib berardi. Kontsertlar bo‘lardi.
—    Endi kinoni tushingda ko‘rasan. Ma, choyingdan bosib-bosib quy.
Achchiq-achchiq choy hovurini bosdi. O’pkasini bosdi. Vujudini vazmin-vazmin etdi.
Ammo ko‘ngil xijilligi bosilmadi. Ko‘ngil g‘ashligi bosilmadi.
Lik etib turdi. Ust-boshini tuzatdi. Tashqari yo‘l oldi.
Izidan kampiri ergashib keldi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  03 Dekabr 2006, 06:04:49

—    Ha, yo‘l bo‘lsin, rais bova? — dedi.
—    Uyoq-buyoqni aylanib, oyog‘imni yoyib kelay.
—    Binoyi qilasiz, rais bova, binoyi qilasiz.
Ko‘ngilni chigili yoziladi-da.
Kampiri shunday deya-deya, ichkarilamoqchi bo‘ldi. Yana-tag‘in o‘ylab qoldi. Aytaymi-aytmaymi, demishday, og‘zini ushlab o‘yladi, choli ketidan qarab o‘yladi. Oxiri choli ketidan aytdi:
—    Ay, rais bova, yo‘l-yuzda birov bilan mayda-chuyda gap qilib yurmang?
—    Gap? — deya ketiga qaradi Botir firqa. — Gap-ku, gap... Shu qayta quruvchi demokratlarga... o‘ngirim tegib ketsin, shu o‘ngirimni qirqib-qirqib tashlayman!
—    Binoyi qilasiz, rais bova, binoyi qilasiz.

Qayd etilgan


AbdulAziz  03 Dekabr 2006, 06:05:05

41


U daraxt taglaridan yurdi. Qo‘llarini orqasiga qo‘yib yurdi.
Xiyobon aylandi: skameykalarda dam olib-dam olib aylandi. Kuz yaprokdarini shitir-shitir bosib aylandi. Yaproqlar ust-boshlariga to‘kilib-to‘kilib aylandi. Daraxtlarda gurr-gurr etmish chumchuqlar galasini tomosha etib-etib aylandi. Ariqda tip-tiniq kuz suvlarini kuzatib-kuzatib aylandi.
Kuz suvlarini yoqalab yurdi-yurdi — o‘sha Hamza kinoteatri oldidan chiqdi.
Bir kelgan yo‘liga qaradi, bir suvga qaradi, bir kinoteatrga qaradi. Cho‘ntagidan qo‘lro‘molini oldi. Skameyka ustini artdi. Qo‘lro‘molini qoqib, joyiga soldi. Plashi etaklarini yig‘ib, skameykaga o‘tirdi. Yelkasidan nafas oldi. Suvga tikildi. Suvda o‘z aksini ko‘rdi. O’z aksiga qarab o‘tirdi.
Boshlari uzra xazon yog‘di. Ust-boshi uzra xazon yog‘di.

Qayd etilgan


AbdulAziz  03 Dekabr 2006, 06:05:15

Suv yuzini xazon yopdi. Suv yuzida xazon qalqdi.
Suv bo‘yida bir kaptar bo‘qoq shishirib... g‘animiga yag‘rin berdi.
Havodan kuz hidi anqidi. Havodan xazon hidi anqidi.
Qishdan... chopar keldi!
Dunyo kuz bo‘ldi. Dunyo xazon bo‘ldi.
Botir firqani ko‘ngli... kuzdan-da kuz bo‘ldi. Botir firqani ko‘ngli... xazondan-da xazon bo‘ldi.
Kinoteatrga tikildi: ana, o‘sha... qo‘sh tavaqali, zalvorli darvoza! Ana, o‘sha... naqshinkor eshik! Ana, o‘sha... jimjimador deraza!
Kinoteatrdan bir to‘da yosh-yosh... muslim yigitchalar chiqib keldi. Muslim yigitchalar boshida oppoq-oppoq takya bo‘ldi. Yelkalarida oppoq-oppoq jelaklar bo‘ldi.
Muslim yigitchalar yerga qarab odimladi. Qiroat bilan odimladi. Shariat peshvolaricha odimladi. Muslimona-muslimona odimladi.
Muslim-muslim yigitchalar... demokratlarcha odimladi. Qayta quruvchilarcha odimladi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  03 Dekabr 2006, 06:05:23

Botir firqa tag‘in suvga tikilib qoldi. Hadeb o‘tirishi joniga tegdi. Joyidan ohista qo‘zg‘oldi.
Bu vaqt... quyoshdan nur ketdi. Yorug‘dan quvvat ketdi. Oqlikdan rang ketdi.
Oppoq olam dog‘landi-dog‘landi... Oqshom degich rang kirib keldi.
Botir firqa namozxonlarga xalaqit bermaslik uchun — kinoteatr orqa tarafidan keldi. Kinoteatr devorlariga bosh-adoq qaradi. Sinchiklab-sinchiklab qaradi.
Kinoteatr burchagiga borib turdi. Devorga o‘ng kaftini qo‘ydi. Devorni silab-silab oldi. Go‘dak peshonasini silamishday... devor betini siladi. Devordan kaft olmay — kinoteatr yoqalab yurdi.
Kaftlari devordan mayda kesaklarni umatib tushirdi. Xaslarni uchirib tushirdi. Qumlarni ko‘chirib tushirdi.
Devor kaftlariga g‘adir-budur botdi. Devor kaftlarini tirnaladi. Devor kaftlarini qitiqladi.
Ayni vaqtda kaftlari... devordan huzur oldi. Devordan zavq oldi. Devordan rohat oldi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  03 Dekabr 2006, 06:05:31

Kaftlari ushbu zavq-shavqni... ko‘ngliga uzatdi. Kaftlari ushbu huzur-halovatni... ko‘ngliga takdim etdi.
Botir firqa entikdi. Botir firqa orziqdi. Botir firqa misoli... kaptar bo‘lib uchdi!
Kaptar misol... devor boshida oyoq ildi. Devordan kaftini oldi. Kaftini kaftiga urib qoqdi. Puflab-puflab qoqdi.
Botir firqa kaftlariga qarab-qarab... kulimsidi. Devorga qarab-qarab... kulimsidi.
—    Ana, bizni kinoteatrimiz, ana! — dedi.
Botir firqa kinoteatr sin-simbatiga nazar solib... kulimsidi.
—    Har bir makonda.. bizni qadamimiz bor! — dedi. —
Har bir imoratda... bizni qo‘limiz bor!
O’zi g‘isht qo‘ygan joyni o‘yladi. Shu joy qaerda edi, deya odimladi. Devor yoqalab odimladi. Xomcho‘tlab-xomcho‘tlab odimladi.
—    Mana shu yerda edi, mana... — dedi.
Ana shu joyga egildi. Ana shu joy devorini siypadi. Ana shu joy poydevorini siladi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  03 Dekabr 2006, 06:05:39

Yo‘ldosh Oxunboboev birinchi g‘ishtni qo‘yib edi. Men esa... ikkinchi g‘ishtni qo‘yib edim! — dedi.
Shu vaqt ikkita yosh-yosh muslim kinoteatrga keldi. Oldinma-ketin o‘tdi. Devor tagida egilib turmish odamni ko‘rdi.
—    Anavi mo‘min banda kim bo‘ldi? — dedi bir muslim.
—    Oti nima edi. Qizil, Qizil! — dedi ikkinchi muslim.
—    Astag‘furullo, Kizil bunday tabarruk dargohda nima kilib yuribdi, taqsir?
—    Kim biladi, balkim namoz o‘qimoqni ixtiyor etgandir?
—    Astag‘furullo, Kizil namoz o‘qiydimi? Qizil kofirdan battar-ku? O’z oti o‘zi bilan Qizil-ku? Qaydam, dargohga... uchirmoqchidir.
—    Unchalik emasdir, taqsir.
—    Kizillardan keladi, taqsir. Qizillardan har balo keladi. Ulardan xonaqoh devoriga... churillatish keladi! Borib, haydab yuboringiz!
—    Yoshi ulug‘ odam, yaxshi emas. Ichkari kirib, mo‘ysafidlarga aytamiz, mo‘ysafidlar gaplashib qo‘yadi. Qani, kirsinlar, taqsir!
Vaqt shom yedi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  03 Dekabr 2006, 06:05:51

Botir firqani ko‘ngli... shomdan-da shom bo‘ldi. Botir firqani ko‘ngli... shomdan-da ma’yus bo‘ldi, shomdan-da mungli bo‘ldi.
—    Juvonmarg bo‘lgur muslimlar! — dedi Botir firqa.  — Ha,  biz Qizilmiz,  Qizil! Ammo-lekin biz Qizil bo‘lib, yaratdik! Biz Qizil bo‘lib, qurdik! Bu muslimlar oppoq qayta quruvchi bo‘lib... nimani yaratdi? Bu muslimlar oppoq demokrat bo‘lib... nimani qurdi? Ha, biz Qizil Bayroq ostida mehnat qildik. Ammo-lekin mehnat qildik! Bu muslimlarni qo‘lidan besh vaqti namoz o‘qishdan boshqa ish kelmaydi. Bu muslimlar besh vaqgi namozdan boshqa nimani bilmaydi. Mayli, menga desa,.. oq bo‘l, ko‘k bo‘l. Lekin yarat, qur! Mayli, menga desa, qora bo‘l, sariq bo‘l, pistoqi bo‘l. Lekin yarat, qur! Mayli, shu muslimlarchalik ham boraylik. Mana, mana shu imorat. Shu imoratni biz qurib edik. Xo‘sh, shu imoratni qaysi joyi Sovet? Qaysi joyi Qizil? Shu imoratni qaysi joyi kommunistik? Bir so‘z bilan aytsak, imoratni qaysi joyi ziyon-zahmat? He, senday qayta quruvchi muslimlarni... Botir firqa katta yo‘lga qarab yurdi. Yurdi-yurdi — ketiga burilib qaradi. Kinoteatrga bosh-adoq razm soldi.
—    Birinchi g‘ishtini Yo‘ldosh Oxunboboev qo‘yib edi, — dedi. — Ikkinchi g‘ishtini... men qo‘yib edim, men!

Qayd etilgan